Katta Langar
Katta Langar (Langar, Langar ota nomlari bilan ham tanilgan) – Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatiga qarashli qishloq. Qamashi tumani tarkibiga kiradi. Tumandagi Qizitepa qishlogʻidan 25-30 kilometr[1] va Shahrisabzdan 70 kilometr masofasida[2] joylashgan.
Katta Langar | |
---|---|
Qishloq | |
38°43′3.3666″N 66°46′10.506″E / 38.717601833°N 66.76958500°E | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Qashqadaryo viloyati |
tuman | Qamashi tumani |
Asos solingan | XV asr |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Pochta indeks(lar)i | 180513 |
Avtomobil kodi | 70 |
|
Qishloqqa XV asrda soʻfiy Muhammad Sodiq asos solgan[2].
Oʻxshash nomlar
tahrirLangar, Langar ota, Katta Langar, Kichik Langar, Eski Langar, Past Langar kabi joy nomlari Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ, Shahrisabz, Qamashi, Navoiy viloyatining Xatirchi hamda Fargʻona viloyatining Qoʻshtepa tumanlarida uchraydi.
Joylashuvi
tahrirKatta Langar qishlogʻi Hisor togʻi etaklarida, Langarsoy boʻyida joylashgan.
Qishloqqa kiraverishda Qapchigʻoy darasi boʻlib, daradagi toshlar nisbatan yengil hisoblanadi[3].
Tarixi
tahrirTurkestanskiye vedomosti gazetasining 1920-yil 24-fevralda chiqqan sonida qishloq haqida shunday deyiladi[4]:
Langar qishlogʻi oʻtgan zamonda shahar ham boʻlgan. Bu qishloq oʻzining madaniy holatini saqlab qolgan. U Yakkabogʻdan uncha uzoqda emas. Albatta vaqti kelib bu yerlarga ham ot yoʻllari oʻrniga asfalt yoʻllari solinar. Langar oddiy qishloq emasligi toʻgʻrisida mozorda turgan qabrtoshlar guvohlik berib turibdi. Ular juda ajoyib bezatilgan…
Iqtisodiyoti
tahrir2018-yilda Katta Langar qishlogʻi hududidagi temuriylar davriga oid madaniy meʼmorchilik yodgorliklari saqlanib qolgani hisobiga turistik hududga aylantirilishi bildirildi[5].
Qishloq oʻzidan yuqoriroqda joylashgan Maydanak balandtogʻ rasadxonasi bilan 4R86 mahalliy yoʻli bilan bogʻlanadi. Ushbu yoʻlning 40 kilometrlik qismi 2024-yil yanvarda taʼmirlangan[6]. Taʼmirlashga davlat budjetidan 11 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan[7].
2022-yilda ichimlik suvi olib kelingan, elektrifikatsiya qilingan, biroq gazlashtirilmagan[2]. Aholiga gaz suyultirilgan holda gaz balonlarda yetkazib beriladi.
Langarota masjidi va shayx Abulhasan maqbarasi
tahrirLangarota masjidi Oʻrta Osiyo togʻli hududiga xos, ikki xonaqohli, oldi peshayvonli qilib bunyod etilgan.
Masjid tarkibida 1 ta ayvon, 4 ta mehrob, 2 ta xonaqoh, 7 eshik va 19 ustun mavjud[1]. Ilk qurilgan masjid avvaliga kichik boʻlib, keyinchalik kattalashtirilgan degan taxminlar mavjud. Shunga koʻra, 2 ta xonaqoh katta va kichik masjid deb ataladi.
Masjidning balandligi 11 metrni tashkil etadi. Umumiy maydon esa 32x32 metr[1].
Mehrob atrofida suls yozuvida yozilgan bitiklr bilan bezatilgan. Uning ichidagi bezakli yozuvlarda 1519—1520, 1562—1563, 1748 va 1807—1808-yillar (qurilgan va taʼmir qilingan sanalar) yozuvi saqlangan. Devor boʻylab koshinlar mozaika uslubida joylashtirilgan. Shuningdek, arab va nomaʼlum tildagi yozuvlar bilan jilolangan.
Maqbara atrofi qabristondan iborat. XX asrda Eski Langar qabrtoshlarini oʻrgangan sharqshunos Mixail Masson qabriston epitafiyalari XV-XVI asrdan to XX asrga qadar boʻlgan davrga mansubligi yozadi[4].
Qabristondagi ishqiya tariqati shayxlariniki boʻlib birinchi qabr shayx Abuhasan ibn shayx Ilyos ibni shayx Muhammad ibn shayx Xudayqulniki (vafoti hijriy 897-yil), ikkinchi qabr esa Shayx Muhammad Sodiq ibni shayx Abul Hasan ibni shayx Ilyosniki (vafoti hijriy 952-yil), uchinchi qabr esa Abul Husayn ibni shayx Muhammad Sodiq Abul Hasan ibni shayx Ilyos ibni shayx Muhammad ibni shayx Xudayqulniki (vafoti hijriy 967-yil) hisoblanadi[4].
Qadimda maqbara kirish sahnining oʻng va chap tomoniga ogʻirligi bir tonna va undan ogʻir 9 ta tosh shayxlarga atab keltirilgan[4].
Katta Langar Qurʼoni
tahrirKatta Langar qishlogʻidan asrlar davomida ishqiya tariqati shayxlari tomonidan saqlab kelingan Qurʼonning eng qadimgi nusxalaridan biri topilgan[8]. Mus’haf VIII asrda buzoq terisiga koʻchirilgan va IX asrda Arabistondan keltirilgan[5]. Hozirda Qur’onning 81 varagʻi Sankt-Peterburgdagi Kunstkamera muzeyida, 1 varagʻi Toshkentdagi Sharqshunoslik institutida, 2 varagʻi Buxoro viloyatida, 13 varagʻi Oʻzbekiston musulmonlari idorasida saqlanadi[8]. Qisman AQSh, Fransiya, Quvayt muzeylarida ham turibdi[5].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 „Лангар ота масжиди ҳақида эшитганмисиз?“. vaqf.uz. Vaqf xayriya jamoat fondi. Qaraldi: 1-aprel 2024-yil.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 „“Katta Langar — jannatmonand joy”. O‘zbekistondagi tog‘ qishlog‘i Ildar Sadikov fotonigohida“. Gazeta.uz. Afisha Media (2023-yil 4-fevral). Qaraldi: 1-aprel 2024-yil.
- ↑ „Darveshona osh qilinadigan qishloq – Langar ota“. Kun.uz. Kun.uz (2023-yil 22-fevral). Qaraldi: 1-aprel 2024-yil.
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 „Tarix tilsimi yashiringan qadamjo“. qashqadaryo.uz. Qashqadaryo viloyati hokimligi. Qaraldi: 1-aprel 2024-yil.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 „Katta Langar qishlog`i turistik hududga aylantiriladi“. Darakchi.uz (2018-yil 18-dekabr). Qaraldi: 1-aprel 2024-yil.[sayt ishlamaydi]
- ↑ „Olis tog‘li manzillarda ravon yo‘llar“. Qamashi tuman hokimligi (2024-yil 8-yanvar). Qaraldi: 1-aprel 2024-yil.
- ↑ „2019-2020-YILLARDA QASHQADARYO VILOYATINING QAMASHI TUMANINI KOMPLEKS RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA“. lex.uz. Qaraldi: 1-aprel 2024-yil.
- ↑ 8,0 8,1 „“Nodir qo‘lozma sirlari”: O‘zbekistonda saqlanayotgan Katta Langar Qur’oni haqida“. sputniknews.uz. Sputnik (2023-yil 17-aprel). Qaraldi: 2-aprel 2024-yil.