Qizilqum qoʻriqxonasi
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Qizilqum qoʻriqxonasi — Buxoro viloyatida Amudaryoning oʻrta oqimida, daryoning ikkala sohilida joylashgan. Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 10311 ga, shu jumladan, oʻrmon bilan qoplangan maydon 5338 ga, 800 ga maydoni qumli choʻl, 1883 ga toʻqayzor. Daryo sohillari boʻylab shim gʻarbdan janubi-sharqqa 30 km ga, sharqdan gʻarbga 3 km ga choʻzilgan. Vazifasi qoʻriqxona hududidagi oʻsimlik va hayvonot olamini oʻrganish, ilmiy tekshirish ishlarini olib borish va boshqalar Qoʻriqxona toʻqayzor va qumli choʻllardan tashkil topgan. Iklimi keskin kontinental, havoning quruqligi, haroratning oʻzgarib turishi, yogʻingarchilik miqdorining kamligi bilan ajralib turadi. Yogʻinlarning asosiy qismi (85—87%) qish va bahorda yogʻadi. Maksimal harorat yozda 41—44°, qishda 20—21°. Tuproqlari qumli, taqirsimon, allyuvial oʻtloqi, oʻtloqibotqoqi tiplardan iborat. Qoʻriqxona hududida oʻsimliklarning 15 turi: turangʻi, qamish, qizilmiya, jiyda, saksovul, qandim, cherkez, efemerlar, Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Bobrov astragali, Korolkov shirachi, qizilqum kovragi oʻsadi. Qoʻriqxona hayvonot dunyosi boy va xilmaxil. Umurtqali hayvonlarning 359, suv havzalarida baliqlarning 27, suvda hamda quruqlikda yashovchilarning 2, sudralib yuruvchilarning 28, qushlarning 267 va sut emizuvchilarning 35 turi bor. Buxoro bugʻusi (xongul), jayran, barxan mushugi, burgut (Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan), chiyaboʻri, yovvoyi choʻchqa (toʻngʻiz), choʻl mushugi, tulki, amudaryo tustovugʻi, kabutar, qora qargʻa, janubiy va toʻqay bulbullari uchraydi. Buxoro bugʻusi alohida muhofaza qilinadi.
Qoʻriqxonada uning hayvonot va oʻsimliklar dunyosini saqlash, koʻpaytirish, oʻrganish boʻyicha ilmiy va amaliy ahamiyatga ega boʻlgan tadqiqot ishlari olib boriladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |