Abdullo Mirzo
Abdullo Mirzo (1433–1451) – Movarounnahr hukmdori (1450–1451). Temuriylar sulolasi aʼzosi.
Abdullo Mirzo | |
---|---|
Mirzo Abdullo portreti, Temuriylar tarixi davlat muzeyi | |
Temuriylar imperiyasi amiri | |
Saltanat | 1450-yil 9-may – 1451-yil 22-iyun |
Oʻtmishdoshi | Mirzo Abdullatif |
Davomchisi | Abu Said |
Tugʻilishi |
Mirzo Abdullo ibn Ibrohim Mirzo ibn Shoxruh Mirzo |
Vafoti |
1451-yil, 22-iyun (17 yosh) |
Turmush oʻrtogʻi | Mirzo Ulugʻbekning qizlaridan biri |
Uy | Temuriylar |
Otasi | Ibrohim Mirzo |
Onasi | Ruqiya Sultonbegim |
Dini | Islom |
Ulugʻbekning ukasi Ibrohim Mirzoning kenja oʻgʻli. Otasi vafotidan soʻng, Fors viloyatiga hokim qilib tayinlangan. Biroq u hali yosh boʻlgani sababli davlat ishlarini onasi Ruqiya begim bilan otabegi Shamsuddin Sheroziy boshqargan.
1447-yil amakivachchasi Sulton Muhammad Mirzo Fors viloyatini bosib olgach, Hirotga qochib kelgan. 1448-yil esa amakisi Ulugʻbekning xizmatiga kirib, uning qiziga uylangan. Abdullatifdan keyin 1450-yil may oyida Samarqandda Movarounnahr taxtiga oʻtirgan.
Ammo bu davrda Buxoroda Abu Said Mirzo hukmdor qilib koʻtatilgan edi. Mirzo Abdullo va Abu Said Mirzo oʻrtasida Samarqand yaqinida boʻlgan jangda Abu Said yengilib, Sabron va Yassiga qochadi. Ayni paytda Xuroson hukmdor Alouddavla ham Movarounnahrga hujum qilishga tayyorgarlik koʻra boshlaydi, ammo Mirzo Abdullo u bilan sulh tuzib, urushning oldini oladi.
Abu Said Mirzo koʻchmanchi Oʻzbeklar hukmdori Abulxayrxondan yordam olishga muvaffaq boʻladi. Yozga kelib Abulxayrxon va Abu Saidning birlashgan qoʻshini Toshkent, Chinoz va Jizzax orqali Samarqandga yurish qiladi. 1451-yil 22-iyunda, Samarqand yaqinidagi Sheroz qishlogʻining Bulungʻur anhori yaqinida boʻlgan jangda Mirzo Abdulloh yengiladi va halok boʻladi. Uning hukmronligi davrida Mirzo Ulugʻbekning jasadi topilib, Goʻri Amir maqbarasiga dafn qilingan[1].
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |