Vvedenskiy lolasi
Vvedenskiy lolasi (lotincha: Tulipa vvedenskyi) – bir urugʻpallalilar sinfi, loladoshlar oilasi, lola turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Chotqol tizmasi va Ohangaron daryosining vodiysida oʻsadi[1].
Vvedenskiy lolasi | |
---|---|
Gullari | |
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Yuksak oʻsimliklar |
Sinf: | Bir urugʻpallalilar |
Turkum: | Lola |
Oila: | Loladoshlar |
Binar nomi | |
Tulipa vvedenskyi |
Tavsifi
tahrirBoʻyi 20-35 sm gacha yetadigan koʻp yillik piyozchali oʻt oʻsimlik. Popuk ildiz tizimiga ega. Piyozchasi tuxumsimon toʻq qoʻngʻir rangli qogʻozsimon qobiq bilan oʻralagan. Poyasi silliq, tuksiz, tik oʻsadi. Barglari 3-4 ta, qalami nashtarsimon, poyada navbatma-navbat joylashgan, bandsiz, pastki qismi bilan poyani oʻrab turadi. Gullari poyaning uchida yakka joylashgan. Gultojibarglari qoʻshilmagan, erkin, qizil rangda. Gulining tubi sariq, changchi iplari sariq yoki qoʻngʻir tusda, changdonlari qoramtir binafsharang. Kapalaklar va asalarilar yordamida changlanadi. Aprel-may oylarida gullab, iyun-iyulda mevasi pishadi. Mevasi quruq koʻsak meva. Urugʻi va vegetativ yoʻl bilan koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiatda kichik toʻplar hosil qilib oʻsadi. Toshkent viloyati hududidagi togʻ tizmalarida va Ohangaron daryosi vodiysida tarqalgan. Dengiz sathidan 1600-2000 metr balandlikda unumdor tuproqli yerlarda uchraydi. Chorva mollarining koʻplab boqilishi, guli va piyozchalarining mahalliy aholi tomonidan yigʻib olinishi natijasida populyatsiyasi qisqarib ketgan. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Botanika bogʻida 1956-yildan beri ekib oʻstirilmoqda. Chatqol biosfera qoʻriqxonasi va Ugom Chatqol davlat milliy tabiat bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Tulipa vvedenskyi Botschantz“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.