Mamadali Topivoldiyev

Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, yefreytor, Sovet Ittifoqi Qahramoni, „Kommunizm“ kolxozi raisi

Mamadali Topivoldiyev (1919-yil 20-sentyabr, Pandigon qishlogʻi, Rishton volosti, Qoʻqon uyezdi, Fargʻona viloyati, Turkiston ASSR1969-yil 6-may, Zodiyon (Zohidon) qishlogʻi, Rishton tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR, SSSR) — Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, yefreytor, Belorussiyaning Mogilyov va Vitebsk viloyatlaridagi partizanlik harakati qatnashchisi, „Chekist“ partizanlik brigadasining 5-otryadi razvedka boʻlinmasi komandiri, ushbu partizanlik brigadasi orasidagi yagona Sovet Ittifoqi Qahramoni (1944-yil 15-avgust), Rishton tumanidagi „Kommunizm“ kolxozi raisi (19541969).

Mamadali Topivoldiyev
Taxallus(lar)i „Osiyo arsloni“ (ruscha: „Азиатский лев“), „Osiyo yoʻlbarsi“ (ruscha: „Азиатский тигр“), „Kazbek“, „Tolya Kazbek“, „Tolik“
Tavalludi 20-sentyabr 1919-yil
Pandigon qishlogʻi, Rishton volosti, Qoʻqon uyezdi, Fargʻona viloyati, Turkiston ASSR
Vafoti 6-may 1969-yil(1969-05-06)
(49 yoshda)
Zodiyon (Zohidon) qishlogʻi, Rishton tumani, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Oʻzbekiston SSR
Qoʻshin turlari artilleriya
partizanlik harakati
Xizmatdagi yillari 19391945
Unvoni Yefreytor
Harbiy  qism „Chekist“ partizanlik brigadasi
Qoʻmondonlik qilgan 5-otryadning razvedka boʻlinmasi
Lavozimi komandir
Jang/urush Ikkinchi jahon urushi, Belorussiyadagi partizanlik harakati
Mukofotlari


Vatan urushi partizani
Otasi Topvoldi (Topivoldi, Boldi) ota
Onasi Melibuva aya
Turmush oʻrtogi Lidiya Kornelova
Donoxon Usmonxoʻjayeva
Bolalari Valentina Nikolayevna Kozlovskaya
Muborakxon Topivoldiyeva (1946—2010)
Ahmadali Topivoldiyev (1949—2009)
Homidjon Topivoldiyev (1956—2009)
Mavludaxon Topivoldiyeva (1959)
Hasanboy Topivoldiyev (1962)
Matlubaxon Topivoldiyeva (1962)
Farhodjon Topivoldiyev (1963)
Qahramon Topivoldiyev (1965)
Isteʼfoda Rishton tumanidagi kolxoz raisi

Topivoldiyev urush davrida shaxsan oʻzi 5 ta eshelonni portlatgan, qoʻl jangida 76 nafar nemis askarini yoʻq qilgan, bir nafar nemis generalini asirga olgan.

Topivoldiyevning qoʻlga olinishi uchun Adolf Hitler tomonidan nemis askarlariga 50 ming (ayrim manbalarda 25 ming) reyxmarka pul mukofoti vaʼda qilingani aytiladi. Topivoldiyevni beloruslar, shuningdek, safdoshlari hamda nemislar „Osiyo arsloni“ (yoki „Osiyo yoʻlbarsi“), „Kazbek“, „Tolya Kazbek“, „Tolik Kazbek“, „Chekist“, „Kazbek Botir“ deb atashgan.

Mamadali Topivoldiyev SSSR Oliy Soveti Prezidiumi farmonlariga asosan Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni, „Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan paxtakor“ faxriy unvoni, Lenin ordeni, Mehnat Qizil Bayroq ordeni, Qizil Yulduz ordeni, „Hurmat Belgisi“ ordeni, „Jasurlik uchun“ medali, „Jangovar xizmatlari uchun“ ordeni, 1-darajali „Ulugʻ Vatan urushi partizaniga“ medali, „1941—1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun“ medali, „1941—1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan gʻalabaning yigirma yilligi“ medali, „SSSR Qurolli Kuchlarining 50 yilligi“ medali bilan mukofotlangan.

Mamadali Topivoldiyev vafotidan soʻng nomini abadiylashtirish maqsadida bir qator keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilgan. Hozirga qadar uning xotirasiga bagʻishlab anjumanlar, xotira kechalari, tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda.

Tarjimayi holi

tahrir

Mamadali Topivoldiyev 1919-yil 20-sentyabr (baʼzi manbalarda 3-sentyabr)[1][2] Fargʻona viloyati, Qoʻqon uyezdi, Rishton volosti, Pandigon qishlogʻi dehqon oilasida tavallud topgan[3][4]. Millati oʻzbek. Otasi Topvoldi (Topivoldi, Boldi) dehqonchilik bilan shugʻullangan, onasi Melibuva uy bekasi boʻlgan. Oilada 4 nafar farzand boʻlishgan, toʻngʻich farzand Mamadali, undan soʻng esa Yigitali, Mahmudjon, Oyimchaxon[2][5]. Maktabda boshlangʻich taʼlimni (7 yillik) tugatgandan soʻng, 1934-yildan Rishton tumani aloqa boʻlimida pochtachilik qilgan, Oq yer qishlogʻidagi 1-mashina-traktor stansiyasi qoshidagi traktorchilik kursida oʻqib, kolxozda traktorchi boʻlib ishlagan[1]. Yana boʻsh paytlari rus, tatar, tojik millatiga mansub rishtonlik doʻstlari bilan birga Bagʻdod tumanidagi Serovo (hozirda Furqat) temir yoʻl stansiyasi ishchisi boʻlib ham ishlagan[6]. 1939-yilda harbiy xizmatga safarbar etilgan[7]. Dastlab Lomja shahri[6] (baʼzi manbalarda esa Bobruysk shahri)[8] yonida joylashgan 130-artilleriya polkida mexanik haydovchi vazifasida xizmat qilgan[9][10]. 1940-yilda Belostok shahridan polkiga qaytayotganida juda muhim topshiriqni bajarayotgan nemis josusini tiriklayin ushlagan[1]. 1945-yildan KPSS aʼzosi[7].

Urushdagi faoliyati

tahrir

Topivoldiyev 1941-yildan Ikkinchi jahon urushida ishtirok eta boshlaydi[9]. Gʻarbiy front tarkibida Belorussiyadagi mudofaa janglarida ishtirok etgan. Urush paytida Topivoldiyevning harbiy qismi Minsk viloyati, Borisov shahrida yaqinida nemislar qurshovida qolib ketadi. Qurshovdan faqat oʻzi va safdoshi Ivan Rilkov omon qolishib, oyogʻidan ogʻir yaralangan holda Mogilyov viloyatidagi Ivanning Paserovo (Pisarevo) qishlogʻiga joʻnab ketishadi. Ivanning onasi Anna (Galina) Vasilyevna Rilkova Topivoldiyevga oʻz uyidan boshpana bergan[11], ammo qishloqdagi ayrim shaxslar Topivoldiyevning yashiringan joyi haqidagi xabar nemislarga yetkazishadi, nemis askarlari Rilkova uyini tintuv qilishib, uni qamchilab jazolaydi va uyini yoqib yuborishadi. Yertoʻladagi kartoshka uyumiga koʻmilib olgan Topivoldiyev yong‘inda tasodifan tirik qolib, Ratsev oʻrmonidagi partizanlar otryadiga qoʻshiladi[6]. Bu otryadga Topivoldiyevdan tashqari quroldoshlari Ivan Rilkov va desantchi Nikolay Paxota ham qoʻshilgan. Ortraydga sobiq rota siyosiy rahbari (ruscha: политический руководитель) mordvalik Aleksandr Fyodorovich Simdyankin rahbarlik qilgan[11].

1941-yil noyabrida Topivoldiyev va Paxota nemislar tomonidan egallangan Borisov shahridagi qamoq lageridan 146 nafar harbiy asirni ozod etishadi[6][12]. 1942-yil fevralida Krugloye shahrida razvedka chogʻida Topivoldiyev Hilfspolizei (tarjimasi „koʻmakchi politsiya“) tomonidan asirlikka olinadi, ammo ertasi kuni Topivoldiyev qoʻriqchini oʻldirib, qochib ketadi. Soʻngra 13 nafar askardan iborat partizanlik guruhi tuzib, Paserova, Dudakovich, Oglobli qishloqlarida oʻz faoliyatini olib borishadi[6]. Tez orada guruh chegara ofitseri Gerasim Aleksyevich Kirpich rahbarlik qilayotgan partizan otryadlari uyushmasiga (ruscha: объединение партизанских отрядов) qoʻshiladi.

Boshqa maʼlumotlarga koʻra, Paserovo qishloq aholisi xirmonni erta yigʻib olib, uni nemislardan yashirishga kelishib oladi, oʻz navbatida, Topivoldiyev qishloqdagi yagona traktorni tuzatib, xirmonni yigʻishtirishda yordam beradi. Bundan xabar topgan Hilfspolizei (tarjimasi „koʻmakchi politsiya“) Topivoldiyevni asirga olishib, Krugloyedagi qamoq lageriga joʻnatishadi. Topivoldiyev lagerdan qochib, Kirpich otryadiga qoʻshiladi.

1942-yil may oxirida otryad kengayganligi sababli „Chekist“ partizanlik brigadasi sifatida qayta tashkil etiladi. Brigada askarlari turli millat vakillari boʻlishgan, jumladan, Topivoldiyev, kogonlik Gʻappor Sultonov (19171943)[13][14] oʻzbek, Anatoliy Xaynatskiy, Ivan Kulikov belarus, Nikolay Fyodorov, Pavel Golitsin rus, Nikolay Apanasenko, Vasiliy Yurchenko ukrain, Aleksandr Simdyankin, Nikolay Koyanov mordvalik, Aleksey Dego ussuriysklik, Musul Majitov, Qosim Aisogaliyev qozoq, Sultan Murmaxet tatar, Ivan Ambrosimov udmurt, Daniil Aidarov, Stepan Yakimov osetin, Ivan Xristolyubov mariy, Ivan Danilov chuvash, Ilderxan Umaxanov qoʻmiq, Multon Elkonovich yahudiy millatidan boʻlishgan[15].

1942-yil iyul oyida Kruglyansk, Biyalinichiy, Tolochinsk, Orsha, Lepelsk, Shklovsk tumanlaridagi partizanlik otryadlari ham brigadaga kelib qoʻshiladi. 5-otryad razvedka boʻlinmasi komandiri sifatida ilk harbiy harakati Smolenskdan Minskga ketayotgan dushman poyezdiga qilgan hujumi boʻlgan. Trotsilovo — Slavnaya stansiyasi oraligʻida poyezd toʻliq yoʻq qilinadi. Oʻsha yilning oktyabrida Topivoldiyev aholidan chorvasini tortib olib, Podberezino qishlog‘iga toʻplagan nemis askarlarini yoʻq qilish rejasini oʻylab topadi hamda qoʻriqchi nemis askarini yoʻq qilib, podani otryad shtabiga olib keladi[6].

1942-yil kuzida brigada tarkibi yanada kengayadi, ammo brigada Oliy bosh qoʻmondonlik bilan hali ham oʻzaro aloqa oʻrnatmagandi. Qoʻmondonlikka toʻplangan maʼlumotlarni yetkazish Topivoldiyevga yuklatiladi. Topivoldiyev brigada tomonidan qoʻlga kiritilgan fashistlarning 7 ta muhim maʼlumotini Moskvaga, yaʼni Oliy bosh qoʻmondonlikka yetkazadi[13]. Moskvada qoʻporuvchilik maktabida tahsil olib, 1943-yil bahorida brigadasiga qaytib keladi[9][11][16].

1943-yil 28-mayda Topivoldiyev Nikolay Apanasenko bilan birga Shkolovsk tumanigi Klimovich qishlogʻida 20 nafar nemis askarlarini asir oladi.

1943-yil 1315-iyun kunlari yakka oʻzi Voronsevichi qishlogʻida nemislarning yengil va yuk avtomobillarini portlatib yuboradi.

1943-yil 26-avgustda Logovshino qishlogʻida joylashib olgan fashist otryadini bir oʻzi pulemyoti bilan yoʻq qiladi.

Shu yilning yoz fasli oxirida safdoshi Nikolay Kayonov bilan ayollar kiyimini kiyib olgan holda Lyubanchi qishlogʻiga kirib olishib, u yerda joylashgan 15 nafar nemis askarini qirib tashlaydilar[17]. Voronsevichi qishlogʻidagi jangda esa 8 nafar nemisni yoʻq qilishib, 3 nafar partizanni qutqarishadi. Ushbu jasorati uchun Topivoldiyev Qizil Yuldez ordeniga tavsiya qilinadi.

1943-yil sentyabrida Tolochin qishlogʻiga kelib oʻrnashgan Turkiston legioni bilan muzokaralar oʻtkazish orqali taslim boʻlishga koʻndiradi. Legiondan 27 (baʼzi manbalarda 17)[18] kishi partizanlik harakatiga qoʻshiladi[19][16]. 7-oktyabrda boʻlinmasi bilan Orexovka qishlogʻidagi fashistlarning fransuz garnizonini yoʻq qilgan[18].

1943-yil dekabr boshida Topivoldiyev boʻlinmasi bilan Tolochinsk tumani markazida joylashgan fashistlar garnizoniga hujum qilib, yuzlab asir tushgan sovet askarlarini ozod qilishadi. Askarlar orasida Oʻrta Osiyo vakillari ham boʻlishgan. Ular orasida keyinchalik tojikistonlik Karim Dadaboyev, qoraqalpogʻistonlik Abdulla Bektemirov, Beshariq tumanidan Berdiqul Rahimov, Asakadan Qurbon Haydarov, Rahmatjon Yoʻldoshevlar partizanlik harakatiga qoʻshiladilar[20].

1944-yil iyunida oxirgi partizanlik harakatida ishtirok etadi[11]. Topivoldiyev Oliy bosh qoʻmondonlikka yana bir muhim maʼlumotni yetkazgan. Maʼlumotda Belorussiyani ozod qilishda aholini xavfsizligini taʼminlash, muhim obyektlarning joylashuvi, dushmanga qarshi qaysi yoʻnalishlarda zarba berishga oid koʻrsatmalar, partizanlar shtabida tayyorlangan maxfiy xaritalar boʻlgan. Natijada 1944-yil yozida Oliy bosh qoʻmondonlik qaroriga asosan Belorussiyai toʻliq ozod qilish boshlanadi va 1944-yil 3-iyul kuni Belorussiya toʻlaligicha ozod qilinadi.

Shundan keyin Mamadali Topivoldiyev 1944-yil 5-iyul kuni qoʻmondonlik topshirigʻiga koʻra, Orsha shahri harbiy komendaturasida maxsus lavozimda faoliyat yuritadi.

Mamadali Topivoldiyev urushda bir qancha harbiy yutuqlarga erishgan, jumladan, 19 ta eshelonni, guruhi bilan 14 ta eshelonni[19], shaxsan oʻzi esa 5 ta eshelon (shundan 4 tasini Prigan qishlogʻi hududida) portlatib yuborgan, qoʻl jangida 76 nafar nemis askarini yoʻq qilgan, bir nafar nemis generalini asirga olgan[10]. Topivoldiyevning asosiy quroli pulemyot boʻlgan[19], qayd varaqasida 150 dan ortiq nemis askarlari, ofitserlarni qirib tashlagani, 180 nafarini asir olgani, 20 dan ortiq avtomashinani yoʻq qilgani keltirib oʻtilgan[13]. Topivoldiyevning qoʻlga olinishi uchun Adolf Hitler tomonidan nemis askarlariga 50 ming (ayrim manbalarda 25 ming)[12] reyxmarka pul mukofoti vaʼda qilingan[1][16][17][21].

„Kazbek“, „Tolik“ nomlarining kelib chiqishi

tahrir

Mamadali Topivoldiyev birinchi marotaba „Chekist“ partizanlik brigadasida boʻlganida, undan kimligini soʻrashganda Topivoldiyev „Oʻzbek“ deya javob bergan, ammo partizanlar uning talaffuziga tushunmasdan „Kazbek“ deb chaqirisha boshlaydilar[22]. Tutingan onasi Anna Vasilyevna Topivoldiyevning ismini aytishga qiynalgani uchun uni „Tolik“, „Tolya“ deb atay boshlaydi[19][16][17]. Harbiy jangovar operatsiyadan keyin Mamadali Topivoldiyev xanjari bilan devor va daraxtlarga „Kazbek“ ismi oʻyib tushirgan, shu orqali dushmanni qoʻrquvga solib turgan[1]. Topivoldiyevni beloruslar, safdoshlari va nemislar „Osiyo arsloni“ (yoki „Osiyo yoʻlbarsi“), „Kazbek“, „Tolya Kazbek“, „Tolik Kazbek“, „Chekist“, „Kazbek Botir“ deb atashgan[23].

Urushdan keyingi faoliyati

tahrir

Mamadali Topivoldiyev 1945-yil 8-mayda harbiy xizmatdan ozod etiladi[24]. Bir muncha muddat Minsk shahrida yashab, Belorussiya SSR Qishloq xoʻjaligi xalq komissarligida haydovchi boʻlib ishlaydi[19], soʻngra oʻz qishlogʻiga qaytib ketadi. 1947-yil 16-fevralda Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti 1-chaqiriq deputati etib saylanadi[3]. 1946-yil Voroshilov nomidagi kolxoz raisi, 19521953-yillarda tuman isteʼmolchilar uyushmasi boʻlimi rahbari, 19531953-yillari Rishton GES rahbari, 19531954-yillari Oʻzbekiston SSR Oziq-ovqat sanoati vazirligiga qarashli Qoʻqondagi „Uzprodtrans“ avtobazasi direktori, 19541969-yillari „Kommunizm“ kolxozi raisi boʻlib ishlagan[3][4][25]. Aynan kolxoz raisi boʻlgan davrda Amirobod choʻli oʻzlashtirilib, 500 gektar yangi yerlar paydo boʻladi. Topivoldiyev tashabbusi bilan Toshkentda Zohidon qishlogʻi bosh rejasi ishlab chiqiladi[26]. Rejaga asosan qishloqda paxsali uylar oʻrniga zamonaviy koʻrinishdagi yangi uylar qurilib, qishloq gazlashtiriladi, asta-sekinlik bilan qishloq shahar shaklidagi aholi punktiga aylanadi. Kolxozda zamonaviy tibbiyot markazi binosi qurilib, foydalanishga topshiriladi. Topivoldiyevning tashabbusi va kolxoz mablagʻlari hisobidan qishloqdagi 3-maktabning yangi binosi ham qurib bitkaziladi. 1964-yil 25-avgustda maktabning ochilish marosimiga Sovet Ittifoqi Qahramoni, fazogir Yuriy Gagarin tashrif buyurgan[25][27]. Topivoldiyevning amalga oshirgan ishlari tufayli oʻsha paytda Zohidon qishlogʻida 20 nafar shifokor, 80 nafar oʻqituvchi, 150 nafar muhandis-texnik, agronom, zootexniklar mehnat faoliyati olib borisha boshlashdi[27]. Urushdan keyin bir necha marta Belorussiyaga borib keladi. U yerda tutingan onasi Anna Rilkovaga urushda buzib tashlangan uyi oʻrniga yangisini qurib beradi[25]. Shuningdek, urushda birga xizmat qilgan safdoshlari Nikolay Apanasenko va Ivan Kurushevga ham oʻz qishlogʻidan ish topib bergan[19].

Vafoti

tahrir

Mamadali Topivoldiyev 1969-yil 6-may kuni[6] oʻz ishxonasida (ayrim manbalarda 7-may)[7][10][28][29] nomaʼlum shaxslar tomonidan pichoqlanishi (qizi Mavludaxonning soʻzlariga koʻra, Rahim ismli telbasifat kishi pichoqlagan)[1][30] tufayli fojiali halok boʻlgan[12]. Zohidon qishlogʻidagi qabristonga partizan safdoshlari Nikolay Apanasenko (1918—1959) va Ivan Kurushev (1916—1960) yoniga dafn etilgan[31].

Oilasi

tahrir

Mamadali Topivoldiyev urushda boʻlgan paytida razvedkachi Lidiya Kornelova bila oila qurgan[12]. Ammo Lidiya oʻzi berilgan harbiy vazifani bajarish chogʻida nemislarga asir tushib qoladi, asirlikda qochgan Lidiya boshqa otryadga qoʻshiladi va shu otryad yordamida Petropavl (Qozogʻizton) shahriga keladi, bu yerda Topivoldiyevning Valentina ismli qizi tugʻiladi[31]. 1946-yilda Mamadali Topivoldiyev Rishton tumani, Uyrat qishlogʻidan boʻlgan Donoxon Usmonxoʻjayevaga uylanadi[6][30]. Ularning 8 nafar farzandlari Muborakxon (1946—2010), Ahmadali (1949—2009), Homidjon (1956—2009), Mavludaxon (1959), Hasanboy (1962), Matlubaxon (1962), Farhodjon (1963), Qahramon (1965) Topivoldiyevlar boʻlgan. Ahmadali Topivoldiyev otasining sharafiga oʻgʻillaridan biriga uning ismini qoʻygan[32].

Xotira

tahrir
 
Qahramonlar alleyasidagi Mamadali Topivoldiyevning byusti (Krugloye shahri, Belorussiya)

Mamadali Topivoldiyev xotirasiga bagʻishlab, bir qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Zodiyon (Zohidon) qishlogʻida[29] va Krugloye shahridagi qahramonlar alleyasida granitdan qahramonning byusti oʻrnatilgan, Fargʻona viloyatidagi Rishton, Hamza (hozirgi Tinchlik), Fargʻona shaharlari koʻchalariga[29], Minsk shahridagi markaziy koʻchalardan biriga, Mogilyov viloyati, Krugloye shahridagi koʻchaga, Rishton tumanidagi 27-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga, tumandagi mahallalardan biriga nomi berilgan, Pandigon qishlogʻida uy-muzeyi tashkil qilingan[4]. Vitebsk viloyati, Tolochinsk tumaning tarixiy oʻlkashunoslik muzeyi hamda shu tumanning Voronsevichi qishlogʻidagi oʻrta maktab muzeyida Topivoldiyev haqidagi materiallar koʻrgazmasi mavjud[10]. Kruglyansk tumanida eng yaxshi xirmonchi va kombaynchilar uchun Mamadali Topivoldiyev nomidagi mukofot taʼsis etildi[9][29]. Paserovo (Pisarevo) qishlogʻi esa Topivoldiyevka deb qayta nomlandi[8][33][34][35]. Ammo boshqa manbalarga koʻra, qishloq nomini oʻzgartirish taklifi berilgan, lekin qishloq nomi tarixiyligi yoʻqolishi tufayli bu taklifdan voz kechilgan[36]. 2020-yil Toshkent shahrida ochilgan Gʻalaba bogʻidagi „Mangu jasorat“ majmuasida Mamadali Topivoldiyevning haykali ham joy olgan[37]. 2022-yil 8-may kuni Zodiyon (Zohidon) qishlogʻida Mamadali Topivoldiyev memorial muzeyi ochilgan[38][39][40][41]. 2023-yil 4-may kuni Oʻzbekistondagi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Xalq diplomatiyasi Rishton tumani hokimligi bilan birgalikda Mamadali Topivoldiyev xotirasiga bagʻishlab „Xotira — abadiy, qadr — muqaddas“ mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazdi[23].

Unvon va mukofotlari

tahrir

Mamadali Topivoldiyev SSSR Oliy Soveti Prezdiumi farmonlariga asosan Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni (1944-yil 15-avgust)[19], Lenin ordeni (1944-yil 15-avgust), „Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan paxtakor“ faxriy unvoni (1964-yil 13-noyabr)[11], „Jangovar xizmatlari uchun“ ordeni (1942-yil 13-noyabr), 1-darajali „Ulugʻ Vatan urushi partizaniga“ medali (1944-yil 29-iyun), Qizil Yulduz ordeni (1944-yil 15-avgust), „Jasurlik uchun“ medali, Mehnat Qizil Bayroq ordeni (1957-yil 11-yanvar), „Hurmat Belgisi“ ordeni (1966-yil 30-aprel), „1941—1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida Germaniya ustidan qozonilgan gʻalaba uchun“ medali, „1941—1945-yillardagi Ulugʻ Vatan urushida qozonilgan gʻalabaning yigirma yilligi“ medali, „SSSR Qurolli Kuchlarining 50 yilligi“ medali bilan mukofotlangan[42][43][44].

Kino va adabiyotda tasvirlanishi

tahrir

1973-yilda Oʻzbekfilm buyurtmasi asosida rejissyor Ravil Botirov tomonidan „Nezabitaya pesnya“ (ruscha: „Незабытая песня“) nomli badiiy-harbiy film suratga olingan[35]. Film Mamadali Topivoldiyev hayoti haqida boʻlib, film bosh qahramoni Sattor (Kazbek) rolini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist, mashhur aktyor Rustam Saʼdullayev oʻynagan[8][35][45]. Oʻzbekistonda ushbu film „Kazbek“ nom ostida namoyish etilgan.

2003-yilda rejissyor Muqim Yoʻldoshevning tashabbusi va shaxsiy mablagʻi hisobidan „Ikki xalq farzandi“ (ruscha: „Сын двух народов“) nomli hujjatli film olingan.

2019-yili Belorussiya va Oʻzbekistonda Tengiz Dumbadzening „Ular Belorussiyani ozod qilgandilar“ (ruscha: „Они освобождали Беларусь“) hujjatli filmi namoyish etiladi[35].

2021-yilda rejissyor Ali Hamroyev rahbarligi ostida yosh kinoijodkor Alizoda Mehrubon tomonidan „Unutilmas qahramonlar“ hujjatli filmlar turkumiga kiruvchi „Partizan Mamadali Topvoldiyev“ nomli hujjatli filmi suratga olindi[46].

2021-yil mart oyida „Ipak yoʻli durdonasi“ nomi ostida boʻlib oʻtgan 13-Toshkent xalqaro kinofestivalining yakunida „Belarusfilm“ va Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi oʻrtasida hamkorlik toʻg‘risidagi memorandum hamda qoʻshma loyiha, yaʼni „Kazbek“ nomli toʻliq metrajli filmni suratga olish haqida kelishuv imzolandi[47]. Filmning postanovka rejissyori etib Muhammad Ali Iskandarov belgilandi[48][49][50]. Dastlab loyihaviy nomi „Kazbek“ boʻlgan film „Osiyo arsloni“ nomi ostida 2022-yildan Fargʻonada Topivoldiyevning yoshlik davri suratga olingan[51]. Yoz oylarida esa Topivoldiyev urushdagi harakatlari Belorussiyada suratga olindi. Bosh rolni taniqli aktyor Ulugʻbek Qodirov ijro etgan[52][53][54][55][56].

Mamadali Topvoldiyev hayotiga bagʻishlab, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Hamid Burhon „Koʻprik“ nomli hujjatli roman („Donishmand ziyosi“, nashriyoti, Toshkent. 2020-yil)[57], yozuvchi Baxtiyor Abdugʻofurning „Kazbek“ (Osiyo arsloni) nomli roman („Kitobdornashr“ nashriyoti, Toshkent. 2023-yil) yozgan[58].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Sarvar Ziyayev. „Boshi uchun Hitler 50 ming marka mukofot va'da qilgan farg‘onalik Kazbek“. kun.uz sayti (2021-yil 9-may). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  2. 2,0 2,1 „Kazbek“ — rishtonlik partizan 2019, s. 72
  3. 3,0 3,1 3,2   Oʻzbek sovet ensiklopediyasi: 11-jild (Tekislik — Fazliy). Toshkent: „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ Bosh redaksiyasi, 1978 — 656-bet. 
  4. 4,0 4,1 4,2   Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 8-jild (Solnoma — Toʻytepa). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004 — 704-bet. 
  5. „Посвящается 100-летию со дня рождения Героя Советского Союза Мамадали Топиволдиева“ (rus tilida) (2019-yil 20-sentyabr). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 6,5 6,6 6,7 Toʻlqinjon Zohidov. „Belaruslar qalbidan joy olgan o‘zbek jangchisi — Kazbek yoxud boshi uchun Adolf Gitler 50 ming doychemarka „mukofot“ va’da qilgan o‘zbekistonlik“. daryo.uz sayti (2019-yil 30-iyul). 2019-yil 31-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  7. 7,0 7,1 7,2 „Топвалдыев Мамадали“ (rus tilida). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  8. 8,0 8,1 8,2 Павел Жуков. „Толик Казбек: диверсант, ставший прототипом киногероя“ (rus tilida) (2021-yil 28-mart). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  9. 9,0 9,1 9,2 9,3 Валерий Воробьев. „Топвалдыев Мамадали“ (rus tilida). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  10. 10,0 10,1 10,2 10,3 „Топвалдыев Мамадали“ (rus tilida). 2023-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 Tohir Hamroqulov. „Farzandlik burchi“. „Guilston“ jurnali, №7 13—14-sahifalar (1985-yil 1-iyul). 2023-yil 28-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  12. 12,0 12,1 12,2 12,3 Yulduz Oʻrmonova. „Belarus xalqi „Osiyo yoʻlbarsi“ deb atagan oʻzbek oʻgʻloni kim boʻlgan?“. „Xalq soʻzi“ gazetasi sayti (2020-yil 9-may). 2023-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  13. 13,0 13,1 13,2 Mirjalol Qosimov. „Oʻzbekistonlik partizanlarning sobiq ittifoq hududini ozod etishdagi ishtiroki“. Oʻzbekiston Milliy universiteti xabarlari 7-sahifa (2022). 2023-yil 13-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  14. „Султанов Гапар“. 2023-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  15. Матюшевская М. И. „Роль семейной памяти и устной истории в современном изучении событий Великой Отечественной войны 1941-1945 гг.“ (rus tilida). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  16. 16,0 16,1 16,2 16,3 М. Гореликова. „Герой Советского Союза Мамадали Топвалдыев“ (rus tilida) (2019-yil 20-sentyabr). 2023-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  17. 17,0 17,1 17,2 Ольга Максимова. „Воевал на Могилевщине и обрел здесь мать. В Узбекистане стартовали съемки фильма о Толике Казбеке“ (rus tilida) (2022-yil 23-may). 2023-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  18. 18,0 18,1 Семья Апанасенко из кубанского хутора Братского 2008, s. 122
  19. 19,0 19,1 19,2 19,3 19,4 19,5 19,6 „Таких людей мы должны помнить всегда“ (rus tilida) (2022-yil 3-iyul). 2023-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  20. „Kazbek“ — rishtonlik partizan 2019, s. 76—77
  21. Naim Oblomurodov. „Gitler Mamadali Topivoldiyevning boshi uchun 50 ming marka tikkan edi“ (2022-yil 15-noyabr). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  22. Семья Апанасенко из кубанского хутора Братского 2008, s. 120
  23. 23,0 23,1 „Xotira — abadiy, qadr — muqaddas. Rishton tumanida tadbir“ (2023-yil 4-may). 2023-yil 29-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  24. „Kazbek“ — rishtonlik partizan 2019, s. 80
  25. 25,0 25,1 25,2 Петр Климов. „Разведчик Толя Казбек стал названным сыном для спасшей ему жизнь белоруски, а она не пережила, когда его убили в мирное время“ (rus tilida) (2022-yil 2-avgust). 2023-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  26. „Kazbek“ — rishtonlik partizan 2019, s. 82
  27. 27,0 27,1 „Kazbek“ — rishtonlik partizan 2019, s. 83
  28. „Тапівалдыеў Мамадалі“ (belarus tilida). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  29. 29,0 29,1 29,2 29,3 „Они освобождали Беларусь. Герой Советского Союза Мамадали Топвалдыев“ (rus tilida) (2020-yil 13-mart). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  30. 30,0 30,1   Boshi uchun Hitler 50 ming marka mukofot va’da qilgan farg‘onalik Kazbek YouTubeda
  31. 31,0 31,1 Семья Апанасенко из кубанского хутора Братского 2008, s. 132
  32.   Память сердца: сенатор из Узбекистана хранит фотографии друга семьи Мамадали Топволидиева YouTubeda
  33. „В Ташкенте состоялся вечер, посвященный Дню независимости Республики Беларусь“ (rus tilida) (2021-yil 3-iyul). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  34. „То 75-солагии Пирӯзии бузург аз болои истилогарони фашизм моҳҳои башумор мондаанд“ (tojik tilida) (2019-yil 29-oktyabr). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  35. 35,0 35,1 35,2 35,3 Маъруф Усманов. „Узбекско-белорусская дружба и эхо прошедшей войны“ (rus tilida) (2019-yil 5-oktyabr). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  36.   Фильм "Казбек": история о подвиге партизана Мамадали Топвалдыева в Беларуси. Главный эфир YouTubeda
  37. Парк Победы: философия мужества и стойкости, s. 64
  38. Botir Madiyorov. „Rishtonlik qahramon – „Kazbek“, „Osiyo arsloni“ni bilasizmi?!“. „Xalq soʻzi“ gazetasi sayti (2022-yil 9-may). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  39. „Rishtonning qahramon oʻgʻloni Mamadali Topvoldiyev memorial muzeyining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi“. Fargʻona viloyati hokimligi rasmiy sayti (2022-yil 8-may). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  40. Hamid Burhon. „Otalarimiz xotirasi mangu yashaydi“. 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  41. „Mamadali Topvoldiyev memorial muzeyi ochildi“. Fargʻona haqiqati gazetasi, №36 (2022-yil 10-may). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  42. „Kazbek“ — rishtonlik partizan 2019, s. 90—91
  43. „Топвалдыев Мамадали“ (rus tilida). 2022-yil 28-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  44. „Топвалдыев Мамадали“ (rus tilida). 2023-yil 27-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  45. „Незабытая песня“ (rus tilida). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  46. „“Унутилмас қаҳрамонлар” фильмлари премьера қилинди“ (2021-yil 5-may). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  47. „Фильм о жизни и подвиге Героя, белорусского подпольщика и сына узбекского народа Мамадали Топвалдыева будет экранизирован в совместном проекте“ (rus tilida) (2022-yil 31-may). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  48. „В Ташкенте презентовали новые узбекско-белорусские кинопроекты“ (rus tilida) (2022-yil 11-may). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  49. „"Беларусьфильм" и "Узбекфильм" приступили к съемкам совместной киноленты под рабочим названием "Казбек"“ (rus tilida) (2022-yil 14-may). 2023-yil 19-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  50. „Ulugʻbek Qodirov yana bir filmda bosh rolni ijro etmoqda“ (2022-yil 8-may). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  51. „Узбекские и белорусские кинематографисты приступили в Фергане к съемкам фильма «Азиатский Лев»“ (rus tilida) (2022-yil 8-may). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  52. „Узбекфильм приступил к съемкам картины о партизане Мамадали Топвалдыеве. Его сыграет Улугбек Кадыров“ (2022-yil 8-sentyabr). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  53. „Ulugʻbek Qodirov oʻzbek-belarus filmida suratga tushadi. Film byudjeti 2 million dollar“ (2022-yil 12-noyabr). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  54. „Листопад кинофестивали доирасида ўзбек-беларусь қўшма лойиҳасида таниқли киноактёр Улуғбек Қодиров “Казбек” фильмидаги бош ролга тасдиқланди“ (2022-yil 12-noyabr). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  55. „Улуғбек Қодиров иштирокидаги “Осиё арслони” фильмини суратга олиш ишлари бошланди“. 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  56. „Ulugʻbek Qodirov oʻzbek-belarus qoʻshma kinoloyihasida bosh rolni ijro etadi“ (2022-yil 12-noyabr). 2023-yil 20-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  57. Muhiddin Abdusamatov. „Yozuvchilar tuhfasi: Urush, noming o‘chsin jahonda...“. uza.uz (2020-yil 14-may). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.
  58. Shahnoza Soatova. „Boshi uchun 1 mln dollar tikilgan oʻzbek yigiti“. xabar.uz (2023-yil 27-may). 2023-yil 21-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-iyun.

Adabiyotlar

tahrir

Havolalar

tahrir