Buxoro amirligidagi mansab va unvonlar

Buxoro amirligidagi markaziy boshqaruv quyidagi asosiy idoralar orqali amalga oshirilar edi: amir -davlat boshligʻi; qo'shbegi — bosh vazir; otaliq; moliya idorasi; vaziri harb; qozilik mahkamasi. Buxoro amirligida oliy harbiy-maʼmuriy amaldorlar, mahalliy boshqaruvdagi asosiy mansabdorlar mangʻit urugʻiga mansub boʻlgan kishilar, sayyidlar, xoʻjalar hamda ulamolardan tayinlangan. Shu bilan birga, bu davrda mangʻitlarga va boshqa o'zbek urugʻlariga mansub boʻlmagan kishilarning ham davlat boshqaruvida yuqori amallarni egallash holati ham koʻzga tashlanadi.

Eng oliy unvon

tahrir

Buxoro amiri — bir vaqtning oʻzida diniy va dunyoviy hokimiyat boshligʻi, davlatning oliy bosh qoʻmondoni, amirlik yerlarining oliy egasi hisoblangan. Amir davlatni mansabdor shaxslar orqali boshqargan va ushbu mansabdor shaxslar davlatning boshqaruv apparatini tashkil etgan. Buxoro amirlari oʻz shajaralarini Muhammad paygʻambardan boshlaganliklari sababli ularning unvonlariga „said“ soʻzi qoʻshib aytilgan. Amir yonida doimiy ravishda uning shaxsiy yozishmalarini olib boruvchi ikki nafar kotibi boʻlgan. ularning birinchisi — munshiy, ikkinchisi — mushrif boʻlgan. Amir oʻz navbatida, hududiy tuzilmalardan doimiy xabarnomalar olib turgan. Amirlikdagi barcha bekliklar beklari va qozilari chopar navkarlar orqali amir huzuriga yozma axborotnomalar yuborib turganlar. Ularga amir nomidan tegishli tartibda muboraknomalar joʻnatilgan[1].

Mangʻitlar sulolasining uchinchi vakili boʻlmish Shohmurod (1785-1801) amirlik unvonini qabul qilgan[2]. Amirlik unvoni ilgari asosan qoʻshin boshliqlari va joylardagi turli harbiy vakillarga berilgan boʻlsa, Muhammad Rahim davriga kelib amir unvoniga ega boʻlganbirorta mansabdor shaxs qolmagan. Ushbu unvon ilgari amalda boʻlgan amir-beklik unvonidan farqli oʻlaroq, xalifalik maqomi — „amir ul-moʻminin“ sifatida talqin etilgan. Aynan ushbu davrdan Buxoro xonligi Buxoro amirligi deb yuritila boshlangan.

Buxoro amirlari (1747-1920)

tahrir
Hukmdorlar Hikmronlik yillari Tituli
1 Muhammad Rahimbiy 1747-1758 otaliq (1747-1753), amir (1753-1756), xon (1756-1758)
2 Doniyolbiy 1758-1785 otaliq
3 Amir Shohmurod 1785-1800 amiri maʼsum
4 Amir Haydar 1800-1826 amir
5 Amir Husay 1826-y. Ikki yarim oy. amir
6 Amir Umar 1826-y. Toʻrt oy. amir
7 Amir Nasrullo 1826-1860 amir
8 Amir Muzaffar 1860-1885 amir
9 Amir Abdullahad 1885-1910 amir
10 Amir Olimxon 1910-1920 amir

Oliy unvon va mansablar

tahrir

Qoʻshbegi — yoki qoʻshbegiyi bolo eng oliy saroy mansabi hisoblanib, uning mavqei juda baland boʻlgan. Amalda bosh vazir vazifasini bajargan bu mansab egasi iqtisodiy, siyosiy va harbiy masalalar boʻyicha amirning eng yaqin odami boʻlgan. Qoʻshbegi mansabi ilgaridan mavjud boʻlgan boʻlsa-da[3], XVII asrga kelib „otaliqlik“ unvoniga nisbatan uning ahamiyati va vakolat doirasi ancha toraygan.Qoʻshbegi mahalliy beklar orqali markaziy davlat boshqaruvini amalga oshirish bilan bir qatorda, chet mamlakatlardan keladigan mol-mulklardan olinadigan boj toʻlovlari ustidan nazoratni amalga oshirgan.

Qoʻshbegi lavozimiga davlatning tajribali, ishbilarmon, siyosatdon kishilardan tayinlanib, nomzod avval devonbegi lavozimida faoliyat yuritishi lozim boʻlgan. U saroydagi eng yuqori unvon egasi sifatida davlatda amirdan keyin turgan. Turklardagi ulugʻ vazir yoki Yevropadagi davlat kansleri singari, qoʻshbegi amirning eng yaqin maslahatchisi va ishonchli kishisi boʻlgan. Qoʻshbegi bir vaqtning oʻzida amirning shaxsiy muhrini saqlash, boshqa davlatlar bilan aloqalarni nazorat qilish, shuningdek moliya ishlarini boshqarish kabi mas’ul vazifalarni ham amalga oshirgan[4].

Buxoro amirligida savdo-sotiqdan olinuvchi barcha bojxona toʻlovlari boshqaruvi ham qoʻshbegi qoʻlida boʻlishi bilan bir qatorda, u yer soligʻini yigʻish va yer-mulklarni berishni ham nazorat qilgan[5]. Shuningdek, qoʻshbegi Buxoro shahar hokimi boʻlish bilan birga, barcha beklarning oliy boshligʻi ham edi. Uning mahkamasidan markaziy hokimiyatning koʻrsatmalari va qarorlari chiqib turgan. Qoʻshbegi barcha ishlarni bevosita amirning roziligi bilan qilgan va har kuni qilingan va qilinayotgan ishlar togʻrisida amirga yozma yoki ogʻizaki axborot berib turgan.

Buxoro amirligida ahamiyati boʻyicha uchinchi pogʻonada moliya idorasi — moliyaviy devonxona turgan, ushbu davlat idorasini oliy moliyaviy amallardan biri sanalmish devonbegi boshqarib, u davlat boshqaruv tizimida ikkinchi mansabdor shaxs hisoblangan[6]. Devonbegi davlat xazinasi, zakot hamda soliqlarga nisbatan umumiy davlat boshqaruvini amalga oshirgan.

Otaliq — amirlik markaziy boshqaruvida oʻziga xos vakolatga ega boʻlgan[7], mangʻit hukmdorlarining tayanchi hisoblangan va ularning hurmatiga sazovor boʻlgan mansab egasi Unga Buxoro shahri va Samarqanddan Qorakoʻlgacha boʻlgan hududlarda suv taqsimotini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan. Oʻz navbatida otaliq Shohrud kanali mirobligi vazifasini ham bajargan.

Diniy unvon va mansablar

tahrir

XVIII-XIX asrning birinchi yarmida amirlikda eng oliy diniy mansab shayxulislom hisoblangan. Ammo, bu davrda uning vazifalari ancha toraygan edi. XIX asr oʻrtalaridan boshlab shayxulislom oʻrnini qozikalon egallaydi. Amir huzurida tashkil etiladigan kengashda din vakillaridan qozikalon, shayxulislom, naqib va rais qatnashgan.

Amir Muzaffar davridan boshlab amirlikdagi barcha huquqiy normalar qozilar tomonidan hal qilingan. Barcha fuqarolik, xoʻjalik va jinoiy ishlar Qur'on asosida koʻrib chiqilgan hamda jazolar tayinlangan. Qozilar amir irodasiga koʻra qozikalon tomonidan tayinlangan. Shariat boʻyicha boshqaruv qozilar qoʻlida boʻlgan. Qozikalon amirlik poytaxtining bosh qozisi boʻlishi bilan birga, davlatdagi boshqa qozilar boshligʻi hisoblangan.

Amirlikda rasman uchta diniy unvon — oʻroq, sudur va sadr mavjud boʻlgan. Manbalarga koʻra, madrasani tugatgan shaxs mulla, qozi, rais amallarini egallashi mumkin boʻlgan. Yuqoridagi amallarda bir necha yil ishlaganidan soʻng shariat huquqlari sohasida toʻplagan bilim va tajribalari asosida bunday shaxslarga dastlab oʻroq, keyin sudr va soʻngra sadr unvonlari berilgan. Eng oxirgi diniy unvoni boʻlgan shaxslar qozikalon, muftiy, a'lam, oxun kabi diniy amallarni egallashi mumkin boʻlgan.

Amirlikda harbiylar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar va ularning shikoyatlarini shu masalalar bilan shugʻullanuvchi maxsus amaldor — qozi askar koʻrib chiqqan. Harbiy jinoyatlar boʻyicha fatvo tayyorlash muftiy askar zimmasida boʻlgan. Demak, amirlikdagi harbiylar va fuqarolik ishlari alohida-alohida mahkamalar tomonidan koʻrib chiqilgan[8].

Harbiy unvon va mansablar

tahrir

Amir Nasrullo davrida amirlikda muntazam qoʻshin — sarbozlar qoʻshini tashkil etilgan. Eng yuqori harbiy unvonlar sarkarda, amiri lashkar, dodxoh (qoʻshin boshligʻi) kabilar boʻlib, qo'ronbegi, to'qsabo, mingboshi kabi oliy toifali harbiy amaldorlar ham faoliyat yuritgan. Bekliklar hududidagi qoʻshinga beklarning oʻzlari rahbarlik qilganlar. Bekning eng yaqin yordamchilari yasovulboshi boshchiligida yasovullar boʻlgan. Qoʻshinda ponsadboshi, yuzboshi, ellikboshi, oʻnboshi, miroxoʻr kabi boʻlinma boshliqlari ham boʻlgan. Mingboshi bayroq (tugʻ) koʻtarib yurish huquqiga ham ega edi[9].

Toʻqsabo — amir majlisi amir dasturxonini nazorat qilish bilan birga, Xarkanrud tumanining hokimligi va mirobligi ham uning qoʻlida edi. Shu bilan birga toʻqsabo harbiy harakatlar chogʻida amir bayrogʻini koʻtarib yurgan[10]. Miroxo'r esa, amir otxonasida ishni tashkil etish bilan birga Komi Abu Muslim tumani mirobligi va obodonlashtirish masalasi bilan shugʻullanar edi. Yana uchta mansab boʻlib, ushbu mansablar harbiy-kmaʼmuriy harakterga ega edi. Ulardan birinchisi, qoʻrchiboshi deb atalib, amir miltigʻi va boshqa quroli sozligi uchun javobgar boʻlgan. Udaychi esa, harbiy harakatlar jarayonida naqibning koʻrsatmasiga binoan navkarlar va qoʻshinning taqsimlanishi va joylashuvini kuzatish vazifasini bajargan. Qorovulbegi — soqchilar va qorovullar boshligʻi sanalib, davlatning asosiy ichki va tashqi xavfsizligi masalalarini nazorat qilib turgan.

Davlat mahkamasida boshqa bir qator xizmatchi xodimlar boʻlib, ular faqatgina tegishli xizmat vazifalarini bajarganlar.

JibachiSadaqko'rchiQilichko'rchiMo'zabardorOftobachiRo'ypokbardorQurutbardorTarkashbardorGulobiMufarrixDastorbandJig'obandTamakisozOtashbardorTo'g'bichiShukurchiNayzabardorJilovchi[11]

Quyi unvon va mansablar

tahrir

Buxoro amiri huzurida yuqori lavozimdagi mansabdorlar bilan birga quyi amaldagi mansabdorlar ham mavjud boʻlgan. Amir farmonlarini yetkazuvchi parvonachi, amirga doimo hamroh boʻlib yuruvchi hidoyachi, amir maslahatchisi va xorijiy mexmonlarni kutib oluvchi shig'ovul, amir osoyishtaligi va tinchligini muhofaza qiluvchi tongotar (tunqotar), amirga qaratilgan salom va taʼzimlarni qabul qiluvchi javobgar salom og'asi, amir dasturxoniga javobgar dasturxonchi, amir safari chogʻida namozga chorlovchi imomi jilov, amir safari chogʻida qonun bilan shugʻullanuvchi mufti jilov, amir maslahatchilari guruhi jam’oga kabilar shular jumlasidan[8].

Shuningdek

tahrir

Markaziy boshqaruvda har bir sohani, aniqrog'i savdo-sotiq, hunarmandchilik, ishlab-chiqarish kabi masalarni boshqarib turuvchi vakillar tayinlangan. Masalan, sharbatdor amirlikda turli ichimliklarni tayyorlash va yetkazishni tashkil etgan bo'lsa, zargarboshi zargarlar faoliyatini nazorat qilib turgan. Me'morboshi esa, shaharning bosh me'mori hisoblanib, shaharni bezash va qurilish ishlariga umumiy rahbarlikni amalga oshirgan. "Amir oshxonasining bosh oshpazi farroshboshi deb atalgan"[12].

O'z o'rnida ta'kidlash lozimki, amirlikda fuqarolarning xavfsizligini ta'minlashga doir bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, fuqarolarni yo'llarda o'g'ri, talonchi, bosqinchi va turli isyonchilar hujumidan himoya etish maqsadida bir qator mansablar joriy etilgan edi. Ular qatorida zindonband, jilband, jallod va bandiband[13] kabi amaldorlarni sanab o'tish mumkin[11].

Manbalar

tahrir
  1. Chexovich O.D. Dokumenti k istorii agrarnix otnosheniy v Buxarskom xanstve XVII-XIX vv. -Tashkent: Izd. Akad. Nauk Uz SSR, 1954. -S.183.
  2. Semenov A.A. Ocherk ustroystva sentralnogo administrativnogo upravleniya Buxarskogo xanstva pozdneyщego vremeni // Materiali po istorii tadjikov i uzbekov Sredney Azii. -Tashkent, 1954. Vip.2. -S.20.
  3. Semenov A.A. Buxarskiy traktat o chinax i zvaniyax i ob obyazannostyax nositeley ix srednevekovoy Buxare // Sovetskoe vostokovedenie.. -M.: 1948. T.V -S.148.
  4. Xoliqova R. Markaziy davlat boshqaruvi tarixiga bir nazar // Muloqot. -Toshkent,2004. -№ 2. -B.41.
  5. Barakaev J., Haydarov I. Buxoro tarixi. -Toshkent: Oʻqituvchi, 1991. -B.84
  6. Oʻzbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti / Sagdullayev A., Aminov B., Mavlonov Oʻ., Norqulov N. -Toshkent: Akademiya, 2000, -B.199.
  7. Sagdullayev A., Mavlonov Oʻ. Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi tarixi. -Toshkent: Akademiya, 2006. B.124.
  8. 8,0 8,1 Sagdullayev A. Oʻzbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi. -Toshkent. 2012. -B. 296.
  9. Sagdullayev A. Oʻzbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixi -Toshkent. 2012. -B. 297.
  10. Shukurillayev Yu. Qoʻshin boshqaruvi tarixidan // Jamiyat va boshqaruv. -Toshkent, 2006. № 2. -B. 48
  11. 11,0 11,1 Shodiyev J.M. Buxoro Amirligining tashkil topishi va davlat tuzumi. -Toshkent. 2008. -B. 76.
  12. Xoliqova R. Amirlikdagi amalu unvonlar // Fan va turmush. -Toshkent, 2000. №4. -B.14.
  13. Mirza Badi-Divan. Majma al-arkam. -M.: Nauka,1981, -B. 100.

Shuningdek qarang

tahrir

1. Basxanov M. K. „U vorot angliyskogo moguщestva“. A. Ye. Snesarev v Turkestane, 1899—1904 gg. SPb., Nestor-Istoriya, 2015. — 328 s., il., karti. — 978-5-4469-0728-1. 2. Vasilev A. D. Znamya i mech ot padishaxa. Politicheskie i kulturnie kontakti xanstv Tsentralnoy Azii i Osmanskoy imperii (seredina XVI — nachalo XX vv.). — M.: Probel-2000, 2014. p. — ISBN 978-5-98604-478-1. 3. Arapov D. Yu., Buxarskoe xanstvo v russkoy vostokovedcheskoy istoriografii. M., 1981. 4. Gulomov X., Diplomaticheskie otnosheniya gosudarstv Sredney Azii s Rossiey v XVIII — pervoy polovine XIX veka. Tashkent, 2005 5. Malikov A. M. Nekotorie aspekti istorii Buxarskogo emirata v predstavleniyax chlenov missii K. Buteneva (1841 — 1842 gg.) // Oʻzbek davlatchiligi tizimida dargoh va devonlar faoliyati. Toshkent: Akademnashr, 2019.

Havolalar

tahrir

1. https://shosh.uz/uz/buxoro-amirligi-avvali-va-oxiri/