Botuxon
Botuxon, Botu, Sainxon (1208-1255) - moʻgʻul xoni, Jo'jixonning ikkinchi o'gli, Chingizxoning nabirasi. B.ning onasi qoʻngʻirot urugʻidan boʻlgan Elchi noyonning qizi Ukifuj xotun edi. Otasining oʻlimi (1227)dan keyin Joʻji ulusini idora qilgan, moʻgʻullarning barcha asosiy harbiy yurishlarida qatnashgan. Abulgʻoziy Bahodirxonning yozishicha, Oʻqtoyxon Xitoyni zabt etib, Moʻgʻuliston ga qaytib kelgach (1235), B.ni Tulixonning ugli Munke, oʻzining ugli Guyukxon va Chigʻatoyning oʻgʻillari hamrohligida rus, cherkas, bulgʻor, turo, boshqird va b. xalklar yerlarini bosib olish uchun joʻnatadi. Ularga Chingizxonning eng yirik sarkardasi Subutoy bahodirni harbiy maslahatchi qilib tayinlaydi. Yurishda jami 14 moʻgʻul xoni ishtirok etib, qoʻshinning soni 150 mingga yetadi. B. 1236—38 yillarda VolgaKama Bulgʻoriyasi, alanlar, qipchoqlar, Oʻrta Volgaboʻyi xalqlari, Ryazan, Vladimir knyazliklarini (qarang Sit ekangi) buysundiradi, Moskva, Kolomna, Vladimir, Rostov, Uglich, Yaroslavl, Kostroma kabi 14 rus shahrini bosib oladi. 1240—41 yillarda u Janubiy Rusdagi Kiyev, VladimirVolinskiy, Galich va b. shaharlarni zabt etgach, Karpat dovonlari orqali Vengriyaga kirib qirol Bela IV ning 60 minglik qoʻshinini tormor keltiradi (qarang Sayo jangi). Soʻng Polshaga bostirib kirib, Legnitsa sh. ostonasida polyak va nemis knyazliklarining birlashgan qoʻshinlarini (ritsarlarni) magʻlub qiladi (qarang Legnitsa jangi). Keyin u Chexiya, Avstriya, Xorvatiya, Bosniya va Serbiyani zabt etib, Adriatika dengizi boʻyiga chiqadi. Shunda ulugʻ qoonning vafot etgani haqida xabar topib, ortiga qaytadi (1242). B. Dunay daryosidan Irtish daryosigacha boʻlgan ulkan hududda Oltin Oʻrda davlatini barpo qilgan (yana qarang Moʻgʻullar istilosi).
Flamandlik sayyoh va monax Rubrukning yozishicha, B.ning Quyi Volga boʻyidagi qarorgohi shu qadar katta maydonni egallaganki, hatto unga butun bir yirik shahar sigʻishi mumkin boʻlgan. Qarorgoh markazida B. chodiri joylashgan. Uning jan., yaʼni eshik tomonigina ochiq qoddirilib, qolgan taraflarida har bir moʻgʻul qavmi oʻzi uchun tayin qilingan joyga oʻtovlar tikkan.
B. mamlakatda savdo-sotiq va hunarmandchilikni taraqqiy ettirishga katta eʼtibor bergan. Volganing sharqiy qirgʻogʻida Astraxon (Ashtarxon) sh. yaqinida oʻziga poytaxt shahar — SaroyBotuni qurdirgan. U moʻgʻullar imperiyasidagi davlat toʻntarishi (1251)da qatnashib, Munke (Mangu)ning ulug qoon (xoqon) boʻlmogʻiga koʻmaklashgan.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Grekov B. D.,Yakubovskiy A. Yu., Oltin Oʻrda va uning qulashi, T., 1966.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |