Nurobod tumani (Oʻzbekiston)
Nurobod tumani – Oʻzbekiston Respublikasining Samarqand viloyatida joylashgan tuman. Nurobod tumanining markazi Nurobod shahri. Jabuni-gʻarbdan Qashqadaryo viloyati bilan, shimoldan Kattaqoʻrgʻon tumani, sharqdan Pastdargʻom tumani bilan chegaradosh.
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Samarqand viloyati |
Maʼmuriy markazi | Nurobod |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
39°36′33.81″N 66°17′15.82″E / 39.6093917°N 66.2877278°E |
Nurobod tumani – Samarqand viloyatidagi tuman. 1975-yil 26-noyabrda tashkil etilgan. Shimoldan Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Paxtachi tumanlari, gʻarbdan Navoiy viloyati, sharqdan Samarqand, Pastdargʻom tumanlari, janubdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 4,79 ming km². Aholisi 98,7 ming nafar kishi (2003). Tumanda 1 ta shahar (Nurobod), 7 ta qishloq fuqarolar yigʻini (Jarquduq, Jom, Nurbuloq, Sazagʻon, Tim, Tutli, Ulus) bor. Markazi – Nurobod shahri.
Tabiati
tahrirRelyefi, asosan, yassitogʻlik, tekislik, adir va qirlardan iborat boʻlib, sharqdan gʻarbga nishab. Qarnob choʻlining bir qismi tuman hududida joylashgan. Iqlimi kontinental. Yillik oʻrtacha harorat 14°, eng yuqori harorat 43°. Vegetatsiya davri 180 kun. Yillik yogʻin miqdori 275 mm. Yogʻinning asosiy qismi qishda va bahorda tushadi. Sharqidan Eski Anhor va Moskva kanallari, tuman markazidan Galabek-Sobirsoy oqib oʻtadi. Qoratepa togʻlaridan Oqsoy, Anjirli, Omondara soylari oqib tushadi. Asosan, boʻz va qum tuproqli yerlar. Yantoq, shuvoq, karrak, oqquray, qoʻziquloq, chitir va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Boʻri, tulki, quyon, jayron, qushlardan chumchuq, chugʻurchiq, zargʻaldoq, tustovuq, oʻrdak, qargʻa, kaptar, sudralib yuruvchilardan kaltakesak, toshbaqa, ilon, echkemar, kemiruvchilardan yumronqoziq, qoʻshoyoq, koʻrsichqon, kalamush va boshqalar uchraydi.
Aholisi
tahrirAsosan, oʻzbeklar, shuningdek, rus, tojik, tatar, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 20 kishi. Shahar aholisi 8,7 ming nafar kishi, qishloq aholisi 90,0 ming nafarni tashkil etadi.
Xoʻjaligi
tahrirTuman xoʻjaliklari asosan, chorvachilik va dehqonchilikka ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Shirkat xoʻjaliklari gʻallachilik, sabzavotchilik, polizchilik, mevachilik, uzumchilik, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Tumanda 2 ta qoʻshma korxona, 58 ta kichik korxona, 5 ta aksiyadorlik jamiyati mavjud (2003).
Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi gʻallachilik. Qishloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 5627 ga boʻlib, 2 ming ga yerga gʻalla, 130 ga yerga sabzavot va poliz ekinlari, 30 ga yerga kungaboqar, 155 ga yerga beda ekiladi, 3370 ga yer bogʻdan iborat. Nurobod tumanida 8 ta shirkat xoʻjaligi, 520 ta fermer xoʻjaligi mavjud. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 20,7 ming bosh qoramol,280,2 ming bosh qoʻy va echki, 16,7 ming bosh parranda, 1461 bosh ot bor (2003).
2002-2003 oʻquv yilida 75 ta umumiy taʼlim maktabi boʻlib, 26 ming nafardan koʻproq oʻquvchi taʼlim oldi. Bir qator kasb-hunar kolleji, kasb-hunar maktabi, musiqa va sport maktablari faoliyat koʻrsatadi. Kutubxona, 52 ta klub, 16 ta madaniyat uyi, stadion va sport maydonlari ishlab turibdi.
10 ta kasalxona, tugʻruqxona va boshqa tibbiy muassasalarda 120 nafar vrach, 624 nafar oʻrta tibbiy xodim ishlaydi (2003). Tuman hududida mineral buloqli „Nagorniy“ sanatoriysi bor. Xalqaro va Samarqand— Qarshi yoʻnalishidagi poyezdlar tuman hududidan oʻtadi.[1]
Tim qishlogʻi 10 asrlik tarixga ega boʻlib, u yerda Arablar istilo qilgan paytda barpo etilgan „Arab-Ota“ maqbarasi mavjud boʻlib, u X asrda barpo etilgan. Bundan tashqari qishloqda „1000 yillik“ archa mavjud boʻlib, u qishloqning 10 asrlik tarixini oʻzida mujassam etadi. Tim qishlogʻining yarmi togʻ bilan oʻralgan boʻlib, ayniqsa bahor oyida juda ham chiroyli manzara kasb etadi. Qishloqning oʻrtasidan „Tim soyi“ kesib oʻtgan. Bu soyga suvni Piyozli, Miskon va Yaltir togʻlari taʼminlab beradi.