Toxariston
Toxariston, Toʻxoriston - hozirgi Janubiy Oʻzbekiston, Janubiy Tojikiston, Shimoliy Afgʻonistonni oʻz ichiga olgan tarixiy viloyat.
Shim.da Hisor togʻlari, Jan.da Hindukush, Gʻarbda Murgʻob va Herirud daryolari, Sharqda Pomir bilan chegaralangan. "T." nomi mil. av. 2-asrda YunonBaqtriya podsholigini tugatgan koʻchmanchi qabilalardan biri — toxarlar nomidan olingan. Fors va arab tarixchi, geograflari (9—13-asrlar) "T." atamasini 5-asrdan 13-asrgacha qoʻllagan. T. mil. 1—4-asrlarda Kushon podsholigi tarkibiga kirib, uning oʻzagini tashkil qilgan. Kushon podsholigi parchalangach, T. alohida mulklarga boʻlinib ketgan. 7-asr boshida Syuan Szanning soʻzlariga koʻra, T. 27 ta alohida mulk: Balx (Baqtriyaning sobiq poytaxti), Qunduz (Shim. Afgʻonistonda), Termiz, Chagʻoniyon, Xuttal va boshqalardan iborat boʻlgan. 5 —6 a.larda T. mulklari eftaliylarta, 7-asrda Turk xoqonligiga tobe bulgan. 618 y. turk xoqoni Tun yabgʻu (618 — 630) T.ni toʻngʻich oʻgʻli Tardushodga topshirgan. U yabgʻu unvoni bilan T.da hukmronlik qilgan turkiy sulola asoschisi boʻlgan. 8-asrning 1yarmida T.ni arablar zabt etgan. Keyinchalik u Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, Gʻuriylar davlati tarkibiga kirgan. 13-asr boshida T. moʻgʻullar istilosi natijasida vayron qilingan. Oʻzbek va tojik arxeologlari, Fransiya, Italiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlarning olimlari olib borgan tadqiqotlar T. Oʻrta Sharqning yirik iqtisodiy va madaniy markazi boʻlganligini koʻrsatdi. T. Oʻrta Osiyoning boshqa viloyatlari, Hindiston, Yaqin va Uzoq Sharq bilan savdomadaniy aloqalar oʻrnatgan. Kushonlar va ilk oʻrta asrlarda T. Markaziy Osiyoda buddaviylik, shuningdek, moniylikning rivojlanishi va tarqalishida muhim rol oʻynagan. 9—13-asrlarda T. islom madaniyati va ilmining markazlaridan biri boʻlgan.
Adabiyot
tahrir- Bartol d V. V., Toxaristan, Sochineniya, t.Z, M., 1965;
- Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazoʻchnoʻm istochnikam IX — nachalo XIII vv., T., 1996.
- Gʻaybulla Boboyorov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |