Sakkokiy
Sakkokiy (arabcha: سككوكي — Sakkokiy — (XIV asr oxiri XV asr boshida yashagan)) — turkiy shoir.
Sakkokiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | shoir |
Hayoti
tahrirSakkokiy (XV asr) — turkiy shoir. Ismi, tugʻilgan va vafot etgan yillari nomaʼlum. XV asr sheʼriyatining isteʼdodli vakillaridan biri. Mumtoz adabiyot taraqqiyotida gʻazalgoʻy va qasidanavis shoir sifatida mashhur. Movarounnahrda tugʻilgan, hayotining asosiy qismini Samarqandda Shohruh Mirzo va Ulugʻbek saroyida oʻtkazgan. Alisher Navoiy Sakkokiy ijodiga yuksak baho bergan: „Turkiy alfozining bulagʻosindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bagʻoyat va birining latif gʻazaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdudur“ („Xutbai davovin“). Sakkokiy xalqining boy ogʻzaki ijodini, salaflari asarlarini puxta oʻrgangan va ijodiy oziqlangan. Turkiy tilda asarlar yaratish, uning boy ichki imkoniyatlaridan foydalanish borasida koʻp ish qilgan. Asarlarida inson muhabbati, orzu-tilaklarini, dard-alamlarini, tabiat goʻzalliklarini tasvirlagan. Gʻazallarida maʼno va shakl birligini saqlab, soʻz oʻyinlari va qochirimlardan unumli foydalangan. Uning lirikasida jaholat va nodonlikka qarshi adolatparvarlik gʻoyalari ilgari surilgan. Bunday gʻoyalar Sakkokiyning qasidalarida ochiqroq namoyon boʻlgan. Sakkokiy oʻzbek adabiyotida qasida janriga asos solgan shoirlardan. Sakkokiy 11 qasida (5 tasi Ulugʻbekka, Xalil Sulton, Xoja Muhammad Porso, Arslon Xoja Tarxonlar va boshqalar) yozgan va zamonasining ulugʻ shaxslarini madh etgan. Qasidalaridan birida Ulugʻbekni xalqning mehribon hukmdori, maʼrifatparvar va buyuk olim sifatida ulugʻlaydi. Shunday maʼrifatparvar podshoh bilan zamondosh boʻlganidan faxrlanadi va: Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga, Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi, degan misralarini yozgan. Sakkokiyning adabiy faoliyati zamondoshlari Lutfiy, Gadoiy, Atoiy kabi Navoiy ijodiga ham katta taʼsir koʻrsatgan; oʻzbek dunyoviy lirikasini ham mazmun, ham shakl jihatdan boyitgan. Sakkokiy gʻazallarining oʻziga xosligi samimiy va ohangdorligida. Shoir gʻazallarining asosiy qahramoni oshiq, magʻshuqa va raqib timsollari. Shoir gʻazallari va qasidalari devon qilib toʻplangan boʻlsada, toʻliq nusxasi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiy devoni Londonda, Britaniya muzeyida va Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. № 7685) saqlanadi.
Faoliyati va ijodi
tahrirXV asr birinchi yarmida yashab ijod etgan eng yirik shoirlardan biri Sakkokiyning hayoti va faoliyati haqida juda oz malumot saqlanib qolgan. Sakkokiyning oʻz devoni va Alisher Navoiyning „Majolisun-nafois“ va „Xutbai davovin“ asarlari, Shayx Ahmad Taroziyning „Funun ul-balogʻa“si uning yashagan davri, adabiy faoliyati va XV asr adabiy hayotida tutgan oʻrni haqida birmuncha malumot beradi. Shu bilan birga, shoir Yaqiniy oʻzining „Oʻq va yoy“ munozarasida Sakkokiyni „turk (oʻzbek) shoirlarining mujtahidi (gʻayratlisi)“ deb tariflab, uning bir baytini keltiradi. „Sakkokiy“ — shoirning taxallusi boʻlib, uning asl ismi malum emas. Sakkokiy soʻzi „sakkok“ (pichoqcha) soʻzidan olingan boʻlib, „iy“ shaxs oti yasovchi qoʻshimchasi bilan „pichoqcha yasovchi“ degan maʼnoni bildiradi. Binobarin, shoir hunarmand oilada tugʻilgan boʻlishi mumkin. Shayx Ahmad Taroziyning „Funun ul-balogʻa“ asari orqali oʻzbek adabiyoti yangi shoirlar nomlari, asarlari bilan boyib, koʻpgina ilmiy muammolar oʻzining yechimini topdi. Bu asar orqali biz qoʻlimizdagi qoʻlyozmalarda boʻlmagan Sakkokiyning bir necha baytlari, bir ruboiysi bilan tanishish sharafiga muyassar boʻldik. Yana bir muhim tomoni shundaki, bu asarda Mavlono Sakkokiy „Sayroniy“ nisbasi bilan tilga olingan . Biz tadqiqotlar jarayonida bu soʻzning maʼnosini izohlash uchun bir nechta manbalarni qaradik. Bu soʻzga yaqin „kezish“, „aylanish“ maʼnosini bildiradigan „sayr“ soʻzidan boshqa soʻzni topa olmadik. Sakkokiy qasidalaridan 4 tasi Mirzo Ulugʻbekning ishonchli amirlaridan biri, oʻsha vaqtdagi Turkiston shahrining shimolida mavjud boʻlgan Sabron viloyati hokimi Arslon Xoja Tarxonga bagʻishlangan. Adabiyotshunoslar, jumladan, adabiyotshunos olim E.Rustamov Sakkokiyni maʼlum davr uning saroyida yashagan deb maʼlumot beradi. Qasidalardan birida shoir mamduhga qarata, „boyqushlar uyi boʻlgan xarob Turkiston sizning muborak himmatingizdan bogʻi Eramga aylandi“, — deb, yana bir qasidasida „Turkiston eli oʻz xojasini topdi“, — deb lutf etadi. Demak, Turkistonning xarobligi, boyqushlar uyiga aylanganligi shoirni iztirobga solganligi, uni obod etgan amirni madh etishi bir tasodif emasga oʻxshaydi. Chunki, bu baytlarni vatani taqdiridan tashvishga tushgan, voqealarni oʻz koʻzlari bilan koʻrgan kishigina yozishi mumkin.
Biz „Funun ul-balogʻa“ning A.Hayitmetov domla nashrga tayyorlagan varianti bilan kifoyalandik, mulohazalarni bayon etishda ham shu variantga tayanamiz. „Sayroniy“ soʻzi arab alifbosida — ﺳﻳﺭﺍﻧﻰ shaklida yozilsa, „Sabroniy“ soʻzi — ﺳﺑﺭﺍﻧﻰ shaklida yoziladi. Yaʼni, „yoy“ va „be“ harflarining 1ta nuqta hisobiga farqlanishini hisobga olsak, bu soʻz qoʻlyozmada notoʻgʻri yozilgan boʻlishi, yoki biror sabab bilan tushib qolgan, kirill alifbosiga esa „Sayroniy“ tarzida oʻgirilgan boʻlishi mumkin. Demak, shoir nafaqat, Sabronda maʼlum vaqt yashagan, balki, shu yerda tugʻilgan va shuning uchun ham Sabroniy nisbasi bilan atalgan. Sakkokiy devonida 810 hijriy, ramazon oyining Qadr kechasi — milodiy 1407, yanvar oyida Amir Temurning nabirasi podsho Xalil Sultonga (1405-1409) bagʻishlab yozilgan bir qasida boʻlib, unda:
Tarixqa sakkiz yuz dogʻi oʻn erdiyu qadr axshomi, Bir oy tugʻuldi dunyoda kim mamlakatda xon erur.
degan misralar bor. Qasida janri, birmuncha, ogʻir, shoirdan barkamollik talab etadigan janr boʻlganligi sababli adabiyotshunoslar ushbu qasidani Mavlono Sakkokiy maʼlum ijodiy tajriba toʻplagan chogʻida, chamasi oʻttiz yoshlarida yozgan degan xulosani ilgari surishadi. Shoirning Xalil Sulton va Mirzo Ulugʻbeklarga bagʻishlagan qasidalarining badiiy jihatdan oʻta pishiqligi mazkur temuriyzodalar hukmronlik qilgan yillar Sakkokiy ijodiy faoliyatining eng choʻqqisi boʻlganligi anglashiladi. Uning Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlangan bir qasidasidagi: „Falakqadro! Maning xud yoʻq hunardo fazlim, asrosang, Valekin piri ojizman, mani Tangri uchun asro“ baytiga nazar solsak, Mirzo Ulugʻbek hukmronlik qilgan davrda shoirning yoshi ancha ulugʻ boʻlganligini („piri ojiz“), shunday goʻzal qasidalar bagʻishlagan Mirzoning fojiali oʻlimi toʻgʻrisida biror narsa yozmaganligidan shoir 1449-yilgacha vafot etgan deya taxmin qilish mumkin. Sakkokiyning ijodi, xususan, Ulugʻbek hukmdorlik qilgan davrda (1409-1449) kamol topdi. Malumki, bu davrda Samarqand poytaxt sifatida barcha ilm va adabiyot ahlini oʻzida jamlagan edi. Sakkokiy mana shu shoirlar jumlasidan boʻlib, gʻazalnavislikda sanatkorlik mahoratini yaxshi egallab, oʻzbek qasidachiligining asoschilaridan biri boʻldi. Navoiy „Badoeʼ ul-bidoya“ devoni debochasida oʻzbek shoirlaridan Sakkokiy va Lutfiyning kitobxonlarga manzur boʻlib, shuhrat qozongani haqida bunday deydi: „Uygʻur iborati fusahosindin va turkiy alfozining bulagʻosindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda begʻoyat va birining latif gʻazaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdurur va devonlari mavjud boʻlgʻay“ .
Bizgacha Sakkokiy qasidalari va gʻazallari jamlangan devonining 2 ta notoʻliq, deyarli bir xil: Britaniya Muzeyida (taxminan XVI asr oʻrtalarida koʻchirilgan nusxa) 2079, Oʻzbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida (1937 yil Shoislom kotib tomonidan koʻchirilgan nusxa) 7685 raqami ostida saqlanayotgan nusxalar yetib kelgan. Shoir devonining toʻliq nusxasi haligacha topilmagan.
Sakkokiy XV asr qasidagoʻy shoirlar ichida eng koʻp qasidalari bizgacha yetib kelgan shoir boʻlib, Navoiy negadir shoirning qasidachilikdagi oʻrni, yoki qasidalari haqida hech narsa demagan. Bu holatni oʻsha davrda sodda, „turkona“ turkiy qasidalar yuksak badiiylikda yozilgan forsiy qasidalarning soyasida qolgan deb baholash mumkinmikan? Chunki, Navoiy oʻziga ustoz deb bilgan, har bir baytidan xabardor boʻlgan Lutfiyning 4 ta turkiy madh qasidasi bor ekanligi toʻgʻrisida ham biror narsa yozib qoldirmagan.
Sakkokiy devoni davr anʼanasiga binoan hamd va naʼt bilan boshlanadi. Avval qasidalar keyin gʻazallar tartiblanadi. Devonda 11 madh qasida: 1tasi Xoja Muhammad Porsoga, 1tasi Xalil Sultonga, 5tasi Ulugʻbek Mirzoga (keyingi yillarda adabiyotshunoslar shoirning „Keldi“ radifli qasidasi Ulugʻbek mirzoga emas, Shohrux sultonga bagʻishlangan degan fikrlarni ilgari surishmoqda. Ammo devonda ushbu qasida „Dar madhi Ulugʻbek mirzo…“ sarlavhasi bilan keltirilgan. Shuningdek, ikki qasida bir oʻrinda keltirilib, keyingi qasida sarlavhasiz boʻlganligi uchun bir necha yillar davomida 1ta hisoblanib, shoirning Ulugʻbek mirzoga bagʻishlangan qasidalari 4ta sanalib kelinar edi), 4tasi yuqorida tilga olingan Arslon Xoja Tarxonga bagʻishlangan. Jami qasidalar 407 bayt yoki 814 misrani tashkil etadi.
1958 yilda adabiyotshunos olim Q.Munirov tomonidan nashrga tayyorlangan shoirning „Tanlangan asarlari“ ga 56 ta gʻazal, „Oʻzbek adabiyoti boʻstoni“ seriyasida nashr etilgan „Hayot vasfi“ kitobiga 55 gʻazal, har ikki nashrda ham „Keldi“ radifli qasidasi kiritilgan. Toshkent qoʻlyozma nusxasida ham Britaniya Muzeyi qoʻlyozma nusxasida ham 57 tadan gʻazal mavjud. „Mevlana Sakkaki divani“ da Toshkent qoʻlyozma nusxasining 41-42 betlari nima uchundir berilmay, 52 ta gʻazal sanalgan .
Toshkent qoʻlyozma nusxasi chiroyli va tushunarli xatda yozilgan. Ammo qoʻlyozmaning oʻzida xatolar mavjud. Shuning uchun juda koʻp koʻchirilgan nusxaga oʻxshaydi. Baʼzi oʻrinlarda soʻzlarni matn ichidagi maʼnosidangina anglash mumkin.
Shuningdek, devondagi sheʼrlardan tashqari, bir qator boshqa manbalarda Sakkokiyga nisbat berilgan gʻazallar, baytlar mavjud. Jumladan, „Mevlana Sakkaki divani“da Shayxzoda Abdurazzoq Baxshi tomonidan Sakkokiyga nisbat berilgan Sulaymoniya kutubxonasi, Ayosofiya boʻlimida 4757 raqam ostida saqlanuvchi bir majmuadagi 3 gʻazal matni keltirilgan. Ular „Ey zulfi zanjirim biror devonalarni yod qil…“, „Ey mening koʻnglumni zulfitek parishon aylagan…“, „Ey orizi bargi gulu vey qomati sarvi suman…“ matlaʼlari bilan boshlanadi.
Alisher Navoiy „Majolis un-nafois“da Sakkokiyga nisbat qilinadigan quyidagi matlaʼni keltiradi:
Ne nozu bu ne shevadur, ey jodu koʻzluk shoʻx-shang, Kabki dariy, tovusda yoʻq, albatta, bu raftoru rang.
Bu matlaʼ, shuningdek, „gof“ harfi bilan yakunlanuvchi gʻazal ham har ikki nusxada mavjud emas. Yaqiniyning „Oʻq va yoy“ munozarasida keltirilgan "Yana Sakkokiykim, turk shoirlarining mujtahididur, mening munosibi holimga aytur. Nazm:
"Jonim fido boʻlsun sening gʻamzang oʻqina nechakim, Har necha qoshing egmasi oʻqtek boʻyumni „yo(y)“ qilur" baytini ham „el olgan“ deyish mumkin. Shayx Ahmad Taroziy „Funun ul-balogʻa“ asarida Sakkokiyga nisbat berilgan quyidagi baytlarni:
Ey soching shaydo koʻngullarning savodi aʼzami, Halqa-halqa ruhning sarmanzalidur har xami …
Soldi kuygan koʻngluma ul englari gulnor nor, Boʻlmadi hargiz manga ul dilbari ayyor yor …
Boʻstonda gul yuzunggʻa oʻzni har dam oʻxshatib, Boʻlmish araq to gʻarqu hanuz infioli bor …
Sanuvbaroki, sening labingda muncha xavos, Kim ani soʻrsa balodin topar jahonda xalos …
Yuzung guli muzayyan etar husn bogʻini, Xoling savodi nahv qilur koʻz charogʻini …
Atlas erur saqollari, barcha bulutlari nasaj, Garchiki durru donadur ogʻzini ochsa toʻdasi …
Sarv ne had birla sarkashlik qilur qadding bila, Bilgurur maydon ichinda har kishining poyasi .
va quyidagi ruboiyni: Gul yuzungni koʻrsa bulbul dar chaman,
Kechib oʻz savdodisin boʻlgʻay chu man Lablaringgʻa teng tutar oʻzni aqiq Bilmasu behuda soʻzlar ul Yaman .
Keltiradi. Taroziy keltirgan shoirning faqatgina „Sarv ne had birla sarkashlik qilur qadding bila, Bilgurur maydon ichinda har kishining poyasi“ bayti bor gʻazal qoʻlyozmalarda mavjud xolos. Adabiyotshunoslikda turkiy qasidachilik anʼanasi bilan Mavlono Sakkokiyning nomi yonma-yon tilga olinadi. Chunki, shoir eng goʻzal va koʻp qasidalar yaratganligi bilan mashhurdir. Uning hamd qasidasi 22 bayt, naʼt qasidasi 24 bayt, Muhammad Porsoga bagʻishlangan qasidasi 21 bayt, Ulugʻbek Mirzo madhi deb berilgan „Keldi“ radifli qasidasi 34 bayt, "Tilor koʻnglum oʻzni solsavu boʻlsa zulfina lolo " misrasi boshlanadigan qasidasi 26 bayt, „Keldi maymunu humoyun iydi olam boʻldi shod“ misrasi bilan boshlanadigan qasidasi 21 bayt, „Necha qilgʻoy koʻngul mulkin asir ul turki gʻoratgar“ misrasi bilan boshlanadigan qasidasi 41 bayt, „Sabo keldi safo birla, ketur, ey soqiy sahboni“ qasidasi 54 bayt, Xalil Sultonga bagʻishlangan qasidasi 30 bayt, Xoja Tarxonga bagʻishlangan „Rabeʼ keldiyu qildi jahonni shodu xurram“ misrasi bilan boshlanadigan qasidasi 43 bayt, „Bu kun saharda keturdi anvid bodi sabo“ misrasi bilan boshlanadigan qasidasi 43 bayt, „Ey falak, charx urgil, iqbol oldi yuzindin niqob“ misrasi bilan boshlanadigan qasidasi 36 bayt, „Nedur ul koʻzakim aning ichra bor obu hayot“ misrasi bilan boshlanadigan qasidasi 12 bayt, jami qasidalar 407 bayt yoki 814 misrani tashkil etadi.
Navoiyga qadar devon tuzishda janrlar tartibi arab devonchiligi singari asosan qasidalar bilan boshlangan. Xususan, Sakkokiy devoni ham qasidalar bilan boshlangan. 22 baytlik sarlavhasiz hamd qasida devon boshida keltirilgan. Shu kunga qadar shoirning hamd va naʼt qasidalari boshqa qasidalari qatoriga qoʻshilmagan. Yaʼni, shoirning 11 ta qasidasi mavjud deb hisoblangan. sheʼrni Taroziyning „oʻn navʼ“ (qasida, gʻazal, qitʼa, ruboiy, masnaviy, tarjeʼ, musammat, mustazod, mutavval, fard), deb uning har qaysisida agar Tangri azza va jallaga hamd aytsalar, oni tavhid derlar. Va agar Muhammad Mustafo alayhissalot vas-salomni vasf qilsalar, naʼt derlar, agar Tangri hazratinda tazarruʼ qilsalar, munojot oʻqurlar… degan fikriga tayansak va Sakkokiyning hamd (22 bayt), naʼt (24 bayt) qasidalarida shoirning falsafiy, diniy-tasavvufiy va insonparvarlik qarashlari ham oʻz aksini topganligini hisobga olib, adabiyot nazariyasi qoidalaridan kelib chiqqan holda shoir qasidalari 11ta emas, 13ta deb hisoblashga asos boʻla oladi. Yangi nashrga shoirning qasidalarini ham kiritdik. Shoirning „Keldi“ radifli qasidasi haqida munozarali fikrlar mavjud. Adabiyotshunoslar ushbu qasida Ulugʻbek mirzoga emas, Shohrux Sultonga bagʻishlangan degan fikrni ham ilgari surmoqda. Xususan, K.Ergashev „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasining 1997 yil 25 iyul sonida „Qasida kimga bagʻishlangan?“ sarlavhali maqolasida bu haqda jumladan, shunday deydi: "Bu fikr dastlab sharqshunos olim Ye. E.Bertels tomonidan ilgari surilgan boʻlib, u oʻzining „Temuriylar davrida turkiy sheʼriyat“ nomli tadqiqotida ushbu qasidaga Ulugʻbekka bagʻishlangan asar sifatida toʻxtalib oʻtgan edi. Keyinchalik bu fikr boshqa adabiyotshunoslar tomonidan qabul qilindi va shu kunga qadar yuqoridagi qasida… „Ulugʻbek madhi“ degan sarlavha ostida berilib kelinyapti".
Avvalo taʼkidlash lozimki, qasida devonda „Dar madhi Ulugʻbek Mirzo navvarallohu marqadahu“ sarlavhasi bilan berilgan. Bu balki kotiblar xatosi bilan boʻlgandir. Yana bir jihat borki, qasida Shohrux sultonga bagʻishlangan degan fikr uygʻotadi. Bu ham boʻlsa, qasidada shoir mamduhga „Nabitek sharʼiy ishingda…“, „Malaktek zuhdu toatda ishingni muntaho qilding“, „dinning qoʻrugʻidur sharif zoting“, „kishvarkushoy“, „getiysiton“, „shahi sohibqiron“ kabi gap va birikmalar bilan murojaat etadi. Maʼlumki, Shohrux Sulton islom shariatini, din ishini mahkam tutgan, dunyoni zabt etishga loyiq kuch-qudrati boʻlgan, yaʼni sohibqiron podshohlardan edi. Ulugʻbek mirzo esa birmuncha dunyoviy ilmlar bilan shugʻullangan, olim podshohlardan edi.
Sakkokiyning mirzoga bagʻishlangan qasidalarida shoir mamduhga nisbatan „Mugʻis ud-dinu vad-dunyo“, "Din qaviy boʻldiyu boʻldi bidʼat ahligʻa roshod ", „Qilur din ishini ravshan, Bihishti soni(y) dunyoni“ kabi birikmalarni ishlatadiki, ushbu oʻxshatishlarni qiyoslasak, Shohrux sulton din homiysi, dunyoni zabt etuvchi jahongir podshoh sifatida, Ulugʻbek mirzo esa din va dunyo homiysi, diniy va dunyoviy ishlarni baravar yuritgan olim podshoh sifatida koʻrinadi. Ammo matn va manba yuzasidan qarasak, qasidani Ulugʻbek mirzoga bagʻishlangan deb hisoblashimiz zarur.
Qoʻlyozma nusxada xatoliklar tufayli „Keldi“ radifli qasidasining quyidagi
Raʼiyat qoʻy erur, sulton anga choʻpon, yogʻiy boʻri, Boʻri oʻlgoyu qoʻy tingoy, chu Musotek shubon keldi.
bayti, barcha nashrlarda, xususan, 1988 yil Gʻ.Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida nashr etilgan „Hayot vasfi“ kitobida „Raʼiyat qoʻy erur, sulton anga choʻpon, yo boʻri“ shaklida berilgan . Bizningcha, birinchidan, shoir, misrada uch narsa: „xalq“, „sulton“, „dushman“ni uch narsaga: „qoʻy“, „choʻpon“, „yogʻiy“ga oʻxshatsa (bu keyingi misrada ham aniq berilgan), ikkinchidan, „… yo boʻri“ shaklida vazn talabi buziladi. Yaʼni „yo“ — bir boʻgʻin, „yogʻiy“ — ikki boʻgʻinli soʻz. Shuning uchun ham nashrda „yogʻiy“ shaklida berdik. Devon tartibi boʻyicha soʻnggi qasida Arslon Xoja Tarxonga bagʻishlangan boʻlib, 11 baytlik lugʻz nasib bilan boshlanadi. Unda shoir mamduhni obi hayot bilan toʻla koʻzaga qiyos etib, qandu nabot undan hasrat suvini yutadi, oti goʻzal, zoti goʻzal, jismi nozik, vasfi xushdir, unga bu ismu jismu vasfi zot loyiqdir deydi. U ot emas, ammo, undan yaxshi urugʻ tugʻar, u qush emas, nima uchundir barcha aʼzosi qanot, u agar shirin soʻzidan bir ogʻiz bayon etganini eshitgan kishi qandu shakarga iltifot qilmaydi deydi. Soʻnggi ikki baytda bu muammoning javobi chiqariladi: Shakli sheʼrini muammodir aning mushkul base, Tabtek shahkarlikindin ochlur ushbu mushkilot. Odil Arslon Xoja Tarxon dinu dunyo lazzati, Sharʼu din jinsi erur, ul jism ichra bu hayot.
Qasida shu yerda uzilib qolgan. Yaʼni qasidaning nasib va gurezgoh qismi bor, boshqa qismlari yoʻq. Keyingi sahifadan gʻazallar keltirilgan. Devonlarda gʻazallar „Kunilarmen“ radifli biror sabab bilan matlaʼsi tushib qolgan gʻazal bilan boshlanib, „Ey labung eglik koʻngullarning davou marhami“ misrasi bilan boshlanuvchi gʻazal bilan tugaydi. Devonda 2 ta „nun“, 15 ta „hoyi havvaz“, 40 ta „yoy“ harflari bilan tugallanuvchi, jami 57 gʻazal mavjud. Toshkent qoʻlyozma nusxasida Britaniya nusxasidan farqli ravishda „Sochingdin nofa doim kin ichinda“ deb boshlanuvchi gʻazalning soʻnggi 2 bayti, „Ey bodi sabo, bizdin ayit yor qoshinda“ deb boshlanuvchi gʻazalning soʻnggi toʻrt bayti yoʻq. Sakkokiy g‘azallarida keltirilgan ko‘pgina badiiy tasvirlar va o‘xshatmalarni Ali-sher Navoiy, Bobur va boshqa shoirlarning g‘azallarida ham uchratish mumkin. Sakkokiy faqat lirik sheʼrlar yozish bilan chek-lanib qolmay, yuqorida aytganimizdek, go‘zal qasidalar yozgan va bu qasidalar u yashagan, ijod etgan davrdagi ijtimoiy hayot bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Sakkokiy ajoyib lirik sheʼrlar va betakror qasidalar ijod etgan hamda o‘zbek mumtoz adabiyotining ravnaq topib, gullab-yashnashiga maʼlum hissa qo‘shgan buyuk shoirlardan biri sifatida tarixda muhrlandi.[1] Mavlono Sakkokiy Alisher Navoiyga qadar ijod etgan shoirlarning eng mashhuri boʻlib, bizgacha yetib kelgan kam miqdordagi, ammo badiiy jihatdan yuksak sheʼriy merosi (13 qasida, 60 gʻazal) ning oʻzi ham uning naqadar ulugʻ shoir boʻlganligini tasdiqlaydi. Shoir nafaqat gʻazalchilikda oʻz ovoziga ega boʻlgan, balki turkiy qasidachilikning ilk goʻzal va mukammal namunalarini yaratgan shoir sifatida ham mumtoz adabiyotimiz tarixida nom qoldirgan ijodkorlardandir.
Samarqand davlat universiteti mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi katta oʻqituvchisi Xasanova Mashxura Jumanovna
Nashr qilingan asarlari
tahrir- Sakkokiy. Gʻazallar. — T.: 1966;
- Sakkokiy. Gʻazallar, qasida. Kitobda: Hayot vasfi. — T.: 1988
- Mavlono Sakkokiy devoni. T.: Yangi asr avlodi. 2017 (nashrga tayyorlovchi va soʻngsoʻz muallifi M.Xasanova)
Manbalar
tahrir- ↑ Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 523-524.
Adabiyotlar
tahrir- Oʻzbek adabiyoti tarixi. Besh tomlik. T.1. — T.: Fan, 1978.
- Rustamov E., Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka, M., 1963;
- Mallayev N., Oʻzbek adabiyoti tarixi, 1kitob, 2nashr, T., 1976;
- Maʼnaviyat yulduzlari, T., 2001.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |