Falastin 1996-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida

Falastinlik sportchilar 1996-yil 19-iyuldan 4-avgustga qadar AQShning Jorjiya shtatidagi Atlanta shahrida boʻlib oʻtgan 1996-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etgan. Ushbu musobaqalarga Falastin delegatsiyasi tarkibida ikki nafar yengil atletikachilar Majed Abu Maraheel, Ihab Salama hamda bir nafar rasmiy shaxs, Falastin olimpiya qoʻmitasi prezidenti – Muammar Bississolar tashrif buyurgan.

Falastin Olimpiada oʻyinlarida
Oʻyinlarda foydalanilgan bayroq
XOQ kodi:PLE
MOQ:Falastin Milliy Olimpiya qoʻmitasi
'
Sportchilar 2 nafar 1 sport turida
Rasmiy shaxslar 1
Bayroqdor Majed Abu Maraheel
Medallar Oltin
0
Kumush
0
Bronza
0
Hammasi
0
Yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi ishtiroki
1996  • 2000  • 2004  • 2008  • 2012  • 2016  • 2020  • 2024

Olimpiya qoʻmitasi 1930-yillarda tashkil etilgan boʻlsa-da, falastinliklar fashistlar taʼqibiga uchramaslik maqsadida 1936-yilgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etmagan. Falastin olimpiya qoʻmitasi (FOQ) tashkil etilganidan keyin mamlakat vakillari ishtirok etgan ilk oʻyinlar aynan 1996-yilgi Atlanta Olimpiada oʻyinlari boʻlgan. Yengil atletikachi Abu Maraheel esa Olimpiya oʻyinlarida qatnashgan ilk falastinlik sportchiga aylangan. U oʻz yoʻnalishida oʻtkazilgan birinchi tur bahslarida eng oxirgi oʻrinni egallagan va musobaqaning keyingi bosqichiga oʻta olmagan. Oʻyinlarning ochilish marosimida ham aynan Abu Maraheel mamlakat bayrogʻini koʻtarib chiqqan.

Tarixi

tahrir

Xalqaro olimpiada qoʻmitasiga aʼzo boʻlishi va tan olinishi

tahrir

Koʻp millatli Falastin olimpiya qoʻmitasi (tarkibida yahudiy va arab sportchilari ham boʻlgan) 1931-yilda Xalqaro olimpiada qoʻmitasi (XOQ) tomonidan tan olingan boʻlsada, fashistlar taʼqibi oqibatida 1936-yilgi Berlindagi Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok eta olmagan[1]. Qoʻmitaning xalqaro miqyosda tan olinishi 1967-yilga qadar choʻzilgan. Bu orada olti kunlik urush boshlanib, Isroil Falastin hududini ishgʻol qila boshlagan[2]. XOQ 1993-yilda Oslo kelishuvlarini ratifikatsiya qilganidan soʻng, qoʻmitaning tan olinishi yana keyinga qoldirilgan[3]. 1982-yilda Osiyo Olimpiya Kengashiga aʼzo boʻlishdan bosh tortgan Isroil davlati Falastin olimpiya qoʻmitasining tan olinishi va falastinlik sportchilarning Olimpiada oʻyinlaridagi ishtiroki toʻgʻrisidagi qarorga norozilik bildirgan. Isroil olimpiya qoʻmitasi (IOQ) prezidenti ushbu norozilikni siyosiy tashviqot sifatida baholagan. Shuningdek, XOQ Falastin olimpiya qoʻmitasini tan olgan taqdirda ham, ushbu qarorga norozilik bildirishini aytgan[4].

Falastin milliy administratsiyasi homiyligida Falastin davlatiga 1996-yilda Amerika Qoʻshma Shtatlarining Jorjiya shtati Atlanta shahrida boʻlib oʻtgan Yozgi Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan. Mamlakatning ikki nafar sportchidan tashkil topgan jamoasi esa Yozgi Olimpiada oʻyinlariga tashrif buyurgan falastinlik ilk Olimpiya jamoasiga aylangan[5].

Delegatsiya

tahrir

The New York Times gazetasi keltirgan maʼlumotlarga koʻra, 1994-yilda Yaponiyaning Xirosima shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlarida Falastin sporti rasmiylaridan biri 1996-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlariga mamlakatdan 20 ga yaqin sportchilar delegatsiyasining yuborilishiga umid bildirayotganini maʼlum qilgan. Oradan bir yil oʻtgach, oʻyinlarga yuboriladigan sportchilarning taxminiy soni olti nafarni tashkil qilgan[2]. Olimpiada oʻyinlari oʻtkaziladigan yilda Falastin yengil atletika federatsiyasi prezidenti Nahil Mabrouk musobaqalarga uch nafar sportchini, shu jumladan, uzoq masofaga yugurish boʻyicha Majed Abu Maraheel, Ihab Salama, sportcha yurish yoʻnalishida Yasser Ali-Diblarni yuborishni maqsad qilganini aytgan. Yasser Ali-Dib 1995-yilda Misrning Qohira shahrida boʻlib oʻtgan arab yengil atletika chempionatining bronza medali sovrindori boʻlgan[6]. Shuningdek, Milliy olimpiya qoʻmitasining Iordan daryosi Gʻarbiy sohili boʻlimi tomonidan tanlab olingan yagona ayol sportchi ham aynan Yasser Ali-Dib edi[2].

Falastin olimpiya qoʻmitasining oʻsha paytdagi prezidenti Muammar Bississoning soʻzlariga koʻra, delegatsiya tarkibidagi sportchilar soni 40 nafargacha boʻlishi mumkin edi. Biroq Isroil hukumati qolgan falastinlik sportchilarning Olimpiada oʻyinlarida ishtirok etishlari uchun zarur boʻlgan hujjatlarni tasdiqlab bermagan. Keyinchalik, delegatsiya tarkibida faqatgina ikki nafar sportchi, jumladan, yengil atletikachi va Force 17 elita harbiy qismi qoʻriqchisi Majed Abu Maraheel erkaklar oʻrtasida 10 000 metrga yugurish bahslarida, Falastin milliy futbol terma jamoasi futbolchisi Ihab Salama esa erkaklar oʻrtasida 5 000 metrga yugurish boʻyicha oʻyinlarda ishtirok etish uchun Olimpiadaga yuborilgan[7]. Biroq keyinchalik Ihab Salama nomaʼlum sabablarga koʻra belgilangan yoʻnalish boʻyicha musobaqalarda qatnashmagan[8].

Ochilish marosimi

tahrir
Men quvonchdan shunchalik tez-tez yigʻlardimki, mashgʻulotlarda ham xayolimda faqat shu narsa edi. Ushbu musobaqalarda ishtirok etish uchun bir umr yugursa arziydi, biroq mening asosiy maqsadim butun dunyoga Falastinnig ham borligini eslatib qoʻyishdir.
—Majed Abu Maraheel

1996-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarining ochilish marosimida Majed Abu Maraheel mamlakat bayrogʻini koʻtarib chiqqan. Sportchining taʼkidlashicha, uning asosiy maqsadi butun dunyoga Falastinning ham borligini eslatib qoʻyish boʻlgan[9]. Oʻyinlar davomida IOQ va FOQ oʻrtasidagi munosabatlar juda doʻstona boʻlib, tegishli qoʻmita prezidentlari Ephraim Zinger va Muammar Bississolar ochilish marosimida uchrashishgan. IOQ Isroil hukumatining Falastin olimpiya qoʻmitasiga qarshiligini rasman qoralagan va Falastin delegatsiyasini Tel-Avivdagi IOQ bosh qarorgohiga taklif qilgan. Abu Maraheel va Ihab Salama marosim chogʻida Isroil delegatsiyasi aʼzolari bilan qoʻl berib koʻrishgan va koʻkrak nishonlarini oʻzaro almashib, birga suratga tushgan[10].

Yengil atletika

tahrir
 
Yengil atletika musobaqalari boʻlib oʻtgan Centennial Olimpiya stadioni

Ihab Salama oʻz yoʻnalishida nomaʼlum sabablarga koʻra musobaqadagi ishtirokidan voz kechganidan soʻng, Falastindan faqatgina Abu Maraheel oʻyinlarda qatnashgan[11]. Sportchi 26-iyul kuni erkaklar oʻrtasida 10 000 metrga yugurish bahslarida maydonga tushgan. U 24 nafar raqib sportchilar bilan birgalikda birinchi tur bahslarida ishtirok etgan. Yakunda esa poyga soʻngiga qadar yetib borgan 21 nafar sportchi orasida soʻnggi oʻrinni egallagan[lower-alpha 1]. Sportchi yugurish bahslarida 34 daqiqa 40,5 soniya natija qayd etgan. Kolumbiyalik Herder Vázquez 33 daqiqa 26,15 soniya natija bilan 20-oʻrinda boʻlsa, Majed Maraheeldan 6 daqiqa 49,93 soniyaga tezroq, yaʼni 27 daqiqa 50,57 soniya natija bilan efiopiyalik Worku Bikila 1-oʻrinda finish chizigʻini bosib oʻtgan. Umumiy natijalarga koʻra, jami 48 nafar sportchi orasidan faqatgina 42 nafari marraga yetib kelishga muvaffaq boʻlgan. Ular orasida Abu Maraheel eng oxirgi 42-oʻrinni egallagan[lower-alpha 2]. Yakuniy natijalarga koʻra, Maraheel eng past natija bilan finalga chiqqan sportchidan 6 daqiqaga sekinroq koʻrsatkichni qayd etgan va final yoʻllanmasini qoʻlga kirita olmagan[12].

Erkaklar:
Atlet Musobaqa Yugurish Final
Natija Reyting Natija Reyting
Ihab Salama 5,000 metr ishtirok etmagan Finalga oʻta olmagan
Majed Abu Maraheel 10,000 metr 34:40.5 21 Finalga oʻta olmagan

Izohlar

tahrir
  1. Bir nafar atlet Larbi Zéroual bahslarni yakunlamagan. Ikki nafar atlet Yasuyuki Watanabe va Julian Paynter bahslarni boshlamagan[12].
  2. Toʻrt nafar atlet Larbi Zéroual, Abdellah Béhar, Paulo Guerra va Todd Williams bahslarni yakuniga yetkazmagan. Ikki nafar atlet Yasuyuki Watanabe va Julian Paynter bahslarni boshlamagan[12].

Manbalar

tahrir

Snoskalar

tahrir
  1. Khalidi, Raab & 2017 1403–1406.
  2. 2,0 2,1 2,2 Miller. „Olympic Profile: Atlanta 1996;For Palestinian Runner, Carrying Flag Is Glory Enough“. New York Times (1996-yil 4-aprel). Qaraldi: 2024-yil 5-yanvar.
  3. Khalidi, Raab & 2017 1412–1413.
  4. Harvey. „Israel Denounces Admission of PLO to Asian Olympic Panel“. Los Angeles Times (1986-yil 30-sentyabr). 2023-yil 31-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-dekabr.
  5. Khalidi & Raab 2017.
  6. „Al Batal Al Arabi(N°:42)“ (ar). Arab Athletics Federation. 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 5-yanvar.
  7. „Participation Is Palestinian's Prize“. Chicago Tribune (1996-yil 25-iyul). Qaraldi: 2024-yil 14-may.
  8. „Palestine at the 1996 Summer Olympics“. Olympedia. Qaraldi: 2024-yil 14-may.
  9. „Police Impersonator Attended Ceremonies“. The Spokesman-Review (1996-yil 23-iyul). Qaraldi: 2024-yil 5-yanvar.
  10. Sherman, Mark. „Major Strides“. The Atlanta Journal-Constitution (1996-yil 27-iyul). Qaraldi: 2024-yil 5-yanvar.
  11. „Olympedia – Majed Abu Maraheel“. Olympedia. 2023-yil 9-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-dekabr.
  12. 12,0 12,1 12,2 „Olympedia – 10,000 metres, Men“. Olympedia. 2023-yil 20-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-dekabr.

Adabiyotlar

tahrir

Havolalar

tahrir