Yangiyoʻl tumani
Yangiyoʻl tumani — Toshkent viloyatidagi tuman. Viloyatning janubiy gʻarbida. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan.
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Toshkent viloyati |
Maʼmuriy markazi | Gulbahor |
Rasmiy tillar | Oʻzbek, Qozoq |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
41°7′5.5″N 69°3′34.9″E / 41.118194°N 69.059694°E |
Gʻarb va shimoliy gʻarbda Qozogʻistonning Janubiy Qozogʻiston viloyati (hozirgi Turkiston viloyati), shimoliy va shimoliy sharqda Toshkent viloyatining Zangiota tumani, janubiy sharqda viloyatning Quyi Chirchiq tumani, janubiy gʻarbda Chinoz tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,42 ming km². Aholisi 157,7 ming kishi (2004). Tumanda 2 shaharcha (Gulbahor va Boʻzsuv), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Abdulla Ortiqov, Navbahor, Niyozboshi, Ubay Musayev, Xalqobod, Shoʻralisoy, Eski Qovunchi, Qoʻshyogʻoch) bor. Tuman markazi — Gulbahor shaharchasi[1].
Tabiati
tahrirTuman hududi, asosan, tekislikdan iborat boʻlib, adirlar uchraydi. Yer yuzasida Chirchiqning 5 ta terrasasi (koʻhna qayir) ajralib turadi. Tuproklari boʻz, oʻtloqi tuproqlar. Iqlimi kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 12,5° — 13°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 26°, yanvarning —1°, —2". Vegetatsiya davri 210 kun. Yiliga 280 — 282 mm yogʻin tushadi.
Tuman hududidan Chirchiq daryosi, Kurkuldak, Joʻn, Boʻzsuv, Shimoliy Toshkent kanallari va ariqlar oqib oʻtadi. Yovvoyi oʻsimliklardan qamish, gʻumay, yantoq, shoʻra, pechak, ajriq, kakra va boshqalar oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, tulki, quyon, jayra, boʻrsiq, parrandalardan yovvoyi oʻrdak va boshqalar uchraydi.
Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, rus, qozoq, tatar va boshqa millat vakillaridan iborat. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 375,5 kishi.
Qishloq aholisi 140,8 ming kishi, shahar aholisi 16,9 ming kishi (2004).
Xoʻjaligi
tahrirTumanda Yangiyoʻl yogʻmoy kombinati, „Yangiyoʻl biokimyo“ aksiyadorlik jamiyati, konserva, eksperimental taʼmirlashmexanika, gʻisht, asfaltbeton, „Marelli“ xususiy vino zavodi, Yangiyoʻl vino zavodi, Quyi Boʻzsuv GES, MTP, „Osiyoekspress“ i. ch. korxonasi, baliq urchitish xoʻjaligi, broyler parrandachilik, inkubatoriyaparrandachilik fabrikalari bor. Yangiyoʻl tumanida paxtachilik, chorvachilik, bogʻdorchilik, gʻallachilik, sabzavotchilik, pillachilik bilan shugʻullaniladi. Sugʻoriladigan maydonlarga paxta, gʻalla, sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. Bogʻ va tokzorlar bor. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, parranda boqiladi. Shirkat, fermer xoʻjaliklari, agrar birlashmasi, choʻchqachilik xoʻjaligi va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalari mavjud.
Umumiy taʼlim, bolalar musiqa, sport maktablari, kasb-hunar maktabi, kasb-hunar kollejlari faoliyat koʻrsatadi. Tuman markaziy kutubxonasi va uning tarmoqlari, madaniyat saroyi, klub muassasalari bor. Stadion, sport zallari, otish tirlari, 3 ta tennis korti, futbol, mini futbol maydonlari va boshqa sport inshootlari mavjud.
Tuman markaziy kasalxonasi, tez tibbiy yordam markazi, poliklinika, tugʻruqxona, qishloq vrachlik punktlari, feldsher-akusherlik punktlari va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Nov qishlogʻida dam olish uyi joylashgan, shuningdek, kardiologiya kasalliklari sanatoriysi bor.
Tuman hududidan Katta Oʻzbekiston trakti, Toshkent temir yoʻli oʻtadi. Yangiyoʻl tumanida Qoʻshtepa, Qoratepa, Yoʻgʻontepa, Niyozboshtepa, Shamatepa, 1,2,3 Boʻzsuv tepalari arxeologik obyektlar hisoblanadi. 1930-yildan „Yangiyoʻl“ tuman gazetasi nashr etiladi (adadi 2738).
Taniqli shaxslar
tahrir- Azizullo Izzatullayev (1925 — 1991) — Oʻzbekistonning davlat va jamoat arbobi, Yangiyoʻl tumani ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari (1962-1983-yillar), „Vatan urushi“ va „Hurmat belgisi“ ordenlari sohibi.
- Darvishbek Rahmonov (8.04.1952) — "Qaldirgʻoch" namunali sirk truppasi asoschisi, tashkilotchisi, badiiy rahbari va Oʻzbekistonning taniqli sirk sanʼati arbobi.
- Ulugʻbek Soliboyev (4.08.1969) — Oʻzbekistonning jamoat arbobi, „O’zbekiston temir yo’llari“ Aksiyadorlik jamiyati elektr xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi, bosh revizori.
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |