Bemorni parvarish qilish
Bu maqolada bir qancha muammolar mavjud. Iltimos, ularni tuzatib yordam qiling yoki shu muammolarni munozara sahifasida muhokama qiling.
|
Bemorni parvarish qilish – bemor (kasal)larga har tomonlama yordam berish va vrach koʻrsatmalarini bekam-u koʻst amalga oshirishni taʼminlaydigan tadbirlar majmui; daʼvoning muhim tarkibiy qismi.
Turli kasalliklarda bemorni parvarish qilishning oʻziga xos xususiyatlari bor. Shu bilan birga barcha bemorlarga tegishli umumiy parvarish qoidalari mavjud. Bemorning maʼlum bir tartibga amal qilishi, toʻgʻri ovqatlanishi, vrach buyurganlarini toʻla-toʻkis bajo keltirishi, bemor ahvolini uzluksiz kuzatib borish, shuningdek dard tufayli zaiflashib qolgan organizmni boshqa kasalliklardan himoya qilish ham bemorni parvarish qilishga kiradi.
Bemorni parvarish qilish tadbirlari bemorning umumiy ahvoliga qarab belgilanadi. Vrach lozim boʻlgan tartib (rejim)ni tavsiya etadi, yaʼni qimirlamay yotish tartibi (oʻrinda harakat qilinmaydi), yotish tartibi (oʻrinda turmasdan harakat qilish mumkin), yotib turish tartibi (xona ichida harakat qilish mumkin), umumiy tartib (faol harakat qilishga ruxsat beriladi). Bemor oʻziga oʻzi bemalol qaray olsa ham, uning yaqinlari iloji boricha qulay sharoit tugʻdirishlari, kayfiyatini buzmasliklari, vrach koʻrsatmalarini amalga oshirishini kuzatib borishlari lozim.
Xona holati
tahrirBemor uyida davolanadigan boʻlsa, u yotgan xona alohida, ozoda, yorugʻ, iliq (18–20°) boʻlishi, koʻpda uch mahal – ertalab, kunduzi va kechqurun – uxlashdan oldin shamollatib turilishi zarur (hatto qishda ham). Bunda bemorni issiq yopingʻich, boshini qalin sochiq bilan oʻraladi va yuzi ochiq qoldiriladi. Bemor sovqotmaydigan qilib yaxshi oʻrab qoʻyilsa, sof havo hech zarar qilmaydi. Yozda derazani kun boʻyi ochib qoʻygan maʼqul. Xona kuniga 2-marta: ertalab va kechqurun yotishdan oldin yigʻishtirib, tozalanadi. Bunda deraza romlari, eshik, mebellar nam latta bilan artiladi, pol yuviladi yoki latta oʻralgan choʻtka bilan tozalanadi. Gilamlar, qalin deraza pardalar vaqtincha yigʻib qoʻyilgani maʼqul yoki tez-tez (haftada 1-2 marta) changyutgich bilan tozalanadi.
Xonada pastroq tovushda gaplashish kerak, ammo pichirlab gaplashish yaramaydi. Chunki bu bemorga goʻyo uning ahvoli ogʻirligini yashirishga urinayotgandek boʻlib tuyuladi, radio va televizor ovozini pasaytirib qoʻyiladi.
Bemorni koʻchirib oʻtkazish
tahrirBemorni biror joyga oʻtkazish kerak boʻlsa, maxsus kreslo yoki zambildan foydalaniladi. Bu ishni bajaruvchi yolgʻiz boʻlsa, u bir qoʻlini bemorning kuragi ostidan, ikkinchisini sonining tagidan oʻtkazib, koʻtaradi; bunda bemor kutaruvchining boʻyniga osilib oladi. Boshqa joyga oʻtkazishdan oldin joyning tayyorligi koʻzdan kechiriladi. Ahvoli ogʻir bemorlar choyshabi tagidan kleyonka solinadi. Dumgʻaza ostiga rezina doira, ostga tuvak, siydikdon qoʻyiladi, ularga yechinishlarida yordam koʻrsatiladi. Bemorning koʻrpa-toʻshagi uzun va keng boʻlgani maʼqul. Toʻshak ustidan oq choyshab yoziladi. Baʼzi kasalliklarda vrach tavsiyasi bilan toʻshak ostidan uning kattaligicha taxta qoʻyiladi. Bemorni issiq qilib, oʻrab-chirmash yaramaydi. Karavot iyeltgich asboblariga yaqin qoʻyilmaydi, uni ikki tomonidan bemor oldiga bemalol kelish mumkin boʻladigan qilib qoʻyish kerak.
Bemor choyshabini ehtiyotlik bilan almashtirish lozim. Buning uchun bemorni (agar tura olmasa) avaylab oʻrin chetiga surib, choyshabning boʻshagan qismini yumaloqlab oʻrab, bemor yotgan joygacha olib kelinadi, uning oʻrniga toza choyshab yozib, bemorni uning ustiga oʻtkaziladi, oʻralgan kir choyshab esa yigʻishtirib olinadi. Ogʻir yotgan bemorning koʻylagini almashtirganda koʻylak etagini yuqoriga tomon yigʻa borib, avval boshidan, soʻngra qoʻllaridan chiqariladi, koʻylak kiygizishda esa buning aksicha amal qilinadi. Qoʻl-oyoq shikastlanganda kiyim avval sogʻ qoʻl-oyoqdan, keyin kasal qoʻl-oyoqdan yechiladi, kiygizishda esa buning aksi qilinadi.
Gigiyena
tahrirBemorga vrach ruxsat etgan boʻlsa, haftada 1-marta uni choʻmiltirish mumkin. Agar bunga ruxsat berilmasa, kundalik yuvib-tarashdan tashqari, bemor badanini qaynagan suv yoki maxsus eritmalarga hoʻllangan latta bilan artib turiladi. Bemor qattiq terlasa, kiyimi bot-bot almashtirnlib, badani quruq sochiqqa artiladi (badani doim quruq va toza turishi kerak). Yuz, boʻyin va gavdaning yuqori qismini kunda yuvib turish, qoʻlni har safar ovqatlanishdan oldin yuvish kerak. Oʻrnidan turmaydigan bemorlar oyogʻini karavot ustiga togʻora qoʻyib, haftada 2-3 marta yuviladi. Ogʻir yotgan bemorlarning jinsiy aʼzolari va orqa chik>)run teshigi sohasi har gal hojatdan keyin yuvib turiladi. Ich ketganda darhol kleyonka va choyshab (lozim boʻlsa kiyimlarni ham) almashtiriladi va orqa peshov sovunlab yuviladi. Sochni har kuni iliq suv bilan namlab tarab, toza tutiladi. Tirnoqlari vaqt-vaqti bilan olib turiladi. Bemor tishini kuniga 2 mahal yuvib, har gal ovqatlangandan keyin ogʻzini chayib turishi lozim. Ogʻir yotgan bemorlar tishi 0,5% li soda yoki margansovkaning kuchsiz eritmasiga namlangan paxta bilan artiladi. Quloqlar iliq suv va sovun bilan yuvib turiladi, unda chirk yigʻilib qolsa, 3% li vodorod peroksid eritmasidan bir necha tomchi tomizib, soʻngra paxta pilikcha yordamida ehtiyotlik bilan olinadi. Quloqni tozalaganda gugurt choʻpi, soch toʻgʻnogʻichi va boshqalardan foydalanish yaramaydi, aks hodda quloq pardasini teshib yuborish mumkin. Koʻzdan kiprik va qovoqlarning yopishib qolishiga sabab boʻladigan suyuqlik ajraganda (koʻproq bolalarda) ertalab yuvintirish vaqtida koʻzni ehtiyotlik bilan iliq suvda paxta boʻlakchasi bilan yuviladi. Burundan suyuqlik oqqanda yoki qaloq hosil boʻlganda uni vazelin moyi yoki glitserin tomizib yumshatiladi va paxta pilik bilan asta tozalanadi. Yotgan bemorlarga tuvak va siydikdon tutiladi, u oldin tozalab yuviladi va dezinfeksiyalanadi. Bemorning haroratini ertalab va kechqurun oʻlchab, yozib qoʻyish juda muhim, chunki haroratning oʻzgarishiga qarab, kasallikning qanday oʻtayotganini va davolash nafini bilsa boʻladi.
Ovqatlanish
tahrirBemor ovqati oqsil, uglevod, yogʻ, mineral tuzlar, vitaminlarga boy boʻlishi kerak. Bemorni kuniga 4 mahal (maʼlum soatlarda) ovqatlantirish lozim. Ovqatlarning xilma-xil boʻlishi, dasturxonni chiroyli qilib bezash bemorning ishtahasi ochilishiga yordam beradi. Koʻpgina kasalliklarda vrachning oʻzi parhez taomlar buyuradi, oʻz bilganicha parhez qilish yaramaydi. Ayrim kasalliklar (ayniqsa, meʼda-ichak kasalliklari)da oz-ozdan damba-dam ovqatlanish tavsiya etiladi. Ogʻir yotgan bemorlarga ovqat qoshiq bilan oz-ozdan ichiriladi. Ichimlik va suyuq ovqatlar (qaynatma shoʻrva, kisel va boshqalar) joʻmrakli maxsus idishchada ichiriladi.
Bemorning uyqusiga, kayfiyatiga, es-hushi joyida ekaniga qarab turish muhim ahamiyatga ega. Bemorni hayajonlantiradigan, uning kayfiyatini buzadigan gaplarni aytish, ezmalik qilish yaramaydi. Bemor maʼyus boʻlib, chiroyi ochilmasa, tinchlantirish, unga dalda berish maʼqul. Bemor yotgan uyda tinchlik saqlash uning tuzuk dam olishiga va tiniqsib uxlashiga yordam beradi. Terining rangiga, toshmalar bor-yoʻgʻiga, qichishishiga, gavda haroratiga, yuz-koʻzlar ifodasiga eʼtibor berish va oʻzgarish sezilsa, tezda vrach chaqirish lozim. Shuningdek siydik va najas rangining oʻzgarganligi, dori-darmonlar qanday taʼsir etayotganligini kuzatib borish hamda maʼlumotlarni vrachga yetkazib turish lozim. Agar doridan toshmalar toshsa, qichishsa, tilning uchi achishsa, koʻngil aynisa, bu qaysi dori bilan bogʻliqligini aniqlab va uni qabul qilishni toʻxtatib, darhol vrachga xabar qilish kerak. Vrach buyurganda bemorga koʻpincha grelka, gorchichnik, kompress qoʻyiladi, dori ichiriladi va boshqa dorini buyurilgan miqdor (doza)da va maʼlum vaqtlarda beriladi. Dori-darmonlar quruq, ayrimlari qorongʻi va salqin joyda saqlanadi. Yuqumli kasalliklar bilan ogʻriganlar, shuningdek keksa bemorlar alohida parvarishga muxtoj boʻladi. Yuqumli kasallik bemordan atrofdagilarga yuqishi mumkinligini nazarda tutib, tozalikka jiddiy rioya qilish talab etiladi. Ruhiy kasallarni parvarish qilganda baxtsiz hodisalar (oʻziga va atrofdagilarga qasd qilish, qochish va boshqalar)ning oldini olishga ahamiyat beriladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Mamavaliyev N. S, Djaxangirov I. A., Atlas po manipulyatsionnoy texnike i uxodu za bolnimi, T., 1997.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |