Said Aloviddin maqbarasi
Said Aloviddin maqbarasi – Ichan qalʼadagi meʼmoriy yodgorlik (XIV asr). Soʻfi Amir Kulol tomonidan ustozi shayx Aloviddin qabri ustiga qurilgan. Maqbara Ichan qal’aning gʻarbiy darvozasi yaqinida joylashgan, Muhammad Niyoz devonbegi madrasasining sharqiy tarafida. Said Aloviddin maqbarasi peshtoqli, kvadrat shakldagi ikki xona – ziyoratgoh (xonaqoh) va xilxonadan iborat. YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. Gumbazli va noyob mayolika qabr toshli qabr XIV asrning birinchi yarmiga tegishli boʻlib, XVII asrda ziyoratxona qoʻshilgan. Bu binolarning arxitekturasi xilma-xildir. Olloqulixon buyrugʻi bilan 1825-yilda yodgorlik kapital taʼmirdan chiqariladi[1].
Said Aloviddin maqbarasi | |
---|---|
Said Aloviddin maqbarasi | |
Joylashuvi |
Ichan qalʼa mahallasi Xiva shahri Xorazm viloyati Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°22′40″N 60°21′32″E / 41.377847°N 60.358824°E |
Konfessiya | islom |
Turi | maqbara |
Arxitektura uslubi | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Meʼmor | Amir Kulol |
Asosiy sanalar | 1303-yil |
Qurilish boshlanishi | 1303-yil |
Qurilish yakunlanishi | 1825-yil |
Mashhur kishilari | Said Aloviddin |
Holati | davlat himoyasida |
Qurilish materiali | Pishiq gʻisht |
Said Aloviddin maqbarasi |
Tarixi
tahrirKoʻp yillar davomida yodgorlik yonida mozorlar koʻpayib ketgani uchun maqbara yer sathidan pastda qolib ketgan. Arxeologik tekshiruvlar natijasida qabrlarni avvalgi qiyofasi va oʻtmishiga oid koʻplab maʼlumotlar toʻplangan. Oʻtmishda yashab oʻtgan tarixchi olim Ahmad Roziy, Xorazmlik mashhur shayxlar roʻyxatida Sayid Alovuddinni ham tilga olib uni Shayx Najmiddin Kubrodan keyingi yirik shayx boʻlgan deydi[2]. Shayx Aloviddin 1303-yilning 18-mart kuni vafot etgan. Mashhur ulamo va shayxlarning qabri ustidagi maqbaralar vaqt oʻtishi bilan ziyoratgohga aylanib qolgan. Xiva xoni Olloquli (1825–1842) unga maʼnan eʼtiqod qilib, hukmronligi davrida shayxning maqbarasi ustida oliy imoratlar bunyod qildirgan. Kattagina vaqf mulki ajratgan. 1825-yili maqbara butunlay qaytadan taʼmirlanib, ziyoratgohdagi nuragan peshtoqning ravoqli qanotini bir oz qisqartirib qaytadan ishlangan. Ichkaridagi tokchalar yopib yuborilgan. Xonaning sahniga gʻisht terilgan hamda devorlari ganch yordamida suvoq qilingan. Devorda 14 misra sheʼr bitilgan. Ushbu bitiklardan maʼlum boʻlishicha, binoni taʼmirdan chiqarish Olloqulixonning farmoni bilan Xubbiqulixoʻja oʻgʻli Hamidxoʻja boshchiligida amalga oshirilgan[3]. XIII–XIV-asrlarda Xorazmda koshinpazlik sanʼati oʻzining badiiy jihozlanishi va sifati bilan choʻqqisiga chiqqan edi. Sayyid Aloviddin qabridagi koshinlar Xiva shahrida yagona boʻlib, unga oʻxshashi Koʻhna Urganchda joylashgan Shayx Najmiddin Kubro maqbarasida, Samarqanddagi A.Temurning singlisi Turkan ogʻo maqbarasi peshtoqida va Shohi Zinda maqbarasidagi Qusam ibn Abbos qabrida uchraydi[4].
Meʼmorchiligi
tahrirMaqbara (13,0x10,4 m) peshtoqli, ziyoratxona va goʻrxonadan iborat. XIV asr 1-yarmida peshtoqi janubiga qaratib goʻrxona bunyod etilgan. Goʻrxonaning gʻarbida ziyoratxona (XVIII asr) qad rostlagan. Xonalar gumbaz tomli, ziyoratxonaga poygumbaz darchasidan yorugʻlik tushib turadi. Ichkarisi ganch suvoq, qilingan. Goʻrxonadagi sagʻanalar boʻrtma koshinkor naqshlar bilan bezatilgan. Ularning birida arab yozuvida Said Aloviddinning vafoti yozilgan (1303 y. 18 mart). Sagʻana supa shaklida boʻlib, burchaklarida bejirim ustunchalar bor, ular piromoni bandi rumiy deb ataluvchi handasiy shaklga ega. Supa devorlaridagi madohilsimon namoyon nafis ishlangan. 1825 yilda meʼmor Hubbiqulixoʻja oʻgʻli Hamidxoʻja tomonidan qulab tushgan peshtoqi qayta tiklanib, gumbaz, sagʻana, ziyoratxona devorlari taʼmir qilingan. Ziyoratxona devorlarida fors tilida (arabcha nastaʼliq yozuvida) binoning qurilishi va meʼmorlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berilgan. 1957 yilda I.Notkin va V.Bulatova tomonidan ilmiy jihatdan oʻrganilgan. Xiva shahrining 2500 yillik yubileyi arafasida maqbarada taʼmirlash ishlari oʻtkazildi[5].
Manbalar
tahrir- ↑ Пугаченкова, Г. А.. Термез. Шахрисябз. Хива. Художественные памятники I—XIX веков. Москва, Искусство, 1976 — 117-bet.
- ↑ Bobojonov D, Abdurasulov M. Firdavsmonand shahar. Xorazm Ma'mun akademiyasi nashriyoti 2008 — 33-bet.
- ↑ „Sayid Olovuddin maqbarasi“. meros.uz. Qaraldi: 16-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Sayyid A’louddin maqbarasi“. khivamuseum.uz. Qaraldi: 16-oktabr 2023-yil.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |