Joytun madaniyatiOʻrta Osiyoning neolit davriga oid eng qad. oʻtroq dehqonchilik madaniyati markazlaridan biri (mil. av. 6—5-ming yillik). Ashxoboddan 30 km shim.da joylashgan qad. oʻtroq dehqonlar qishlogʻi harobasi nomidan olingan. 1952 y.dan Janubiy Turkmaniston arxeologiya kompleks ekspeditsiyasi qazish ishlari olib borgan. 10 dan ortiq yodgorliklar (Chagʻillitepa, Pessejiktepa, Chopontepa, Nayzatepa, Joytun va b.)ni tekshirgan. Bu urugʻdoshlik manzilgoxlarining har biri 0,5—2 ga maydonni egallagan. Somonli guvaladan qurilgan bir xonali uylar (25—45 m²) sahni oq ganchli loy bilan suvalgan, ayrimlari qizil va qora rangga boʻyalgan. Har bir xonada oʻchoq, gʻalla oʻrasi, supa boʻlgan. Ayrim xonalar oʻrtasida katta otashkada boʻlib, umumiy sajdagoh vazifasini oʻtagan. Manzilgoxlarda ombor, sopol idishlar pishiriladigan maydonchalar boʻlgan. 3 madaniy qatlamdan iborat Joytun manzilgox.i (J. m. shu nomdan olingan) toʻla oʻrganilgan. Uning mayd. 0,5 ga, yuqori qatlami 35— 40 xonadan, oʻrta qatlami 29 xonadan iborat. Manzilgohlardan bolalar suyagi topilgan, kattalar tashqariga koʻmilgan. Aholi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik bilan shugʻullangan. Aholi chaqmoqtoshdan qirgʻich, oʻroq, randa, pichoq; suyakdan igna, bigiz; tosh oʻtir va b. buyumlar yasagan. Sopol idishlar somonli loydan ishlanib, baʼzilarining sirti qizil angob bilan boʻyalgan. Tosh va loy (sopol)dan ishlangan ayol va hayvon haykalchalari, tosh, suyak va chigʻanoqlardan yasalgan tumor, munchoq va b. turli taqinchoqlar keng tarqalgan. J. m. Kaspiy boʻyidagi mezolit davri madaniyati asosida vujudga kelgan. U — ibtidoiy dehqonchilik madaniyatining jaxondagi noyob obidalaridan biri.

Adabiyot

tahrir
  • Masson V. M., Poseleniye Djeytun, L., 1971; Massoy V. M, Srednyaya Aziya i Blijniy Vostok, M.— L., 1964.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil