Boysungʻur, Boysunqur yoki Boysunqar (16-sentabr 1397-yil, Hirot — 20-dekabr 1433-yil) — temuriy shahzoda.

Shohrux Mirzo bilan Gavharshodbegimning oʻgʻli. Boysungʻur 1414 yil Mozandaron, Astrobod va Jurjon viloyatlari hokimi, 141620 yillarda esa otasi Shohruxning vaziri boʻlgan. Eron Ozarbayjoni (1420) va Astrobod (1431) hokimi. Ogʻir dardga chalinib 36 yoshida vafot etgan.

Boysungʻur insonparvar, adolatpesha, ilm va adab ahliga muruvvatli hukmdor boʻlish bilan birga, oʻzi ham gʻazallar bitgan, xattotlik va naqqoshlik sanʼatini mukammal egallagan. U Hirotda noyob qoʻlyozmalar jamlangan juda boy kutubxona tashkil qilgan, unda 40 dan ortiq xattot moʻgʻullar istilosi davrida yoʻq qilingan qoʻlyozmalarning boʻlak nusxalarini topib, ulardan nusxalar koʻchirish yoki yaroqsiz holga kelganlarini tiklash bilan mashgʻul boʻlgan. Hirotdagi Gavharshodbegim masjidi bezaklari va. kitobalarini shaxsan Boysungʻurning oʻzi bajarganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Uning rahbarligi va bevosita ishtirokida Abulqosim Firdavsiy „Shohnoma“sining tanqidiy matni tuzilgan (1425—26). Unga Boysungʻurning oʻzi soʻz boshi yozgan. „Shohnoma“ ning bu nusxasi „Shohnomai Boysungʻuriy“ deb atalgan (rasmlar bilan bezatilgan mazkur qoʻlyozma Tehron muzeyida saqlanadi). Shuningdek Boysungʻur jahon sanʼati tarixida muhim oʻrin tutgan Hirot miniatyura maktabita asos solgan. Bu maktab vakillari tomonidan koʻchirilgan asarlarning koʻpchiligi Istanbul kutubxonalarida saqlanadi.[1]

Manbalar

tahrir
  1. "Boysungʻur" OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil