Moʻgʻullar davlati

XIII-XIV asrlarda moʻgʻullar tomonidan barpo etilgan imperiya
(Mo`g`ullar davlatidan yoʻnaltirildi)

Moʻgʻullar davlati (moʻgʻ.: Монголын эзэнт гүрэн; moʻgʻ.: Их Монгол улс, Yeke Mongɣol ulus — „Buyuk moʻgʻullar davlati“) — XIII asr 1-yarmida Chingizxon va uning vorislarining istilolari natijasida vujudga kelgan va Sharqiy Yevropadan Yaponiya dengizigacha va Novgoroddan Janubi-Sharqiy Osiyogacha boʻlgan hududni oʻz ichiga olgan jahon tarixidagi eng yirik davlat.

Moʻgʻullar davlati
moʻgʻ.: Их Монгол улс

xoqonlik imperiyasi

1206 — 1368



 

 

 



1206-yildan 1294-yilgacha boʻlgan Moʻgʻullar davlati
Poytaxti Avarga (1206—1235)
Qoraqurum (1235—1260)[1][2]
Shandu (1260—1264/1368)[2]
Xonbaliq (1264—1368)[3]
Til(lar)i moʻgʻul, turk, xitoy, fors tillari
Pul birligi balish
Maydoni 24 000 000 км² (1309)[4]
33 000 000 км² (1279)[5]
Aholisi 110 milliondan ortiq (1279)[6]
Boshqaruv shakli saylangan monarxiya va sulolaviy monarxiya
Sulola chingiziylar
Hukdorlar unvoni
xon
Meros boʻlib oʻtishi
Polovets yeri
Ilk moʻgʻullar davlati
Xorazmshohlar davlati
Qadimgi Rus davlati
Volga-Kama Bulgʻoriyasi
Sun imperiyasi
Qoraxitoylar davlati
Oltin Oʻrda
El Xonlar davlati
Chigʻatoy ulusi
Yuan (sulola)

Oʻzining gullab-yashnagan davrida u Oʻrta Osiyo, Janubiy Sibir, Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq, Xitoy hamda Tibetning keng hududlarini oʻz ichiga olgan.

XIII asrning ikkinchi yarmida imperiyaning yemirilishi boshlandi va 1266-yilda barham topadi, har bir ulus xonlarining har biri (imperiyaning oʻzini boshqargan Xubilaydan tashqari) oʻzini mustaqil deb eʼlon qilib, chingiziylar boshchiligidagi alohida uluslar xonlari bir-birini mustaqil deb tan oldi. Buyuk Moʻgʻulistonning eng yirik boʻlaklari Yuan imperiyasi, Joʻji ulusi (Oltin Oʻrda), Hulokuiylar davlati (Elxoniylar) va Chigʻatoy ulusi edi. Yuan imperator unvonini qabul qilgan (1271) va poytaxtni Xonbaliq (hozirgi Pekin)ga oʻtkazgan Buyuk Xon Xubilay barcha uluslar ustidan hukmronlik qilishni daʼvo qildi. XIV asr boshlariga kelib imperiyaning rasmiy birligi amalda mustaqil davlatlar konfederatsiyasi shaklida tiklandi.

1368-yilda Yuan imperiyasi barham topdi va shu bilan Moʻgʻul imperiyasi tarix sahnasidan ketdi[7].

Davlatning shakllanishi

tahrir

Tatarlar va kerayitlar ustidan gʻalaba qozongan Temujin (Chingizxon) oʻz xalqiga — qoʻshinlarga bosh boʻldi. 1203-1204-yillar qishida bir qator islohotlar natijasida Moʻgʻullar davlatiga asos solindi. 1206-yil bahorda Moʻgʻulistondagi turli toifa qabilalar sardorlarining qurultoyida Temuchin xon etib tayinlangan va unga „Chingizxon“ („Ulugʻ xon“) deb nom berilgan, tashkil etilgan davlat „Yeke mongʻol ulus“ deb atalgan. Chingizxon hokimiyatni mustahkamlash yoʻlida bir qancha islohotlar oʻtkazgan. Jumladan:

  • Eng muhim islohot minglik, yuzlik va oʻnliklarga boʻlingan armiyani qayta tashkil etish bilan bogʻliq edi. Shunday qilib, nazorat va intizom yaxshilandi, eng muhimi, qoʻshinlarni tashkil etishning umumiy tamoyillar yoʻq qilindi. Endi martaba koʻtarilishi urugʻ aristokratiyasiga yaqinlik bilan emas, balki shaxsiy qobiliyat va xonga sodiqlik bilan belgilanadi;
  • Maxsus korpus — keshiklik tuzildi, xonning oʻziga xos shaxsiy qoʻriqchisi ikki qismga boʻlingan: turgʻaud — kunduzgi qoʻriqchilar va kebteul — tungi qoʻriqchilar (mos ravishda 70 va 80 kishidan iborat boʻlgan);
  • Bundan tashqari, minglab bahodirlardan iborat elita birligi — harbiy xizmatlari uchun ushbu faxriy unvonni olgan eng yaxshi jangchilar tashkil etildi.

Shuningdek ming oilani bir maʼmuriy birlikka boʻlishga asoslangan va harbiy tus berilgan yangi maʼmuriy tuzum joriy etilgan. Unga koʻra, Chingizxonga tobe boʻlganlar jami 95 ta „ming oila“ birligiga boʻlib chiqilgan va bularning har biriga urush davrida Chingizxonga sadoqat bilan xizmat koʻrsatgan kishilar boshliq qilib tayinlangan. Lekin amalda ayrim mingliklar bir necha ming oiladan iborat ham boʻlgan. Mingliklarni tashkil etishda imkon boricha bir toifadagi qardosh avlodlarni va qabilalarni bir-biridan ajratmaslikka eʼtibor berilgan. Mazkur „ming oila“lar, oʻz navbatida, gʻarbiy „oʻng qanot“ va sharqiy „soʻl qanot“, markaziy va togʻliklar kabi 4 qismga boʻlingan. Har bir ming oila yuzlikka va oʻnlikka boʻlingan. Aholini roʻyxatga olish ishlari amalga oshirilgan. 15 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan erkaklar harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan. Qoʻshinda qattiq tartib oʻrnatilgan, qonunbuzarlar uchun qattiq jazo, qonun ustuvorligini himoya qilganlarga esa hurmat bildirilib, mukofot belgilangan. Savdo yoʻllari, avvalambor Buyuk ipak yoʻlining xavfsizligini taʼminlab, undan toʻla foydalanishga eʼtibor berilgan. Bu tadbirlar Chingizxon hokimiyatini mustahkamlashda ijobiy samara bergan.

Chingizxon moʻgʻullardan koʻp sonli yaxshi qurollangan, qattiq intizomga asoslangan va uyushgan qoʻshin tuzadi. XIII asr muallifi Juvayniyning yozishicha, osoyishtalik davrida chorvachilik bilan mashgʻul boʻlgan barcha moʻgʻul aholisi muqoraba (harbiy yurish) eʼlon qilinishi bilan tezda oʻn, yuz, ming, oʻn ming jangchi — tuman boʻlinmalaridan iborat muntazam qoʻshinga aylantirilardi. Har bir jangchi harbiy yurish vaqtida oʻziga zarur boʻladigan qurol-yarogʻ, turli anjomlar va ot-ulovlarini oldindan tayyorlab qoʻyishga majbur boʻlgan. Qoʻshin yuzboshi, mingboshi, tumanboshilar tomonidan boshqarilgan. Tuman boʻlinmalariga, odatda, shahzodalar qoʻmondonlik qilgan. Asosiy qoʻshindan tashqari, Chingizxon ixtiyorida harbiy zodagonlardan tuzilgan maxsus gvardiya („keshik“) ham tashkil etiladi. Bu gvardiya faqat favqulodsa sodir boʻladigan xavf-xatarga qarshi tashlanardi. Davlat maʼmuriyatini markazlashtirish maqsadida Chingizxon Qoraqurum qalʼasini oʻz imperiyasining poytaxtiga aylantiradi. Xat-savodga mutlaqo ega boʻlmagan, madaniyati nihoyatda tuban moʻgʻullar davlat boshqaruv ishlarida uygʻurlardan hamda musulmon savdogarlaridan foydalandilar. Chingizxon va noʻyonlarining maslahatchilari, mirzolari va baʼzi bir mulk maʼmurlari, asosan, uygʻurlardan boʻlgan. Masalan, Sharqiy uygʻurlar xoni Idiqut (Saodatbek) xonning yaqin doʻsti va maslahatchisi edi. Tashatun ismli uygʻur esa davlat muhrdori lavozimini hamda shahzodalarni xatsavodga oʻrgatuvchi ustod vazifasini bajargan. Chingizxon tarqoq jangari moʻgʻul urugʻlarini birlashtirgach, tajovuzkorlik siyosatini yurgizdi (Moʻgʻullar istilosi). Zabt etilgan oʻlka va viloyatlarni Chingizxon 1224-yilda oʻgʻillari va nabiralariga taqsimlab berdi. Janubiy Sibir, Dashti Qipchoq, Volga boʻyi, Xorazm va Darbandgacha boʻlgan oʻlka Chingizxonning toʻngʻich oʻgʻli Joʻjixonga (uning vafotidan keyin esa, nabirasi Botuga meros boʻlgan) topshirildi, Sharqiy Turkiston, Yettisuv va Movarounnahrga uning 2-oʻgʻli Chigʻatoy ega boʻldi. Chingizxon oʻz vatani Moʻgʻulistonni, shuningdek, Xitoyni 3-oʻgʻli va vorisi Oʻqtoyxonga berdi. Kenja oʻgʻli Tulixonga esa Xuroson, Eron va Hindiston tegdi. Shunday qilib, moʻgʻullar bosib olingan viloyatlarni uluslarga taqsimlab boshqarishga kirishadi.

Chingizxonning nabirasi Munke hukmronligi davrida (1251—59) Moʻgʻullar davlati tarkibiga Moʻgʻuliston, Shimoliy Xitoy, Koreya, tangutlarning Si-Sya podsholigi, Markaziy va Oʻrta Osiyo, Zakavkazye, Eron, Afgʻoniston va Rus yerlarining aksariyati kirgan. Biroq, Moʻgʻullar davlatida ichki birlik yoʻq edi, u turli tillarda soʻzlashuvchi koʻplab xalqlarni zoʻrlik bilan birlashtirgan edi, bu xalqlar turli ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyot bosqichida boʻlib, ularning koʻpchiligi taraqqiyot darajasiga koʻra moʻgʻullardan ancha ustun edilar. Munke oʻlimidan soʻng Moʻgʻullar davlati parchalanib keta boshlagan. Undan dastlab Botuxon (1236—1255-yillar hukmronlik qilgan) va Huloku (1256—1265-yillar hukmronlik qilgan) uluslari ajralib chiqib, moʻgʻullar sulolasi hukmronligi ostida mustaqil davlatlar tuzganlar (Oltin Oʻrda, Hulokuiylar davlati). Bu davlatlar Moʻgʻullar davlati ishlariga aralashmaganlar va oʻz navbatida, boshqalarning ham ularning ishlariga aralashishiga yoʻl qoʻymaganlar. Munkening oʻrniga taxtga chiqqan ukasi Xubilay (1260—1294-yillar hukmronlik qilgan) davrida moʻgʻullar Xitoyning butun hududini bosib olishgan. Xubilay va uning vorislari saltanati Yuan deb atala boshlagan. 1368-yil Xitoydagi xalq qoʻzgʻoloni natijasida moʻgʻullar u yerdan quvilganlar. Kulikovo jangidan soʻng moʻgʻullarning Rusdagi hukmronligiga darz ketgan. XIV asrning 2-yarmida Eron, Zakavkazye va Oʻrta Osiyoda moʻgʻullar hukmronligi tugatilgan. XIV asrning soʻnggi choragida Moʻgʻullar davlati barham topgan. XV asrda Esenxon (1440—55 yillarda xonlik qilgan) va Dayanxon (1479—1543-yillarda xonlik qilgan) kabi hukmdorlar birlashib Moʻgʻullar davlatini tiklashga harakat qildilar. Ammo bu harakatlar natija bermadi. Dayanxonning oʻlimidan keyin mamlakat Janubiy Mongoliya va Shimoliy Mongoliyaga boʻlinib ketdi. Shimoliy Mongoliya ham, oʻz navbatida, Gʻarbiy va Sharqiy qismlarga ajraldi. 16-asrda Mongoliyaning 3 qismida jami 200 hokimlik (knyazlik) mavjud edi.

Abdulahad Xoʻjayev, Abdulahad Muhammadjonov[8].

Manbalar

tahrir
  1. „Каракорум • Большая российская энциклопедия — электронная версия“. bigenc.ru. 2021-yil 4-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 26-noyabr.
  2. 2,0 2,1 „Монгольская империя • Большая российская энциклопедия — электронная версия“. bigenc.ru. 2021-yil 18-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 25-noyabr.
  3. „Столицы Монгольской империи | Синология.Ру“. www.synologia.ru. Qaraldi: 2021-yil 25-noyabr.
  4. Taagepera R. Expansion and Contraction Patterns of Large Polities: Context for Russia // International Studies Quarterly. — 1997. — Vol. 41. — P. 499.
  5. Vandepeer Matt. Retrospect Empire.
  6. Vandepeer Matt. Retrospect Empire.
  7. Монгольская феодальная империя // Большая советская энциклопедия : [в 30 т.] / гл. ред. А. М. Прохоров. — 3-е изд. — М. : Советская энциклопедия, 1969—1978.
  8. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil