Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev
Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev (ayrim manbalarda Xoʻjayev Ubaydulla) (1878, Toshkent – 1942, Kotlasy) – jamoat arbobi, jadidchilik harakatining yirik vakili, oʻzbek matbuotining ilk tashkilotchilaridan biri. Turkiston muxtoriyatining hukumat boshliqlaridan biri (1917–1918).
Ubaydulla Xoʻjayev | |
---|---|
Ubaydullaxoʻja Asadullaxoʻjayev | |
Harbiy ishlar vaziri | |
Mansab davri 1917-yil noyabr – 1918-yil fevral | |
Muvaqqat | Turkiston muxtoriyati |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1878 yoki 1886 Toshkent |
Vafoti |
1942-yil Kotlasy, Arxangelsk viloyati, Rossiya |
Fuqaroligi | Chor Rossiyasi–OʻzSSR |
Millati | oʻzbek |
Siyosiy partiyasi | „Shoʻroi Islomiya“ |
Qarindoshlari | Shukrullo Yusupov (jiyani) |
Kasbi | Jurnalist, muharrir, davlat va jamoat arbobi |
Tarjimai holi
tahrirToshkent shahrida hunarmand oilasida tugʻilgan. Millati oʻzbek. Toshkentdagi rus-tuzem maktabini bitirgach, mahkamalardan birida tilmoch boʻlib ishladi (1897). Rossiyaning Saratov shahridagi huquqshunoslik institutida oʻqidi (1908–1912). Talabalik yillaridayoq davr muammolarini yechishni oʻyladi, rus yozuvchisi L. N. Tolstoy bilan yozishmalar qildi (1909)[1].
Faoliyati
tahrirOʻqishni tugatgach, dastlab Saratov, 1913-yilda Toshkent okrug sudida xususiy advokat boʻlib ishladi. Chor hukumati maʼmurlarining poraxoʻrligi va zolimligini fosh etib, ayrimlarini davlat ishidan chetlatishga erishdi. Jadidchilik harakatiga qoʻshilib, tez orada uning yirik vakillaridan biriga aylandi. „Umid“ deb ataluvchi ilgʻor musulmon guruhiga yetakchilik qildi (1913). „Turon“ jamiyatining asoschilaridan biri (1913). U mustaqil firqa tashkil qilish niyatida Toshkentda „Sadoyi Turkiston“ gazetasiini tashkil etib (1914.4.4), unga muharrirlik qildi. Gazeta ishiga oʻsha davr maʼrifat dargʻalari – Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Muzaffarov singarilarni jalb etdi. Asadullaxoʻjayev gazetada turli mavzularda dolzarb maqolalar bilan chiqib, chorizmning mustamlakachilik siyosatini fosh qildi. Turkistonga tarqalib, umummilliy matbuot nashriga aylanayotgan „Sadoyi Turkiston“ 1915-yil aprelda yopib qoʻyilgan boʻlsada, u oʻlka ziyolilarining „Taraqqiyparvarlar“ firqasiga zamin tayyorladi. Asadullaxoʻjayev Toshkentda tuzilib, mardikorlikka olish ishi bilan shugʻullangan „Turkiston mardikorlikka olish qoʻmitasi“ning raisi (1916). Qoʻmita chor amaldorlarining oʻzboshimchaliklarini ochib tashladi. Mardikorlikka joʻnatish haqida 1916-yil 25-iyundagi oq podsho farmonini bekor qildirish uchun Asadullaxoʻjayev mahalliy millatparvar boy Mirkomil Mirmoʻminboyev bilan birga Peterburgga bordi. Davlat dumasining 1916-yil dekabrdagi majlisida farmon Rossiya imperiyasining qonunchiligida koʻrsatilgan hollarga zid ravishda qabul qilingani isbotlab berildi. U 1917-yil Turkistondagi siyosiy jarayonlarda faol qatnashdi. „Shoʻroi islomiya“ jamiyati raisi. Butun Turkiston musulmonlari I syezdida tashkil qilingan Turkiston oʻlka musulmonlari markaziy kengashi kotibi va aʼzolaridan biri (1917-yil aprel). Butun Rossiya musulmonlar kengashi MK aʼzosi (1917). Muxtoriyatchilik harakati tashabbuskorlaridan. Turkiston muxtoriyati hukumatining harbiy ishlar vaziri (1917-yil noyabr – 1918-yil fevral). Hukumat topshirigʻi bilan Kavkazga bordi va Turkistonga gʻalla keltirish masalasini hal qildi. Turkiston muxtoriyati hukumati tugatilgach, u Ashxobod-Samarqand yoʻlida boʻlsheviklar qoʻliga tushib qolgan[2]. Biroq, tez orada Orenburgga boradi va 1918-yil noyabrda Boshqirdiston muxtoriyati hukumatini tuzishda ishtirok etadi. Istiqlolchilik harakatiga xayrixohlik bilan qaragani, mustamlakachilikka qarshi kurashgani uchun „millatchilik“da ayblanib qatagʻonga uchragan.
Oilasi
tahrirUning jiyani Shukrullo Yusupov – oʻzbek yozuvchi va shoiri.
Vafoti
tahrir1929-yilda „oʻz xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun“ 1 yil majburiy ishlarga jalb etilgan. 1931-yilda aksilinqilobiy faoliyat uchun shimolga 10 yilga surgun qilingan. 1936– yoki 1937-yilda shartli ravishda ozod etilgan. Ozodlikdan soʻng Toshkentda yashayotgan Asadullaxoʻjayev qaytadan 1938-yil 20-fevralda sotqinlik va islomiy tashkilotlarga mansublikda ayblanib, Toshkentda qamoqqa olinadi. SSSR NKVD maxsus kengashining qarori bilan 1939-yil 14-mayda 8 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi. 1942-yilda Ubaydullaxoja Asadullaxoʻjayev Kotlasyda vafot etgan[3]. Oʻlimidan soʻng sovet hokimiyati tomonidan oqlangan.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukrullo „Tirik ruhlar“ (1999) romanida Ubaydulla Xoʻjayev faoliyatini yoritgan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Mustafo Choʻqay oʻgʻli. Istiqlol jallodlari, T., 1992;
- Turkiston mustaqilligi va birligi uchun kurash sahifalaridan, T., 1996;
- Oʻzbekiston tarixi: yangi nigoh. Jadidlar harakatidan milliy mustaqillikka qadar, T., 1998;
- Pidayev T., Matbuot-millat chirogʻi, T., 1999.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |