Matpanoboy madrasasi – Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa 1905-yilda xivalik boy savdogar Matpanoboy mablagʻiga qurilgan. Uning qurilishida xivalik ustalardan Xudoybergan hoji va Qalandar Koʻchim ishtirok etgan. Madrasa bugungi kunda „Ichan qalʼa“ MFY, Zargarlar koʻchasi, 25-uyda joylashgan.

Madrasa
Matpanoboy madrasasi
Matpanoboy madrasasining ichki hovlisi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Zargarlar koʻchasi, 25-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Meʼmor Xudoybergan hoji va Qalandar Koʻchim
Binokorlik tashabbuschisi Matpanoboy
Homiylar Matpanoboy
Asosiy sana:
Maqomi davlat himoyasida
Umumiy maydoni 25,45X24,5 m
Balandligi 9 m
Hujralar soni 10 dan ortiq
Qurilish materiali Pishiq gʻisht

Matpanoboy madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

Tarixi

tahrir

Matpanoboy madrasasi Ichan qalʼa markazidagi Juma masjidining chap tomonida joylashgan. Bu madrasa 1905-yilda xivalik eng boy savdogarlardan biri mablagʻi evaziga qurilgan. Madrasani xivalik ustalardan boʻlgan Xudoybergan hoji hamda Qalandar Koʻchim barpo qilgan[3]. Binolar sharqiy tomonda joylashgan boʻlib, madrasaga janub tomondagi yoʻlakdan kirish mumkin.

Madrasada talabalar uchun oʻndan ortiq hujralar (xona), janubiy gumbaz ostida darsxona va masjid mavjud. Matpanoboyning avlodlari hozirda Turkmanistonning Toshhovuz shahrida yashaydi[4].

2001-yil oktyabr oyida madrasada eng qadimiy kitoblardan hisoblangan Avesto kitobi paydo boʻlganining 2700 yilligiga bagʻishlangan „Avesto“ tarixi muzeyi koʻrgazmasi ochildi. Koʻrgazma qadimiy jahon dinlaridan biri boʻlmish Zardushtiylik va Avesto kitobining jahon madaniyati taraqqiyotidagi rolini ochib berdi.

Avesto nafaqat diniy qarashlar va tushunchalarni oʻzida mujassam etgan bebaho tarixiy asar, balki qimmatli tarixiy meros sifatida ilmiy va jahon jamoatchiligi tomonidan munosib yuksak baholangan noyob tarixiy manbadir. Shuni hisobga olib, UNESCO xalqaro tashkiloti 1999-yil noyabr oyida Parijda boʻlib oʻtgan 30-sessiyasida Avestoning 2700 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Yubiley tantanalari Avestoning vatani Oʻzbekistonda, toʻgʻrirogʻi Xorazmda boʻlib oʻtdi[5].

Hozirda madrasa turistlarga xizmat koʻrsatish va koʻrgazma obyekti boʻlib, u yerda Avesto tarixi muzeyi faoliyat olib bormoqda.

Ayni paytda madrasada turkman xalqining buyuk shoiri Mahtumquli va mashhur qoraqalpoq shoiri Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli hayoti va ijodiga bagʻishlangan koʻrgazmalar tashkil etilmoqda[6].

Avesto muzeyiga tashrif buyurib, Markaziy Osiyo va umuman Sharq xalqlarining eng qadimiy tarixi, turmush tarzi, marosim va udumlari, maʼnaviy madaniyati, ilm-fani va boshqa sohalari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish mumkin[4].

Qurilish uslubi

tahrir

Madrasa toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (25,45X24,5 m), bosh tarzi peshtoqli (balandligi 9 m), 3 gumbazli miyonsaroy, darsxona va masjiddan iborat. 2 yon qanoti burchaklariga guldasta ishlangan. Miyonsaroy 3 qismga ajratilgan, biridan ikkinchisiga ravoqlar orqali oʻtiladi. Hovli (19,5x S,6 m) atrofidagi hujralar oldi qator ravoqli, ayvonli. Matpanoboy madrasasi pishik gʻishtdan qurilgan, bezaksiz, faqat yogʻoch oʻymakorligida ishlangan eshigi va miyonsaroydagi ganchkori panjara oʻziga xos bezagi bilan ajralib turadi. 1977-yilda bosh tarzi oldi devor bilan oʻralib, kichik hovli qayta tiklangan[7].

Yana qarang

tahrir

Manbalar

tahrir

Adabiyotlar

tahrir
  • Mankovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.