Fayzulla Xoʻjayev

Oʻzbek sovet davlat va partiya arbobi, Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi (1924—1937)
(Xo`jayev Fayzulladan yoʻnaltirildi)

Fayzulla Ubaydullayevich Xoʻjayev (1896.06.01., Buxoro, Buxoro amirligi, Rossiya Imperiyasi – 1938.03.15., Moskva, SSSR, shuningdek, Fayzulla Xoʻjaoʻgʻli ham deyiladi) – atoqli davlat va siyosat arbobi, Buxoro jadidchiligining faol ishtirokchisi, „Yosh buxoroliklar“ partiyasining rahbarlaridan biri. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining Nozirlar Kengashi raisi. Shuningdek, keyinchalik Oʻzbekiston SSRning rahbarlaridan biri boʻlgan.

Fayzulla Ubaydullayevich Xoʻjayev
 Oʻzbekiston SSR nomidan SSSR Markaziy ijroiya qoʻmitasi raisi
Mansab davri
1925-yil 21-may – 1937-yil 17-iyungacha
Oʻtmishdoshi lavozim joriy etilgan
Vorisi lavozim tugatilgan
 Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Xalq Nozirlar Kengashi Raisi
Mansab davri
1920-yil 2-sentabr – 1924-yil 27-oktabrgacha
Oʻtmishdoshi lavozim joriy etilgan
Vorisi lavozim tugatilgan
 Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti Raisi
Mansab davri
1924-yil 27-oktabr – 1937-yil 17-iyungacha
Oʻtmishdoshi lavozim joriy etilgan
Vorisi Abdulla Karimov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1896-yil
Buxoro shahri, Buxoro amirligi, Rossiya imperiyasi
Vafoti 1938-yil 15-mart
Moskva, SSSR
Millati oʻzbek
Siyosiy partiyasi Yosh buxoroliklar
KPSS
Mukofotlari
Buxoro XSR I darajali Qizil Yulduz Ordeni

Asosiy maʼlumotlar

tahrir

Buxoroda savdogar oilasida tugʻilgan. Buxoro madrasasida 2 yil tahsil olgach, 1907—1912-yillarda Moskvada xususiy maktabda oʻqigan. Buxoroga qaytgach, 1912-yildan „Yosh buxoroliklar“ partiyasining, 1913-yildan partiya Markaziy Qoʻmitasining aʼzosi boʻldi. Otasidan meros qolgan katta boylikni yangi usul maktablari ochishga, „Yosh buxoroliklar“ siyosiy faoliyatini moddiy qoʻllab-quvvatlashga sarfladi. 1917-yildan boshlab Fayzulla Xoʻjayev va Fitrat partiyaning soʻl qanotiga boshchilik qilib, Buxoroda avval konstitutsion monarxiya, soʻngra demokratik respublika tuzish uchun kurashdilar. „Yosh buxoroliklar“ Buxoro amiri tomonidan taʼqib qilingach, Xoʻjayev va uning safdoshlari Buxoroni tark etishga majbur boʻlishdi. Xoʻjayev 1920-yil yanvarda Toshkentda tuzilgan inqilobchi „Yosh buxoroliklar“ partiyasi Turkiston Markaziy byurosi raisi, „Uchqun“ gazetasining muharriri (1920-yil aprel-sentabr). 1920-yil 14 sentabrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi hukumati – Xalq Nozirlar Shoʻrosi tuzilib, Xoʻjayev hukumat boshligʻi qilib saylandi. BXSR tashqi ishlar noziri (1920—22), harbiy ishlar noziri (1921—24), ichki ishlar noziri (1922), BXSR Mehnat va mudofaa kengashi raisi (1922—24). Shuningdek, Sharqiy Buxoro Inqilobiy harbiy kengashi raisi (1923—24), SSSR Harbiy Dengiz ishlari xalq komissarligining Oʻzbekiston SSR boʻyicha rasmiy vakili (1925-yildan).

Faoliyati

tahrir

Xoʻjayev BXSRning mustaqil ichki va tashki siyosat yuritishiga, iqtisodiy islohotlar oʻtkazish va demokratik erkinliklarni joriy kilishga alohida eʼtibor qaratib, Sovet Rossiyasidan tashqari Eron, Turkiya, Afgʻoniston, Xitoy, Ozarbayjon, Xorazm Xalq Sovet Respublikasi, shuningdek, Germaniya va Yaponiya bilan diplomatik aloqalar oʻrnatgan. U talabalarni xorijga joʻnatib oʻqitishning tashabbuskorlaridan biri boʻlgan.Oʻzbekiston SSR Inqilobiy qoʻmitasi (Revkom) – Muvaqqat ishchi-dehqon hukumati raisi (1924-yil noyabr – 1925-yil fevral), OʻzSSR XKS raisi (1925-1937), SSSR MIQ raislaridan biri.

Xoʻjayev oʻz faoliyati davomida oʻzbek xalqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi tadbirlarni amalga oshirishga intildi. U VKP(b) MQ Oʻrta Osiyo byurosi va Oʻzbekiston KP MQga nisbatan muxolifat mavqeida turgan „Oʻn sakkizlar guruhi“ (1925-yil noyabr)ga xayrixoh boʻlgan. „Quloq“larni sinf sifatida tugatish siyosatini yoqlamagan. Oʻzbekistonda yoppasiga chigit ekilishi paxta yakkahokimligiga olib keladi, deb hisoblagan. Oʻzbekistonda zamonaviy sanoat inshootlari qurilishida tashabbuskor boʻlgan.

Chex adibi Egon Ervin Kish Fayzulla Xoʻjayev haqida shunday yozgan edi:

Buxoroga kelganimdan keyin meni Fayzulla Xo'jayev qiziqtirdi. Fayzulla Xo'jayevning boshiga shunchalik ko'p oltin va'da qilingan ediki, dunyodagi biror bir bosh shunсhalik yuqori narxlanmagan edi[1]

Xoʻjayev 1937-yil 9 iyulda Moskvada qamoqqa olindi. Unta Sovetlarga qarshi „Oʻng trotskiychi blok“ faoliyatiga qoʻshilganligi hamda „Milliy ittihod“ tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qilganlik, „bosmachilik“ harakati va qoʻrboshilarni qoʻllab-quvvatlaganlik, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy va boshqa oʻzbek ziyolilariga gʻamxoʻrlik koʻrsatganlik kabi ayblar qoʻyildi va otishga hukm qilindi. Hukm Moskva atrofidagi Butovo qatlgohida ijro etilgan.

1965-yil 6 martda SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi Xoʻjayevni aybsiz deb topdi va oqladi. Natijada 1967-yil 28-fevralda Oʻzbekiston Kompartiyasi MK va OʻzSSR Ministrlar Soveti „Fayzulla Xoʻjayev xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida“ qaror qabul qilgan.

Oʻzbekistonda uning 100 yillik yubileyi nishonlandi (1996). Xoʻjayev asarlari va u haqidagi tadkiqotlar nashr etildi. „Buxoroning jin koʻchalari“ (Asqad Muxtor) qissasi, „Inqilob tongi“ (Komil Yashin) dramasi, „Men yashashni istayman“ (Nusratillo Naimov) roman-xronikasi va boshqa asarlar Xoʻjayev faoliyatiga bagʻishlangan. Buxoro davlat universiteti, Buxoro shahridagi pedagogika kolleji, Buxoro shahridagi koʻcha, Toshkentdagi metro bekati, koʻcha, koʻplab shirkat xoʻjaliklari, maktab va mahallalar, Navoiy shahridagi koʻcha va maktab Xoʻjayev nomi bilan ataladi. Buxoroda haykali bor. BXSRning Qizil yulduz (I darajali) ordeni bilan mukofotlangan (1922)[2].

Hayot yoʻli

tahrir

Fayzulla Xoʻjayev 1896-yili Buxoro amirligining yirik savdogar oilasida tugʻilgan. U yoshligida eski maktabni bitirib, Buxoro madrasasida oʻqigan. 1907—1912-yillarda F.Xoʻjayev Moskvada shaxsiy oʻqituvchilardan taʼlim olgan. 1913-yildan jadidlar safida faoliyat koʻrsatgan va xalq orasida maʼrifat tarqatish bilan shugʻullangan. 1917-yildan u „Yosh buxoroliklar“ partiyasi tashkilotchilaridan biri. Buxoro jadidlari soʻl qanotining inqilobiy ruhdagi aʼzolaridan boʻlib, 1920-yilda Buxoro amiri Said Olimxonni taxtdan agʻdarishga harakat qiladi.

1920-yilda Turkistonda muhojirlikda boʻlib, „Yosh buxoroliklar“ partiyasining Turkiston byurosini tashkil qilgan. Fayzulla Xoʻjayev tomonidan tuzilgan partiyaning dasturi shariat asosida boʻlib, xalqning milliy anʼanalari va oʻziga xos xususiyatlarini eʼtiborga olgan holda Buxoroda xalq demokratik respublikasini tashkil etishni maqsad qilib qoʻygan edi.

Buxoro amiri taxtdan agʻdarilgach va hokimiyat Yosh buxoroliklar qoʻliga oʻtgandan soʻng, Fayzulla Xoʻjayev hukumat rahbari etib saylanadi. Bu lavozimda u mustaqil siyosat olib borishga, Rossiya va xorijiy mamlakatlar bilan teng muloqot qilishga intilgan. 1922-yilda u Germaniyaga chet el savdo kompaniyalari va yirik savdogarlar bilan shartnoma tuzishga borgan.

1925-yilda Xoʻjayev Oʻzbekiston Xalq nozirlari kengashining raisi etib saylandi. U oʻz faoliyatida oʻzbek xalqining iqtisodiy va madaniy ravnaqiga xizmat qiluvchi tadbirlarni amalga oshirishga intildi. Xoʻjayev sovet tuzumi tomonidan milliy ziyolilarning faoliyatini cheklash siyosatiga qarshi chiqdi. U uzoq yillar davomida markazning tazyiqi ostida ishlashga majbur boʻldi. 1926-yilda jadidchilik tarixiga bagʻishlangan „Buxoro inqilobi tarixiga materiallar“ kitobi uchun kompartiya tomonidan qattiq taʼqibga olindi.

Fayzulla Xoʻjayev hukumat rahbari sifatida Oʻzbekistonning xalq xoʻjaligi (paxtachilik, irrigatsiya, kapital qurilish, chorvachilik)ni rivojiantirishga, maorif va madaniyatni ravnaq toptirishga harakat qildi, biroq yangicha tusdagi mustamlaka sharoitida bu intilishlarning befoyda ekanini keyinroq anglab yetdi.

F.Xoʻjayev 1937-yilda qatagʻon qilindi va 1938-yil 15-martda[3] Moskvada oʻlimga mahkum etildi. Qabrining qayerdaligi nomaʼlum.

2018-yilda Fayzulla Xoʻjayevning nomi Rossiyada yangi ochilgan Repressiya qurbonlari xotira devoridagi roʻyxatdan joy oldi. Fayzulla Xoʻjayev Gʻarb tarixchilari tomonidan 1920—30-yillarning eng samarador menejerlaridan biri sifatida tan olingan. Uning davrida Oʻzbekistonda 400 ga yaqin sanoat obyektlari qurilgan[4].

Oilasi

tahrir

1937-yilning 22-sentyabrida Fayzulla Xoʻjayev oila aʼzolarini qamoqqa olish boshlanadi. Shu kuni Fayzulla Xoʻjayevning onasi 72 yoshli Rayhon Xoʻjayeva, F.Xoʻjayevning birinchi xotini-Malika Xoʻjayeva, ikkinchi xotini Fatina Petrova, qizi Viloyat Xoʻjayeva qamoqqa olinadi. Qiynoqlarga chidolmagan onasi 1938-yil yozida turmada vafot etgan. Fatina Petrova Rossiyaning Rossiyaning Xakasiya oʻlkasiga surgun qilingan. Malika Xoʻjayeva va qizi Viloyat Xoʻjayeva uzoq yillar Ust-Kamenagorsk, Ziryanovsk, Selo Kutexa hududlarida surgunda boʻlgan. 1945-yilda Oʻzbekistonga qaytishgan. Keyinchalik Qirgʻizistonga majburan koʻchirilgan.

Viloyat Xoʻjayeva Buxoro, Samarqand, Toshkent, Krasnogorsk va Moskva arxivlarida ishlaydi. F.Xoʻjayevning Toshkentda 1970-1980-yillarda rus va oʻzbek tillarida chop etilgan 3 jildlik asarlarini nashrga tayyorlashda bosh boʻlgan.

Ilmiy merosi

tahrir

Fayzulla Xoʻjayev davlat arbobi, tarixchi va iqtisodchi olim, publitsist, jurnalist sifatida samarali ijod qilgan. Oʻzbek va rus tillarida oʻzidan boy ilmiy meros qoldirgan. 1925—1937-yillarda uning 16 ta kitobi va 200 dan ortiq maqolalari nashr qilingan. Xoʻjayevning „Buxoro inqilobining tarixiga materiallar“ (1926), „Buxorodagi revolyutsiya va Oʻrta Osiyoning milliy chegaralanishi tarixiga doir“ (1932) kitoblari, „BXSRdagi iqtisodiy ahvol“ (1924), „Yosh buxoroliklar toʻgʻrisida“ (1926), „Jadidlar“ (1926), „Bosmachilik“ (1930) maqolalarida Oʻzbekiston tarixining XX asr 1-choragidagi jiddiy muammolar koʻrsatilgan.

„Oʻzbekiston yuksalishda“ nomli asari 1936-yilda nashr etilgan. Unda 1935-yilda Oʻzbekiston SSRda qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport va yoʻl qurilishi, moliya, xalq maorifi va sogʻliqni saqlash, kadrlar masalasi va boshqa sohlarga qaratilgan.

Manbalar

tahrir
  1. Q.Rajabov. Fayzulla Xo'jayev. Toshkent Abu matbuot-konsalt 2011 — 36-bet. ISBN 978-9943-336-55-1. 
  2. Qahramon Rajabov. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  3. Hrono.ru:Uchinchi Moskva jarayoni stenogrammasi
  4. „Fayzulla Xo‘jayevning nomi Rossiyada ochilgan Repressiya qurbonlari xotira devoridan joy oldi“ (2018-yil 8-noyabr). Qaraldi: 2023-yil 31-iyul.

Qoʻshimcha adabiyotlar

tahrir
  • Izbrannie trudi, t. 1—3, T., 1970— 73;
  • Tanlangan asarlar, 1—3j.lar, T., 1976— 80;

Adabiyotlar

tahrir
  • Politicheskaya jizn russkix musulman do fevralskoy revolyutsii, Oksford, 1987;
  • Fayzulla Xoʻjayev hayoti va faoliyati haqida yangi mulohazalar, T., 1997;
  • Fayzulla Xodjayev. 100 let, Navoi, 1996;
  • Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000;
  • Eshonov O. E., Fayzulla Xoʻjayev, T., 1973;
  • Hasanov M., Fayzulla Xoʻjayev, T., 1990;
  • Baqoyev M., Fayzulla Xoʻjayevjurnalist va publitsist, T., 1992;
  • Rajabov K,., Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, T., 2002.