Toʻrsimon model[2] – baʼzi bozor turlarida narxlarning doimiy oʻzgarishlari sabablarini tushuntirib beruvchi mikroiqtisodiy model. Model shartiga koʻra, bozordagi taklif miqdori tovar narxidan avval shakllanishi kerak. Ishlab chiqaruvchilarning kutilmalariga koʻra, tovarning kelgusidagi narxi oʻzgarmaydi. Shu sababli, bozorda baʼzida taqchillik, baʼzida tovar ortiqchaligi kuzatiladi. Model bozordagi talab va taklif egri chiziqlarining yotiqlik darajasiga koʻra uzoqlashuvchi, yaqinlashuvchi va doimiy modellarga boʻlinadi.

Samuel Benner oʻzining „Benner’s Prophecies of Future Ups and Downs in Prices“ kitobida keltirgan choʻyan narxi prognozi[1]

Bozorda talab va taklifning sikllik oʻzgarishlarini dastlab fermer S. Benner payqagan. 1927-yilda A. Hanau goʻsht bozoridagi sikllarning iqtisodiy-matematik modelini tuzgan, lekin, bu holat sodir boʻlishining sabablarini keltirmagan. 1930-yilda bir qancha olimlar bir-biridan mustaqil tarzda, modelning nazariy asoslarini yaratishgan. Nicholas Kaldorning 1934-yilgi izlanishlaridan kelib chiqqan holda model „toʻrsimon“ nomini olgan.

Ushbu iqtisodiy model vujudga kelishi uchun bir qancha shartlar talab etiladi. Toʻrsimon model turli tarmoqlarda, xususan, qishloq xoʻjaligida, mol, uy va mehnat bozorida kuzatilgan. Real maʼlumotlarga asoslangan sikllar uzunligi va shakli boʻyicha nazariyada aks ettirilgan grafikdan farq qiladi. Model ishlab chiqaruvchilarning ratsional fikrlashi va bozorga taʼsir qiluvchi tashqi omillarni hisobga olmaganligi tufayli, bozordagi barcha holatlarni ifodalab bera olmaydi.

Model tarixi

tahrir
 
A. Hanau tomonidan yaratilgan Pork cycle (choʻchqa goʻshti sikli). Bu yerda, deficiency – tanqislik, surplus – goʻshtning keragidan ortiqligi.

Ishlab chiqarish hajmi va narx oʻrtasidagi davriy oʻzgarishlar birinchi marta Samuel Bennerning „Benner’s Prophecies of Future Ups and Downs in Prices: What Years to Make Money on Pig-Iron, Hogs, Corn, and Provisions“ kitobida aks ettirilgan. S. Benner tovarlar narxini toʻgʻri prognoz qila olgan boʻlsa-da, narx oʻzgarishining sabablarini keltirmagan. Uning prognozlari faqatgina adaptiv kutilmalarga asoslangan. 1928-yilda Arthur Hanau esa oʻz maqolasida choʻchqa goʻshtining Germaniyadagi narxini prognozlab bergan[3]. 1930-yilda Umberto Ricci, Jan Tinbergen va Henry Schultz bir vaqtning oʻzida, bir-biridan mustaqil tarzda bozordagi dinamik oʻzgarishlar sabablarini tushuntirib beruvchi nazariy model ishlab chiqishdi[4][5][6]. Keyinchalik, Nicholas Kaldor oʻz maqolasida nazariyani mukammallashtirdi va ushbu dinamik modelni „cobweb model“ deb nomladi[7].

1938-yilda Mordecai Ezekiel oʻz maqolasida narx va ishlab chiqarish hajmidagi oʻzgarishlarga asosan, modelda yuzaga keluvchi jarayonlarni 1,2 va 3 yillik laglarga boʻlgan[izoh 1]. Nazariyaga koʻra, grafiklar harakati har siklda qaytariluvchi deb qaraladi[8][izoh 2].

Model shartlari

tahrir

Toʻrsimon model vujudga kelishida quyidagi omillar mavjud boʻlishi kerak:

  • Mukammal raqobat[9];
  • Adaptiv kutilmalar; yaʼni, bozor ishtirokchilari faqatgina oʻtgan yildagi (sikldagi) narxlarga asosan keyingi yil uchun prognozlarni amalga oshirishadi[10];
  • Ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun kamida toʻliq 1 siklning mavjudligi[10];
  • Narxning faqatgina taklif tomonidan belgilanishi[11].

Demak, narx va ishlab chiqarish hajmining davlat tomonidan belgilanishi yoki taklif hajmining oʻzgargan talabga darhol tenglashishi sharoitida toʻrsimon model mavjud boʻlmaydi[12].

Modellashtirish

tahrir

Modelni tasvirlash uchun bozorga baʼzi shartlar belgilanadi. Unga koʻra, bozordagi tovarlar soni   ortiqcha (baʼzida defitsit) hisoblanadi. Tovar koʻpligi raqobatchilar oʻrtasida „narxlar jangi“ni keltirib chiqaradi va narx ( ) pasaya boshlaydi. Maʼlum nuqtada narxlar va talab miqdori teng keladi. Lekin, narxlarning pasayishi baʼzi firmalarning xonavayron boʻlishi yoki boshqa bozorga ketishiga sabab boʻladi. Tarmoqda kam sonli firmalargina qoladi. Oqibatda bozorda tovar defitsiti sodir boʻladi va tovar narxi oshadi. Tovar narxining oshishi esa ishlab chiqarishni stimullaydi va tarmoqqa yangi firmalarni jalb etadi[13].

Yaqinlashuvchi model

tahrir
 
Yaqinlashuvchi model
 
Uzoqlashuvchi model
 
Doimiy model

Agar talab egri chizigʻi elastikligi taklif egri chizigʻi elastikligidan katta boʻlsa, bozordagi narx va hajm muvozanat nuqtaga intiladi[9]:

 

Ishlab chiqarish hajmini   darajasigacha oʻzgarishi (kamayishi) bozorda tovar taqchilligini hosil qiladi. Taqchillik sababli narx   miqdorgacha oshadi. Yangi narx firmalarni koʻproq ishlab chiqarishga undaydi va taklif miqdori  ga yetadi. Lekin, isteʼmolchilar barcha tovarlarni faqatgina   narxda sotib olishga qodirlar, shu sababli ishlab chiqaruvchilar tovarlar sonini  gacha kamaytirishadi. Bu esa bozorda taqchillik yaratadi va yana narx oshishiga sabab boʻladi. Juda koʻp shunday sikllar orqali bozorda muvozanat vujudga kelishi mumkin[14].

Uzoqlashuvchi model

tahrir

Agar taklif egri chizigʻi elastikligi talab egri chizigʻinikidan yuqoriroq boʻlsa, narx va hajm muvozanat nuqtadan uzoqlasha boshlaydi[9]:

 

Doimiy model

tahrir

Agar talab va taklif egri chiziqlari elastikliklari bir xil boʻlsa, jarayon davomiy tarzda qaytariladi, narx va hajm muvozanat nuqtaga nisbatan holatini oʻzgartirmaydi[15]:

 

Boshqa sikllardan farqi

tahrir

Barcha iqtisodiy sikllar ham toʻrsimon model hisoblanmaydi. Masalan, asosiy vositalar ishlab chiqaruvchi korxonalar (A tipdagi korxonalar) tovarlariga talab oshishi, ushbu korxona mijozlarining (B tipdagi korxonalar) pirovard tovarlariga talab oshishiga bogʻliq hisoblanadi. Agar B firma oʻz ishlab chiqarish hajmlarini oshirmasa, bozorda bu korxona uchun stanok yetkazib beruvchi A firmalar soni (yoki ular taklif etuvchi asosiy vositalar soni) kamayadi[16][17]. Ushbu jarayon „replacement cycle“ deb ataladi. „Replacement cycle“ va toʻrsimon model grafik jihatdan oʻxshash hisoblansa-da, boshqa umumiy xususiyatlarga ega emas[18].

Tarmoqlarda yuzaga kelishi

tahrir

Toʻrsimon model paydo boʻlishiga koʻplab omillar kerak boʻlsa-da, u koʻpgina tarmoq bozorlarida uchraydi.

Qishloq xoʻjaligi

tahrir

Dastlab, XIX asrda qishloq xoʻjaligida narxning davriy oʻzgarishi aniqlangan, lekin bu jarayon chuqur tahlil qilinmagan edi. Ezekiel 1921–1936-yillardagi maʼlumotlardan foydalangan holda[19] kartoshka bozoridagi talab va taklifni modellashtirdi. Model tuzilishiga koʻra, talabning narxga boʻlgan elastikligi taklifning narxga boʻlgan elastikligidan yuqori boʻlgani sababli, sikllar muvozanat nuqta tomon intilgan[20]. XXI asrda ham turli mamlakatlar qishloq xoʻjaligida toʻrsimon model kuzatilgan[21].

Mol bozori

tahrir

1938-yilda Ezekiel mol bozoridagi toʻrsimon oʻzgarishlarni oʻz modelida aks ettirdi. Olim 1900—1936-yillardagi maʼlumotlardan foydalangan holda[22][23] qoramol bozori va „corn-hog ratio“[izoh 3] koʻrsatkichi toʻrsimon modelga asoslanishini isbotlab berdi[24]. Nazariyadan farqli oʻlaroq, real maʼlumotlar asosida tuzilgan modelda grafik oʻz maksimum va minimumi, sikllarning farqi bilan ajralib turadi[25].

Uy bozori

tahrir

Isroil davlatidagi uy bozorida sodir boʻlgan davriy oʻzgarishlar ham toʻrsimon model deb yuritiladi. 1960—2010-yillarda mamlakatga migrantlarning koʻchib kelishi[26], aholi daromadlarining oʻsishi[27] va Isroilga investitsiya hajmining oshishi[28] uy bozoridagi talabni oshirib yuborgan. Boshqa tarafdan texnologiyalar, xususiy tadbirkorlik va yetarli darajada kadrlarning mavjudligi yangi taklif miqdorini yaratgan[29].

Mehnat bozori

tahrir

XX asrda turli davlatlarning mehnat bozoridagi muvozanat ish haqi doimiy oʻzgarib turgan. Richard B. Freemanning AQSh mehnat bozori boʻyicha 1961—1973-yillardagi tadqiqotlariga koʻra, muhandislarning oylik ish haqi sohadagi OTM bitiruvchilari sonidan kelib chiqqan holda doimiy oʻzgarishda boʻlgan[30]. 1961–1969-yillardagi tadqiqot va texnologik ishlanmalar sohasidagi keskin oʻsish tufayli[31], turli tarmoqlarda faoliyat koʻrsatuvchi muhandislar sanoatda ishlovchi ishchiga nisbatan oʻrtacha 1,38 barobar koʻproq maosh olishgan. Lekin, sikllar davriyligi oʻzgarganida, ushbu koʻrsatkich 1,17 barobarga aylangan[32]. Toʻrsimon model shuningdek, huquqshunoslar va oʻqituvchilar faoliyat yurituvchi mehnat bozorlarida ham kuzatilgan[33][34].

Tanqid

tahrir

Model quyidagi omillarni hisobga olmaydi[11]:

  • Ratsional kutilmalar[35]. Model shartlariga koʻra, fermerlar keyingi yil taklifini oldingi yildagi (sikldagi) narxga koʻra shakllantirishadi. Ularning fikricha, keyingi yilgi narx ham oʻtgan yilgidek boʻladi. Lekin, real hayotda fermerlar sodir boʻlgan narx oʻzgarishlaridan tegishli xulosa chiqargan holda faoliyat yuritishadi[36].
  • Faoliyatni tezda oʻzgartirib boʻlmasligi. Maʼlum bir faoliyatdagina bilim va tajribaga ega boʻlgan firma uchun boshqa tarmoqqa oʻtish riski katta boʻlishi mumkin[37][38].
  • Narxga taʼsir qiluvchi boshqa omillarning mavjudligi. Bozordagi taqchillik import orqali (tovar ortiqchaligi esa eksport orqali) bartaraf etilishi, fermerlar taklif etuvchi tovarlar hajmi ob-havo sharoitlariga qarab oʻzgarishi mumkin[39].

Koʻp hollarda fermerlar taklif hajmini (ekinzor maydoni yoki boqiluvchi hayvonlar soni) belgilaganlaridan soʻng, ushbu hajmni katta miqdorga oshira olmaydilar. Lekin, fermerlarning xoʻjalikdagi baʼzi amallari (masalan, molalashni yetarli darajada amalga oshirmasliklari) taklif hajmini kamaytirishi mumkin[12][40].

Izohlar

tahrir
  1. Lag deb, muvozanatdan chiqqan talab va taklif miqdorining qayta muvozanatga kelish vaqtiga aytiladi.
  2. Tarmoqdagi ishlab chiqarish hajmining dastlabki miqdorga qaytishi uchun sarflangan vaqtga 1 sikl deyiladi. Sikl muddatining yarmi lag hisoblanadi. Masalan, sikl 2 yil boʻlsa, lag 1 yil boʻladi.
  3. "Corn-hog ratio" koʻrsatkichi qishloq xoʻjaligida qoʻllaniladigan nisbat boʻlib, choʻchqa narxi va shu choʻchqa isteʼmol qiluvchi joʻxori narxining oʻzaro nisbatini aks ettiradi. Masalan, 1 sentner choʻchqa goʻshti narxi 50 dollar boʻlsa va 1 bushel joʻxori narxi 4 dollar boʻlsa, „corn-hog ratio“ 12,5 ga (50/4) teng boʻladi.

Manbalar

tahrir
  1. Benner 1884, s. 45.
  2. Salimov, Yusupov & Salimov 2019, s. 65.
  3. Hanau 1928, s. 39.
  4. Schultz 1930, s. 34.
  5. Tinbergen 1930, s. 671.
  6. Ricci, Umberto, and Oskar Morgenstern 1930, s. 656.
  7. Kaldor 1934, ss. 123–126.
  8. Ezekiel 1938, s. 269.
  9. 9,0 9,1 9,2 Самуэльсон 1964, ss. 470–472.
  10. 10,0 10,1 Poitras 2023, ss. 156–157.
  11. 11,0 11,1 „Cobweb theory assumptions and limitations“. Economics Help. Qaraldi: 9-dekabr 2023-yil.
  12. 12,0 12,1 Ezekiel 1938, s. 272.
  13. „Cobweb cycle“. Encyclopædia Britannica. Qaraldi: 15-noyabr 2023-yil.
  14.   Паутинообразная модель рынка Video YouTubeda
  15. Гальперин, Игнатьев & Моргунов 1999, ss. 63–65.
  16. Ezekiel 1938, ss. 278–279.
  17. Clark 1917, ss. 220–222.
  18. Frisch 1931, ss. 646–650.
  19. Becker 1936, ss. 156–157.
  20. Ezekiel 1938, ss. 275–277.
  21. Mehmood, Hasan & Khan 2022, ss. 1360–1361.
  22. Becker 1936, s. 206.
  23. Becker 1936, s. 219.
  24. Ezekiel 1938, ss. 270–271.
  25. Ezekiel 1938, s. 268.
  26. Carl, Bialik „A Historical Look At The Immigration Of French Jews To Israel“. FiveThirtyEight. Qaraldi: 9-dekabr 2023-yil.
  27. „Israel GDP Per Capita“. World Economics. Qaraldi: 9-dekabr 2023-yil.
  28. „Israel: Foreign Direct Investment“. The Global Economy. The World Bank. Qaraldi: 9-dekabr 2023-yil.
  29. Tamari, Ben „Cobweb model in the Housing Sector of Israel 1960 – 2010“. Qaraldi: 9-dekabr 2023-yil.
  30. Koncz, Andrea „Salary Trends Through Salary Survey: A Historical Perspective On Starting Salaries For New College Graduates“. National Association of Colleges and Employers. Qaraldi: 9-dekabr 2023-yil.
  31. Pethokoukis, James „US Federal Research Spending“. American Enterprise Institute. Qaraldi: 9-dekabr 2023-yil.
  32. Freeman 1976, s. 240.
  33. Freeman 1975, ss. 172–174.
  34. Hingorani 2023, ss. 521–525.
  35. Pashigian 1970, ss. 351–352.
  36. Kaldor 1934, s. 136.
  37. „Threat of New Entrants Explained: Barriers and Characteristics“. Indeed (2022-yil 24-iyun). Qaraldi: 10-dekabr 2023-yil.
  38. Cephas, Casey „6 Common Risks Of New Product Development – And How To Mitigate Them“. Tapecon. Qaraldi: 10-dekabr 2023-yil.
  39. Poitras 2023, s. 147.
  40. Bean 1929, s. 385.

Adabiyotlar

tahrir

Kitoblar

tahrir

Ilmiy maqolalar

tahrir

Hisobotlar

tahrir
  • Becker, Joseph A.. Agricultural Statistics (en). United States Department Of Agriculture, United States Government Printing Office, 1936 — 421-bet.