Rumiy Qozizoda (arabcha: الرومي في قزيزة — Rumiy Qozizoda — Toʻliq ismi:Qozizoda Salohiddin Muso ibn Muhammad ibn Mahmud Rumiy)) — Matematik va Astronom.

Rumiy Qozizoda
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Matematik, Astronom

Hayoti

tahrir

Rumiy Qozizoda [taxminan 1360, Kichik Osiyodagi Brussa shahri (hozirgi Turkiyaning Bursa shahri) — 1437, Samarqand] — matematik va astronom. Xuroson va Movarounnahrda bilim olgan. Otasi Muhammad „Xoja Afandi“ laqabi bilan maʼlum boʻlib, Rumiyning bolalik yillarida vafot etgan. Xoja Afandi ancha olim va komil kishi boʻlib, ko‘p yillar Bursaning qozisi lavozimida xizmat qilgan. Rumiy boshlang‘ich maʼlumotlarini Bursadagi madrasada olib, astronomiya va matematika bilimlarini mavlono Shamsiddin Fanoriydan o‘rganadi. Lekin yoshligidan Movarounnahr va Xurosonda ilm-fanning yuksak darajada ekanligini eshitib, u yerga borishga taraddud ko‘ra boshlaydi. Bu haqda XX asr boshlaridagi turk tarixchisi Solih Zakiy bunday yozadi: „Mavlono Fanoriydan Xuroson va Movarounnahr ulamosining ulumi riyoziyadaki ovozai shuhratini eshita-eshita, nihoyat ikmoli tahsil uchun u joniba getmakka qaror vermish“. Oila aʼzolari bu sayohatga monelik qilishlaridan qo‘rqib, buni sir tutadi. XIV asr oxirlarida bir kun to‘satdan Bursadan g‘oyib bo‘ladi. Avvaliga Xurosonga borib, u yerda poytaxt Samarqandning shuhrati haqida eshitadi va o‘sha tarafga intiladi. Bu orada Amir Temurning yetti yillik yurishi boshlanib qoladi. Rumiy yo‘lda Temurning ulamolari qatoriga qo‘shilib qolib, ular bilan orqaga qaytib, yurishda ishtirok etadi va shu ketishda o‘zining Bursadagi ustozi mullo Fanoriyning „Anmuzaji ulum“ asariga sharh bitadi. Xuroson va Movarounnahrga kelib olimlardan tahsil olib, bilimini kamolotga yetkazadi. Xususan, Temurning saroy astronomi Mavlono Ahmaddan astronomiya va matematika fanlaridan chuqur maʼlumotlar oladi. Amir Temurning yetti yillik yurishi tugagach, 1404-yil yozida Rumiy birinchi martta Movarounnahr poytaxti Samarqandga keladi. Tez orada Rumiy Movarounnahr va Xuroson olimlari orasida „Qozizoda Rumiy“ (Usmonli turklar mulki boʻlib qolgan kichik Osiyo, yaʼni qadimiy Rim imperiyasi yerlarini Sharqda Rum deyilar edi) nomi bilan shuhrat qozonadi. Taxminan 1400-yilda Samarqandga oʻqish va ilmiy faoliyatini davom ettirish uchun kelgan. 1405-yil boshida yuz bergan Sohibqironning vafotidan keyingi Movarounnahrda hukm surgan notinchlik Rumiyni Ulug‘bek bilan birgalikda Hirotga ketishga majbur qiladi. Bu yerda u bir necha yil davomida bo‘lajak buyuk olimga astronomiya va matematika fanlaridan saboq beradi va unda shu fanlarga nisbatan chuqur va so‘nmas mehr uyg‘otadi. Ulug‘bek keyinchalik o‘z „Zij“ida Rumiyni minnatdorchilik bilan „ustozim“ deb tilga oladi. Mazkur „Zij“ni tuzishda Ulug‘bekka Gʻiyosiddin Jamshid, undan keyin Qozizoda Rumiy o‘zlarini ulkan hissalarini qo‘shadilar va nihoyat Ali ibn Muhammad Qushchiy (Ali Qushchi) uni mukammal qilib nihoyasiga yetkazadi. Ulugʻbek ilmiy maktabining yaratilishida Rumiyning ishtiroki katta. Xususan, Rumiy tashabbusi bilan Gʻiyosidsin Jamshid Koshiy va boshqa olimlar Samarqandga taklif etilgan. U Ulugʻbek madrasasida matematika va astronomiyadan maʼruza oʻqigan. Rumiyni zamondoshlari „Aflotuni zamon“ (oʻz davrining Platoni) deb atashgan. Ulugʻbek rasadxonasi qurilishining rahbarlaridan biri. Koshiy vafotidan soʻng umrining oxirigacha uning noziri. Rumiy Ulugʻbekning barcha ilmiy tadbirlarida, jumladan, „Ziji Koʻragoniy“ tuzishda ishtirok etgan. Rumiy Ulug‘bek madrasasida mudarrislik yillarida „sayyidu-s-sanad“ deb tilga olinadigan Sayyid Sharif Jurjoniy nomli bir mudarris bilan muloqotda bo‘ladi. Rumiy u kishi bilan kup mubohasa va munozara qilardi. Baʼzan shunday bulardiki, bu mubohasalarda ikkala shaxs ham bir-biriga nisbatan ovozini ko‘tarar va tafovut, muxolifotga borardilar. Shunday hollarda Rumiy Sayyid Sharifga nisbatan „matematik fanlarda qudratsiz“ desa, Sayyid Sharif Rumiyga „taʼbi matematik fanlarga mag‘lub va falsafiyotga mansub“ der edi. Lekin ikkisi ham bir-birining asarini tahrir qilar va tortishuvga sabab bo‘lgan masalalarni talabalar oldiga qo‘yar edilar. Ulug‘bek Jamshid Koshiydan „Ziji Elxoniy“ haqida va Marog‘adagi kuzatishlar haqida ko‘p eshitib, o‘zi rasadxona barpo etish va yangidan astronomik kuzatishlarni boshlashga tashabbus ko‘rsatadi. Rasadxona qurilishini Rumiy bilan birga Jamshid Koshiy boshqaradi. Qurilish tugatilib, kuzatishlar boshlanishi bilanoq Koshiy vafot etgan. Bundan so‘ng ishlarga ilmiy rahbarlik Rumiyning zimmasiga yuklanadi, ammo kuzatishlar oxiriga yetkazilmasdan vafot etgan. Endi kuzatishlarni davom ettirish navbati Ali Qushchiga keladi va u bu ishda katta jonbozlik ko‘rsatib, ustozi Ulug‘bek bilan ishni nihoyasiga yetkazadi. Rumiy arifmetikaga oid tenglamalarni yechishning Koshiy taklif qilgan iteratsion usuliga oid risola va boshqa asarlar yozgan. Koshiyning bu muxim ixtirosi bizgacha faqat Rumiy va Miram Chalabiy asarlari orqali (har ikkisida turlicha bayonda) yetib kelgan. Shuningdek, Maxmud alChagʻminiyning „Astronomiyaning qisqa bayoni“, Jamshiddin Samarqandiyning geometriya asoslariga doir, Masʼud Taftazoniyning „Ilmlar kaliti“ asarlariga R. yozgan sharhlari keng tarqalgan. Rumiyning oʻgʻli Hasan Chalabiy, nevarasi Miram (Miriam) Chalabiy ham taniqli olim boʻlishgan.

Faoliyati

tahrir

Rumiy bilan Jamshid Koshiylar, shubhasiz XV asr 1-yarmida Sharq va Gʻarbning eng buyuk olimlaridan edilar. Ular ikkisining o‘zaro munosabatlari do‘stona edi va ular bir-biriga katta hurmat bilan qarar edilar. Rumiy Koshiyga „birodari aʼzam“ deb murojaat etardi. Rumiy Samarqanddaligida juda ko‘p shogirdlar yetishtirdi. Bularning avvali va eng buyugi Ulug‘bekdir. Ikkinchi shogirdi Fathulloh Shervoniy boʻlib, u 1449-yili Ulug‘bek o‘ldirilishi bilan darhol Kichik Osiyoga ketadi va Kastamonu shahrida mudarrislik bilan shug‘ullanadi. Rumiy Samarqandda uylanib, bu nikohdan bo‘lajak yirik olim Miram Chalabiyning otasi Qutbiddin dunyoga keladi. Rumiyning vafot etgan yili maʼlum emas. Lekin bu voqea 1426-1436-yillar orasiga to‘g‘ri keladi, deb taxmin qilinadi. Olim qalamiga mansub asar quyidagilardir: „Risola fi-l-hisob“ („Hisob haqida risola“). Arifmetikaga doir arab tilida yozilgan risola boʻlib, unda kasr va butun sonlarning o‘nlik uslublaridagi hisobi bayon etilgan. Risola 1382-yili Bursada yozilgan. Ikkita qo‘lyozmasi Mashhadda imom Rizo kutubxonasida saqlanadi. „Sharh mulaxxis fi-l-hay’a“ („Astronomiyaga oid xulosalar sharhi“). Asar Mahmud ibn Muhammad ibn Umar Xorazmiy Chag‘miniyning (XIII asr) „Mulaxxis fi-l-hay’a“ nomli asariga arab tilida yozilgan sharhidan iborat. Sharh hijriy 1412-yili Ulug‘bek uchun Samarqandda yozilgan. Risolaning 150 dan ortiq qulyozma nusxalari dunyodagi turli kutubxonalarda saqlanadi. „Sharh ashkolu-t-taʼsis“. Bu risola XV asrda yashagan matematik Shamsiddin Samarqandiyning „Ashkolu-t-taʼsis“ („Asoslangan jumlalar“) nomli geometriyaga doir risolasiga arab tilida yozilgan sharhidir. Bu ham 1412 yili Samarqandda Ulug‘bek uchun yozilgan. Bu risolaning ham 70 dan ortiq qo‘lyozmalari boʻlib, turli kutubxonalarda mavjuddir. „Risolatu-l-jayb“ („Sinus haqida risola“) („Risolatu-l-Moridiniya“ deb ham ataladi). Bu risola muqaddima va yigirma bobdan iborat boʻlib, unda bir darajaning sinusini aniqlashning yangi bir usuli bayon etilgan, arab tilida Samarqandda yozilgan. Uning ikki qo‘lyozmasi Istanbulda Sulton Muhammad kutubxonasida saqlanadi. „Dar bayoni istirohati jaybi yak daraja“ („Bir daraja sinusini aniqlash usulining bayoni haqida“). Bu risola ham oldingi risola mavzusiga bagishlangan va fors tilida Samarqandda yozilgan. „Dasturu-l-amal va tashihi-l-jadval“ („Amal dasturi va jadvallarini tuzatish“) arab tilida yozilgan va Ulug‘bek „Zij“idagi bir matematik masallaning sharhiga bag‘ishlangan. Birgina qo‘lyozmasi Tbilisida saqlanadi. „Misoha“ („O‘lchash“). Arab tilida yozilgan, yuzalarni o‘lchashga bag‘ishlangan risola b-b, bir nusxasi Mashhadda Mavlaviy kutubxonasida saqlanadi. „Risola fi-l-hay’a va-l-handasa“ („Astronomiya va geometriya haqidagi risola“) birgina nusxasi Turkiyada, Bursada saqlanadi. „Sharhu-t-tazkira“ Nosiruddin Tusiyning „At-tazkira“ nomli arab tilidagi risolasiga sharh. „Sharh tahriru-l-Majistiy“ arab tilida yozilgan. Astronomiyaga doir risola, ikki qulyozmasi Berlin va Londonda saqlanadi. „Risola fi ilmi-l-hay’a“ („Astronomiya ilmi haqida risola“) birgina qulyozmasi Sankt-Peterburgda saqlanadi. „Risola fi rub’i-l-mujayab“ („Sinus kvadrat haqida risola“) arab tilida boʻlib, qo‘lyozmalari Sankt-Peterburg, Mashhad va Tehron kutubxonalarida saqlanadi. „Lima kana halla kavni nisba irtifaʼ aʼzami-l-jibol ila qutri-l-arz kanisba sub’ ard shaʼira ila ziraʼ“ („Nima u-n tog‘larning eng balandining Yer diametriga nisbati arpa donining bir gazga nisbati kabi ekanligi qabul qilingani“). Yer o‘lchamiga bag‘ishlagan arab tilidagi risola boʻlib, birgina qulyozmasi Berlinda saqlanadi. „Risola fi samiyi-l-qibla“ („Qibla azimuti haqida risola“). Qulyozmasi Bursada (Turkiya) saqlanadi."Sharh hikmati-l-ayn" Qazviniyning „Hikmatu-l-ayn“ nomli risolasiga sharh, arab tilida. Qo‘lyozmalari Bog‘chasaroy (Qrim), Berlin, Dushanbe, Qozon, Qohira va boshqa ko‘plab shaharlardagi kutubxonalarda saqlanadi. „Risolatun fi-l-jiha“ („Tomonlar haqida risola“). Ulug‘bek rasadxonasining yetuk namoyandalaridan sanalgan va Ulug‘bekdek buyuk olimni tarbiyalangan Qozizoda Rumiy qoldirib ketgan adabiy-ilmiy meros bugungi avlodning oltin mulki hisoblanadi. Lekin shuni ham taʼkiddab utish joizki, bu olimning qator asarlar o‘z tadqiqotchilarini hanuzgacha kutib yotibdi.[1]

Asarlari

tahrir
  • „Risola fi-l-hisob“,
  • „Sharh mulaxxis fi-l-hay’a“,
  • „Sharh ashkoli-t-taʼsis“,
  • „Risolatu-l-jayb“,
  • „Dar bayoni istirohati jaybi yak daraja“,
  • „Dasturu-l-amal va tashihu-l-jadval“,
  • „Misoha“,
  • „Risola fi-l-hay’a va-l-handasa“,
  • „Sharhu-t-tazkira“,
  • „Sharh tahriru-l-Majistiy“,
  • „Risola fi ilmi-l-hay’a“,
  • „Risola fi rub’i-l-mujayab“,
  • „Lima kana halla kavni nisba irtifaʼ aʼzami-l-jibol ila qutri-l-arz kanisba sub’ ard shaʼira ila ziraʼ“,
  • „Risola fi samiyi-l-qibla“,
  • „Sharh hikmati-l-ayn“,
  • „Risolatun fi-l-jiha“.

Adabiyot

tahrir
  • QoriNiyoziy T. N., Ulugʻbek va uning ilmiy merosi, T., 1971.[2]

Manbalar

tahrir
  1. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 511-516.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil