Sahrói kabír (arabcha: الصحراء الكبرى, as-Sahro al-Kubro; fransuzcha: Sahara) — Yer yuzidagi eng katta tropik choʻl hisoblanadi. Afrika qitʼasining shimolida joylashgan. Gʻarbdan sharqqa qarab taxminan 4800 kmga, shimoldan janubga qarab 800 dan 1200 kmgacha choʻzilgan bo'lib ; 8,6 mln km maydonni egallaydi. (Afrika qitʼasining 30 %ga yaqin maydoni, Braziliyadan kattaroq). Gʻarbdan Atlantika okeani sohillarigacha, shimolda Atlas togʻlari va Oʻrtayer dengizi, sharqdan Qizil dengiz bilan oʻralgan. Sahroning janubiy chegaralari (16° shimoliy kenglikda) kamharakat qumli dyunalar iborat bo'lib, undan janubda Sudan savannasiga oʻtuvchi Saxel regioni joylashgan[1].

Sahroi Kabir
arabcha: الصحراء الكبرى
Yer sunʼiy yoʻldoshidan olingan tasvir NASA World Wind
Yer sunʼiy yoʻldoshidan olingan tasvir NASA World Wind
23°5′0″N 12°37′0″E / 23.08333°N 12.61667°E / 23.08333; 12.61667
MamlakatlarJazoir Jazoir
Liviya Liviya
Mali Mali
Marokash Marokash
Mavritaniya Mavritaniya
Misr Misr
Niger Niger
Sudan Sudan
Tunis Tunis
Gʻarbiy Sahroi Kabir Gʻarbiy Sahroi Kabir
JoylashuviShimoliy Afrika
Uzunlik800−1 200 km
Kenglik4 800 km
DaryolarNil Niger
KoʻllarChad
Sahroi Kabir (Afrika)
Sahroi Kabir

Sahroi Kabir qisman oʻndan ortiq mamlakat — Jazoir, Liviya, Mali, Marokash, Mavritaniya, Misr, Niger, Sudan, Tunis, Gʻarbiy Sahroi Kabir va Chad hududini egallagan edi. Choʻlning katta maydonida oʻtroq ahloli yashamaydi, oʻtroq hayot asosan vohalar, Nil va Niger daryosi vodiylarida tarqalgan. Sahroi Kabirda asosan qumli-toshli rayonlar koʻp uchrasada, uni faqat bir tipdagi choʻllar kiritib boʻlmaydi. Sahro turli hududlarga boʻlib, ular: Tenere, Katta Sharqiy Erg, Katta Gʻarbiy Erg, Tanezruft, Al-Hamro, Igidi, Erg-Shesh, Arab choʻli, Jazoir choʻli, Liviya choʻli, Nubiya choʻli va Talaq choʻllaridan iborat.. Sahroi Kabir doimiy ravishda oʻsib bormoqda: u har yil janubga tomon 6÷10 kmga kengaymoqda[2].

Sahroyi kabirdagi javohir nomi

tahrir

Sahroi Kabir nomining ilk bora esga olinishi eramizning I asriga oid bo'lgan[3]. U arabcha (arabcha: صَحراء - ṣaḥrāʾ) soʻzidan olingan boʻlib, “choʻl”, “sahro” maʼnolarini beradi, bu soʻzning koʻplik maʼnosini beruvchi koʻrinishi esa “ṣaḥārā” koʻrinishiga egadir. Bundan tashqari, uning sifat beruvchi “aṣḥar” soʻzi bilan aloqasi bor, deb hisoblashadi. Bu soʻz hech nima oʻsmaydigan qizil tekislik, maʼnosini anglatadi. Boshqa manbalarga qaraganda, qadimgi arab tilida “sahra” — “jigarrangsimon qizil” maʼnosiga ham ega bo'lgan holda ular Sahroi kabordan iborat[4]. Sahroi kaborning bir nechta hududlar nomi, jumladan Tanezruft (Jazoirning janubi-gʻarbi), Tenere (Nigerning markazida), Shimoliy Afrikaning tub aholisi hisoblanmish, barbarlar tilidan olingan edi[1].

Joʻgʻrofiy xarakteristikalari

tahrir

Maydoni

tahrir
 
Sahroi Kabir (Tunis)

Turli manbalar Sahroi Kabirning maydonini turlicha talqinda aniqlashtirishadi, shuning uchun maydon oʻlchamlari bahosi oʻzgarib turar edi. 100 va 200 mmli izogiyeta, quruqlik indeksi, xurmo daraxtlarining meva berish chegaralari va shimolda sparto oʻtlarining oʻsishi, shuningdek, janubda boshqa turdagi oʻsimliklarning oʻsish maydoni kabi aniqlash usullaridan foydalanishgan. Ayrim manbalar Sahroi Kabirning sharqiy chegarasi Nil daryosi bilan tugashini hamda Arab choʻli va Nubiya choʻli uning tarkibiga kirmasliklarini yozishadi. “Bolshaya sovetskaya ensiklopediya”da choʻl diapazoni 6 mln.dan dan 8 mln km2 gacha ekanligi yozilgan[5]. Britannika ensiklopediyasi maʼlumotlariga qaraganda Sahroi Kabir 8,6 mln km2 maydonni egallagan boʻlib, u qitʼa hududining 30 %ini egallagan edi[1]. WWF tashkiloti esa, sahro maydonini 9,1 mln km2 deya taʼkidlaydi[6].

Geologiya va foydali qazilmalar

tahrir

Choʻl qadimiy Afrika platformasining shimoli-gʻarbiy Sahroi Kabir plitasida joylashgan. Plitaning markaziy qismi boʻylab gʻarbdan sharqqa tomon Markaziy Sahroi Kabir tepaliklar zonasi choʻzilib yotgan boʻlib, u yerda quyi kembriy davri kristall poydevori plita yuzasiga chiqib qolgan. Tepaliklar zonasidan shimolda va janubda Shimoliy Sahroi Kabir va Janubiy Sahroi Kabir pastliklari joylashgan boʻlib, u yerdagi platforma bukiklari fanerozoy choʻkindi togʻ jinslari bilan qoplangan. Bu zonalarda boʻr davri oʻrtalariga qadar qitʼaviy qatlamlar toʻplangan, keyinchalik ular boʻr davri oxirlari va paleogen davri boshlarida dengiz choʻkindilari bilan yopilgan (pastliklarning janubiy qismida dengiz choʻkindilari qalinligi pasayib boradi). Olitsogen davridan boshlab dengiz chekingan va qadimgi massivlar (ayniqsa Axaggar va Tibetsi) kuchli koʻtarilishlarga uchraganlar. Janubiy Sahroi Kabir pastliklar zonasida tekis Taodenni sineklizasi, Gao grabeni, Mali-Niger sineklizasi va Chad sineklizalari mavjud[5]. Platformaning turgʻunligi sabab, paleozoy erasining formalari gorizontallikni saqlab qolgan va kam oʻzgargan. Sahroning shimoliy qismida (gʻarbiy Misr, Jazoir) bu jinslar choʻkiklar va havzalar bilan bogʻlanib ketgan. Sahroning janubiy qismidagi platforma bukilishlari kaynozoy koʻllari (Chad koʻli va Unianga koʻllar guruhi shular jumlasidandir) bilan egallangan ulkan havzalarni vujudga keltirgan[1]. Sahro hududida boy neft va gaz resurslariga ega Sahroi Kabir neft-gaz havzasi boʻlib, unda Xassi-Mesaud, temir rudasi, Kediyet Ijil, mis rudasi konlari mavjud. Oltin, volfram, uran va noyob metallar konlari quyi kembriy poydevori bilan bogʻliq.[3][5]

Relyefi

tahrir
 
Sahroi Kabirning topografik xaritasi

Sahroi Kabirning landshafti turli-tuman. Maydonining koʻp qismini (70 %ga yaqin[3]) qoyali gil tepaliklar va 500 mgacha balandlikka ega toshli platolar (xamada)dan iborat. Sahroning markaziy qismida Tibesti (Sahroi Kabirning eng baland nuqtasi — Emi-Kusi vulqoni) va Axaggar (Taxat togʻi, 3003 m) togʻlari mavjud. Bu hududlarda neogen va antropogen davrlarida juda faollashgan vulqonlarning, chuqur va keng vodiylar (kengligi 30 km, uzunligi 400 km) va qurib qolgan qadimgi daryolar oʻzanlaridan iborat.[5] Togʻoldi hududlarining oʻziga xos jihati shuki, u yerda togʻ jinslarini oʻrab oluvchi ferromarganetsli qora qatlam mavjuddir. Sahro platosi asosan shamolda uchib yuruvchi jinslardan tarkib topgan (masalan, Jazoirdagi Tademait platosi).[1][5] Sahroi Kabirda qoyalar, togʻlar va platolardan tashqari koʻplab uncha chuqur boʻlmagan shoʻrxok, oqmas suv havzalari (sebxalar, shottlar va dayilar), vohalarga ega ulkan choʻkiklar ham uchraydi. Choʻlning nisbatan quyi joylashgan hududlari — Kattara (-133 m, Sahroi Kabirning eng past nuqtasi), Al-Fayyum, Melgir (-26 m) va Bodeledir.[1] Turgʻunlikka moslashgan vadilar, qumli choʻllar (erglar) va dyunalar sahroning 25 %ini yaʼni 2,2 mln km2 maydonini egallagan.[1][5]. Sahroning eng koʻp qumga ega qismlar — Igidi, Erg-Shesh, Katta Gʻarbiy Erg, Katta Sharqiy Erg, Erg-Shebbi va boshqalardir. Barxanlar tizmasi nimjon kserofit oʻsimliklar bilan qoplangan. Sahroda aylana, yulduzsimon, kesishgan dyunalar, oʻroqsimon barxanlar uchraydi; piramidasimon dyunalar 150 mgacha, tizmalar 200-300 mgacha balandlikka yetishi mumkin. Shimoliy va shimoli-sharqiy hududlarning janubi — Aubari, Idexan-Marzuk, Tenere, Liviya choʼlida koʻchib yuruvchi qumliklar uchraydi.[1][5]

     
. Tadrart-Akakus togʻlari, Liviya Ennedi hududidagi Gelta, Chad

Suv resurslari

tahrir

Choʻl tashqarisidan oqib kiruvchi bir necha daryo sahroning yer usti va yer osti suvlarini toʻldirib turadi. Nil sahrodagi yagona doimiy suv oquvchi daryodir[5]. 1964-1968-yillarda Nil daryosida Nosir nomli katta suv ombori qurilgan. Nil suvi pasaygan paytda bu ombor Toshka koʻllarini vujudga keltiradi. Sahro janubida bir necha daryolar Chad koʻliga quyiladi, ularning koʻplari shimoli-sharqqa tomon yurishni davom ettirib, mahalliy suvli qatlamlarni boyitadi. Choʻlning janubi-gʻarbiy qismidan oʻz ichki deltasiga Fagibin, Garu, Niangay va b. koʻllarni olgan Niger daryosi oqib oʻtadi.[1]

Sahroning shimoliy hududlariga Liviya, Jazoir, Tunis va Marokashning Antiatlas, Atlas, Ores va boshqa sohilboʻyi tepaliklaridan oqib keladigan, irmoqlar va vadilar (asosan quruq, kuchli yomgʻirlardangina toʻlib oquvchi suv yoʻllari) suv olib keladilar. Bunday daryolardan eng kattalari — Draa, Saura va Ziz. Ulardan kichikroq vadilar asosan kelib shottlarga quyiladilar. Sahroi Kabirning ichki qismida Axaggara, Tassilin-Ajera va Tibesti oʻzanlaridan qadimiy va keng daryolar tarmogʻi — Igargar, Tafasaset, Tamanrasset va b. vadilar yoyilib ketadi. Ulardan ayrimlari juda qadimda, qitʼaning iqlimi namroq boʻlgan paytlarda vujudga kelgan, boshqalari esa, Jazoirning Tamanrasset shahrini vayron qilgan suv toshqini (1922-yil) kabi tabiiy toshqinlar natijasida paydo boʻlgan. Sahroning qumli dyunalari yomgʻir suvining koʻpgina qismini oʻzida saqlab qoladi. Keyinchalik ular sahro qiyaliklaridagi buloqlardan sizib chiqadi. Yomgʻirlar shuningdek geltalarni ham toʻldiradilar, geltalardan ayrimlari doimiy boʻlib, ular qurib qolmaydilar (Arshey, Zemmur va b.). Sahroi Kabirning chekkalari va markaziy togʻ massivlarida botqoqlashgan va kuchli minerallangan relikt koʻllar ham saqlanib qolgan, misol uchun Unianga koʻllar guruhiga kiruvchi Yoa koʻlini keltirish mumkin.[1][5] Sahroi Kabir qumlari ostida ulkan yerosti suv havzalari joylashgan, ular orasida artezian suv havzalarini mavjud. Bu havzalar asosan kontinental quyi boʻr davri qumtoshlari qoshida mavjud boʻlib, vohalarni suv bilan taʼminlaydi. Yerosti oqimining kuchliligi sabab, sahroning shimoliy qismi yerosti suvlariga boy, yerning nam qatlami esa, biroz quyiroqda joylashgan. Yerosti suvlaridan irrigatsiya maqsadida ham foydalanishadi, bunga misol qilib Liviyaning Buyuk sunʼiy daryo loyihasini keltirish mumkin.[5]

     
Buyuk Atlas togʻlaridan Sahroga oqib tushuvchi Ziz daryosi Togʻoldi Axaggar vohasi Arshey geltasidagi suv manbasi olida tuyalar, Chad

Tuproqlar

tahrir

Sahroi Kabirning asosiy qismi tuproqlari tropik choʻl, yarimchoʻl (mayda tosh, shagʻalli, qumli) xarakteriga ega. Tuproq organik moddalarga boy emas, tuproq qatlamlarining farqi yaqqol sezilmaydi. Ayrim hududlarda azot toʻplovchi bakteriyalar uchrasada, Sahroi Kabir tuprogʻi biologik jihatdan nofaol hisoblanadi. Choʻlning chekka qismlarida organik moddalar miqdori koʻproq; choʻnqirlarda asosan tuzga boy tuproq uchraydi. Oʻzaro birikmagan karbonatning mavjudligi past darajadagi ishqorlanishdan dalolat beradi. Sahroning shimoli-gʻarbiy hududkarida 1-2 m qalinlikka ega boʻlgan oxak-gips aralashmali tuproq qatlamlari koʻproq tarqalgan. Oʻsimliklarga nisbatan ehtiyotsiz muomala va oʻzboshimchalik bilan tuproqqa ishlov berish va shamollar oqibatida, koʻchib yuruvchi qumlar vohalarni egallab olmoqda. Buning oldini olish maqsadida 1974-yil Liviyada “yashil devor” loyihasi boshlab yuborilgan, unga koʻra 1500 km masofaga ekilgan evkalipt va b. daraxtlardan tabiiy qalqon hosil qilingan.[1][5]

Iqlimi

tahrir

Iqlimiy nuqtai-nazardan qaralsa, hozirgi Sahroi Kabir hududi paleotsen davri boshlarida, taxminan 5 mln yil avval choʻlga aylangan, sahro hududi soʻnggi marta neolitik subpluvial davrida savanna boʻlgan. Hozirgidek quruq iqlim taxminan 10 ming yildan beri davom etmoqda.[5] Sahroi Kabir tabiiy sharoitining sezilarli darajada oʻzgarishini XVI asrdan XVII asrgacha, Yevropada Kichik muzlik davri yuz bergan vaqtda kuzatishgan. Bu vaqtda sahroning shimoliy chegarasi va shimoliy hududlari boʻylab yogʻingarchilik miqdori ortgan. XIX asrga kelib, sahro iqlimi xuddi hozirgiga oʻxshash koʻrinish kasb etgan.[1] Sahroi Kabirning iqlimiga yil boʻyi shimoli-sharqiy passat shamollari kuchli taʼsir oʻtkazib keladi. Oʻrtacha namlik miqdori 30-50 %ni tashkil etadi, namlik miqdorining pastligi va yuqori darajadagi bugʻlanish (potensial bugʻlanish miqdori 2500-6000 mm) ingichka sohilboʻyi hududlarini hisobga olmaganda, sahroning barcha hududlari uchun oddiy holat hisoblanadi.[5] choʻlda ikkita asosiy iqlimiy sharoit ajralib turadi: shimolda quruq subtropik, janubda quruq tropik. Shimoliy hududlar sutkalik va yillik haroratning keskin oʻzgarishiga uchraydilar, qishda salqin, hatto sovuq va yozda oʻta issiq. Yiliga ikki marta oʻta kuchli yogʻingarchilik miqdori kuzatiladi. Janubiy hududlar yozi issiq, qish esa iliq va quruq. Issiq va quruq mavsumdan keyin yozgi yomgʻirlar mavsumi boshlanadi. Gʻarbiy sohilboʻyi qismlarda biroz salqinroq iqlim hukm suradi, buning sababi, sohilni sovuq Kanar oqimi yuvib turishidir.[1]

     
Jazoirdagi Issauan ergining Yer sunʼiy yoʻldoshidan olingan surati. Unda bugʻlanib ketgan yomgʻir suvining dyunalar orasida toʻplanib qolgan tuzlarini koʻrish mumkin (oq-koʻk hududlar) Rishat — Sahroi Kabir gʻarbidagi geologik formatsiya Sahrodan Kanar orollari tomonga samol taʼsirida uchib yuruvchi qum zarrachalari yoʻnalmoqda

Shimoliy qism

tahrir
 
Tardrart-Akakus togʻlari uzra oʻzgacha bulutlar

Sahro shimolidagi quruq subtropik iqlimni Shimoliy tropik uzra esuvchi kuchli bosim ostidagi Xardli yacheykasi bilan izohlash mumkin. Sutkadagi oʻrtacha haroratning yillik farqi taxminan 20 °C. Qish shimolda nisbatan sovuq, markaziy hududlarda biroz salqin. Shimoliy hududlarda qish faslining oʻrtacha harorati +13 °C[1] iyul oyining oʻrtacha harorati +37,2 °C (Adrar), sutkaning oʻrtacha harorati esa, +40 °C dan ham oshishi mumkin. Yoz va qishda sutkalik harorat sezilarli darajada oʻzgarishi mumkin. Qish tunlarida tuproq muzlaydi, markaziy hududlarda esa, tunhi harorat −18 °C gacha yetishi mumkin. Yoz issiq, kuzatilgan maksimal harorat +57,8 °C (Al-Aziziya). Yer yuzasining qizishi +70…+80 °C gacha yetadi[5]. Yogʻingarchilik miqdori turli xilda boʻlib, oʻrtacha yillik yogʻingarchilik 76 mm. Yomgʻirlar asosan dekabrdan to martgacha kuzatiladi, maydan iyuncha yogʻingarchilik miqdori kamayadi. Yomgʻirlar mavsumining ikkinchi qismi avgust oyiga toʻgʻri keladi, momaqaldiroq kuzatiladi. Bu vaqtda kuchli ammo qisqa toshqinlar yuzaga kelishi mumkin.[1] Ichki hududlarda bir necha yillab yogʻingarchilik kuzatilmasligi mumkin, Axaggar va Tibestining shimoliy hududlarida esa deyarli har kuni qisqa muddatli qor yogʻadi. Sahroning katta qismida tong paytlarida shudring tushishi kuzatiladi.[5] Quruq subtropiklar shuningdek, ichki hududlardan koʻp kunli qum boʻronlarini olib keluvchi, issiq shamollari bilan ham mashhurdir (shamol tezligi baʼzida 50 m/sekundga yetadi[5]). Ular ayniqa bahorda kuzatiladi, lekin boshqa fasllarda ham bunday holat yuz berishi mumkin. Misrda bu shamollar xamsin va samum, Liviyada gibli, Tunisda chili deb ataladi. Sudan bunday shamollar xabub deb atalib, uning davomiyligi qisqaroq va yomgʻirlidir[1].

Janubiy qism

tahrir

Janubning quruq tropik iqlimiga kuchli bosimli havo yacheykasidan tashqari, muqim subtropik mavsumiy qitʼa havosi va janubroqda joylashgan oʻzgarib turuvchi dengiz havo oqimi doimiy taʼsir oʻtkazadi. Quruq tropik iqlim sutkalik haroratining yillik oʻzgarishi oʻrtacha 17,5 °C ni tashkil qiladi. Eng sovuq oylarning oʻrtacha harorati xuddi shimoliy hududlar kabidir, lekin sutkalik haroratning oʻzgarish keskinligi pastroq. Togʻli hududlarda baʼzida harorat nol darajadan pastroq boʻlishi mumkin. Tibesti togʻlarida qayd etilgan eng past harorat −15 °C. Bahorning oxiri va yozning boshlanishi juda issiq, koʻp hollarda havo harorati 50 °C gacha yetadi.[1] Quruq tropiklarning togʻli hududlarida yillik yogʻingarchilik miqdori yuqori emas, tekislik hududlarida yomgʻirlar asosan yozda yogʻadi. Shimolda boʻlgani kabi yomgʻirlar asosan momaqaldiroq bilan davom etadi. Yillik yogʻingarchilik miqdori oʻrtacha 130 mmni tashkil etadi, markaziy togʻli massivlarda kam hollarda qor yogʻishi mumkin. Sahroning gʻarbiy qismi harorati sovuq Kanar oqimi taʼsirida biroz iliqlashadi, natijada konveksion yogʻingarchilik miqdori kamayadi, namlik miqdori ortadi va tuman tushishi kuzatiladi. Janubiy hududlarda qish, chang va qum olib keluvchi quruq shimoli-sharqiy shamol — xarmatan davri hisoblanadi.[1]

Oʻsimlik dunyosi

tahrir
 
Erg-Shebbidagi xurmo daraxti
 
Ubari vohasidagi palma daraxti

Sahroi Kabir florasi uncha boy emas, u vadilardan uzoqda, vohalarda, baladliklarda oʻsuvchi kam turli oʻtlar, butalar va daraxtlardan tashkil topgan. Choʻnqirlarda tuzga chidamli galofitlar oʻsadi. Suv taqchil boʻlgan tepalik va platolarda issiqlikka moslashgan oʻt, buta va daraxtlar oʻsadi.[1] Koʻplab hududlarda oʻsimlik umuman uchramaydi. Sahroning deyarli barcha hududlaridagi oʻsimliklarning hayotiga inson omili juda kuchli taʼsir oʻtkazgan (chorvachilik, dorivor oʻsimliklarni yigʻib olish va hokazo).[5] Sahroi Kabirning oʻsimliklar dunyosi ayniqsa yogʻingarchilikning nomuntazamligiga yaxshi moslashgan. Koʻp yillik qurgʻoqchilikka chidamli butalar ancha uzun va koʻp tarmoqli ildiz tizimiga ega (15-20 mgacha). Oʻtsimon oʻsimliklarning eng koʻp tarqaligan turlaridan biri efemerlar boʻlib, ular yetarlicha namgarchilikdan keyin uch kun ichida urugʻ hosil qiladilar va 10-15 kun ichida urugʻlarini atrofga yoyadilar.[1] Sahroning togʻli hududlarida Oʻrtayer dengizi endemiklarining turdoshi hisoblangan neogendavri reliktli oʻsimliklari uchraydi. Togʻlarda oʻsuvchi daraxtsimon reliktlilar orasida zaytun, sarv kabilarni uchratish mumkin. Bundan tashqari choʻlda akatsiya, yulgʻun, shuvoq, oleandr, xurmo, efedra kabi oʻsimliklar mavjud. Vohalarda finik palmasi, anjir, zaytunsimon va mevali daraxtlar, ayrim sitruslar, turli sabzavotlar oʻsadi. Atlantika okeani qirgʻoqlarida turli ajriqlar va boshqa shoʻrlikka chidamli oʻsimliklar oʻsadi. Suv havzalarida suv oʻtlari uchraydi.[1][5]

Hayvonot olami

tahrir

Sahroi Kabir faunasi Efiopiya va Golarktika zoogeografik hududlarga mansub boʻlib, 4 mingga yaqin turga boʻlinadi (asosan umurtqasizlar). Sahro hududida endemiklik 10-12 %ni tashkil qilsa ham, hududdagi hayvonotning 40 %i afrika endemiklari turiga mansub. Choʻl jonivorlarining yashash hududi asosan markaziy togʻoldi hududlar bilan cheklanadi. Qurgʻoqchil yerlarda jonivorlar soni va turlari juda kamchilikni tashkil qilib, hatto 2 kg/ga gacha kamayib ketishi mumkin. Jonivorlarning asosiy qismi tungi hayot tarzini olib borishadi.[5] Sutemizuvchilar (60 ga yaqin tur[5]): qumsichqonlar oilasi, qoʻshoyoqlar oilasi, karp quyoni, efiopiya tipratikani, barbar qoʻyi, hanjarshox antilopa, dorkas gʻizoli, muflon, nubiya yovvoyi eshagi, pavian (Air va Tibestida), yoldor sirtlon, shoqol, gepard, choʻl tulkisi, fenek va mangustsimonlar (misr mangusti va b.) uchraydi. Shimoliy Sahroi Kabirdagi oxirgi addaks antilopasi 1920-yillar boshida oʻldirilgan. Sahroning janubi va markaziy togʻli hududlarda uning populyatsiyasi ancha qisqarib ketgan. Shimoliy Afrika fili Qadimgi Rim davridayoq qirilib ketgan. Shimoliy chegaralarda sher va tustovuqni oxirgi marta 1830-yilda uchratishgan.[1][5] Agar uchib oʻtuvchi koʻchmanchi qushlarni qoʻshib sanasa, sahroda yashovchi jonivor turlari soni 300 dan ortadi. Sohilboʻyi hududlari va ichki suv havzalari koʻplab suvda suzuvchi qushlarni oʻziga jalb qiladi. Ichki hududlarda tustovuq, turli etxoʻr qushlar, kotibqush, Neotis nuba, afrika ukkisi, sesarka, boyqush, choʻl quzgʻuni va b. uchraydi.[1] Kaltakesaklar, echkiemarlar, buqalamunlar, uzunoyoqlar, shoxdor ilonlar va kobralar toshloq va qumloq hududlarda yashaydilar. Turli shilliqqurtlar qushlar va b. jonivorlarning ozuqasiga aylanadi. Koʻllarning hayvonot dunyosini asosan qurbaqalar, baqalar, kichik timsohlar, artemiyalar va qisqichbaqasimonlar tashkil qiladi. Shimoliy Sahroi Kabirning reliktli tropik suv faunasi asosan somsimonlar va etropluslardan iborat.[1]

     
Sahroning eng chekka hududlarida yashovchi va qirilib ketish xavfi ostida turgan addaks antilopasi Fenek mitti tulkisi Qirilib ketish xavfi ostida turgan dorkas gʻizoli

Xalqlar

tahrir
 
Tadrart-Akakus togʻlaridagi qoyatosh suratlari

Sahroi Kabirning hududi salkam AQSH hududi bilan tengligiga qaramay, (Nil vohasini qoʻshib hisoblaganda ham) aholi zichligi bor-yoʻgʻi km2 ga 0,4 kishini tashkil qiladi (2,5 mln kishi).[1] Juda katta hududlarda aholi yashamaydi. Qadimgi davrlarda Sahroi Kabir hududlari bundanda koʻproq aholiga ega boʻlgan. Sahro hududida keng tarqalgan TOSH yodgorliklar, toshqotgan buyumlar va qoyatosh suratlari bu yerlarda insonlar hamda antilopa, buyvol, jiraf, fil, karkidon, tongʻiz kabi koʻplab jonivorlar yashaganliklaridan guvohlik beradi. Suyakdan yasalgan nayzalar, chigʻnoq va baliq tozalangan joylar, ov qilingan timsoh, begemot suyaklari qadimiy koʻllar boʻyida aholi yashash joylari boʻlganligini bildiradi.[1] 7 ming yil avval Sahroi Kabir hududida chorvachilikning paydo boʻlishi, insonlar hayotida ovchilik va baliqchilik emas, koʻchmanchi chorvachilik muhim oʻrin tutishiga turtki boʻldi. Nigerning Tenere hududida yashovchi barbarlar va zagavalarga qardosh hisoblangan qadimgi xalqlar yirik shoxli hayvonlarni koʻpaytirish bilan shugʻullanganlar. Qoʻy va echkilarning xonakilashtirilishi Kaspiy madaniyati va shimoli-sharqiy Afrika xalqlari bilan bogʻliqligi taxmin qilinadi. Yerga ekin ekish madaniyati 6 ming yil avval Misrda arpa, bugʻdoy ekilishi bilan kirib kelgan deb hisoblanadi. Bunday qishloq-xoʻjalik madaniyati Osiyodan kirib kelganligini Mavritaniya hududidan topilgan kulollik buyumlari isbotlaydi. Bu buyumlar er. avv. 1000-yilga mansub boʻlib, soninke xalqining ajdodi boʻlgan gangaralarga tegishli, deb hisoblanadi.[1]

 
Koʻchmanchi barbar, Marokash

Qishloq xoʻjaligi va uy hayvonlarining paydo boʻlishi koʻplab xalqlarni oʻzaro yaqin qabilalar bilan savdo aloqalari oʻrnatishga undadi. Tashqi savdo rivojlana bordi. Er. avv II mingyillikdayoq Mavritaniya misi Oʻrtayer tamadduni vakillariga qadar yetib borgan. Temir asrida Sahroi Kabir sivilizatsiyasi rivojlana borgani sayin, (er. avv. I asr) savdo-sotiq aloqalari ham kamol topa bordi.[1]Choʻllanish, sahro ahlini savdo sotiqda ot va qoramollardan kechib, tuyalardan foydalanishga undadi. Ammo Misrda tuyalardan mil. avv. VI-III asrlardayoq foydalana boshlangan. Sahro aholisi tez-tez saxanjilar (barbarlar qabilasi)va boshqa koʻchmanchilarning hujumlariga uchrab turganlar. Voha aholisining koʻpchiligi koʻchmanchilar tomonidan qul qilib olib ketilgan. VII-XI asrlarda Shimoliy Afrikada islom dinining tarqalishi, oʻz mahalliy dinini saqlab qolishni istovchi koʻlab barbarlar va arablarni sahroning ichki hududlariga koʻchib ketishga majbur qildi. Savdo yoʻli bilan tarqalgan islom dini oxir-oqibatda sahro ahlining asosiy diniga aylandi.[1] Aholi madaniyatining turli-tumanligiga qaramay, sahroda yasovchilarni asosan uch guruhga kiritish mumkin, bular: chorvachilik bilan shugʻullanuvchilar, oʻtroq yer egalari va hunarmandlar. Ayrim jihatlari bilan koʻchmanchi hisoblanuvchi chorvachilik hozirda chekka hududlarda, togʻ yonbagʻirlarida va nisbatan namlik yuqori boʻlgan gʻarbiy hududlarda tarqalgan. Yirik shoxli qoramol Saxel bilan chegara hududlarda koʻproq boqilsa, choʻl hududlarida tuya, echki va qoʻy koʻproq boqiladi. Chorvadorlarning asosiy guruhlari sahroning shimoli-gʻarbida yashovchi regeybat va Jazoir choʻllarida yasohvchi chaamba qabilalaridir. Qurgʻoqchilik chorvadorlar davrlarida oʻtloqlarni izlab katta koʻchishlarni amalga oshirganlar. Oʻzlarining jangovarligi bilan nom qozongan tuareglar, islom aqidalariga qaramasdan, haligacha matriarxat jamiyatining anʼanalarini saqlab qolganlar, ularda ayollarga koʻplab imtiyozlar berilgan.[1]

Iqtisod

tahrir

Sahroi Kabir savdo tarmogʻi

tahrir
 
Sahrodagi karvon

Oʻrta asrlarda Sahroi Kabir orqali Atlantika okeani sohillaridagi mamlakatlar va Shimoliy Afrikaning koʻplab shaharlarini bogʻlab turuvchi savdo yoʻli oʻtgan. Asosiy savdo yoʻllari bir necha marta oʻzgargan. U XI asrgacha Gana imperiyasi orqali oʻtgan boʻlsa, XII sharqdan oʻtib, Malining oltin konlari va Shimiloy Afrikaning savdo shaharlarini oʻzaro bogʻlagan. Mali otini, koʻplab boshqa mollar singari avval Yaqin Sharqqa, u yerdan esa Yevropaga yoʻl olgan. XV asrdan asosiy savdo yoʻli xausalar yashaydigan yerlardan oʻtgan. Mollar bir oʻrkachli tuyalar karvoni orqali manzildan-manzilga tashilgan. Tuyalarni karvonga qoʻshishdan avval, ularni bir necha oylab Magʻrib yoki Saxel togʻ yonbagʻirlarida yaxshilab boqilgan. Sayyoh Ibn Battutaning yozishicha, karvonlarda oʻrtacha 1000 bosh tuya boʻlgan, baʼzida esa tuyalar soni 12 ming boshga ham yetgan. Karvonga sahroni, tuareglarning koʻchmanchi qabilalarni va asosiy savdo shaharlarini yaxshi bilgan barbarlar sarbonlik qilishgan, ularning bu xizmati uchun ancha haq toʻlangan. Karvonning sahroda nobud boʻlmasligi karvondagi barchaning hamjihat harakatiga bogʻliq boʻlgan. Vohalarga choparlar yuborilib, ular hali vohaga kirish uchun koʻp kunlar yurishi kerak boʻlgan karvon uchun suv olib kelishgan.

Transport

tahrir

Sahro boʻylab Jazoir shahridan boshlanuvchi ikkita avtomagistral oʻtgan. U Ayn-Salah va Tamanrasset orqali oʻtib, Lagosda tugaydi. Ikkita tarmoqlanishga ega: birinchisi Agades (Niger) va Gao (Mali) orqali, ikkinchisi Tuat vohasidan oʻtadi. Adrar, Tamanrasset va b. bir necha shaharlarda aeroportlar bor.[3]

2008-yilda Kyoln Tarixiy geologiya universiteti olimi Stefan Kreplin boshchiligidagi Germaniya, Kanada va AQSHlik xalqaro tadqiqitchilar guruhi Sahroi Kabirda bir qancha izlanishlar oʻtkazib, tadqiqotlar natijasida aniqlashdiki, er. avv. 4000-yilda iqlim namgarchiligining eng yuqori koʻrsatkichiga chiqqan boʻlib, er. avv. 3600—2700-yillar oraligʻida tuproqning qurishi natijasida sekin asta choʻllanib borgan. Olimlarning bunday xulosaga kelishlariga Chad shimolidagi Yoa koʻli tubidan olib oʻrganilgan choʻkindilar sabab boʻlgan. Tadqiqotlarga qaraganda, 6 ming yil avval Sahroi Kabirda turli-tuman darxatlar oʻsib, koʻplab koʻllar boʻlgan. Shu taqlid olimlarning bu tadqiqotlari Sahroi Kabirning 5500-yil avval quruqlashib borib, bir necha asr ichida choʻlga aylanganligi haqidagi nazariyani inkor etadi.[7]

Manbalar

tahrir
  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 1,16 1,17 1,18 1,19 1,20 1,21 1,22 1,23 1,24 1,25 1,26 1,27 1,28 1,29 Sahara — Britannica Online Encyclopedia (ingl.)
  2. Ochlik yili: Migrantlar oqimi kengaymoqda
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Manba xatosi: Invalid <ref> tag; no text was provided for refs named Geo
  4. Словарь современных географических названий. — Екатеринбург: У-Фактория. Под общей редакцией акад. В. М. Котлякова. 2006.
  5. 5,00 5,01 5,02 5,03 5,04 5,05 5,06 5,07 5,08 5,09 5,10 5,11 5,12 5,13 5,14 5,15 5,16 5,17 5,18 5,19 5,20 Sahroi Kabir — maʼlumot Katta sovet ensiklopediyasidan olindi..
  6. „Northern Africa“ (en). WWF. Qaraldi: 2014-yil 23-aprel.
  7. Shift From Savannah to Sahara Was Gradual, Research Suggests, 2008.