Qoʻqon xonligi arxivi – asosan XIX asrning 40—70-yillariga mansub boʻlgan Qoʻqon xonligi arxiv hujjatlari. Ularda xonlikning xoʻjalik hayoti haqida maʼlumotlar mavjud. 1939-yilda Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shchedrin nomidagi Markaziy davlat kutubxona yertoʻlasidan topilgan. Mazkur hujjatlar Qoʻqon xonligi Rossiya tomonidan egallanganidan soʻng 1876-yilda imperatorning Markaziy kutubxonasiga koʻchirilgan edi.

Qoʻqon xonligi arxivi
Mamlakat Qoʻqon xonligi (hozirgi Oʻzbekiston)
Til Tojik va oʻzbek tillari
Janr(lar)i Xoʻjalik arxivi
Qoʻqon xonligiga tegishli xoʻjalik arxiv hujjatlari

Rossiyaga yuborilishi

tahrir

Arxivning ruslar qoʻliga oʻtishi

tahrir

Qoʻqon xonligi arxivi hujjatlari Qoʻqon xonlarining XIX asr tarixiga taalluqli boʻlgan. Mazkur hujjatlar Qoʻqon xonligi Rossiya imperiyasi tomonidan egallanganidan soʻng 1876-yilda imperatorning Markaziy kutubxonasiga koʻchirilgan. Turkiston general-gubernatorligining birinchi general-gubernatori Konstantin Petrovich fon Kaufman buyrugʻi bilan arxiv Aleksandr Lyudvigovich Kunga topshirilgan.

Pantusov tadqiqoti

tahrir

Arxiv hujjatlari Sankt-Peterburgga yuborilishidan oldin oʻsha vaqtda Qoʻqon va Toshkentda boʻlgan Nikolay Nikolayevich Pantusov tanishib chiqqandi. U Qoʻqon arxiv hijjatlari toʻgʻrisidagi qisqacha xabarni „Qoʻqon xonlarining arxivi“ nomli maqolasida eʼlon qiladi va bu nashr „Turkestanskiye vedomosti“ gazetasining 1876-yildagi 12-sonidan joy oldi.

Nikolay Pantusovning yozishicha, arxivda muhim hisoblangan statistik maʼlumotlar, yaʼni masjid va madrasalarning vaqf yer egaligi, soliqqa tortish va soliq solish, soliqdan ozod qilingan shaxslar, harbiy ishlar (qurol turlarining roʻyxati, qurol quyish xarajatlarining roʻyxati, harbiy xizmatdan qochganlarning roʻyxati), harbiylarning va boshliqlarning xarajatlari va daromadlarining roʻyxati, xon qabul qilgan sovgʻalarning roʻyxati va boshqalar mingga yaqin „daftarlar“da saqlanib qolgan.

1875-yil Qoʻqon xonligida boʻlib oʻtgan gʻalayon tufayli arxivning koʻpgina qismi Qoʻqonning sobiq amaldorlari tomonidan oʻgʻirlangan, hujjatlar aralashib, ayrim qismlari shikastlangan, buzilgan, koʻp oʻramlarning boshi va oxiri yoʻqolgan. Markaziy davlat kutubxonasida bor yoʻgʻi 151 oʻram boʻlgan. Ehtimol oʻramlar toʻliq Sankt-Peterburgga yetib kelmagan. Ularning koʻp qismi muhim material sifatida Toshkentda qoldirilgan, unda xonlikning soliqlari va ish beruvchilarning sistemasi boʻlgan[1].

Topilishi

tahrir

Qoʻqon xonlarining arxivi uzoq vaqtgacha tadqiqotchilarga maʼlum boʻlmagan. 1939-yilda Sankt–Peterburgdagi Saltikov-Shchedrin nomidagi davlat ommaviy kutubxonasi yertoʻlasidan Qoʻqon xonlari arxivi hujjatlari topilgan. 1939-yil arxivni saralash paytida Pavel Petrovich Ivanov hujjatlarning muhim qismi tojik tilida ekanligi, kelib chiqishi Qoʻqon arxividan boʻlganligini eslatib oʻtadi. 1951-yilda esa Muhammadjon Yoʻldoshevich Yoʻldoshev taʼkidlaydiki: „Arxiv hujjatlarini saralash paytida Markaziy kutubxonada shuni aniqladikki, Xiva xonlarining arxivi qatorida Qoʻqon xonlarining mashhur arxivi ham bor edi…“[2].

Arxivning qayta ishlanishi

tahrir

Arxivni saralash va qayta ishlash 1952-yilda boshlangan. Arxiv nihoyatda achinarli ahvolda boʻlgan. Faqat ayrim muhrlangan toʻplamlardan tashqari barcha hujjatlar aralashib ketgan, ehtimol hujjatlar holda xon xazinasida shunday saqlangan. Ayrim hujjatlar gʻijim boʻlgan, ayrimlari yirtilgan, ayrimlari esa zich taxlanib ipdan oʻtkazilgan (hujjat saqlashning bir turi), ayrimlari kir boʻlib ketgan.
Hujjatlarni qayta tiklab, uni tozalash Markaziy kutubxonaning qayta tiklash boʻlimi xodimi Ye. X. Trey va uning yordamchisiga topshirilgan. Bu ish ikki yil davom etgan (5026 varaq). Soʻng ularni saralab, tartibga solish va tavsiflash kerak edi[3].

Arxivning tarixiy davri

tahrir

Arxiv hujjatlarini saralab tartibga solish paytida uning xronologik chegarasi aniqlangan. Hujjatlarning aksariyat qismi Xudoyorxon hukmronligining uchinchi davri, yaʼni 1866—1875-yillarga toʻgʻri keladi. Xuddi shu xronologik sanalarni Nikolay Nikolayevich Pantusov ham taʼkidlab oʻtgan.

Arxiv hujjatlarini sinchiklab tekshirilgan paytda yana shu maʼlum boʻladiki, hujjatlarda Xudoyorxonning otasi Sheralixonning (1842—1845) hukmronlik yillari, Xudoyorxonning akasi Mallaxonning (1858—1862) hukmronlik yillari haqida maʼlumotlar topilgan. Hujjatlarning asosiy qismi 1860-yillar boshi va 70-yillarni oʻz ichiga oladi. Hujjatlarning chorak qismi sanalashtirilmagan[4].

Oʻzbekistonga yuborilishi

tahrir

Qoʻqon xonlari arxivi 1962-yilda Oʻzbekiston SSR arxiv boshqarmasiga joʻnatilgan, arxiv hujjatlarining mikrofilmlari Leningradda M. E. Saltikov-Shchedrin nomli davlat kutubxonasida va SSSR FA Osiyo xalqlari instituti qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda. Anna Leonidovna Troitskaya tomonidan Qoʻqon xonlari arxivi katalogi tuzilgan va 1968-yilda nashr qilingan[5]. Katalogda 5 ming atrofidagi hujjatlar jamlangan. Hujjatlar asosan XIX asrning 40—70-yillariga taalluqli boʻlib, ularda xonlikning bu davrdagi xoʻjalik hayoti aks etgan. Katalog sistemali tartibda boʻlimlarga boʻlingan, ismlar va geografik nomlar koʻrsatkichlari hamda atamalar izohlari bilan taʼminlangan.

Arxiv hujjatlari

tahrir

Soliq va yer-mulk haqida

tahrir

Xudoyorxon hukmronligining uchinchi davrida soliq tizimi qayta ishlab chiqilgan. Xon yangi soliqlar joriy qilgan, masalan, oʻrmon soligʻi, nikohdan tushadigan pul va hokazo. Qoʻqon xonlarining arxivi oʻzining mundarijasiga koʻra, xoʻjalik hujjatlari hisoblanadi. Unda Xudoyorxonning yer egaligi va yerlardan foydalanish, ayniqsa xonning shaxsiy yerlarida, xos yerlar yoki mirri xususiy yerlar – mulkiyat, ayniqsa qozilarning xonga yoki bekka yer mulklarini hal qilish murojaatlari, koʻchmas mulk egaligi va merosni boʻlish haqida koʻplab maʼlumotlar bor.
Yer hadyalari, xiroj soligʻi, uy atrofidagi yerlarga tanobona soligʻi va boshqalar toʻgʻrisida ham maʼlumotlar koʻp. Arxiv materiallarida xiroj soligʻini toʻlashda soliqlardan ozod qilinish shartlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Undan tashqari soliqlarni kim sarf qilganligi yozilgan (xon, beklar va Margʻilon beki Sulton Murod). Qolgan soliqlar va hukumat soliqlari faqatgina ayrim tasodifiy hujjatlarda saqlanib qolgan. Masalan, zakot soligʻi shunday tasodifiy hujjatlarda saqlangan. Bozor soliqlari, merosni taqsimlashdan kelgan pullarni yigʻish – tarokona yoki tarikana, nikoh shartnomasini tuzish haqida – nikoxona kabi hujjatlar kam saqlangan. Nikolay Pantusovning aytishicha, bu kabi hujjatlar Qoʻqon xoni qozilik arxivida boʻlgan, lekin ular muhim statistik material sifatida Toshkentda qoldirilgan[6].

Xudoyorxon mulklari

tahrir

Hujjatlar orasida Xudoyorxonning xususiy xoʻjaligi va xon oʻrdasi toʻgʻrisida, qoʻrgʻoshin buloqlar, neft ishlab chiqarish va undan kerosin tayyorlash, xonning gʻisht zavodlari va gugurt ishlab chiqarish toʻgʻrisida materiallar bor. Arxiv hujjatlarida Xudoyorxonning Qoʻqon yaqinidagi Yer masjid yoki Margʻilon bekligiga yaqin deb ataluvchi shaxsiy yerlari toʻgʻrisida maʼlumot bor.

Sulton Murodga oid hujjatlar

tahrir

Margʻilon beki Sulton Murod toʻgʻrisida ham koʻpgina hujjatlar saqlangan. Masalan, uning xoʻjaligi, uning qasri va qasrni qurish usuli, xizmat qiluvchi odamlari, Oʻrda ahli va bekning shaxsiy hayoti haqida maʼlumotlar mavjud.

Siyosat va madaniyat

tahrir

Arxivda yana harbiy ishlar toʻgʻrisida (qoʻshin yigʻish, harbiylarni taqdirlash, qurol ishlab chiqarish) koʻpgina hujjatlar mavjud. Arxiv hujjatlarida yana moddiy madaniyat, yaʼni kiyim, mato haqida maʼlumotlar uchraydi. Arxivda deyarli hech kim oʻrganmagan va manbalarda berilmagan Oʻrta Osiyoning diplomatik masalalari toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar bor[7].

Manbalar

tahrir
  1. Is’hoqov M. M., Alimova R. R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 150-bet.
  2. M.Yu. Yuldashev, Noviy arxivniy istochnik po istorii Sredney Azii. – Kratkie soobщeniya instituta vostokovedeniya AN SSSR. № 1, 1951, –S. 37.
  3. Is’hoqov M. M., Alimova R. R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 151-bet.
  4. Is’hoqov M. M., Alimova R. R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 152-bet.
  5. Troitskaya A. L. Katalog arxiva kokandskix xanov XIX veka. M., Nauka. 1968.
  6. Is’hoqov M. M., Alimova R. R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 153-bet.
  7. Is’hoqov M. M., Alimova R. R. Arxivshunoslik / Darslik. Toshkent, 2020. 154-bet.