Tomsk viloyati - Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1944-yil 13 avgustda tashkil etilgan. Maydoni 316,9 ming km². Aholisi 1046 ming kishi (2002). Asosan, ruslar (88,2%), shuningdek, ukrain, tatar, nemis, belorus, chuvash, shimol xalklari (shu jumladan, selkup, xanti va boshqalar) yashaydi. Shahar aholisi 68,4%. Tarkibiga 16 maʼmuriy tuman, 6 shahar, 1 shaharcha kiradi. Markazi – Tomsk shahri. Boshka yirik shaharlari: Strejevoy, Asino.

Tomsk viloyati Gʻarbiy Sibirning janubi-sharqida, Ob daryosining oʻrta oqimida joylashgan. Hududining asosiy qismini Gʻarbiy Sibir tekisligining yassi, kuchli botqoqlashgan hududlari egallagan. Faqatgina, janubi-sharqda viloyat hududiga Kuznetsk Olatovining (bal. 211 m gacha) shimoliy tarmoklari kirib borgan. Shimolidan 58° shu kabida relyefining muzlik shakllari – morena qator tepalari, koʻl–muzlik botiqlari va boshqa joylashgan. Ob daryosining keng vodiysi viloyat hududini botqoqlashgan Vasyuganye tekisligi va sal koʻtarilgan oʻng sohilga boʻladi. Foydali qazilmalardan temir rudasi, neft, gaz, qoʻngʻir koʻmir, qurilish materiallari konlari va boshqa topilgan. Torf, yer osti suvlari va issiq mineral suvlari zaxiralari koʻp.

Iqlimi kontinental. Qishi qattiq va davomli. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi – 19° dan –21° gacha. Yozi iliq, qisqa. Iyulning oʻrtacha tempaturasi 17–18°. Yillik yogʻin 450–770 mm. Vegetatsiya davri 125 kunga yaqin. Asosiy suv tarmoqlari – Ob daryosi va uning irmoklari (Tom, Chulim, Ket, Tim, Chaya, Parabel, Vasyugan). Koʻl koʻp. Tomsk viloyati oʻrta va janubiy tayga va qisman aralash oʻrmonlar zonasida joylashgan.

Tuproqlari, asosan, chimlipodzol va torflibotqoq, janubi-sharqida boʻzoʻrmon tuproq. Oʻrmonlar (sibir kedri, oqqaragʻay, qaragʻay, qayin, togʻterak) viloyat hududining 54% ni egallaydi. Boʻri, silovsin, tulki, shimol bugʻusi, los, yelik, burunduq, olaxurjun yashaydi. Tiyin, sobol, ondatra ovlanadi.

Xoʻjaligining yetakchi sanoat tarmoklari–mashinasozlik va metallsozlik. Priborlar, elektrotexnika asboblari ("Sibelektromotor"), podshipniklar ("RolTom"), konchilik asbob uskunalari ("Tomskiy instrument"), ("Sibkabel") ishlab chiqariladi. Neft qazib olinadi, kimyo ("Nefteximicheskiy kombinat", "Polipropilen" va "Zavod rezinovoy obuvi"), oʻrmon va yogʻochsozlik ("Tomsklesprom", qalam fabrikasi) korxonalari bor. Oziq-ovqat sanoati ham rivojlangan. Asosiy sanoat markazlari – Tomsk, Asino, Kolpashevo, Strejevoy; Samus shaharchasi.

Bugʻdoy, arpa, kartoshka, sabzavot, zigʻir, yemxashak ekinlari ekiladi. Chorvachilik (qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki), parrandachilik rivojlangan. Baliqchilik, moʻynali hayvonlarni ovlash va darrandachilik bilan ham shugʻullaniladi. Asosiy transport vositalari suv va avtomobil transporti. Ob, Tom, Chulim, Ket, Chaya, Parabel, Vasyugan daryolarida kema katnaydi. Transport yoʻli uzunligi 346 km. Qattiq qoplamali avtomobil yoʻllari uz. 3,4 ming km. Havo transporti rivojlangan. 1 xalqaro va 6 mahalliy ahamiyatdagi aeroportlar mavjud. 6 oliy oʻquv yurti, 2 muzey, 2 teatr bor. 20 ga yaqin sanatoriykurort va dam olish muassasasi faoliyat koʻrsatadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. "Tomsk viloyati" OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil