Buxoro namozgohi
Buxoro namozgohi — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik. Hayit bayramlarida namoz oʻqish uchun qurilgan masjidlardan biri boʻlgan. Buxoroni idora qilgan Qoraxoniylar sulolasi davrida XI asrda Shams al-Muluk (1068—1080) tomonidan chorbogʻida Buxoroning janubiy qismida[1] Namozgoh darvozasi orqasida bunyod etilgan. XI—XVI asrlar davomida qurilgan[2]. Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan.
Buxoro namozgohi | |
---|---|
Muqobil nomlari |
Buxoro namozgohi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Tarixiy obida |
Turi | Masjid |
Shahar | Buxoro |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | XI asr |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch |
Qavatlar soni | 1 |
Buxoro namozgohi |
Tarixi
tahrirNamozgoh peshtoqi gʻarb tomonda boʻlib, masjid markazida mehrob boʻlgan va pishiq gʻishtdan qurilgan. Inshoot naqshinkor va koshinkor bezaklar ganchdan ishlangan. Mazkur Namozgoh XI asrda buzib tashlanadi. 1119—1120-yillarda Qoraxoniylar davlati hukmdori Muhammad Arslon ibn Sulaymon farmoyishi bilan eski namozgoh oʻrniga mehrobli va mukabbir (aslzoda) kishilar uchun bir inshoot qurilgan. Mazkur masjid qayta qurilgan koʻrinishda bizgacha yetib kelgan. Masjid mehrobida murakkab girehlar, „bodomchalar“, oʻymakor naqshli bezaklar bilan bezatilgan. Mehrob yuqori qismida naqshinkor harflar bilan Muhammad (s.a.v) paygʻambar va chorchorlar ismlari yozilgan. Namozgoh masjidida XIV asrning birinchi yarmida taʼmirlash ishlari olib borilgan va kitoba bitiklardan iborat panno oʻrnatilgan. XIV asrning oxirida Amir Temur burugʻiga koʻra taʼmirlash ishlari olib borilgan. XVI asrda Buxoro xonligini idora qilgan Shayboniy Abdullaxon II davrida qayta taʼmirlanadi. Namozgoh masjidi atrofi manzarali va mevali daraxtlar ekilgan va devor bilan oʻrab olingan boʻlgan[2]. Namozgoh mehrobi ravogʻida kufiy xatida „Mulk Allohnikidir“ kalimasi keltirilgan[3]. Masjid ichki ravogʻida suls xatida hadisning bir qismi saqlanib qolgan[4]. Masjid tashqi devorining yuqori qismida kitoba bitiklarining baʼzi parchalari saqlanib qolgan. Ularda asosan Qur’oni Karim oyatlari va hadislardan parchalar keltirilgan[5].
Me’morchiligi
tahrirMasjid pishiq gʻishtdan oddiy qilib qurilgan, atrofi baland devor bilan oʻralgan. XVI-asrdagi taʼmir davrida masjid binosiga tutashtirib 3 toqili va ustunli peshayvon qurilgan. Tarhi toʻgʻri toʻrtburchak boʻlib, 3 asosiy xonadan iborat[1]. Oʻrtadagi murabba tarxli xona yassi gumbaz bilan, yonlaridagi xonalar balxi gumbaz bilan yopilgan. Asosiy xonaga peshtoq, yonidagi xonalarga dalon yoʻlakdan kirilgan. Peshtoqqa girih naqsh ishlangan, Qur’ondan koʻchirilgan oyatlar bitilgan. Buxoro namozgohi meʼmorligida mehrob va uning atrofiga ishlangan koshinkori bezaklar alohida ajralib turadi. Unda Buxoro meʼmorligi va bezak san’atining an’analari oʻz ifodasini topgan.[6]
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Ражабов 2016, s. 169.
- ↑ 2,0 2,1 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 155.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 159.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 163.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 167.
- ↑ "Buxoro namozgohi" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Adabiyotlar
tahrirIlmiy adabiyotlar
tahrir- Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0.
- Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560-bet. ISBN 978-9943-4510-5-6.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |