Masʼudiy
Masʼudiy, Abul Hasan Ali ibn al-Husayn Ali al-Masʼ-udiy (9-asr oxiri, Bagʻdod — 956 yoki 957, Fustot, Misr) — arab tarixchisi va sayyohi. 915—945 yillarda M. Eron, Hindiston, Shri Lanka, Shim. Afrika, Zanjibar, Movarounnahr, Xitoy, Ozarbayjon, Armanistonda sayohatda boʻlgan, keyinchalik Suriya va Misrda yashagan. Bilimning turli sohalari (tarix, falsafa, fiqh)ga oid muhim asarlari (20 dan ortiq) dan faqat bir nechtasigina saqlangan. Eng muhim asari "Muruj uzzahab va maʼodin aljavohir" ("Oltin yaylovlar va javohirlar koni")da mamlakatlar, dengizlar va togʻlar, turli xalqlar (shu jumladan, slavyanlar) haqida maʼlumotlar, yunonlar, rimliklar toʻgʻrisida yarim afsona hikoyalar, arablarning 10-asr 40-yillarigacha boʻlgan tarixi bayon qilingan. 30 jildli "Kitob uttaʼrix fi axbor ilumam min al-arab va l-ajam" ("Arab va ajam xalqlari tarixi") asarining 20 jildi Istanbul shahridagi Ayo-Sofiya kutubxonasida saqlanadi. M.ning "Kitob uttanbih va al-ishrof" ("Ogohlantirish va boshqarish haqida kitob") asarini gollandiyalik arabshunos de Guye 1894-yilda Leyden shahrida nashr etgan. Yana uning "Xazoin ul-mulk va sirr ul-olamayn" ("Davlat xazinalari va ikki olam sirlari"), "Kitob rasoil" ("Risolalar kitobi"), "Kitob ulmaqolot" ("Maqolalar kitobi"), "Kitob axbor azzamon va ajoyib ul-buldon" ("Zamon xabarlari va mamlakatlar ajoyibotlari haqida kitob") yoki "Kitobi avsat" ("Oʻrtacha kitob") kabi asarlari boʻlganligi maʼlum. M.ning asarlari Arab xalifaligi, 10-asrdagi Sharqiy Yevropa xalqlari, Kavkaz va Oʻrta Osiyo tarixi boʻyicha muhim manbadir.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |