Hisor davlat qoʻriqxonasi

(Hisor qoʻriqxonasidan yoʻnaltirildi)

Hisor davlat qoʻriqxonasiQashqadaryo viloyatida, Hisor togʻ tizmalari gʻarbida (Yakkabogʻ va Shahrisabz tumanlari togʻli hududlarida) joylashgan davlat qoʻriqxonasi. Qizilsuv (1975) va Miroqi (1976) qoʻriqxonalari negizida tashkil qilingan (1983). Maydoni 80.986,1 ga, shundan 12203 ga oʻrmonzorlar, 2745 ga oʻtloqzor, 17mga suv havzalaridan iborat. Tabiiy landshaft majmualari va Hisor togʻ tizmasi ekotizmlarini saqlash maqsadlarida tashkil etilgan. Qoʻriqxonada oʻsimliklarning 870 (Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan dorivor oʻsimliklarning tukli karrak, egri tikan karrak, Butkov astragali, oq parpi, Oshanin piyozi, anzur piyoz kabi 35 dan ortiq), qushlar va hayvonlarning 140 dan ortiq (qora qoplon, turkiston silovsini, qoʻngʻir ayiq, burgut, oq boshli qumoy, itolgʻi, qora laylak va boshqalar) turi mavjud[1] Hisor qoʻriqxonasi florasi oʻsimliklarning 910 turini oʻz ichiga olgan boʻlib, ulardan 250 tasi dorivor va oziq-ovqat oʻsimliklari, 80 tasi Pomir-Oloy florasining endemik vakillari, 30 tasi Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob turlardir[2]. Hisor qoʻriqxonasi faunasi sut emizuvchilarning 32 turi, qushlarning 215 turi, sudralib yuruvchilar va amfibiyalarning 19 turi, baliqlarning 2 turi, umurtqasizlarning 950 turini oʻz ichiga oladi. Bu hayvonlardan sut emizuvchilarning 10 turi, qushlarning 17 turi, baliqlarning 1 turi va hasharotlarning 6 turi Oʻzbekiston Qizil kitobiga, mahalliy hayvonlarning 5 turi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Qizil kitobiga kiritilgan[3]. Hisor qoʻriqxonasi oʻzining goʻzal manzaralari, turli boʻshliqli karst platolari, togʻ va koʻllari hamda sharsharalari bilan mashhur. Qoʻriqxona hududida oʻnga yaqin tabiiy yodgorliklar va bir qancha tarixiy obyektlar, jumladan, Amir Temur gʻori, Hazrat-Sulton togʻi kabi mashhur ziyoratgohlari joylashgan. Hisor qoʻriqxonasi madaniy, ekologik va diniy turizmning muhim markazlaridan biri sanaladi.

Hisor davlat qo‘riqxonasi
38°55′0″N 67°24′0″E / 38.91667°N 67.40000°E / 38.91667; 67.40000
MamlakatOʻzbekiston Oʻzbekiston
HududQashqadaryo
Yaqinidagi shaharShahrisabz
Maydon80.986,1 gektar
Tashkil topgan sanasi9-sentabr 1983
Boshqaruvchi tashkilotTabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi
Hisor davlat qoʻriqxonasi (Oʻzbekiston)

Tarixi

tahrir

Oʻzbekiston hududining katta qismi dasht hamda choʻllardan iborat. Shuning uchun ham boy oʻsimlik va hayvonot dunyosiga ega boʻlgan togʻli hududlar alohida ilmiy, ekologik va gidrologik ahamiyatga ega. Shuni hisobga olib, 1975-yilda Hisar-Oloy etaklarida Qizilsuv togʻ va archa qoʻriqxonasi tashkil etilgan. Qoʻriqxona tomonidan nazoratga olingan hududlarga noyob archa oʻrmonlari, massivlari kirgan. Ulardagi oʻsimliklari va hayvonot dunyosi u vaqtga qadar halokat yoqasida turgan edi. 1976-yilda Qizilsuv yaqinida yana bir qoʻriqxona - Mirakinskiy tashkil etilgan. Uning vazifalariga Oʻzbekistondagi eng yirik Severtsov muzligini va Shahrisabz-Kulab va Yakkabogʻ vohalarini suv bilan taʼminlab turuvchi Qashqadaryoning yuqori qismi, shuningdek, bogʻdorchilik uchun muhim hudud boʻlgan Qarshi dashtini muhofaza qilish edi[4]. Ikkala qoʻriqxonada ham kichik maydonlar biriktirilgan boʻlib, bu tabiatni muhofaza qilish funksiyalarini toʻliq bajarishga toʻsqinlik qilgan. Shuning uchun 1983-yil 9-sentabrida har ikkala qoʻriqxona yagona Hisor qoʻriqxonasiga birlashtirildi. Oʻsha vaqtda uning maydoni 76,889 gektarga teng boʻlgan. Tabiatni muhofaza qilish uchun tashkil qilingan yangi qoʻriqxonaning kengaytirilgan vazifalar roʻyxati tuzib chiqildi. Unga koʻra endi Hisor qoʻriqxonasi Hisar-Oloyning butun tabiiy majmuasi muhofazaga olishi kerak edi. Biroq, brakonyerlik xavfi yuqori boʻlgani sababli, faqatgina archa oʻrmonlarini muhofaza qilish ustuvor vazifa boʻlib qoldi. Bir muncha vaqtdan soʻng bu hatto muassasa nomida ham oʻz aksini topdi. Qoʻriqxona Hisor davlat togʻ va archa qoʻriqxonasi degan nomlangan. Keyinchalik bu nom qisqartirilgan va himoyalangan hudud maydoni kengaytirilgan. Qoʻrqxona maydoni 2020-yil holatiga koʻra 80 986,1 gektarga teng. Qoʻriqxona 2020-yil 18-fevralida sayyohlar eng koʻp tashrif buyuradigan tabiiy diqqatga sazovor joylari (Hazrat-Sulton togʻlari, Suvtushar sharsharasi, Amir Temur gʻori) atrofida umumiy maydoni 2000 gektar boʻlgan qoʻshimcha muhofaza zonasi tashkil etilgan. Qoʻriqxona maʼmuriyati Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga qarashlidir[5].

Iqlimi

tahrir

Hisor qoʻriqxonasi hududi quruq subtropik iqlim zonasiga mansub boʻlgan Markaziy Osiyoning eng issiq mintaqalaridan birida joylashgan. Qoʻriqxona chegarasiga eng yaqin boʻlgan Shahrisabz shahrida oʻrtacha yillik havo harorati +16 °C, maksimal harorat esa +50 °C oʻlaroq qayd etilgan[6]. Shu bilan birga, qoʻriqxonadagi iqlim togʻli boʻlib, u yoki bu hududning balandlik darajasiga qarab havo haroratida sezilarli farqlar mavjud boʻlishi mumkin. Umuman olganda qoʻriqxona hududining iqlimi keskin kontinental boʻlib, oʻrtamiyona sovugʻi, yogʻingarchilikka boy qishi, uzoq yomgʻirli bahori, juda issiq va quruq yozi bilan ajralib turadi[7].

 
Hisor qoʻriqxonasining panoramasi

Himoyaga olingan hududning eng past qismlarida oʻrtacha yillik harorat +14 ° C ni tashkil qiladi, qishda oyning oʻrtacha harorati 0 ° C past boʻladi. Eng issiq oy iyul oyining oʻrtacha harorati +30°C dir. Togʻlik hududlarda qayd etilgan haroratning oʻzgarishi mos ravishda yanvarda -25 ° C va iyulda + 38... + 40 ° C ni tashkil qiladi. 1800-2400 m balandlikda asosiy haroratlar yigʻindisi 3000-3500 ° C dan oshadi. Ushbu hududda iliq kunlarning umumiy davomiyligi 200 kundan koʻp emas. 3200-3400 m balandlikda oʻrtacha yillik havo harorati +5 °C dan pastga tushadi, eng issiq oylarda ham (iyul, avgust) oʻrtacha harorat +10 °C dan oshmaydi. Bu yerda +5 ° C dan yuqori haroratli yaʼni iliq iqlim davri faqat 50-100 kun davom etadi. Hisor qoʻriqxonasidagi qor chizigʻi 4100 m balandlikda, lekin undan pastda joylashgan qismlarda ham baʼzan yozda erimaydigan kichik muzliklar va qor uyumi mavjud[8]. Hisor qoʻriqxonasining namlik bilan taʼminlanishi ikkita geografik omil bilan uzviy bogʻliq: birinchisi, uning togʻli zonada joylashganligi, shu sababli uning hududida koʻp yogʻingarchilik yuz berib turadi; ikkinchisi, materikning chuqurligida joylashganligi, shuning uchun ular fasllar va balandlik hududlari boʻyicha solishtirganda juda notekis taqsimlangan. Hisor qoʻriqxonasida oʻrtacha yillik yogʻingarchilik miqdori 550 dan 750 mm gacha boʻlib, bu koʻrsatkich balandlik ortib borishi bilan oʻzgaradi. Ushbu koʻrsatkichning 64 foizi yilning sovuq kunlariga toʻgʻri keladi. Pastlik qismlarida qish 2-2,5 oy, balandlik qismida esa ancha uzoq davom etadi. Issiq mavsumda, pastki tog ʼbelbogʻida yogʻingarchilikning koʻp qismi nisbatan past haroratli oylarga toʻgʻri keladi, maydan sentabrgacha esa bu yerda yomgʻir deyarli yogʻmaydi. Togʻli hududlarda yozda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻib turadi[7]. Togʻli relyefning tabiiy joylashuvi mahalliy shamollarning paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Bu shamollar kun vaqtiga qarab oʻz yoʻnalishini oʻzgartirib turishi bilan ajralib turadi. Kechasi shamol togʻlardan vodiylarga qarab esadi, kunduzi esa havo massasi vodiy yon bagʻirlarga qarab esib turadi[7].


Geografiyasi

tahrir

Hisor qoʻriqxonasi Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyati hududida joylashgan. Uning shimoliy qismlari Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi davlat chegarasiga tutashgan, janubi va janubi-sharqi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlariga ulangan. Qoʻriqxonaning sharqiy chegarasi Hisor tizmasining gʻarbiy qismidagi suv havzalari tizmalari, xususan, Boysuntov tizmasi hamda uning eng baland choʻqqisi — Xoʻjapiryax (4303 m) qoʻriqxona hududiga kirmaydi. Qoʻriqxonaning gʻarbiy qismi aniq tarzda belgilangan chegaraga ega emas. Hisor qoʻriqxonasi toʻrtta alohida ajratilgan hududlardan — Gilon, Mirakin, Tanxazdarʼin va Qizilsuvdan iborat. Ularning barchasi viloyatning uchta tumanlari: Shahrisabz (50 892 ga), Yakkabogʻ (16 002,1 ga) va Qamashi (14 092 ga) tumanlari oʻrtasida taqsimlangan. Qoʻriqxona chegaralariga bevosita tutashgan va 30 ming aholi istiqomat qiladigan 13 ta aholi punkti mavjud[7]. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish muassasasi maʼmuriyati Shahrisabz shahrida joylashgan[9]. Hisor qoʻriqxonasi Gʻarbiy Pomir-Olay va Hisor-Oloy togʻ tizmalari chegarasida joylashgan boʻlib, Hisor tizmasining gʻarbiy yon bagʻirlarini qamrab oladi. Muhofaza qilinadigan hudud shimoldan janubga 90 km, gʻarbdan sharqqa 37 km ga qadar choʻzilgan. Barcha muhofaza etiladigan hududlar 1750 m dan 4421 m gacha boʻlgan balandlikda joylashgan, qoʻriqxonadagi togʻ choʻqqilari oʻrtacha 2500 m dan past emas. Qoʻriqlanadigan zonaning eng baland nuqtasi Toʻrtquyliq togʻ tizmasida hoylashgan nomsiz choʻqqidir. Undan tashqari Xoʻjakarshavar (4304 m) va Hazrat-Sulton (4266 m) togʻlari oʻzining sezilarli darajadagi balandligi bilan ajralib turadi[2]. Bu hududning oʻziga xosligi shundaki, unga bir vaqtning oʻzida Shimoliy Pomir-Oloydan kirib keladigan nam havo va Turon choʻllaridan keladigan quruq havo massalari bevosita oʻz taʼsirini oʻtkazib keladi.

 
Hisor togʻlari

Galereya

tahrir
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Hisor davlat qoʻriqxonasi.
Hisor davlat qoʻriqxonasi.
Hisor davlat qoʻriqxonasidagi bir irmoq.
Hisor davlat qoʻriqxonasi.
Hisor davlat qoʻriqxonasi.

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 „Қўриқхонанинг ўсимликлар дунёси“ (2020-yil 9-iyun). 2020-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-mart.
  3. „Ноёб ҳайвонот олами“ (2020-yil 8-iyun). 2020-yil 19-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 1503.2023.
  4. Гиссарский заповедник. Общие сведения. // Заповедники СССР: в 11 т. / под ред. В. Е. Соколова, Е. Е. Сыроечковского. — М.: Мысль, 1989. — Т. Заповедники Средней Азии и Казахстана. — С. 272. (rus.)
  5. „Hisor davlat qo‘riqxonasining qo‘riqlanma zonasini belgilash chora-tadbirlary to‘g‘risida“ (2020-yil 9-iyul). 2020-yil 20-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 17-mart.
  6. Гиссарский заповедник. Физико-географические условия. // Заповедники СССР: в 11 т. / под ред. В. Е. Соколова, Е. Е. Сыроечковского. — М.: Мысль, 1989. — Т. Заповедники Средней Азии и Казахстана. — С. 272—275. (rus.)
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 „Иқлимий тавсиф“ (2020-yil 9-oktyabr). 2020-yil 19-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 17-mart.
  8. Гиссарский заповедник. Физико-географические условия. // Заповедники СССР: в 11 т. / под ред. В. Е. Соколова, Е. Е. Сыроечковского. — М.: Мысль, 1989. — Т. Заповедники Средней Азии и Казахстана. — С. 272—275. (rus.)
  9. „Ҳисорга йўл“ (2020-yil 9-oktyabr). 2020-yil 18-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 17-mart.