Hofizi Abru
Hofizi Abru (forscha: حافظ ابرو)(1361/1362-yil, Hirot – 1430-yil, Zanjon) — tarixchi va geograf. To‘liq ismi Shahobuddin Abdulloh ibn Lutfilloh ibn Abdurrashid al-Havofiy. Amir Temur va Shohrux saroylarida tarixnavis boʻlgan. Tarixiy va tarixiy-geografik asarlar ("Zayli Zafarnomai Shomiy", "Zayli Jomiʼ ut-tavorix", "Tarixi Hofizi Abru", "Majmua attavorixi sultoniya", "Zubdat ut-tavorixi Boysunquriy") muallifi.
"Zayli Zafar-nomai Shomiy" asari Nizomiddin Shomiyning "Zafarnoma"siga ilova boʻlib, asardagi tarixiy voqealar bayonini 1405-yilgacha davom ettirgan. "Zayli Jomiʼ ut-tavorix" Rashiduddin Fazlullohning "Jomiʼ ut-tavorix" asarining davomi boʻlib, unda Eronning 1304–1370-yillardagi tarixi aks ettirilgan(1417). "Tarixi Hofizi Abru" nomi bilan mashhur tarixiy-geografik asarida dunyoning doira shaklidagi xaritasi va boshqa xaritalar berilgan. Bu xaritaning muhim tomonlaridan biri — gradus toʻri chizilganidir, uni geograflar Hofizi Abruning shoh asari deb hisoblaydilar. Bu asarda yer yuzidagi suvlar, togʻ-toshlar, mamlakatlar va ulardagi shahar-qishloqlar, shuningdek, Fors, Kirmon, Xurosonning batafsil geografiyasi va tarixi, Movarounnahr geografiyasi bayon etilgan. Xususan, Samarqand, Buxoro, Kesh, Naxshab, Termiz kabi shaharlar hamda Jayxun, Sayxun, Murgʻob va boshqa daryolar, mamlakatlar, viloyatlarning kenglik va uzunliklari koʻrsatib oʻtilgan va masofalar hamda maydonlarni izohlovchi (farsang, oylik yoʻl, kunlik yoʻl) anchagina satrlar bor. 1423–1427-yillarda yozilgan "Majmua"("Toʻplam") asari Shohrux saltanati tarixini 1417-yilgi voqealar bilan tugatadi. Uning 4-jildi "Zubdat ut-tavorixi Boysun-quriy"da tarixiy voqealar 1417-yilga qadar yetkazilgan. Hofi Abruning asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy maʼlumotlar, bizgacha yetib kelmagan asarlardan parchalar va muallifning oʻz davriga oid xabarlari keng oʻrin olgan. Hofi Abru asarlarining qoʻlyozmalari Sankt-Peterburg, Oksford va Toshkentda saqlanadi.
Adabiyotlar
tahrir- Bartold V.V., Sochineniya, t.8, M., 1973;
- Hasanov H., Sayyoh olimlar, T.,1981.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |