Tillatepa
Tillatepa — Shim. Afgʻonistondagi Shibirgʻon sh.dan 5 km shimolida joylashgan manzilgoh (mil.av. 10—9-asrlar) va qabriston (mil. av. 1-asr). V.I.Sarianidi rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiya tomonidan 20-asrning 70-yillarida topilgan va tadqiq etilgan.
T. aylana tarhli (diametri 100 m), bal. 4 m boʻlib, arxeologik qazishmalar natijasida undan mil. av. 9—7-asrlarga oid ulkan bino; qizil, qora boʻyoklar bilan oʻziga xos naqsh solingan sopol idishlar, tosh yorgʻuchoq (yormatosh)lar va ularning dasta ʻ lar hamda 6 ta qabr topilgan. Shundan 5 tasi ayollar qabri (mil. av. 1-asr — mil. 1-asrgaoid) boʻlib, qabrlardan, asosan, oltindan ishlangan 20 mingta buyum chiqqan. Marxumlar yogʻoch tobutga yotqizilib, tobut ustiga tilla va kumush bezaklar bilan qadama qilib ishlangan yopinchiq yopib qoʻyilgan. Marxumlarga yuzlab mayda tilla qadama bezaklar, taqinchoklar kadab bezatilgan qimmatbaho zardoʻzi liboslar kiydirilgan. Topilmalar ichida 2 shoxli ajdarhoning oyogʻidan ushlab turgan maʼbuda tasviri tushirilgan taqinchoq (shokila), otga hujum qilayotgan boʻrilar aks ettirilgan qoplama, qanotli maʼbuda haykalchasi, sher ustida oʻtirgan maʼbuda tasviri bor, feruza toshlar bilan bezatilgan tilla toʻqa, delfinda savlat toʻkib oʻtirgan "amurlar" tasvirlangan tugmalar, Ares (yunonlarning urush xudosi) surati aks etgan taqinchoq, uzuklar va bilaguzuklar, har xil qaykalchalar, idishlar, xanjarlar, Parfiya va Rim podshoxlari (Mitridat II, Fraat IV, Rim imperatori Tiberiy aureusi)ning mil. av. 16—21y.lar davomida Lugdunumda zarb qilingan tangalar diqkatga sazovordir. Buyumlar tarkibining taxlili ellinizm dunyosining kuchli taʼsiri sakparfiya va hindparfiya, shuningdek, Baqtriya, madaniyati elementlari uygunlashib ketganligini koʻrsatadi.
Edvard Rtveladze.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |