Gney Pompey Trog (lotincha Gnaeus Pompeius Trogus) (miloddan avvalgi I asr — milodiy I asr oʻrtalari) — „Filipp tarixi“ asari bilan mashhur boʻlgan Rim tarixchisi[1]. Asli Galliyadan boʻlgan Rim tarixchisi Avgust davrida yashab oʻtgan. Pompey Trog yunon manbalaridan, asosan Timagendan foydalangan holda Ossuriya shohi Nin davridan to oʻzi yashab oʻtgan zamonigacha boʻlgan dunyo tarixiga oid asar yozgan[2].

Pompey Trog
Tavalludi Miloddan avvalgi I asr
Vafoti Milodiy I asr
Fuqaroligi Qadimgi Rim imperiyasi
Kasbi Tarixchi

Kelib chiqishi

tahrir

Pompey Trog Galliyaning Narbon viloyatida yashab oʻtadi. Uning bobosi Sertori jangida jasorat koʻrsatganligi tufayli Gney Pompey tomonidan Rimning fuqarolik huquqiga ega boʻlgan edi. Uning amakisi Mitridatov jangida Gney Pompey sarkardaligidagi otliq qoʻshinning bir qismiga boshliq qilib tayinlanadi. Uning otasi imperator Yuliy Sezar davrida kotib va tarjimon boʻlib ishlaydi[3].

Filipp tarixi

tahrir

Pompey Trog „Filipp tarixi“ asarini eramizning 7-yillarida yozdi[4]. J. Yardley va V. Xekkelning yozishiga koʻra, 44 kitobdan iborat bu asar Ossuriya podshohlari zamonidan to Rim imperatori Avgust (miloddin avvalgi 63 — milodiy 14) davrigacha dunyoda boʻlib oʻtgan voqealarni bayon qiladi, lekin asosiy eʼtibor Yunonistonning makedoniyalik Filipp II (miloddan avvalgi 359—336) va Aleksandr Makedoniyalik davridagi ijtimoiy-siyosiy tarixini bayon etishga qaratilgan. 44 kitobdan faqat „Prolog“ qismi, yaʼni Yunius Yustin kitoblarning qisqacha mazmuni koʻchirmasi saqlanib qolgan. „Filipp tarixi“ni yozishda Pompey Trog Gerodot, Ktesiy, Polibiy, Timey va boshqalarning asarlaridan foydalangan. [5].
Pompey Trog ham, uning asarini qisqartirib qayta ishlagan Yunius Yustin ham oʻz asarlarini yozish uchun Ptolomey, Aristobul, Kallisfenning „Kundalik“larini oʻrganib chiqqan. Aleksandr bilan Soʻgʻdiyona yerlariga kelgan Evmen va Diodat qoʻlyozmalari bilan yaqindan tanishgan. „Shoh jurnali“ yoki „Efemerida“ deb nomlanuvchi maxsus bebaho asarni sinchiklab oʻrgangan. Yana shu davr tasvir etilgan oʻnlab tarixiy lavhalarni qiziqib oʻqigan. Pompey Trog ham, Yustin ham Gerodot ijodini bilgan. Ayniqsa, Gerodotning „Tarix“ yoki „Tadqiqot“ asari har ikkala tarixchining diqqat markazida turgan[6]. „Filipp tarixi“ asarining ahamiyatli jihatlaridan biri, asarning birqancha nomaʼlum asarlarga suyanib yozilganligi, Rim, Yunoniston kabi yirik davlatlarning paydo boʻlishi va ularning tarixini keng yoritib bergan. Pompey Trog bunday davlatlarning oxiri inqirozga yuz tutishini aytadi. Pompey Trog tarixni harakatga keltiruvchi kuch urf-odat va taqdir deb hisoblagan. „Filipp tarixi“da skiflar, Baqtriya, Makedoniyalik Aleksandr davrida Baqtriya va Soʻgʻdda qurilgan shahar va katta inshaotlar, Makedoniyalik Aleksandr vafotidan keyin yuz bergan voqealar, parfiyaliklarning kelib chiqishi, ularning urf-odatlari, Parfiya podsholigining tashkil topishi, Baqtriya, Parfiya va Midiyaning oʻzaro munosabatlariga oid muhim maʼlumotlar mavjud. Pompey Trogning „Filipp tarixi“ asari Yustin (II—III asr) tarafidan qisqartirilib qayta ishlangan shaklda bizning zamonimizgacha yetib kelgan va Ruxl tomonidan 1935-yili chop qilingan. Uning ruscha tarjimasi A. A. Dekonskiy va M. M. Rijskiy tomonidan „Vestnik drevney istorii“ jurnalining 1954-yil 2-4 va 1955-yil 1-sonlarida bosilgan[7].

Aleksandr yurishi haqida

tahrir

Pompey Trog asarida Aleksandrning Markaziy Osiyo yurishi haqida ham maʼlumot beradi: „Aleksandr Girkaniyani, mardlarni, keyinroq Kavkaz togʻi etaklaridagi drang, everget, paret, parapamizad va boshqa qabilalarni boʻysundirdi. Uning oldiga Doro III ning doʻstlaridan biri boʻlgan Bessni kishanlangan holda keltirishadi. U Doroga xiyonat qilib uni oʻldirgan edi. Aleksandr bu xiyonatni jazosi sifatida qatl etish uchun uni Doroning ukasiga topshirarkan, Doro mening dushmanim va buning doʻsti edi, degan gaplarni aytadi. Bu oʻlkalarda oʻz nomining unutilmasligi uchun Tanaid (Tanais, Sirdaryoning yunoncha nomlaridan biri) yoqasida Aleksandriya shahrini bunyod etdi, 6000 qadam uzunligidagi shaharni oʻrovchi devor oʻn yetti kun ichida qurib bitkazildi va unga Kir qurib ketgan shaharlarning aholisi koʻchirib oʻtkazildi. Baqtriya va Soʻgʻdiyonada u oʻn ikki shahar qurib, qoʻshinidagi notinch, gʻalvali kishilarni oʻtroqlashtirdi“[8].

Hokimlar xususida

tahrir

Pompey Trog Aleksandr vafotidan keyin safdoshlari (diadoxlar)ning hukmronlik qilgan hududlari haqida yozib, asarida „Baqtriyaning narigi tarafi ila Hindiston oʻlkalari avvalgi noiblarda qoldirildi. Gidasp bilan Ind orasidagi yerlar Taksilga, Parapamiz bilan Kavkaz togʻlarining chegaralari Oksiartga, Baqtriya chek tashlash orqali Amintaga, drang ila ariylar Stanazorga, Soʻgʻdiyona Sulsiy va Stagnorga, Parpiya (Parfiya) Filippga, Girkaniya Fratafernga tegdi[9]“, deb yozadi.

Salavkiylar davlati asoschisi Salavk haqida esa „Salavk sharqda koʻp urushlar olib bordi; birinchidan Bobilni oldi, soʻng gʻalabadan kuchini koʻpaytirgach, Baqtriyani egalladi-da, Hindistonga yurdi. Aleksandrdan soʻng bu yerda ozodlikka (davlatga) asos solgan Sandrakot hokim edi. Salavk u bilan shartnoma tuzdi va Sharqda ishlarini bir yoqlik qilib, Antigonga qarshi yana urush boshladi[10]“, deb maʼlumot beradi.

Skiflar haqida

tahrir

Pompey Trog skiflarni dunyodagi eng qadimiy xalqlardan biri, deb hisoblaydi (qadimiylikda ular misrliklar bilan bahslashadilar, degan mashhur ibora ham unga tegishli). „Skif" atamasi xalqning aniq nomi emas, balki ularning turmushini sifatlovchi maʼnoni anglatgan. Yunon muarrixlarining maʼlumotlariga qaraganda, skiflar qadimda Gʻarbda Dnepr daryosidan tortib, Sharqda Tyan-Shan togʻlarigacha choʻzilgan dasht va sahrolarda yashagan. Ularning qabilalari massaget, dax, sak (shak) va derbik kabi nomlar bilan atalgan[11].

Parfiya va parfiyaliklar haqida

tahrir

Rimlik Pompey Trog „Filipp tarixi“ asarida Rim imperiyasining asosiy raqiblaridan biri boʻlgan Parfiya davlati, uning aholisi boʻlgan parfiyaliklar, hamda ularga qoʻshni boʻlgan skif(sak)lar xususida ham quyidagicha maʼlumot berib oʻtgan: „Hozirgi kunda butun Sharqni egallagan parpilar (parfiyaliklar) bir zamonlari skiflarning quvgʻindi qilingan bir parchasi boʻlganlar. Aytishlaricha, nomlarining maʼnosi ham skif tilida quvgʻindi deganini bildirarkan. Ossuriya, Bobil, Midiya davrida nomi eng kam tanilgan el boʻlganlar. Sharqda hokimiyat forslarning qoʻliga oʻtganda, nom-nishonsiz bir olomondek gʻolibning oʻljasiga aylanganlar. Keyin xuddi shu ahvolda makedonlar qoʻli ostiga kirganlar. Bunday elning faqat oʻz jasoratiga suyanib, shunday iqboli barq urgan, oʻzini qul qilgan koʻp xalqlarni hozirda oʻzining quliga aylantirganlari odamlarni lol qoldiradi. Uch marta ular eng yaxshi Rim sarkardalari hujumiga uchrab, uch karra ham teng kelish u yoqda tursin, rimliklarni tor-mor qilganlar. Ular shon-shuhratining eng choʻqqisi uzoq yurtlarga qilgan gʻolibona harb yurishlarida emas, shon-shuhratda olamga tanilgan: Ossuriya, Midiya, Eron (Ahamoniylar davlati) va 1000 shaharlik Baqtriya davlatlaridanda yuksakka koʻtarilganlaridadir. Bu davlatlar skiflar bilan hamisha chegara urushlari olib borganlari va boshqa turli xavf-xatarni daf qilib turganlari uchun qoʻshni Skifiyada hamisha davom etadigan oʻzaro qirgʻinbarot urushlardan qochgan skiflar Girkaniya, day, ariy, sparn, Margʻiyonaning boʻsh yotgan choʻllariga (Parpiya davlatida boʻlgani uchun) kelib oʻrnashaverganlar. Avvaliga qoʻshnichilik deb indashmagan. Keyin toʻxtatmoqchi boʻlganlar. Biroq ular nafaqat bepoyon choʻllarni, balki togʻ va adirlarni, u yerdagi jarliklarni-da egallab boʻlgandilar. Parpiya ob-havosida issigʻu, sovuq oʻrtasidagi tebranish kuchli, togʻlarda qor turaveradi, biroq tekisliklarda azob beruvchi jazirama hukmron boʻladi[12]“.

Manbalar

tahrir
  1. Madraimov A., Fuzailova G. Manbashunoslik / Darslik. -T.: Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008. 126-bet.
  2. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 54-bet.
  3. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 150-bet
  4. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 150-bet
  5. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 54-55-betlar.
  6. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 151-152-betlar.
  7. Madraimov A., Fuzailova G. Manbashunoslik / Darslik. -T.: Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008. 126-bet.
  8. Qadimgi tarixchilar Oʻrta Osiyo haqida: Terma parchalar. Tarjimon va tuzuvchi: Zohir Aʼlam. T.: „YURIST-MEDIA MARKAZI“, 2008. 115-116-betlar.
  9. Qadimgi tarixchilar Oʻrta Osiyo haqida: Terma parchalar. Tarjimon va tuzuvchi: Zohir Aʼlam. T.: „YURIST-MEDIA MARKAZI“, 2008. 126-bet.
  10. Qadimgi tarixchilar Oʻrta Osiyo haqida: Terma parchalar. Tarjimon va tuzuvchi: Zohir Aʼlam. T.: „YURIST-MEDIA MARKAZI“, 2008. 128-bet.
  11. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 55-bet.
  12. Qadimgi tarixchilar Oʻrta Osiyo haqida: Terma parchalar. Tarjimon va tuzuvchi: Zohir Aʼlam. T.: „YURIST-MEDIA MARKAZI“, 2008. 150-bet.