Zamonbobo
Mamlakat: O'zbekiston
Hudud: Qorakoʻl, Buxoro
Davr: Bronza
Maqomi: Turar-joy
Tadqiqotchi: Ahmadali Asqarov
Topilmalar: Sopol buyum, ov qurollari, jez buyumlar, taqinchoqlar

Zamonbobo — soʻnggi jez davriga oid oʻtroq dehqonlar manzilgohi va qabristoni (mil. av. 2ming yillik oʻrtasi). Buxoro vohasining gʻarbidagi Zamonbobo koʻli yoqasidan topilgan. Zamonbobo turar joylari usti chayla qilib berkitilgan yertoʻlalardan iborat boʻlgan. 45 ta qabr ochilgan. Tagi yassi va dumaloq, bezaksiz sopol idishlar, jez buyumlar, paykonlar, tosh munchoqlar, tosh oʻroq parchalari va b. topilgan.[1]

Zamonbobo hududidagi qabristonlar ochib oʻrganilganda 8 qabrda juft, 28 qabrda esa toq holatdagi skelet qoldiqlari topilgan. Boshqa ikki qabrda esa katta odam skeleti bilan, yosh bola suyak qoldiqlari aniqlandi. Mozorlar oddiy chuqurlardan iborat, jasadlar qabrga bukchaytirilgan holda yonboshlatib qoʻyilgan. Erkaklar qabrlaridan koʻproq chaqmoqtoshdan yasalgan oʻq uchlari, nayza va paykonlar, pichoqsimon plastinkalar topilgan. Ayollar qabrlaridan qimmatbaho toshlardan yasalgan zeb-ziynat buyumlari munchoq, marjon, misdan yasalgan koʻzgular va ayol kishining haykalchasi topilgan.

Zamonbobo arxeologik yodgorligidan yarim yertoʻla shaklida chayla qoldiqlari topilgan. Turar-joy uzunligi 23,5 metr, chuqurligi 1 m, eni 9 m, umumiy maydoni 170 m² ni tashkil etgan[2]. Chayla hududida oʻchoq oʻrinlari, mehnat qurollari, hayvon suyaklari, uy-roʻzgʻor asbob-anjomlarining siniqlari topilgan. Zamonbobo makonida uy hayvonlari suyaklari ham uchrab, ushbu suyaklar asosan qoramol, qoʻy va echkiga tegishli. Odamlar Zamonbobo koʻli atrofida chorvachilik bilan shugʻullanganlar. Baʼzan ov qilib turganlar. Qazishma jarayonida yovvoyi hayvonlarning suyaklari ham topilgan.

1961-yilda arxeolog Ahmadali Asqarov Zamonbobo qabristonidan uncha yiroq boʻlmagan yerdan, Zarafshonning eski oʻzani Gurdush-Gujayli qirgʻogʻidan ushbu madaniyatga tegishli turar-joy qoldiqlarini ochdi. Qishloq hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida zamonboboda yashovchilarning xoʻjaligi va ijtimoiy hayotiga oid yangi materiallar topilgan. Qazilgan hududdan yertoʻla tipidagi kulba xarobasi, bir qancha chaylalar, ikki yarusli xumdon qoldigʻi hamda devor qoldiqlari topib oʻrganilgan. Yertoʻla maydoni 200 kv.m ni tashkil etgan[3]. Yertoʻladan qator qilib oʻrnatilgan oʻchoqlar topilgan.

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. J.Kabirov, A.Sagdullayev. O'rta Osiyo arxeologiya. Toshkent O'qituvchi 1990 — 134-bet. 
  3. N.Egamberdiyeva. Arxeologiya. Toshkent 2011 — 73-bet. ISBN 978-9943-10-465-5.