Qashqar yoki Koshgʻar (كاشغر) (Xitoy manbalarida Kashi, Kashiger) — XXRning gʻarbiy qismidagi shahar. Shinjon-Uygʻur muxtor rayoni (Sharqiy Turkiston)da, Tarim vohasining shim.gʻarbida Qizilsuv daryosi sohilida joylashgan. Mazkur toponim "qosh toshi (nefrit) koni" degan maʼnoni anglatadi. Aholisi 400 ming kishidan ziyod (2005).

Q. qadimdan Buyuk ipak yoʻlidagi chorraha va yirik savdo markazi boʻlib kelgan. Movarounnahr, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlarga qatnovchi karvonlar Q. orqali oʻtgan. Q. koʻhna va yangi shahar qismlariga boʻlinadi. Meʼmoriy obidalari va turar joy binolari Toshkentning eski va yangi qismlariga oʻxshash.

Shahar toʻgʻrisidagi dastlabki yozma maʼlumot miloddan avvalgi 2-1-asrlarga oid Xitoy manbalarida Suli (Suvlik, Sulek) nomi bilan uchraydi va oʻsha davrlarda 1500 oilaga ega xonlik poytaxti boʻlgan (bu davlat 7-asrning oʻrtalarigacha mavjud edi). "Suli" atamasi Q. chekkasidagi bir tumanning nomi sifatida hozirgacha saqlanib qolgan. Q. keyinroq hunlar, kushonlar, eftaliylar davlatlari, Turk xoqonligi (5—7-asrlar), Uygʻur xoqonligi (7—9-asrlar) tarkibiga kirgan. 10—12-asrlarda Q. qoraxoniylar xoqonligi poytaxti boʻldi. Shu davrda shahar madaniy jihatdan yuksaldi. Q.da yirik olimlar, jumladan, Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib va boshqalar faoliyat koʻrsatdi. Moʻgʻullar davrida ham Q. yirik madaniy markaz sifatida saqlandi. Moʻgʻul noibi Masʼud Yalavoch davrida yirik kutubxonaga ega boʻlgan madrasa qurilgan. Keyinroq Q.ni dugʻlot amirlari boshqardi. Abu Bakr davrida (1480—1514) Tumin va Qizilsuv daryolari oraligʻida yangi Q. shahri qurildi. Yorkent xonligi (1465—1759) va jungʻorlar hukmronligi davrida poytaxt Q.dan Yorkend shahriga koʻchirilgandan keyin ham Q.ning mavqeyi Sharqiy Turkistondagi eng yirik savdo va islom dini markazi sifatida saqlandi. Q.da Maxdumi Aʼzam (1461 — 1541) va uning qoraxoniylar avlodidan boʻlgan xotini Bibicha Koshgʻariydan tugʻilgan oʻgʻli Isoq Vali va uning avlodlari, jumladan, Ofoqxoʻja yashadi. 1755—1759-yillarda Xitoyda tashkil topgan manjurlar xoqonligi (Sin) Sharqiy Turkistonni istilo qilganidan soʻng Q. mazkur oʻlkadagi ikkinchi darajali maʼmuriy markaz boʻlib qoldi.

Q.da qoʻrgʻoshin,rux va volfram rudalari, qimmatbaho toshlar qazib olinadi. Qishloq xoʻjaligi mashinalari, ximikatlar, teriga ishlov berish, toʻqimachilik mahsulotlari, zargarlik va miskarlik buyumlari, gilamlar, qurilish materiallari, musiqa asboblari, pichoqlar ishlab chiqariladi. Q. qadimdan hunarmandchilik buyumlari bilan mashhur. Q. temir yoʻl orqali XXR ning barcha yirik shaharlari bilan bogʻlangan. Shaharda 1979-yilda qurilgan "Osiyo bozori" xalqaro savdoda muhim oʻrin tutmoqda. Ayni zamonda Q. yirik xalqaro turistik shaharga aylantirilgan. Shaharda Yusuf Xos Hojib maqbarasi, Ofoqxoʻja maqbarasi va madrasasi, Hayitgoh (Namozgoh) Jome masjidi va madrasasi mavjud. Shahar maydoniga Mao Zedongning balandligi qariyb 40 m.li haykali oʻrnatilgan. Shahar yaqinida Mahmud Qoshgʻariy va Sotuq Bugʻroxon maqbaralari mavjud. Q.dan 18 km shimolida Beshkerem daryosining jan. sohilidagi tepalikda 3 ta gʻor bor. Gʻorda saqlanib qolgan 70 dan ortiq haykal va devoriy rasmlar K. bundan ikki ming yil muqaddam budda dini markazlaridan biri boʻlganligidan dalolat beradi.