Vanadzor
Vanadzor (armancha: Վանաձոր, 1935-yilgacha — Karakalisa, 1935-yildan 1992-yilgacha — Kirovakan deya nomlangan) — Armaniston shimolidagi Lori viloyatining markazi, mamlakatda kattaligi boʻyicha uchinchi oʻrinda turuvchi shahar. 2023-yilgi maʼlumotlarga koʻra, shaharda 76 000 kishi istiqomat qiladi[1]. Vanadzorda Arman apostol cherkovining Gugark yeparxiyasi qarorgohi joylashgan[2].
Vanadzor armancha: Վանաձոր | |
---|---|
Lori viloyati markazi | |
| |
40°48′46″N 44°29′18″E / 40.81278°N 44.48833°E | |
Mamlakat | Armaniston |
Hukumat | |
• Mer | Arkadi Peleshyan |
Asos solingan | 1828-yil |
Avvalgi nomlari |
1935-yilgacha — Karaklisa 1992-yilgacha — Kirovakan |
Maydon | 32 km2 (12 kv mi) |
Iqlim turi | kontinental iqlim |
Rasmiy til(lar)i | arman tili |
Aholisi (2023-yil) |
90 047 |
Zichligi | 2700 kishi/km2 |
Milliy tarkib | armanlar, ruslar, kurdlar, ukrainlar, qozoqlar |
Konfessiyaviy tarkib | xristianlar |
Etnoxoronim | vanadzorliklar |
Vaqt mintaqasi | UTC+4 |
Telefon kodi | (+374) 322 |
Pochta indeks(lar)i | 2001-2024 |
Avtomobil kodi | 36 |
Shahar Armaniston poytaxti Yerevan shahridan 128 km shimolda joylashgan boʻlib, Bazum va Pampak togʻlari bilan oʻralgan.
Vanadzor shahri Fransiyaning Bagneux, Gruziyaning Batumi, Rossiyaning Kislovodsk hamda Podolsk, AQShning Pasadena, Estoniyaning Maardu, Belarusning Vitebsk hamda Xitoyning Zhuzhou shaharlari bilan bir xil geografik uzunlikda joylashgan[3].
Shahardan 146 km shimolda Tbilisi, 120 km janubda Vagarshapat, 80 km janubi-sharqda Sevan hamda 78 km sharqda Idjevan shaharlari joylashgan[4].
Shaharning janubi-gʻarbida joylashgan Vanadzor botanika bogʻi Armanistondagi 5 ta yirik bogʻdan biridir[5][6]. Shaharda joylashgan Lori-Pampak arxeologik muzeyi 1938-yil ochilgan boʻlib, unda 34 000 ga yaqin eksponat mavjud.
Nomlanishi
tahrirShahar Rossiya imperiyasining rasmiy hujjatlarida Karaklis (turkcha: Kara kilise — „Qora cherkov“) shaklida qayd etilgan[7][8]. Armaniston SSSRga qoʻshilgach, 1926-yilda shaharga arman bolshevik inqilobchisi Aleksandr Miasnikyan sharafiga Martunashen deb nom berilgan[9]. Shahar 1935-yil 3-yanvarda bolsheviklar yetakchisi Sergey Kirov sharafiga Kirovakan deb nomlangan.
Armaniston mustaqillikka erishgach, 1992-yil 25-iyunda shahardan oqib oʻtuvchi Vanadzor daryosi nomidan kelib chiqib, shahar ham Vanadzor deya nomlangan. Vanadzor soʻzi armanchada „monastirlar vodiysi“ degan maʼnoni anglatadi[10].
Tarixi
tahrirHozirgi Vanadzor hududida Jez davridan beri odamlar yashab keladi[11]. VII—IX asrlarda hududni Arshakiylar va Bagratuniylar sulolalari boshqargan[12]. X asrdan XII asrgacha esa bu hudud Lori qirolligi tarkibiga kirgan. Saljuqiylarning Lori qirolligiga qilgan hujumi sabab shahar Saljuqiylar imperiyasiga qoʻshib olingan. 1801-yilda Lori viloyatining barcha hududlari Rossiya imperiyasi tarkibiga qoʻshildi. Lori viloyati Rossiya mudofaa kuchlarining forslarga qarshi jang qilishi uchun qulay joy edi. 1826-yili Lori viloyati rus-fors urushi paytida Siddiq Hasanxon tomonidan vayron qilingan[13]. 1828-yilda rus-turk urushi paytida ruslar oʻz qoʻshinlarini joylashtirish uchun eng qulay joy sifatida Karakalisani tanlab, oʻz qoʻshinlarini ushbu hududda joylashtirishgan.
Arman olimi Xachatur Abovyanning soʻzlariga koʻra, Karakilisa aholisi 1820-yilning oxirlariga kelib, 600 kishiga yaqin boʻlgan[14]. Aholining asosiy qismi Yerevandan kelgan muhojirlar edi. 1849-yilda Karakalisa Rossiya imperiyasi tarkibidagi Yerevan gubernatorligiga boʻysungan. 1899-yili Karakalisadan Tbilisiga temiryoʻlning ochilishi shaharni sezilarli darajada rivojlantirdi. 1939-yilda arxitektorlar Zagaryan va Minasyanlar tomonidan Kirovakan (bu vaqtga kelib shahar nomi Sergey Kirov sharafiga Kirovakan deb oʻzgartirilgan) shahrini qayta qurish rejasi ishlab chiqildi. 1950-yilda ushbu shahar deyarli qayta qurildi. Shu paytda, Sergey Kirov nomidagi markaziy maydon hamda koʻplab maʼmuriy binolar qurib bitkazildi. 1988-yilda Kirovakan, Gyumri va Spitak shaharlarida kuchli zilzila sodir boʻlgan. Zilzila paytida Kirovakanda yashovchi 564 kishi halok boʻlgan, biroq shahardagi aksariyat binolarga zilzila taʼsir qilmagan[15].
Geografiyasi va iqlimi
tahrirLori viloyatining markazi boʻlgan Vanadzor shahri Yerevandan 128 km shimolda, Pampak daryosining yoqasida joylashgan[16]. Shahar dengiz sathidan 1350 metr balandlikda joylashgan boʻlib, balandligi 2500 metrdan ortiq boʻlgan Bazum va Pampak togʻlari bilan oʻralgan. Shaharning janubi-sharqiy hududi oʻrmonlar bilan qoplangan[17].
Vanadzorning qish oylaridagi oʻrtacha harorati −4.2 °C (24.4 °F), yozda esa 20 °C (68 °F)ni tashkil etadi[18]. Shaharning iqlimi kontinental iqlimiga xos boʻlib, yillik yogʻin miqdori 650 mm ni tashkil qiladi.
Vanadzor iqlimi | |||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Koʻrsatkich | Yan | Fev | Mart | Apr | May | Iyun | Iyul | Avg | Sen | Okt | Noy | Dek | |
Oʻrtacha harorat, °C | 1,5 | 2,8 | 7,0 | 13,5 | 18,4 | 21,0 | 23,3 | 23,8 | 20,5 | 16,5 | 9,4 | 4,3 | |
Oʻrtacha minimal, °C | −8,3 | −7,1 | −3 | 4,3 | 9,2 | 12,5 | 15,2 | 15,4 | 11,3 | 6,8 | −0,3 | −5,9 | |
Mutlaq minimal, °C | −18 | −17 | −13 | −5 | 0,0 | 4,0 | 7,0 | 7,0 | 2,0 | 3,0 | −10 | −16 | |
Yomgʻir, mm | 18 | 25 | 36 | 63 | 96 | 95 | 58 | 43 | 32 | 47 | 33 | 19 | |
Manba: WMO[19] |
Demografiyasi
tahrirPopulyatsiya
tahrir1930-yillarda Armanistonga kirib-chiqish bilan bogʻliq cheklovlar olib tashlanganidan soʻng, Karaklisning aholisi sezilarli darajada oshib bordi. Shaharga Yaqin Sharq va Yevropadagi arman genotsididan omon qolgan armanlar koʻchib kela boshlagan. Koʻchib kelgan armanlarning katta qismi gʻarbiy arman tilida soʻzlashgan. Hozirgi kunda Vanadzorda 2000 ga yaqin gʻarbiy arman koʻchmanchilari yashashadi. Ular hali ham gʻarbiy arman lahjasida soʻzlashishadi[20]. 1831-yildan hozirgacha Vanadzor aholisi sonining oʻzgarishi quyidagi jadvalda koʻrsatilgan:
Yil | Aholi soni |
---|---|
1831 | 494 |
1873 | 2,017 |
1897 | 3,917 |
1915[7] | 6,671 |
1926 | 8,640 |
1939 | 17,607 |
1959 | 49,423 |
1979 | 148,876 |
2001 | 107,394 |
2011 | 86,199 |
Dini
tahrirVanadzor aholisining asosiy qismi xristianlik diniga eʼtiqod qiladi. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra shaharda 6 ta cherkov mavjud[21][22][23].
- Avliyo Astvatsatsin cherkovi 1831-yilda qurilgan boʻlib, xalq orasida „qora cherkov“ nomi bilan mashhur. Cherkov 1999-yilda toʻliq taʼmirlangan[24].
- Kamakatar cherkovi oʻrta asrlarga oid cherkov boʻlib, shaharning shimoli-sharqida joylashgan. Cherkov 1841-yilda rekonstruksiya qilingan.
- Bibi Maryam cherkovi 1895-yilda qurilgan. Cherkov rus pravoslav mazhabiga eʼtiqod qiluvchilar uchun xizmat qiladi[25].
- Avliyo Sargis cherkovi 2000-yil ochilgan boʻlib, Vanadzor universitetining yonida joylashgan[26].
- Avliyo Grigoriy sobori 2005-yilda ochilgan boʻlib, hozirda bu sobor Arman apostol cherkovining Gugark yeparxiyasi qarorgohi hisoblanadi[27].
Protestant eʼtiqodida boʻlgan gʻarbiy armanlar 1946-yilda Arman yevangelist cherkovini tashkil etishdi. Oʻsha paytda diniy faoliyat bilan shugʻullanish taqiqlangan boʻlsada, gʻarbiy armanlar oʻz eʼtiqodlarida sodiq qolishgan[28].
Madaniyati
tahrirVanadzorda bir qancha arxeologik yodgorliklar bor. 1938-yil ochilgan Lori-Pampak arxeologik muzeyi Vanadzor shahridan topilgan eksponatlar bilan boyitilgan. Hozirgi kunda ushbu muzeyda 34 000 ga yaqin eksponat mavjud[29].
Vanadzor – Lori viloyati hamda Armaniston shimoli-sharqining madaniy markazi hisoblanadi. Shahardagi Charles Aznavour nomidagi Vanadzor madaniyat markazi Armanistondagi eng yirik madaniy markazlardan biridir. Bundan tashqari shaharda Eduard Kzartmyan nomidagi musiqa maktabi, Vanadzor tasviriy sanʼat muzeyi hamda Stepan Zoryanning uy-muzeyi oʻz faoliyatini olib bormoqda. Shaharda Vanadzor musiqali drama teatri hamda qoʻgʻirchoq teatrlari ham mavjud. 2016-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Vanadzorda 8 ta kutubxona mavjud boʻlib, shulardan 4 tasi bolalar kutubxonasidir[30][31].
Transporti
tahrirVanadzorni M-3 avtomagistrali Yerevan shahri bilan, M-6 avtomagistrali Gruziya chegarasi bilan hamda M-8 avtomagistrali Tavush viloyati bilan bogʻlaydi[32].
Shaharning markazida Janubiy Kavkaz temiryoʻl stansiyasi mavjud boʻlib, u Vanadzorni Gyumri shahri orqali Yerevan bilan bogʻlaydi[33]. Vanadzordan 44 km shimolda joylashgan Stepenavan aeroporti shaharga eng yaqin boʻlgan aeroportdir[34].
Iqtisodiyoti
tahrirVanadzor shahri Lori viloyatining sanoat markazlaridan biri hisoblanib, shaharda kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari hamda sut mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalar mavjud. Shaharda bir qancha tikuvchilik fabrikalari ham mavjud, ular jumlasiga 1962-yilda tashkil qilingan „Dav-Gar“ tikuvchilik fabrikasi, 1977-yilda tashkil qilingan „Darbbag“ tikuvchilik fabrikalarini misol qilib keltirish mumkin. Shahar iqtisodiyotida kimyo mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalarning ham ulushi baland boʻlib, ular sirasiga, 1929-yil tashkil etilgan „Vanadzor ChimProm“ kimyo mahsulotlari zavodi hamda 1969-yilda qurilgan „Gipk“ kimyo zavodlarini kiritish mumkin. Vanadzorda ishlab chiqariladigan qurilish materiallari asosan, tuflar, bazalt va gillarni tashkil qiladi. Shaharda 1961-yil tashkil etilgan Vanadzor IES oʻz faoliyatini olib bormoqda[35].
Taʼlim tizimi
tahrirVanadzorda koʻplab taʼlim muassasalari mavjud. Shaharda 4 ta oliy taʼlim muassasasi mavjud boʻlib, hozirda ular oʻz faoliyatini olib bormoqda[36].
- Hovhannes Tumanyan nomidagi Vanadzor davlat universiteti 1969-yilda ochilgan boʻlib, universitetda 5 ta fakultet bor[37]:
- Filologiya fakulteti
- Tarix va geografiya fakulteti
- Pedagogika fakulteti
- Kimyo va biologiya fakulteti
- Fizika va matematika fakulteti
- Petros Melkonyan nomidagi Armaniston davlat politexnika universitetining Vanadzor filiali 1959-yil tashkil etilgan boʻlib, universitetda 2 ta fakultet bor[38]:
- Texnologiyalar iqtisodiyoti fakulteti
- Kommunikatsiya tizimlari fakulteti
- Armaniston milliy agrar universitetining Vanadzor filiali 2004-yilda ochilgan[39].
- Mkhitar Gosh nomidagi Armaniston-Rossiya xalqaro universiteti 1995-yilda ochilgan[40][41].
2009-yilgi maʼlumotlarga koʻra, Vanadzorda 6 ta texnikum, 30 ta oʻrta taʼlim maktabi hamda 20 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlari oʻz faoliyatini olib bormoqda[42].
Sporti
tahrirVanadzor shahrida futbol oʻyini mashhur boʻlib, shaharda 1936-yili „Lori-Vanadzor“ futbol klubi tashkil etilgan. Armaniston mustaqilikka erishganidan soʻng, 2006-yilda moliyaviy inqiroz sabab jamoa tarqab ketgan[43].
Vanadzordagi eng katta stadion Lori stadioni boʻlib, uning sigʻimi 5000 kishiga moʻljallangan. Shaharda 2016-yil 29-oktyabrda Vanadzor markaziy futbol akademiyasi ochilgan. 2017-yil vanadzorlik tadbirkor Tovmas Grigoryan tomonidan „Lori“ nomli futbol klubi tashkil qilingan[44][45].
Manbalar
tahrir- ↑ „Permanent Population Figures of the Republic of Armenia as of 1 January 2023“. Statistical Committee of the Republic of Armenia (2023-yil 1-yanvar). 2023-yil 14-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 13-iyun.
- ↑ „About Vanadzor city“. Britannica ensiklopediyasi. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Քույր քաղաքներ“ (hy). vanadzor.am. Vanadzor. Qaraldi: 2020-yil 2-iyul.
- ↑ „Расчёт расстояний между городами“. Транспортная компания «КСВ 911». 2011-yil 12-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 13-avgust.
- ↑ „Vanadzor botanical garden site“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Ванадзорский Ботанический Сад“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ 7,0 7,1 Кавказский календарь на 1916 год, 71st (Russian), Tipografiya kantselyarii Ye.I.V. na Kavkaze, kazenny dom, 1916 — 67-bet.
- ↑ „Что такое КАРАКЛИС?“. Slovopedia.org. Qaraldi: 4-noyabr 2023-yil.
- ↑ Hakobyan, T. Kh.; Melik-Bakhshyan, St. T.; Barseghyan, H. Kh. „Kirovakan“, . Hayastani ev harakitsʻ shrjanneri teghanunneri baṛaran (hy). Yerevan State University, 1991 — 149–152-bet.
- ↑ John Everett-Heath, The Concise Oxford Dictionary of World Place Names, 2019, ISBN 9780191882913, s.v.
- ↑ „VANADZOR Lublin“. Lublin/City of inspiration. Qaraldi: 4-noyabr 2023-yil.
- ↑ „Vanadzor“. Armenia Discovery. Qaraldi: 4-noyabr 2023-yil.
- ↑ „James Bosbotinis Revival of Shush“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Gharakilisa“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Vanadzor city“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „ARM-Vanadzor grung“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Location of Vanadzor“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Avarege temperature of Vanadzor“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „World Weather Information Service“. WMO. Qaraldi: 2023-yil 3-iyul.
- ↑ „Vanadzor's people“. 2023-yil 1-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „The Armenian Apostolic Church“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Religion in Armenia“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „2019 Report on International Religious Freedom: Armenia“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „The armenian church:Mother see of holy“. 2023-yil 1-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Kamkatar chapel“. 2017-yil 3-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 30-oktyabr.
- ↑ www.gov.am:Religious organizations in Armenia (in Armenian)
- ↑ „St. Gregory of Narek“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „THE EVANGELICAL CHURCH OF ARMENIA IN EASTERN ARMENIA: HISTORY AT A GLANCE“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Lori pambak local lore museum“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Vanadzor Museum of Fine arts“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Թանգարաներ“.
- ↑ „Armenia: Preparing the North-South Road Corridor Development Project“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Vanadzor railway line“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Stepanavan Airport. Skybray“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Vanadzor industrial centre“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Vanadzor edu system“. 2023-yil 1-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Լրահոս Ամփոփվեց «Մրցունակ գիտելիքի ծրագիր» դասընթացի երկրորդ փուլը Ռիգայի RISEBA համալսարանում կայացան «MEDIA» նախագծի ուսուցողական հանդիպումները Վանաձորի պետական համալսարանի «Բազում» հանգրվանը դարձյալ հյուրընկալել է Արցախից տեղահանված մեր հայրենակիցներին 2023/2024 ՈՒՍՈՒՄՆԱԿԱՆ ՏԱՐՎԱ ՄԱԳԻՍՏՐԱՏՈՒՐԱՅԻ ՀԵՌԱԿԱ ՈՒՍՈՒՑՄԱՆ ԸՆԴՈՒՆԵԼՈՒԹՅՈՒ“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „NATIONAL POLYTECHNIC UNIVERSITY OF ARMENIA“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Vanadzor branch of the Armenian National Agrarian University“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Universitey after Mhitar Gosh“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „MBBS in Armenia“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „Vanadzor open education“. Qaraldi: 9-oktabr 2023-yil.
- ↑ „News“. www.ffa.am.
- ↑ „ՀՖՖ նախագահն այցելեց Վանաձորի ֆուտբոլի ակադեմիա (լուսանկարներ)“. www.ffa.am.
- ↑ „Vanadzor Football Academy is open“. 2018-yil 18-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-oktyabr.