Qandolatchilik
Qandolatchilik, shirapazlik — hunarmandchilikning mahalliy shakarpazlik mahsulotlari, mahalliy shirinliklar, qandqurslar tayyorlanadigan sohasi. Sharq mamlakatlarida qadimdan rivoj topib, ayniqsa, oʻrta asrlarda keng tarqalgan. O'rta Osiyoning Buxoro, Samarqand, Xiva, Toshhovuz, Xoʻjand, Qoʻqon, Chimkent, Toshkent singari yirik shaharlarida qandolatchilar shinni, asal, turli mevalarning shiralaridan, shuningdek, un, kunjut, oʻrik, bodom magʻizi, yongʻoq va boshqalardan foydalanib, turlituman obaki, holva, novvot, pechak, pashmak, parvarda, nisholda, murabbolar, atirgul gul barglarini shakar bilan aralashtirib gulqand, muz bilan shinni yoki meva sharbatini qoʻshib muzqaymoqlar tayyorlaganlar. Shaharlarda, yirik qishloq bozorlarida qandolatchilik rastalari boʻlgan. Qandolatchilar 4—5, baʼzan 10—12 kishilik ustaxonalarga uyushgan, ularning doʻkonlari, asosan, xonadonlarda hovlining bir qismini tashkil etgan. Qandolatchilarning asboblari choʻyan va mis qozonlar, mis tovoqtogʻora, yogʻoch qorgich, chilchoʻp, tarozi kabilardan iborat boʻlib, kattakichik oʻchoqlar, uzum shirasi olinadigan maxsus qurilmalardan foydalanganlar[1].
20-asrning 20-yillaridan qandolatchilik mahsulotlari (konfet, shokolad, monpasye va boshqalar) ishlab chiqaradigan yirik fabrikalar paydo boʻlishi bilan (mas, Toshkentda 1922-yilda "Oʻrtoq" qandolatchilik fabrikasi ishga tushirildi). Qandolatchilikning hunarmandchilikda kasb sifatida faoliyat sohasi bir qadar qisqardi, ammo shunga qaramay sanoat usulida ishlab chiqarish mumkin boʻlmagan yoki daromadli boʻlgan shirinliklar turlarini ishlab chiqarish saqlanib qoldi va rivojlandi. 90-yillar boshidan shahar va qishloqlarda qandolatchilikda yakka tadbirkorlar va xususiy korxonalar faoliyat qoʻrsata boshladi, qandolatchilik mahsulotlarining tur tarkibi va bozorda sotilishi miqdori koʻpaydi. Hozirgi davrda qandolatchilikda shakarli mahsulotlar bilan birga undan tayyorlanadigan mahsulotlar (pechenye, vafli, tort, keks, pirojniy va boshqalar)ning koʻp turlari ishlab chikariladi[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |