Tausagʻiz
Tausagʻiz, togʻsaqich (Scorzonera tausaghyz) — qoqidoshlarga mansub koʻp yillik oʻsimlik. Ildizi yoʻgʻon, sertarmoq. Poyasi koʻp shoxlanmagan, boʻyi 20—50 sm, barglari navbatlashib joylashgan, uchi sariq savatcha bilan tugaydi. Savatchasida 30—50 ta sariq, tilsimon, ikki jinsli gullari oʻrnashgan. Mevasi pistacha. T. Qozogʻistonda Qoratogʻ tizimining toshli va shagʻalli yon bagʻirlarida oʻsadi. Quruq ildizining 9—28% ini kauchuk tashkil etadi. Kauchukning sifati tropikda oʻsadigan geveya kauchugidan yuqori. T.dan 1948-yilgacha keng miqyosda kauchuk olish uchun foydalanilgan; sunʼiy kauchuk ishlab chiqarish. yoʻlga qoʻyilgandan keyin fakat ilmiy maqsadlarda ishlatila boshlandi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti xodimlari S.X. Chevrenidi va O. N. Bondarenko (1948) Fargʻona vodiysida yangi T. oʻsimligini topishib, unga Oʻzbekiston tausagʻizi deb nom berishgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |