Vobkent tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Maydoni 0,39 ming km2. Aholisi 123,600 kishi (2013). Vobkent tumanida bir shahar (Vobkent), 3 shahrchalari (Navbahor, Shirin, Kosari) va 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Imomqozixon, Kumushkent, Permast, Rohkent, Xayrabotcha, Xalach, Hargoʻsh, Ehson, Yangikent, Qipchoq, Qoʻngʻirot) bor. Markazi — Vobkent shahri.

Vobkent tumani
tuman
Tarkibida Buxoro viloyati
Maʼmuriy markazi Vobkent
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Javodov Askar Nazarovich [1]
Aholi (2013) 123,600
Zichligi 416,2 kishi./km²
Millatlar tarkibi oʻzbeklar — 98%
tojiklar — 1,0%
va boshqalar 1 % [2]
Maydoni 0,39 ming km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998 6535[3]
Avtomobil raqami kodi yangisi (80-84), eskisi (20) [4]
Rasmiy sayti http://vobkent.buxoro.uz/
Xaritada
Vobkent tumani xaritada
40°1′12″N 64°31′12″E / 40.02000°N 64.52000°E / 40.02000; 64.52000

Etimologiyasi

tahrir

Vobkent toponimi toʻgʻrisida turli xil qarashlar mavjud. Baʼzi tadqiqiotchilar uni oʻgʻuzlar shevasidagi vob yoki vaxob soʻzidan olingan boʻlib, „boʻz yer qoʻriq yerdagi qishloq“ maʼnosi bilan bogʻliq deb hisoblasa[5], yana boshqa tadqiqiotchilar obkent yaʼni „suvli qishloq, suv boʻyidagi qishloq“ maʼnolariga egaligini taʼkidlaydi[6].

Tarixi

tahrir

Tuman tarixi hozirda tumanning maʼmuriy markazi boʻlmish Vobkent shaharchasi bilan bogʻliq. Vobkent qoʻrgʻoni taxminan XII asrlardan boshlab oʻzining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatiga ega boʻla boshlagan. Aynan shu davrlardan boshlab Varaxsha, Poykend shaharlaridan oqib oʻtuvchi Zarafshon daryosi oʻz oʻzanini oʻzgartirib boshqa tomonga oqqan, bu yerlarda yashovchi aholi esa Soʻgʻd va Koʻhak daryosining yangi oʻzani tomonga koʻchib oʻtgan[7].

Keyingi davrlarda Vobkent XIV asrlarda qasaba yaʼni shaharcha sifatida qozisi boʻlganligi sababli tilga olinadi[8]. Tuman hududidan oqib oʻtgan Vobkentdaryodan chiqarilgan Komil Akka yirik magistral kanali Vobkent shaharchasidan quyida joylashgan aholi yerlari va dehqonchilik maydonlarini sugʻorishga sarflangan. Yana Sharoxun va Shirin arigʻlari ham muhim hisoblangan. Qadimgi qishloq Kosara atrofida Suxuxdiza va Jihondak tepalari boʻlgan. Rospodana, Bashvon, Buzunduvon, Kafshuvon, Dulobak, Gʻabzdavon, Anbarduvon kabi qishloqlar ham qadimiy tarixga ega. Tuman hududida tarixda Talli Kuri, Talli Zukon, Talli Asbak, Talli Kuron, Talli Vinon, Talli Xavsan kabi bir qator tepalar boʻlgan, ammo ular bizgacha yetib kelmagan[6].

XVI asrdan boshlab ikki xil nom yaʼni — Vobkana va Komot soʻzlari qoʻllana boshlangan. Oʻsha paytlarda tuman iqtisodiy jihatdan boshqa tumanlarga nisbatan oldinda boʻlgan. Buni esa shu yerdan topilgan tangalar tasdiqlaydi[9].

Oʻrta asrlarda Komot nomi bilan atalgan tuman Somjin, Komi Abu Muslim (Gʻijduvon), Sultonobod, Shimolirud tarixiy tumanlari bilan chegaradosh boʻlgan.

Geografiyasi

tahrir

Vobkent tumani janubida Buxoro tumani, gʻarbda Peshku tumani, Romitan tumanlari, shimolida Shofirkon tumani, shimoli-sharqda Gʻijduvon tumani va sharqda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan chegaradosh.

Tabiati

tahrir

Vobkent tumani hududi choʻl bilan voha orasidagi tekislikda joylashgan. Iqlim kontinental. Iyulning oʻrtacha harorati 28—30 °C, yanvarniki — 0 °C dan — 2 °C gacha. Yiliga 140-200 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 150—180 kun. Tuman hududidan Zarafshon daryosi oqib oʻtadi va Amu-Buxoro mashina kanali bor. Tuprogʻi asosan boʻz tuproq. Yantoq, shirinmiya, achchiqmiya, shoʻra, ajriq, qamish, yaltirbosh, qirqboʻgʻin, kovrak, otquloq va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, quyon, yumronqoziq, echkemar, toshbaqa va boshqalar yashaydi.

Aholisi

tahrir

Aholisi 123,0 ming kishi, 98,0 foizi oʻzbeklar, 1,0 foizi tojik va yana 1,0 foizi boshqa millat vakillari dan iborat. Aholi zichligi 1 kv2ga 416,2 kishi toʻgʻri keladi.

Ijtimoiy soha

tahrir

2000/2001 oʻquv yilida 46 umumiy taʼlim maktabi, 1 musiqa maktabi, 2 iqtidorli bolalar litseyi, 1 biznes maktabi, 1 kasb-hunar kolleji, 50 dan ziyod ommaviy va bolalar kutubxonasi, 18 klub, 480 oʻrinli kasalxona, 16 vrachlik ambulatoriyasi, 29 qishloq vrachlik punkti boʻlib, ularda 213 vrach, 1218 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi. 1933-yildan „Vobkent hayoti“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 1210).

Tarixiy obidalari

tahrir

Vobkent shahrida Vobkent minorasi, Vobkent tumanining Xayrobod shirkat xoʻjaligi hududida „Chashmai Ayyub“ maqbarasi (1208—12), Abdulazizxon madrasasi (15—16-asrlar), Vobkent hammomi (16— 17-asrlar), Soʻfidehqon xonaqosi (17— 18-asrlar), Permast qishlogʻida Toshmachit va boshqa tarixiy obidalar mavjud.

Xoʻjaligi

tahrir

Tuman xoʻjaligining asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — paxtachilik. Paxta, gʻalla, poliz ekinlari, sabzavot, beda, makkajoʻxori ekiladi. Vobkent tumanida 15 shirkat xoʻjaligi, ijara xoʻjaligi, parrandachilik fabrikasi, xoʻjaliklararo boʻrdoqichilik korxonasi, 5 sanoat ishlab chiqarish korxonasi, 10 qurilish korxonasi, 3 avtokorxona, 300 dan ziyod tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi korxonalar, shuningdek 290 dehqon va fermer xoʻjaliklari, yakka tartibda tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi fuqarolar faoliyat koʻrsatmoqda. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 40,2 ming qoramol, 48,7 ming qoʻy va echki bor. Vobkent tumanida mexanizatsiyalashgan koʻchma qurilish kolonnasi, qurilish boshqarmalari, maishiy xizmat koʻrsatish kombinati, avtobazalar bor. Tuman hududidan Toshkent — Buxoro — Urganch — Nukus avtomobil magistral yoʻli oʻtgan[10].

Adabiyotlar

tahrir
  • Halim Toʻrayev. Buxoro toponimikasi. Buxoro. 2021, 276 bet

Manbalar

tahrir
  1. Buxoro viloyati Vobkent tuman hokimligi
  2. „VILOYAT HAQIDA - SHAHAR VA TUMANLAR“. 2019-yil 23-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 9-aprel.
  3. Телефонные коды городов Узбекистана
  4. Индекс автомобильных номеров Узбекистана
  5. Дўсимов, З.; Эгамов, Х.. Жой номларининг қисқача изоҳли луғати. Toshkent: Ўқитувчи, 1977 — 40-bet. 
  6. 6,0 6,1 Halim To'rayev & Buxoro toponimikasi 2021, s. 201.
  7. Halim To'rayev & Buxoro toponimikasi 2021, s. 200.
  8. Чехович, О.Д.. Бухарские документы XIV в.. Ташкент: Фан, 1965 — 147- 165-bet. 
  9. Давидович, Е. А. История денежного обращения средневековой СреднейАзии. М.:: Наука, 1983 — 238-bet. 
  10. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil