Muxtorjon Abdullayev

oʻzbek diniy arbobi

Muxtorjon Turdialiyevich Abdullayev (1928-yil 30-dekabr, Qoʻqon, SSSR — 2002-yil 25-may, Buxoro, Oʻzbekiston) — sovet va oʻzbek diniy, ilmiy va jamoat arbobi. 1993—1997-yillarda O‘zbekiston Oliy muftiysi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari. Buxorodagi Mir Arab madrasasining uzoq yillik mudiri.

Muxtorjon Turdialiyevich Abdullayev
 Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi
Mansab davri
1993-yildan – 1997-yilgacha
Oʻtmishdoshi Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Vorisi Abdurashid Bahromov
 Movorunnahr musulmonlari idorasi rahbari (O‘zbekiston)
Mansab davri
1993-yil – 1997-yil
Oʻtmishdoshi Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Vorisi Shayx Abdurashid qori Baxromov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi
Muxtorjon Turdialievich Abdullaev

30-dekabr 1928-yil
Qoʻqon
Vafoti 25-may 2002-yil(2002-05-25)
(73 yoshda)
Buxoro
Ilmiy unvoni Islom teologiyasi

Biografiyasi

tahrir

Muxtorjon Abdullayev 1928-yilda Qoʻqon shahrining Azriktepa mahallasida tavallud topgan[1][2][3]. Uning otasi Turdiali qori Qo‘qon madrasalaridan birida taniqli islom domlalaridan taʼlim olgan mashhur ilohiyot olimi, shuningdek, Xudoyorxon davrida shayx ul-islom unvonini olgan Abdullohjon domlaning o‘g‘li boʻlgan.

Oilasi

tahrir

SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan Farg‘ona vodiysida musulmon dindorlarga va sovet hokimiyati muxoliflariga tinimsiz taʼqib qilinayotgan bir davrda Turdiali qori oilasi xavfsizligini oʻylab oʻzi yashab turgan hududdan qochishga harakat qiladi. 1935-yilda Turdiali qori oʻziga tanish boʻlgan ilohiyot olimlarining taklifiga ko‘ra, oilasi bilan boshqa bir tinchroq shahar — Samarqandga yashirincha qochib ketadi va bu ishi uchun qidiruvga berilgan shaxslar roʻyxatiga tushadi. Oila ikki yil davomida Samarqandda yashaydi. Kunlarning birida Turdiali qori oilasi bilan istiqomat qiladigan mahallada bir kishi vafot etadi, qori esa imom sifatida marhumning yaqinlari bilan birga janoza namozini o‘qishga qaror qiladi. Mahallada janoza namozini oʻqish qatʼiyan man etilgan bir paytda Turdiali qori haqida hukumat vakillariga zudlik bilan xabar berishadi va uni hibsga olishadi. Hibsda ushlangan davrida bir muddat Qo‘qonda faoliyat olib borgan Samarqand Ichki ishlar komissarligi xodimlaridan biri Turdiali qorini taniydi, uni hurmat qilganligi bois yashirincha hibsdan ozod qiladi va unga bogʻliq ishni bosdi-bosdi qilib yuboradi. Shundan soʻng, uning oilasi (shu jumladan, Muxtorjon Abdullayev ham) Turkmaniston SSRga Afgʻoniston Qirolligi yoki Pahlaviylar davlati orqali ketish maqsadida Buxoroga qochib ketishadi. Bu vaqtga kelib, SSSRning janubiy chegaralari sovet askarlari tomonidan qattiq qoʻriqlanardi, buning natijasida Turdiali qori mamlakatdan qochish haqidagi fikridan qaytishga majbur boʻladi va Buxoroda qolib, boshqa oddiy kishilardan ajralib turmaslik maqsadida sovun zavodiga ishga joylashadi[4][5][6].

Taʼlimi

tahrir

Muxtorjon Abdullayev Buxoro shahridagi 6-sonli o‘rta maktabni tugatganidan soʻng, o‘z otasidan va boshqa domlalaridan islomiy taʼlim olgan. Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida 4 yil tahsil olgach, o‘z iqtidori bilan Toshkentdagi Baroqxon madrasasiga oʻqishga kirgan va Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxondan[1][2][3] taʼlim olgan.

Mehnat faoliyati

tahrir

Muxtorjon Abdullayev mehnat faoliyatini Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasida boshlaydi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Buxorodagi Mir Arab madrasasiga mudir etib tayinlanadi. Keyinchalik Suriyadagi Damashq universitetining shariat fakultetiga 3 yillik o‘qishga yuboriladi. Suriyada Abdullayev arab tilini yanada yaxshilashga erishadi. Suriyadan qaytgach, Mir Arab madrasasida mudirlik va bir vaqtning o‘zida mudarrislik faoliyatini davom ettiradi. Shuningdek, Muxtorjon Abdullayev rahbarlik qilgan davrda Mir Arab madrasasining nufuzi yanada ortib, madrasa faoliyatiga yangilik va takomillashtirish ishlari kiritiladi. Sovet hokimiyati o‘rnatilgandan beri taqiqlangan Ramazon oyida taroveh namozi va jamoaviy iftorliklarni birinchi bo‘lib Buxoroning o‘sha paytda faoliyat ko‘rsatgan sanoqli masjidlarida qayta tiklaydi. Mir Arab madrasasidagi rasmiy faoliyati bilan bir qatorda, oʻz uyida ham yoshlarga bilimlarini oshirish boʻyicha bir qacha saboqlar beradi[7][8][9].

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari va O‘zbekiston Oliy muftiysi lavozimidan hokimiyat bosimi tufayli isteʼfoga chiqarilganidan so‘ng, uning oʻrniga Muxtorjon Abdullayev Musulmonlar idorasi raisi etib saylanadi.

1997-yilda esa muftiylikdan olinadi va Buxorodagi Bahouddin Naqshband majmuasiga qarashli masjidga qaytib, to vafotigacha shu yerda imom-xatib bo‘lib ishlaydi. 1991-yilga qadar Shayx Muxtorjon Abdullayev doimiy ravishda Mir Arab madrasasiga rahbarlik qilib, SSSR da o‘ta nufuzli va mashhur ilohiyot olimi, shariat, fiqh, tafsir, kalom, hadis, arab va fors tillari bo‘yicha mutaxassisga aylanadi va sunniylik, hanafiylik mazhabi tarafdorlaridan biri sifatida so‘fiylik tariqati, naqshbandiyani qo‘llab-quvvatlaydi.

1993-yilda Buxoro va Toshkentda Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanlar tashkil etib, naqshbandiya tariqatining tiklanishiga ham katta hissa qo‘shadi[10][11][12].

Muxtorjon abdullayev o‘zbek tilidan tashqari arab, fors, tojik, rus, ozarbayjon, qrim-tatar, tatar, boshqird, turkman tillarini ham yaxshi bilgan.

Muxtorjon Abdullayev 2002-yilning 25-mayida 74 yoshida vafot etadi. Qabri Buxorodagi Hazrati Imom qabristonida.

Misr prezidenti Husniy Muborak bilan

tahrir

Ushbu voqea 1994-yilda boʻlib oʻtgan. Shayx Muxtorjon Abdullayev O‘zbekiston Oliy muftiysi va Musulmonlar idorasi rahbari sifatida O‘zbekistonning Misr Arab Respublikasi Prezidenti Husniy Muborak huzuridagi rasmiy delegatsiyasi tarkibida bo‘ladi. Husniy Muborak saroyida O‘zbekiston delegatsiyasi sharafiga tashkil etilgan tantanali kechki ovqatdan so‘ng, barcha ishtirokchilar o‘z ishlari bilan shug‘ullanishadi, Shayx Muxtorjon Abdullayev O‘zbekiston delegatsiyasining ayrim aʼzolari va Misr rasmiylari bilan birga saroy hovlisini aylanib chiqadi. Uning xotiralariga ko‘ra, oʻsha paytda prezident Husniy Muborak mashinada shayxning oldiga keladi va unga quyidagi so‘zlarni aytadi: „Hurmatli shayx, tinchlaning va xijolat bo‘lmang, siz mening aziz mehmonimsiz. Sizni oilam bilan tanishtiraman, chunki uyimga muqaddas Buxoroning atoqli farzandini olib keldim. Yurtingizda (Qirg‘izistonning hozirgi Bishkek shahridagi Frunze nomidagi oliy harbiy qo‘mondonlik bilim yurti nazarda tutiladi) o‘qib yurgan kezlarim Andijon, Toshkent, Buxoro, Samarqand shaharlarida bo‘lganman va dinimiz rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan yurtingizni juda hurmat qilaman. Men sizning hududingizdan ko‘plab buyuk ulamolar chiqqanini ham juda yaxshi bilaman“. Uning xotiralariga ko‘ra, Misr prezidenti yoshligida O‘zbekistonda bo‘lganini hayajon va mehr bilan eslaydi va prezident bilan kechgan suhbat juda uzoq davom etganini, natijada mehmonxonalarga joylashgan boshqa delegatsiya vakillaridan farqli ravishda Muxtorjon Abdullayev Misr prezidentining uyida tunab qoladi. So‘ngra Misr Prezidenti so‘zlarida davom etdi: „Hurmatli muftiy janoblari, sizdan katta iltimos va taklifim bor. Xudo xohlasa, prezidentingiz bilan birgalikda muqaddas Buxoroda Imom al-Buxoriy nomini olgan Xalqaro islom universitetini tezroq ochmoqchiman. Bu men va buyuk Misr xalqining aziz va muhtaram O‘zbekiston xalqiga va muqaddas Buxoro shahriga, eng muhimi, buyuk Al-Buxoriy xotirasi uchun qilingan ishlar uchun cheksiz minnatdorchilik belgisi sifatida tuhfa bo‘lar edi. Bu imkoniyat O‘zbekistonga yana islom sivilizatsiyasi markazlaridan biriga aylanish huquqini beradi. Nafaqat, O‘zbekistondan, balki butun islom olamidan 10—15 ming yoki undan ham ko‘proq yoshlar ushbu universitetda o‘qishini istayman. Bu universitet atrofida katta islomiy tadqiqot markazi ham qurilib, vaqti kelib ushbu institut nufuzi bo‘yicha bizning Al-Azhar universiteti bilan raqobatlasha oladi. Ko‘rib turganingizdek, hozir islom olamida „Al-Azhar“ga munosib raqib yo‘q. Shuning uchun ham Al-Azhar olimlari va oʻqituvchilari, ularning shogirdlari Al-Azharni islom olamidagi eng yaxshi oʻquv maskani biri deb bilishadi. Men esa ularning bunday kibrga berilishlarini va g‘ururlanishlarini yoqtirmayman. Darhaqiqat, hozir biznikidan nufuzliroq islomiy taʼlim muassasasi yo‘q, ammo „Al-Azhar“ga yaxshi maʼnoda munosib raqib bo‘la oladigan taʼlim dargohi bunyod etilishini va bunday muassasa aynan mening sevimli va muqaddas shaharlarimdan boʻlgan Buxoroda ochilishini juda istayman. Mamlakatingiz bularning barchasi uchun ulkan salohiyatga ega". Ertasi kuni ertalab Husniy Muborak xayrlashayotganda: „Sizdan iltimos qilaman, suhbatimiz haqida prezidentingizga ayting. Bu men uchun juda muhim. Men shaxsan o‘zimning hisobimdan 45 million dollar ajratishga tayyorman, bu masalaga o‘z davlatim va qo‘shni davlatlardagi hamkorlarimni ham jalb etishga harakat qilaman“. Muxtorjon Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, xayrlashuv chog‘ida u prezident Husniy Muborak va uning oila aʼzolarini duo qilib, ularga minnatdorchilik bildirgan va uni ana shunday taʼlim muassasasini tashkil etishda faol ishtirok etishiga ishontirgan[13][14].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 У. Алимов, Б. Бобожонов. Ўзбекистон уламолари. Тошкент: «Мовароуннаҳр», 2015. ISBN 978-9943-12-324-3. 
  2. 2,0 2,1 А. Иноятов, М. Солиева. Зулматдаги зиёкорлар. Тошкент: «Ҳилол-нашр», 2016. ISBN 978-9943-4632-1-9. 
  3. 3,0 3,1 „Ўзбекистон муфтийси Мухторжон домла Абдуллаев ҳикояти“ (uz). uzerk.org. Qaraldi: 2022-yil 14-iyun.
  4. Ўзбекистон уламолари. 
  5. Зулматдаги зиёкорлар. 
  6. „Ўзбекистон муфтийси Мухторжон домла Абдуллаев ҳикояти“ (uz). uzerk.org. Qaraldi: 2022-yil 14-iyun.
  7. Ўзбекистон уламолари. 
  8. Зулматдаги зиёкорлар. 
  9. „Ўзбекистон муфтийси Мухторжон домла Абдуллаев ҳикояти“ (uz). uzerk.org. Qaraldi: 2022-yil 14-iyun.
  10. Ўзбекистон уламолари. 
  11. Зулматдаги зиёкорлар. 
  12. „Ўзбекистон муфтийси Мухторжон домла Абдуллаев ҳикояти“ (uz). uzerk.org. Qaraldi: 2022-yil 14-iyun.
  13. „Ўзбекистон муфтийси Мухторжон домла Абдуллаев ҳикояти“ (uz). uzerk.org. Qaraldi: 2022-yil 14-iyun.
  14. „Ўзбекистон муфтийси Мухторжон домла Абдуллаев ҳикояти“ (uz). uzerk.org. Qaraldi: 2022-yil 14-iyun.