Sayfi Saroyi

Turkiy shoir va tarjimon

Sayfi Saroyi (arabcha: قصر الصيفي)(1321-yil — 1398-yil) — turkiy shoir va tarjimon.

Sayfi Saroyi
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1321-yil
Vafoti 1398-yil
Dini Islom
Tanilgan sohasi shoir, tarjimon

Hayoti

tahrir

Sayfi Saroyi oʻzbek mumtoz adabiyotining isteʼdodli vakillaridan biri. Xorazm yaqinidagi Qamishli qishlogʻida hunarmand-qurolsoz oilasida dunyoga kelgan. Boshlang'ich ta'limni o'z qishlog'ida olgan bo'lajak shoir tahsilni davom ettirish uchun Oltin O'rdaning markazi - Saroy shahriga boradi. Bu yerda u o'z davrining barcha ilmlarini egallaydi, iste'dodli shoir sifatida taniladi.

Amir Temur va To'xtamish o'rtasidagi o'zaro urushlar tufayli Oltin O'rdada vujudga kelgan notinchlik sababidan u avval Eron, Turkiyaga boradi, so'ng Misrga o'tib, turg'un bo'lib qoladi - 1396 yili shu yerda vafot etadi.

O'z davrining fozil olimi va yetuk shoiri bo'lgan Sayfi Saroyi fors-tojik va arab tillarini mukammal bilgan. Mavlono Qozi Muhsin, Mavlono Is'hoq, Mavlono Imod Mavlaviy, Ahmadoja as-Saroyi kabi shoirlar bilan yaqin bo'lib, she'riy mushoiralar qilgan.

Faoliyati

tahrir

Fors, arab tili, adabiyoti, tarixi va xalq ogʻzaki poetik ijodini mukammal oʻrgangan, lirik shoir, qasidanavis, epik dostonchi va tarjimon sifatida tanilgan. Sayfi Saroyi Saʼdiyning "Guliston‟ asarini oʻzbek tiliga birinchi boʻlib Misrda tarjima qilib, yarim original, falsafiy-axloqiy "Gulistoni bit-turkiy‟ asarini yaratgan (1391). Saʼdiy asarining asosiy magʻzini olib, uni zamona ruhini va mahalliy muhitni aks ettiruvchi yangi hikoyatlar, qitʼa va baytlar bilan toʻldirgan. Asar 8 bob, har bir bobda hikoyatlar bor. Hikoyatlarning koʻpchiligi didaktik mazmunda. Shoir pand-nasihat qilish yoʻli bilan adolat va osoyishtalik oʻrnatish, zolim podsho va amaldorlarni insof va adolatga chaqirish, davlatni qatʼiy qonun-qoidalar asosida boshqarish, kishilar xulq-atvorini yaxshilash mumkin deb oʻylaydi. Shu maqsadda toʻgʻrilik, rostgoʻylik, sadoqat va marhamat kabi fazilatlarni targʻib etadi. Asar katta adabiy yodgorlik, qadimiy turkiy tilni oʻrganishda ham muhim manbadir. Uning yagona qoʻlyozmasi Gollandiyadagi Leyden universitetida (inv. № 1553), fotonusxasi, "Suhayl va Guldursun‟ dostoni qoʻlyozmasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqlanadi[1]. Qo'lyozma XX asr avvalaridan o'rganila boshlagan. 1954 yili turk olimi Farididdin Nafis O'zluk uning faksimil nusxasini nashr ettirgan.

Sayfi Saroyi oddiy va sodda xalqona tilda, yengil va ravon uslubda ijod qilgan. Shoir she'rlari nozik kuzatishlar, ohorli hayotiy tashbehlarga boy. Talmeh, tazod, tanosib, irsoli masal, tajnis, tashxis, mubolag'a, lutf kabi she'riy san'atlardan mahorat bilan foydalangan.

Ilmiy-adabiy merosi

tahrir

Sayfi Saroyidan bizga 10 dan ortiq g'azal, 2 qasida, 2 qit'a, ikki bayt she'r, "Suhayl va Guldursun" dostoni (82 bayt, 1394) hamda "Gulistoni bit-turkiy" (1390-91) nomi bilan tarjima qilingan Sa'diy Sheroziyning "Guliston" asari tarjimasi yetib kelgan. Bu meros O'zbekistonda 3 - marta 1968, 1973 va 1986 yillarda nashr etilgan. Nasrullo Davron Sayfi Saroyi ijodi bo'yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Ayrim asarlari Istanbulda (1926) "Turk adabiyoti namunalari‟da berilgan. "Suhayl va Guldursun‟ dostoni oʻzbek epik sheʼriyati taraqqiyotida oʻz oʻrniga ega. Doston xalq afsonasi "Guldursun‟ asosiga qurilsada, unda real tarixiy voqealar, yaʼni Amir Temurning Xorazmga yurishi ham aks etgan.

"Sindbodnoma‟ning oʻzbek tiliga qilingan tarjimasi saqlanmagan. Sheʼrlarida vatanparvarlik, odamiylik, inson qadr-qimmati, doʻstlik, muhabbat motivlari bilan birga ijtimoiy mavzu ham kuylangan ("Kungul‟, "Topilmas‟, "Erur‟ va b.).

Nashr qilingan asarlari

tahrir
  • Sayfi Saroyi. Sheʼrlar, Guliston. — T.: 1968;
  • Sayfi Saroyi. Gulistoni bit turkiy. Kitobda: 14 asr Xorazm yodnomalari. — T.: Fan, 1973;
  • Sayfi Saroyi. Suhayl va Guldursun. Kitobda: Uch bulbul gulshani. — T.: Gʻafur gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1986.

Adabiyotlar

tahrir
  • Sheʼrlar, Guliston, T., 1968.
  • Mallayev N., Õzbek adabiyoti tarixi, 1-kitob, T., 1976;
  • Õzbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1j., T., 1977.
  • Õzbek adabiyoti tarixi. Besh tomlik. T.1. — T.: Fan, 1978.

Manbalar

tahrir
  1. Begali Qosimov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 200

Havolalar

tahrir