Ragnor Lodbrok yoki Lothbrok (qadimgi skandinav tilida: Ragnarr Loðbrók: tugʻilgan yili nomaʼlum. Vafoti — 864/866), afsonaviy viking jangchisi va qiroli. Bir qancha eski Skandinav sagasi (afsonalari)ning bosh qahramoni hisoblanadi[1].

Ragnar Lodbrok
Tavalludi Maʼlum emas
Vafoti 864/866
Angliya
Turmush oʻrtogʻi Lagertha
Aslaug
Otasi Sigurd Hring
Ragnar Lodbrog va oʻgʻillari Ivar hamda Ubba. XV asrga oid miniatyura

Afsonalarga koʻra hayoti

tahrir

Skandinav xalqlarining eng mashhur afsonalaridan biri sanalgan Ragnar Skandinavlarning eng mashhur qoʻmondani va qiroli boʻlgan. U Fransiya va Angliyaga qarshi harbiy yurishlar amalga oshirgan. Daniya qiroli boʻlish uchun esa tinimsiz kurashlar olib boradi. Natijada ham Daniya, ham Shvetsiya qirolligini qoʻlga kiritadi. Ragnar oʻzini Odinning avlodi ekanligini iddao qiladi va mashhur ayol jangchilari boʻlgan Lagertha va Aslaug bilan turmush quradi. Afsonalarda Ragnar oʻz oʻgʻillari Ivar va Bjornining undan ham koʻra koʻproq mashhurroq boʻlishidan xavotir olgani yozilgan[2].

Ragnor Fransiyadagi yirik daryolardan foydalanib, katta janglar olib boradi. Franklar davlatining kuchli suvoriylari bilan jang qilishdan qochib, shaharlarni daryo orqali qamal qiladi. IX asrda bir qancha yorqin gʻalabalarga erishgan Ragnar, Angliya qiroli Ællaga asir tushadi. Uzoq qiynoqlardan soʻng ilonlar solingan chuqurga tashlanadi va fojiaviy tarzda oʻldiriladi. U haqida yaratilgan koʻplab afsonalar mavjudligi sababli oʻlim tafsilotlari turlicha bayon qilingan.

 
Vikinglarning Parij qamali. 845-yil.

Ragnarning motam qoʻshigʻi.

tahrir

Afsonalarda keltirilishicha Ragnar ilonlar bilan toʻldirilgan chuqurga tashlangandan soʻng, vikinglarning mashhur motam qoʻshigʻini kuylagan ekan[3]:

"Odinning men uchun oʻlim dasturxonini tayyorlagani qanday ajoyib.

Hoʻkiz shoxidan tayyorlangan qadahda sharob ichishimizga juda oz qoldi.

Odinning Valhallasiga kelgan jangchi shikoyat qilmaydi.

Uning yonida qoʻrquvdan soʻzlar sarflamayman.

Meni Æsir kutib oladi. Oʻlim motamsiz kirib keladi.

Men esa ketish uchun sabrsizlanyapman.

Æsir endi meni uyga olib bor, Odin yuborgan, ey, Valkiriyalar!

Æsir bilan gʻurur ichida sharobimizni ichamiz.

Umrimning kunlari tugayapti.

Oʻlayotganda — kulyabman!"

Bundan tashqari Xll asr Shotlandiya manbalariga oid „Karakumal“ nomli sheʼrda Ragnarning soʻngi onlari qanday kechganligi madh qilinadi[4].

 
Ragnarning oʻldirilishi. 1380-yilda chizilgan surat

Voqealar rivoji va Ragnar sulolasi

tahrir
 
Blodorn(qonli burgut) tasviri. Toshga ishlangan tasvir

Otasining oʻlim xabarini eshitgan Ragnarning oʻgʻillari qasos olish bahonasi ostida butun Vikinglarni Angliyaga safarbar qiladi. Bu haqida turli xil maʼlumotlar bizgacha yetib kelgan. Yagona haqiqat shundaki, Ragnarning oʻgʻli Ivar Angliyaga borib, deyarli butun orolni talon-toroj qilib tashlaydi. Va otasining qotili, qirol Ællaga qarshi jang olib boradi va uni yengib, oʻzini asir qilib oladi. Shundan soʻng Vikinglar orasida juda ham mashhur boʻlgan qiynoq usuli — „Blodorn“ orqali azob berib oʻldiradi. Vikinglarda odat tusiga kirgan Blodorn (qonli burgut) nomli qiynoq usuli — ilk oʻrta asrlar Gʻarbiy Yevropa aholisini dahshatga solib kelganligi manbalarda qayd etilgan. Bunda oʻlimga hukm qilingan kishining qovurgʻalari tirikligidayoq kesib ochiladi. Qovurgʻalari ochilgan mahkumning holati burgutga oʻxshab ketganligi tufayli Vikinglar unga „Blodorn“ deb nom berishgan edi.

Istilo vaqtida Sharqiy Angliya qiroli Edmund qoʻlga olinadi va qatl qilinadi. Bu janglar Buyuk Alfred davri va undan soʻng olib boriladigan keng qamrovli „Anglosakson-Viking urushlari“ning boshlanishi edi xolos. Ragnarning Fransiyaga qarshi olib borgan istilolari Vikinglar uchun odat tusiga kiradi. Franklar bunday ogʻir vaziyatda xristian dinini qabul qilgan Vikinglarga yer berish siyosatini olib boradi. Shu tariqa Normandiyada uzoq vaqt hukmronlik qiladigan Rollolar sulolasi vujudga keladi. Lodbrok (Loðbrók) xonadoni esa butun Skandinaviya oʻlkalariga tarqalib ketadi. Masalan: „Ragnarsson xonadoni“ (Norvegiyada), „Lutfheason xonadoni“ (Shvetsiyada), „Sigurdson xonadoni“ (Daniyada) kabi bir qancha sulolalarni misol tariqasida keltirib oʻtish mumkin.

Manbalar

tahrir
  1. Butler, Josh „The Real Ragnar Lothbrok.“ Historic UK. Retrieved 21 April 2020.
  2. Tolkien, Christopher; Turville-Petre, G., muh. (1956). „Hervarar Saga ok Heidreks“ (PDF). Viking Society for Northern Research. London. 68–9-bet.
  3. Forte, Angelo; Oram, Richard; Pedersen, Frederik (2005). Viking Empires (First ed.). Cambridge University Press. ISBN 978-0521829922
  4. Şiirin aslı ve tercümesi 11 Temmuz 2015 tarihinde Wayback Machine sitesinde arşivlendi. (Norveççe) (İngilizce) 28 Mart 2013 tarihinde erişilmiştir

Qoʻshimcha adabiyotlar

tahrir