Saksovul (inglizcha: Haloxylon) – shoʻradoshlar oilasiga mansub buta va daraxtlar turkumi. Boʻyi 1,5-12 m, tanasining diametri 1 m gacha boradi. Guli mayda, ikki jinsli, qarama-qarshi, tangachasimon, guloldi qoʻltigʻida bittadan oʻrnashgan. Barglari uchli, rivojlanmagan, tangachasimon, gul xreil qiluvchi novdachalari qari shoxlardan oʻsib chiqadi. Saksovulning yashil novdalari organik modda toʻplashga xizmat qiladi. I yillik yosh novdalarining koʻp qismi kuzda, ayniqsa, sovuq tushishi bilan toʻkilib ketadi, ozroq qismi esa yogʻochga aylanib saqlanib qoladi. Apreldan gullay boshlaydi, oktabrda urugʻlaydi. Osiyo (Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston, Xitoy, Mongoliya)da 10 turi uchraydi. Oʻzbekistonning Qizilqum choʻllarida oʻrmonlarni hosil qiluvchi asosiy turlari – oq va qora saksovuldir. Qora saksovul (inglizcha: Haloxylon aphyllum) – bargsiz buta yoki daraxt, balandligi 4-9 (12)m gacha. Asosan, Osiyoning choʻl va chala choʻllarida, shoʻrxok yerlarda, shoʻrlangan qumlarda, taqirlarda koʻp tarqalgan. Urugʻidan koʻpayadi. Yoʻllarda ixotazorlar barpo etishda foydalaniladi. Qora saksovul katta daraxtzorlar hosil qiladi, oq saksovulning tana va shox-shabbasi qoramtir boʻlishi, bargining tuzilishi bilan ajralib turadi. Oq saksovul (inglizcha: Haloxylon persicum) – yirik buta. Balandligi 2,5-6 m. Ildizi 10-11 m chuqurlikka boradi. Qozogʻiston, Oʻrta Osiyo, Eron, Afgʻoniston, Iroq, Saudiya Arabistoni, Gʻarbiy Xitoyning choʻl va sahrolarida oʻsadi. Oq saksovul qumliklarni mustahkamlash uchun ekiladi. Zaysan saksovul (inglizcha: Haloxylon ammodendron) turi Qoraqalpogʻistonning ayrim joylari (Ustyurt)da uchraydi.

Saksovulning xalq xoʻjaligida ahamiyati katta. Undan, asosan, oʻtin (yoqilgʻi), qoʻylar va tuyalar uchun toʻyimli ozuqa, qumlarni mustahkamlovchi, shamolni toʻsuvchi vosita sifatida foydalaniladi. Saksovul oʻrmonlari tuproqni eroziyadan saqlashda muhim oʻrinda turadi. Saksovul 50-60 yil yashaydi. Asosan, urugʻidan koʻpayadi va 5-7-yili normal urugʻlay boshlaydi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonda saksovul oʻrmonlari 22 mln. ga atrofida. Oʻzbekistonda Saksovul oʻrmonlari 1229 ming ga, shundan oq saksovul 976 ming ga, qora saksovul 253 ming ga ni egallaydi.

Oʻzbekistonda choʻl va yaylovlarga ekish uchun 1991-yilda chiqarilgan Nortuya navi rayonlashtirilgan. Soʻnggi yillarda saksovulni koʻpaytirish maqsadida bir qator oʻrmon xoʻjaliklari tashkil etilib, sunʼiy saksovulzorlar barpo qilinmoqda.[1]

Manbalar

tahrir
  1. Xonazarov, Abdushukur. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil