Bayoz (arabcha: بیاض – oq, oqlik) – ikki va undan ortiq shoirlar sheʼrlaridan tuzilgan sheʼriy toʻplam[1][2].

Tuzilishi

tahrir

Bayozlar sarbayoz (soʻz boshi), lirik sheʼrlar (asosiy qism), xotima va ilovadan tashkil topadi. Ayrim bayozlarda sheʼrlari keltirilgan shoirlar nomi mundarija sifatida beriladi. Baʼzan Bayozlarga xalq ogʻzaki ijodi namunalari: oʻlan, latifa, mutoyiba, maqol, musiqiy asarlar (Buxoro shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari, ashula va katta ashulalar) ham kiritiladi.

Tarixi

tahrir

Ilk bayozlar, asosan, mashhur shoirlarning gʻazallaridan tuzilgan, keyinchalik bunga rioya qilinmagan. Bayozlar deyarli lirik janrdagi asarlardan tashkil topadi, unga nasriy parchalar ayrim hollardagina kiritiladi. Bayozlar biror gʻoya yoki maʼlum davr dunyoqarashini targʻib qilmaydi, umuman saylab olingan asarlarda davriylik ham boʻlmaydi, ular qatʼiy bob va boʻlimga ajratilmaydi, mualliflar ijodi sharhlanmaydi. Kimning sheʼridan qancha kiritish tuzuvchi xohishiga bogʻliq.

Ilk bayozlar arab sheʼriyati rivojlangan davr (750 – 1O55)da yuzaga kelgan (qarang Tammom, Saolibiy). Turkistonda bayozchilik X-XV asrlar sheʼriyati taʼsirida vujudga keladi. 18-19-asrlarga kelib ular mundarija va mazmun jihatdan ancha boyidi. Ayniqsa, Bedil ijodiyoti taʼsirida Bayoz tuzish anʼanaviy tus oldi. Rasmiy va norasmiy Bayozlar bor. Rasmiy Bayoz maxsus kotib, naqqosh, sahhof tomonidan buyurtmaga yoki muayyan shaxs talabiga mos tarzda tuziladi. Norasmiy Bayozda bezak va matnlarning joylashishida muayyan tartib boʻlmaydi. Bundaylari oʻz navbatida yana ikkiga boʻlinadi: a) shoir yoki kotib oʻziga maʼqul shoirlarning asarlaridan tanlab tuzadi; b) tuzuvchining oʻz sheʼriy toʻplamiga boshqa shoirlar asarlaridan namunalar kiritiladi (masalan, „Bayozi Miriy“, „Bayozi Roziy“, „Bayozi Nodim“, „Bayozi Kamiy“ va boshqalar).

Adabiy taraqqiyot jarayonida bayozlar adabiyot namunasigina boʻlib qolmay, haqiqiy sanʼat asariga ham aylandi, oʻziga xos maktablar paydo boʻldi. Fargʻona, Buxoro, Xorazm, Toshkent maktablariga mansub bayozlar asosan ikki tilda – oʻzbek va fors tillarida tuzilgan. 19-asr oxiri – 20-asr boshlarida Muhammad Rahimxon Soniy (Feruz) tashabbusi bilan rasmiy bayozlar tuzish rivoj topdi, yuzlab naqshdor Bayozlar tuzildi va noyoblaridan nusxalar koʻchirildi. 19-asr oxirlarida Turkistonda matbaa ishlarining rivojlanishi bilan qoʻlyozma bayozlar tuzish davom etgani holda, Toshkent va Xivada toshbosma bayozlar chop etish yoʻlga qoʻyildi. Bayoz Turkiston xalqlari adabiyoti tarixini va devon tuzmagan shoirlar ijodini oʻrganishda muhim manbadir[3].

Manbalar

tahrir
  1. I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987. 
  2. I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2. 
  3. „Bayoz“ Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar

tahrir
  • Hamidova M., Qoʻlyozma bayozlar – adabiy manba, T., 1981.

Havolalar

tahrir