Shirvonshohlar saroyi
Shirvonshohlar saroyi yoki Shirvonshohlar saroy majmuasi Bokuda joylashgan Shirvonshohlar davlati hukmdorlarining eski qarorgohi. Majmua saroydan tashqari Devonxona, Shirvonshohlar qabri, Shoh masjidi, Saroy hammomi, ovxona, saroy olimi Sayyid Yahyo Bakuviy qabri va Qayqubod masjidi qoldiqlarini oʻz ichiga oladi.
Saroy majmuasi XIII—XVI asrlarda qurilgan[1]. Ayrim binolar, jumladan, saroy XV asr boshlarida, shirvonshoh Xalilulloh I davrida qurilgan[2]. Usmonlilar imperiyasi Bokuni bosib olgach, saroy hududida uni sharqdan oʻrab turgan saroy devori va Sulton Murod III nomidagi darvoza qurilgan. XIX asrdan beri saroy bir necha bor taʼmirlangan va qayta tiklangan.
Asosiy binolar turli davrlarda qurilganiga qaramay, saroy majmuasi umumiy badiiy taassurot qoldiradi. Majmua meʼmorlari Shirvon-Absheron meʼmorchilik maktabining qadimiy anʼanalariga asoslanishgan[3]. Aniq kubik va koʻp tomonli meʼmoriy yodgorliklarni yaratib, devorlarni boy oʻymakorlik naqshlari bilan bezatganlar, bu esa saroy quruvchilari naqqoshlik sanʼatini yuksak darajada egallaganliklaridan dalolat beradi. Anʼana va badiiy did tufayli har bir meʼmor oʻzidan oldingi meʼmoriy gʻoyani qabul qilgan, uni ijodiy rivojlantirib, boyitgan. Turli davrlarda amalga oshirilgan qurilishlar ham oʻlchovlar birligi, ham asosiy meʼmorchilik shakllari boʻlgan toʻrtburchak binolar, gumbazlar va darvozalarning uygʻunligi hamda mutanosibligi bilan bogʻliq edi.
1964-yilda „Shirvonshohlar saroyi majmuasi“ saroy kompleksi Davlat tarixiy-meʼmoriy qoʻriqxona-muzeyi deb eʼlon qilingan. 2000-yilda noyob meʼmoriy-madaniy majmua Bokuning qal’a devorlari bilan oʻralgan tarixiy qismi — Icherishahar va Qiz qal’asi bilan birga UNESCOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan. 2001-yilda Shirvonshohlar saroyi Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan jahon ahamiyatiga molik meʼmoriy yodgorlik sifatida roʻyxatga olingan. Hozirda Shirvonshohlar saroyi Ozarbayjon meʼmorchiligining durdonasi hisoblanadi[4].
Saroy joylashuvi
tahrirSaroy binosi Bokudagi tepalikning yuqorisida, Icheri-sheherda joylashgan. Hozirgi vaqtda qadimiy shahar devorlari bilan oʻralgan. Saroy majmuasi joylashgan hudud kichik, bir gektarga yaqin maydonni egallaydi[5]. Saroy yonida joylashgan binolar bevosita saroy bilan aloqador. Bu binolar saroy bilan birgalikda umumiy majmuadir. Majmua tarkibiga minorali Shoh masjidi, Shirvonshohlar qabri, Devonxona (shimoldan saroyga tutashgan) va Sayyid Yahyo Bakuviy qabri (saroyning janubida joylashgan bu maqbara „Darveshlar maqbarasi“ deb ham ataladi) kiradi. Qabr yonida qadimiy masjid boʻlgan. Hozirda faqat uning qoldiqlari mavjud. Saroy majmuasi binolari yonida, shuningdek, saroy hammomi va ovxona mavjud. Ular Shirvonshohlar maqbarasi gʻarbida joylashgan.
Majmua tepada joylashganligi sababli qadimiy shaharda yuqori geografik mavqega ega va uzoqdan koʻrinib turadi. Bokuning oʻrta asrlardagi binolari orasida u arxitekturaning ogʻirligi, qurilish usullari va ulugʻvorligi bilan ajralib turadi. [2] Oʻtmishda saroy minorali devor bilan oʻralgan va shuning uchun Boku qal’asining ichki istehkomi sifatida ishlatilgan. Bugungi kunda bu devordan asar qolmagan boʻlsa-da, faqat 20-asrning 20-yillarida saroyning shimoliy-sharqiy qismida minora poydevori va devorning tegishli qismi koʻrindi[2].
Saroy tarixi
tahrirShirvonshohlar davrida
tahrir1192-yilda Shamaxada roʻy bergan zilziladan soʻng Shirvonshoh Axsiton I (1160—1197) oʻz qarorgohini Shamaxadan Bokuga koʻchirgan[6]. XV asrda Boku shahrining iqtisodiy va siyosiy yuksalishi bilan shirvonshoh Xalilulloh I (1417—1465) ham xuddi shunday qadam tashlaydi[6]. Sora Ashurbeylining yozishicha, Shirvonshohlar saroyi qurilishi Xalilulloh I ning otasi shirvonshoh Ibrohim I (1382—1417) davrida boshlangan[7]. 1412-yilda Qoraqoʻyunlilar davlati hukmdori Qora Yusuf (1410—1420) Chalagan jangida Ibrohim I ni asirga olib, saroyda saqlanayotgan tilla va javohirlarni undan talab qilgani haqida maʼlumotlar bor[7]. Shirvonshohlar saroyi tarkibidagi binolarning bir qismi Xalilulloh I davrida qurilgan[6]. Majmua oʻsha paytda sezilarli darajada katta maydonni egallagan. Bu hududda saroy xizmatchilari va xizmatkorlari uchun uylar joylashgan[8]. Badr Shirvoniy Qoraqoʻyunli davlati hukmdori Qora Iskandar (1421—1435) ning Shirvonga bosqinlari payti Bokuda Shirvonshoh saroyida yashagan[7].
14 asr oxirida qurilgan saroyning markaziy qismi va Qayqubod masjidi majmuaning dastlabki binolaridandir[9]. Shirvonshoh Qayqubod I (1317—1348) katta ehtimol bilan Bokuda yashagan va shu tufayli masjid uning nomi bilan atalgan[7]. Saroy qurilishiga oid hech qanday yozma maʼlumotlar bizning davrimizga qadar saqlanib qolmagan. Shuning uchun uning qurilgan yili saroy majmuasi tarkibidagi meʼmoriy yodgorliklardagi bitiklardagi sanalarga qarab belgilanadi. Bunday ikki yozuv faqat Shirvonshohlar qabri va Shoh masjidi minorasida toʻliq saqlanib qolgan. Ikkala yozuvda ham binolarni qurishga buyruq bergan Xalilulloh I nomi tilga olingan. Qurilish yillari ham qayd etilgan: 839 (1435—1436) qabrda, 845 (1441—1442) Shoh masjidi minorasida[2].
Maqbara, saroy va masjid bir xil qurilish ashyolardan qurilgan boʻlib, ularning oʻymakorligi va konstruksiyalari ham bir xil. V. N. Leviatov saroy binosi va inshootlari taxminan bir vaqtda paydo qurilgan, saroyning oʻzi ham ulardan sal oldinroq, 15 asrning birinchi oʻn yilliklarida qurilgan, degan xulosaga keladi[2].
Keyinchalik hammom va ovxona qurilgan. 15 asrning ikkinchi yarmida Sayyid Yahyo Bakuviy qabri, Shirvonshoh Farrux Yosor davrida (1501-yilgacha) gʻarbiy fasadga tutash Devonxona va qoʻshimcha bino qurilgan[6].
Safaviylar-Usmoniylar davrida
tahrir1501-yilgacha boʻlgan saroy binosi haqida maʼlumot topilmagan. Fors yilnomalaridan birida 1501-yilda Xalilulloh I ning oʻgʻli shirvonshoh Farrux Yosor qoʻshini Safaviylar sulolasidan Shoh Ismoil I tomonidan magʻlubiyatga uchragani aytiladi. Shirvonshoh Farrux Yasor jangda vafot etadi; Ismoil I qoʻshini Bokuga kirib, uni qamal qiladi va bir necha hujumlardan soʻng shaharni egallaydi. Keyin, yilnomaga koʻra, Shoh Ismoilning buyrugʻi bilan shirvonshoh qurdirgan baland bino vayron qilingan. Bu bilan shirvonshoh saroyining vayron etuilishi nazarda tutilgan, degan fikr bor. Lekin V. N. Leviatov taʼkidlashicha, oʻrta asrlar yilnomalari ruhiga muvofiq, bu ibora shirvonshohlar va oliy hokimiyat huquqlari yoʻq qilinganligini bildiradi. Boku Safaviylar tomonidan bosib olinib, bu yerda Shoh Ismoil I qoʻshini hukmronlik qilgan paytda saroy talon-taroj qilingan va ehtimol qisman vayron qilingan boʻlishi mumkin. Boku bosib olingandan keyin bir qancha vaqt Boku shahri va uning atrofi, shuningdek, Shirvon Safaviylar davlati tayinlagan noiblar tomonidan boshqariladi. XVI asr birinchi yarmida saroyda kimlar yashaganligi va qanday turmush tarziga ega boʻlgani haqida maʼlumot yoʻq[2]. Shirvon noibi Husaynbek Shomli Shohgeldi ogʻani oʻz oʻrniga tayinlagan, Shirvonshohlar saroyiga juda yaqin mahallalardan birida istiqomat qilgan va shu mahalla hozirgacha Shohgeldi ogʻa nomi bilan atalib keladi[7].
16 asrning ikkinchi yarmida Safaviylar bilan Usmoniylar imperiyasi oʻrtasida urush boʻlgan. Bu urushda 1578-yilda turklar Bokuni egallaydilar. Hozirda saroyni sharqdan oʻrab turgan devor va Murod darvozasi Usmoniylar imperiyasi davriga taaluqlidir. Darvoza peshtoqidagi yozuvdan koʻrinib turibdiki, ular Usmoniylar sultoni Murod III (1574-1595) davrida qurilgan. Bu davrda saroyda turk posholari yashaganligi adabiyotlarda qayd etilgan[10]. Buning isboti Murod darvozasidir[2].
XVII asrda saroy boʻm-boʻsh boʻlib, bu yerda hech qanday davlat vakili yashamagan. Monastirning bosh ruhoniysi va Isfaxon missiyasining vakili kapuchin otasi Rafael du Man 1660-yildagi asarida Boku qalʼasidagi Shirvonshohlar saroyini tasvirlagan va uning vayron boʻlishi hamda boʻshab qolganini keltirib oʻtadi[11]. 1723-yilda Boku shahri Pyotr I armiyasi tomonidan qamal qilingan va toʻpdan oʻqqa tutilgan. Shu sababli saroyning janubi-sharqiy jabhasi shikastlangan. 19 asr oʻrtalarida saroy Rossiya imperiyasining Harbiy vazirligiga topshirilgunga qadar vayronaga aylanib boʻlgan edi[2].
Boku xonlari Shirvonshohlar saroyida yashamagan. Saroyning vayronaga aylanganligi va Avliyo Chalabiyning Boku qal’asini taʼriflashda saroyni tilga olmagani ham shundan dalolat beradi[6].
Rossiya imperiyasi davrida
tahrirRossiya harbiy vazirligi saroyni qisman taʼmirlagan. Shu bilan birga, saroy binolarini harbiy taʼminot omboriga aylantirish uchun katta rekonstruksiya ishlari olib borilgan. Harbiy vazirlik tomonidan olib borilgan taʼmirlash ishlari vayron boʻlgan qismlarni tiklash bilan birga saroyni qayta tiklash uchun muhim boʻlgan bir qator detallarning yoʻqolishiga olib kelgan[12].
Saroy binosini omborga aylantirish chogʻida harbiy vazirlik birinchi va ikkinchi qavatdagi xonalarni ajratib turuvchi bir qancha devorlarni vayron qilib, ikkinchi qavatda ularning oʻrniga tomni koʻtarib turuvchi kamarli ravoq qurdirgan. Ikkinchi qavatning barcha xonalarida gumbaz, ark va xoch qoldiqlari vayron qilingan; ularning oʻrniga tekis, toʻsinli ramkali yogʻoch kabinalar qoʻyilgan. Birinchi qavatdagi deraza boʻshliqlari (ikki qatorli derazalar) buzib yuborilgan, shuning uchun faqat kichik deraza qolgan. Birinchi va ikkinchi qavatda yangi keng eshiklar ochilgan[2].
Bu davrda Bokudagi rus pravoslav cherkovi oʻsha joyda Boku soborini qurish uchun saroyni buzishga harakat qilgan. Biroq, bu iltimosni chor hukumati maʼmurlari rad etgan, chunki saroy xonalari katta ombor sifatida ishlatilardi[13][14].
Saroy shimoliy jabhasining ikkinchi qavatiga kirish yoʻli qurilishi amalga oshirilib, devorda teshik ochilgan. Bu ot aravaning koʻchadan toʻgʻridan-toʻgʻri saroyning ikkinchi qavatiga kirishi uchun qilingan. Bu rekonstruksiya ishlari bilan Rossiya harbiy vazirligi tarixiy obida sifatida saroyga katta zarar yetkazgan. Harbiy vazirlik saroyning sharqiy jabhasiga zinapoya qoʻshib, janubiy (yoki pastki) hovlini tosh devor, nishlar bilan oʻrab olgan. Bu devor saroyni oʻrab turgan eski devordan qolgan poydevordan qurilgan[2].
Hozirgi vaqtda saroy majmuasi 19 asrning birinchi yarmida qurilgan qal’a devorlari bilan oʻralgan[8].
Zamonaviy Ozarbayjon davrida
tahrir1918-yil 31-mart genotsid paytida Shirvonshohlar saroyi vayron boʻlgan. Armanlar tomonidan otilgan toʻp snaryadlari Shoh masjidining minorasiga zarar yetkazgan[15].
Ozarbayjon Demokratik Respublikasi davrida (1918—1920) meʼmoriy yodgorliklarni oʻrganish va hisobga olish boʻyicha koʻplab tadbirlar amalga oshirilgan. 1918-yil oxirida meʼmor-texnik Ismoilbey Nabioʻgʻli Shirvonshohlar saroyining oʻlchov chizmalarini tayyorlagan. A. D. Aliyev bu chizmalar yuqori sifatli, oʻz davri uchun yaxshi ishlangan, hatto akademik A. M. Pavlinov ishidan ham yaxshiroq deb taʼriflagan. 1920-yil boshida Ismoilbey Nabioʻgʻli Musulmon Sharqini oʻrganish jamiyatida saroy taqdiri haqida maʼruza oʻqigan. Oʻsha davr matbuoti xabarda saroy haqidagi turli surat va chizmalar tasvirlanganini taʼkidlaydi. Taqdimot va muhokamadan soʻng jamiyat qoʻmitasi saylandgan. Jamiyat qoʻmitaga yaqin vaqt ichida saroyga ekskursiya uyushtirishni topshirgan. A. D. Aliyevning qayd etishicha, bu aslida ozarbayjon xalqining tarixiy-meʼmoriy merosini oʻrganishga qaratilgan birinchi umumiy murojaati boʻlgan[14].
1920-yilda Ozarbayjon SSR hokimiyati saroyni muhofaza qilish choralarini koʻra boshlaydi. Bu ishlar 1924-yilda ham davom ettirilgan. 1932-1934-yillarda Ozarbayjon yodgorliklarni muhofaza qilish markaziy boshqarmasi Moskva davlat restavratsiya ustaxonalari bilan birgalikda Boris Zasipkin loyihasi asosida kapital taʼmirlash va restavratsiya ishlarini olib borgan. Keyinchalik Shirvonshohlarning eski saroyi Ozarbayjon tarixi muzeyiga berilgan. Loydan yasalgan pollar yaroqsiz boʻlgani va saroy binosi muzey sifatida tashkil etilishi inobatga olinib, taʼmirlash ishlari davomida pol parket bilan qoplangan. Shuningdek, ushbu ishlar davomida 19 asrda derazalarga oʻrnatilgan toshlar olib tashlangan va saroy avvalgi holatiga qaytarilgan. Ikkinchi qavatning asl rejasi tiklanmagan. Chunki muzey oʻsha yerda joylashgan edi: hozir ikkita zal, birinchi qurilganida esa 8 ta xona bor edi. Birinchi qavat rejasi toʻliq tiklandi. Bu yerda qadimiy shift ham saqlanib qolgan[2].
1937—1938-yillarda arxeolog V. N. Leviatov rahbarligida saroyda arxeologik qazishmalar olib borilib, 12—15 asrlarga oid koʻplab namunalar topilgan. 1945-yilda saroy ansambli hududida V. N. Leviatov tomonidan olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida mavjud yodgorliklar poydevoridan chuqurroq aholi zich yashaydigan aholi punkti topilgan. Sopol buyumlar va tangalar parchalari turar joy VIII—IX asrlarga tegishli ekanligini koʻrsatadi[16].
Muayyan vaqt davomida saroy Ozarbayjon Milliy muzeyi va Din tarixi muzeyi binosi sifatida foydalanilgan[17]. 1960-yilda saroy meʼmoriy qoʻriqxonaga, 1964-yilda „Shirvonshohlar saroyi majmuasi“ Davlat tarixiy-meʼmoriy qoʻriqxona-muzeyiga aylantirilgan[18].
1920-yilda yangi restavratsiya ishlari boshlangan. Saroy majmuasini restavratsiya qilish muallifi Niyozi Rzayevdir. Ish taxt turgan xonadan boshlangan.
2000-yilda UNESCO Butunjahon merosi qoʻmitasining 24-sessiyasida Boku shahrining tarixiy qismi, Icherisheher saroyi bilan bir qatorda Ozarbayjonda UNESCOning Butunjahon merosi obyekti deb eʼlon qilingan. Bu Ozarbayjondan UNESCO roʻyxatiga kiritilgan birinchi obyektdir. Shirvonshohlar saroyi Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 2-avgustdagi 132-son qarori bilan jahon ahamiyatiga molik meʼmoriy yodgorlik sifatida roʻyxatga olingan. Hozirgi zamonda Shirvonshohlar saroyi Ozarbayjon meʼmorchiligining durdonasi hisoblanadi[19].
2006-yilda saroyning navbatdagi restavratsiyasi yakunlangan. 2015-yilgi Yevropa oʻyinlari Olimpiya mash’alasi estafetasi chogʻida mash’al Shirvonshohlar saroyiga ham olib kelingan.
Rejasi
tahrirSaroy majmuasi
tahrir
|
Eslatma: V. N. Leviatov taqdim etgan saroy rejasi[2].
Saroy binosi
tahrir
|
Eslatma: Saroyning turli davrlarda qurilgan qismlari (XII asr, XIV—XV asrlar boshi va 15-asr boshlari) oʻzgachaligi bilan ajralib turadi[20].
Manbalar
tahrir- ↑ Бретаницкий, Веймарн 1976, ss. 106.
- ↑ 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 Левиатов 1944.
- ↑ Iskusstvo Azerbaydjana Vseobщaya istoriya iskusstv. — Iskusstvo, 1961.. — T. 2-y. — S. 113.
- ↑ „Walled City of Baku with the Shirvanshah's Palace and Maiden Tower“. UNESCO rəsmi saytı. (2000). 2012-yil 22-martda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ Бретаницкий 1970, ss. 47.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 Aşurbəyli 1998.
- ↑ 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 Aşurbəyli 2006.
- ↑ 8,0 8,1 Бретаницкий, Веймарн 1976.
- ↑ Aşurbəyli 1998, ss. 170.
- ↑ Пахомов 1924.
- ↑ Srednevekoviy Vostok / Redkollegiya: G.
- ↑ Левиатов 1944, ss. 21.
- ↑ Istoriya Azerbaydjana.
- ↑ 14,0 14,1 Aliev M.
- ↑ Rustamova-Togidi S.
- ↑ Бретаницкий 1970.
- ↑ „Dünya Əhəmiyyətli Abidələr“ (az). Официальный сайт Управления государственного историко-архитектурного заповедника Ичери-Шехер.. 2009-yil 15-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 9-may.
- ↑ Sovetskiy muzey.
- ↑ „Walled City of Baku with the Shirvanshah's Palace and Maiden Tower“. UNESCO rəsmi saytı. (2000). 2012-yil 22-martda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ İçəri şəhər tarixdə — tarix İçəri şəhərdə.