Something

The Beatles guruhi qoʻshigʻi (1969)

Something“ (tarjimasi „Bir narsa“) — „The Beatles“ ingliz guruhi ijro etgan qoʻshiq. Guruhning 1969-yil eʼlon qilingan „Abbey Road“ nomli studiyaviy albomiga kiritilgan. Taronani guruhning solo-gitarachisi George Harrison yozgan. Musiqa tarixchilari „Something“ Harrisonning „Abbey Road“ albomiga kiritilgan ikkinchi qoʻshigʻi „Here Comes the Sun“ bilan bir qatorda uni guruhning asosiy qoʻshiqnavislari John Lennon va Paul McCartney darajasiga olib chiqqan kompozitsiya deb hisoblashadi[3]. Albom eʼlon qilinganidan keyin ikki hafta oʻtib, qoʻshiq „Come Together“ qoʻshigʻi bilan bir qatorda singl oʻlaroq chiqarilgan. „Something“ Harrisonning guruh relizida asosiy „a“ tomonga yozilgan ilk kompozitsiyadir. Shuningdek, ikki qoʻshiq singl oʻlaroq eʼlon qilinishdan oldin „The Beatles“ Buyuk Britaniyada biror marta allaqachon albomda eʼlon qilingan taronalarni singl oʻlaroq chiqarmagan boʻlgan. Bu holat qoʻshiq sotilishiga salbiy taʼsir koʻrsatgan, ammo shunga qaramay, tarona AQShda „Billboard Hot 100“ xit-paradida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan. Shuningdek, Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Gʻarbiy Germaniya xit-paradlarida ham eng yuqori pogʻonani zabt etgan, Buyuk Britaniyada esa toʻrtinchi pogʻonagacha koʻtarilgan.

„Something“
The Beatles qoʻshigʻi
„Abbey Road“ albomidan
A tomon „Come Together“
Chiqarilgan sanasi 6-oktyabr, 1969-yil(1969-10-06)
Yozib olingan 2-may, 5-may, 16-iyul, 15-avgust 1969-yil
Studiya EMI va Olympic, London
Janr Rok, pop,[1] soft-rok[2]
Davomiyligi 2:59
Leybl Apple
Matn muallif(lar)i George Harrison
Prodyuser(lar) George Martin
The Beatles xronologiyasi
„The Ballad of John and Yoko“
(1969)
Something“ / „Come Together“
(1969)
„Let It Be“
(1970)
Promotional film
„Something“ YouTubeda

„Something“ Harissonning ilk rafiqasi Pattie Boyd uchun bagʻishlangan sevgi qoʻshigʻi oʻlaroq koʻriladi. Shunday boʻlsa-da, Harrison keyinchalik bergan intervyularida boshqa manbalardan ilhom olganini eʼtirof etgan. Harrison „The Beatles“ albomlariga ikkidan oshiq ishi kiritilishida qiyinchiliklarga duchor boʻlgani uchun dastlab „Something“ qoʻshigʻini Joe Cockerga taqdim etgan. Taqrizchilar „The Beatles“ yozgan versiyadagi gitara solosini Harrisonning eng yaxshi ijrolaridan biri deb hisoblashadi. Qoʻshiqni guruhning boshqa aʼzolari hamda prodyuser George Martin ham olqishlagan. Lennon „Something“ „Abbey Road“ albomidagi eng yaxshi qoʻshiq ekanligini aytgan. Qoʻshiq uchun olingan promo filmda guruhning har bir aʼzosi rafiqasi bilan alohida tasvirga olingan. Bu holat 1970-yilning aprelida guruh parchalanib ketishidan oldin aʼzolar bir-biridan uzoqlasha boshlaganidan dalolat beradi. Harrison qoʻshiqni „Concert for Bangladesh“ konsertlari davomida hamda yakkaxon xonanda oʻlaroq chiqishlarida ijro etgan.

„Something“ 1969-yilda „Lirik va musiqiy jihatdan eng yaxshi qoʻshiq uchun Ivor Novello mukofoti“ (inglizcha: Ivor Novello Award for Best Song Musically and Lyrically) nominatsiyasida „Ivor Novello Award“ mukofoti bilan taqdirlangan. 1970-yillarning yakuniga qadar qoʻshiqni 150 dan oshiq xonanda kaver qilgan. „Something“ qoʻshigʻi „Yesterday“ qoʻshigʻidan keyin eng koʻp kaver qilingan „The Beatles“ kompozitsiyasidir. Shirley Bassey (1970) ijrosidagi kaver Buyuk Britaniya xit-paradida yuqori beshtalikka kirgan. Taniqli amerikalik xonanda Frank Sinatra qoʻshiqni muntazam ravishda ijro etgan. Taronani kaver qilgan boshqa xonandalar orasida Elvis Presley, Ray Charles, „Booker T. & the M.G.'s“ guruhi, James Brown, Smokey Robinson va Johnny Rodriguezlar bor. 1999-yil „Broadcast Music Incorporated“ tashkiloti „Something“ qoʻshigʻi XX asr davomida 5 million marta ijro etilgani va yuz yillikda eng koʻp ijro etilgan 17-qoʻshiq ekanini maʼlum qulgan. 2000-yilda „Mojo“ jurnali „Something“ qoʻshigʻining „Tarixdagi eng yaxshi 100 qoʻshiq“ roʻyxatida 14-oʻringa qoʻygan. Shuningdek, tarona „Rolling Stone“ jurnalining 2021-yil chiqarilgan tarixdagi 500 eng buyuk qoʻshiqlar roʻyxatida 110-oʻrinni egallagan. 2002-yilda, yaʼni Harrison vafotidan bir yil oʻtib McCartney va Eric Clapton Londondagi „Royal Albert Hall“ sanʼat saroyida boʻlib oʻtgan „Concert for George“ konserti davomida qoʻshiqni ijro etgan.

Manbalar

tahrir

Snoskalar

tahrir
  1. Unterberger, Richie „The Beatles 'Something'“. AllMusic. 2012-yil 21-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 18-fevral 2015-yil.
  2. Ursula Dawn Goldsmith, Melissa. Listen to Classic Rock! Exploring a Musical Genre. ABC-CLIO, 2019 — 32-bet. ISBN 9781440865794. Qaraldi: 2022-yil 21-oktyabr. 
  3. Perone 2012, s. 211: "[Abbey Road marked] the full emergence of George Harrison as a songwriter of equal stature as Paul McCartney and John Lennon";Lavezzoli 2006, s. 185: „[Harrison] would finally achieve equal songwriting status alongside Lennon and McCartney with his two classic contributions to the final Beatles LP, Abbey Road“;Weber 2016, s. 82: „[By 1968] Harrison began to produce songs that many considered equal to some of Lennon and McCartney’s best compositions. This became even more evident on Abbey Road, which contained two masterpieces by Harrison: 'Here Comes the Sunʼ and 'Somethingʻ.“

Adabiyotlar

tahrir

Havolalar

tahrir