Muhammad mahram majmuasi
Muhammad mahram majmuasi – Xivaning Dishan qalʼa qismidagi meʼmoriy yodgorlik (1903). Xiva xoni Muhammad Rahimxon II ning yaqin mulozimlaridan boʻlgan Muhammad (Mamat) Mahram tomonidan qurilgan. Madrasa, guzar masjidi, minora va boshqa qoʻshimcha xonalardan iborat. Majmua (21,0 x39,0 m) bosh tarzi (eni 27,0 m) janubga qaragan, bir qavatli, gʻishtin ravoqli. Peshtoq hamda 2 gumbazli miyonsaroy orqali hovliga kiriladi. Miyonsaroyning sharqida yarmi ochiq 2 ustunli ayvon bilan bogʻlangan 2 uzun jamoatxona, janubda masjid, minora hamda koʻndalangiga turli hajmdagi tor hujralar va boshqa qoʻshimcha xonalar joylashgan. Minora balandligi 9 m, diametri – 4,2 m, gʻishtdan belbogʻlar hosil qilib bezatilgan. Qafasasi kichik darchali, tepasi murqarnas va qubba bilan yakunlangan[1].
Muhammad mahram majmuasi | |
---|---|
Joylashuvi | Xiva, Xorazm viloyati |
Koordinatalar | 41°22′42″N 60°21′13″E / 41.37839521667563°N 60.353631999516594°E |
Turi | majmua |
Arxitektura uslubi | Xorazm meʼmorchiligi |
Asoschi | Muhammad mahram |
Asos solinishi | 1903-yil |
Binolar | madrasa, minora, masjid |
Qarovchi | Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi |
Qurilish materiali | pishiq gʻisht |
Tarixi
tahrirMuhammad mahram majmuasi tarkibidagi Muhammad mahram madrasasi 1903-yilda Xiva shahrida qurilgan[2], hozirda Kaltaminor mahalla fuqarolar yigʻini[3] Boltayev va Onash Xalfa koʻchalari chorrahasida joylashgan. Madrasa Xiva xoni Muhammad Rahimxon II ning maslahatchisi va nufuzli amaldorlaridan biri boʻlgan Muhammad mahram tomonidan qurilgan[4]. Madrasaning mayodni 7327 tanob (1 tanob – 334,4 kvdatrat metr). Muhammad mahram madrasasi pishgan gʻishtdan qurilgan[4]. Fasadi gʻarbga bir oz siljigan holda janubga qaragan, Janubi-gʻarbiydan burchakdan tashqari qolgan uchta burchak uncha katta boʻlmagan „guldasta“ minoralarga ega. Janubi-gʻarbiy burchakda masjidning yon xonalari va minora ikki gumbazli tekis miyonsaroyga tutashgan[4].
Madrasa anʼanaviy uslubda geometrik tarzda gullar shaklida ishlangan rang-barang mayolika va terrakota mozaikalari, shuningdek, xattotlik yozuvlari bilan bezatilgan. Kirish arkasi ustidagi ulkan mozaik panno besh-oʻn qirrali yulduzlar uygʻunligi bilan yulduzli osmonni aks ettiradi. Restavratsiya ishlari natijasida deyarli butunlay yoʻqolgan koʻplab koʻrinishlari qayta tiklangan hamda yodgorlikning konstruksiyasi puxtalik bilan mustahkamlangan. Xususan, madrasaning janubi-sharqiy va shimoli-sharqidagi minoralar toʻgʻrilanib, yuz yillar davomida yer ostida yashiringan janubiy va gʻarbiy fasadlarining marmar postamenti qazib chiqarilgan[2].
Madrasaning tashqi tomoni juda sodda tarzda, lekin ichi boy qilib bezatilgan. Madrasaning ichkarisidagi 16 ta hujralar bir-biriga tutashgan boʻlib, hovliga chiqish imkoniyatiga ega boʻlgan. Oʻz vaqtida madrasa talabalariga hujralar bepul berilgan, talabalarning baʼzilariesa hujarlarni uchinchi shaxslarga sotishga muvaffaq boʻlishgan[2].
Muhammad mahram minorasi ham 1903-yilda qurilgan boʻlib, madrasa va masjid bilan yagona majmuani tashkil etgan. Minora madrasaning janubi-sharqiy burchagiga joylashgan[5]. Minora binafsha va oq rangli sirlangan koshinlardan iborat yupqa dekorativ kamar shaklida bilan bezatilgan. Minora tepasida mis qubba saqlanib qolingan. Minoraning balandligi 19 metr, poydevor diametri 4,2 metrni tashkil qiladi[5].
Muhammad mahram masjidi atrofi keng hovli va yogʻoch ustunli ayvonlar bilan qaytadan qurilgan. Masjidning gumbazli zali bor. Masjid shiftlari anʼanaviy gumbazli qilib emas, balki tekis tom bilan qoplangan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 „Медресе Мамад Марам“.
- ↑ „Muxammad Maxram madrasasi“.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 „Хива - Медресе Мамат Марам“.
- ↑ 5,0 5,1 „Мухаммад Марам минарет“.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |