Sugʻd (viloyat)
Sugʻd viloyati (1939-yildan 2000-yil iyungacha Leninobod viloyati) — Tojikiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. Respublikaning shimolida joylashgan. Maydoni 25,400 km2. Aholisi 2,349,000 kishidan ziyod (2013), asosan, tojiklar va oʻzbeklar, shuningdek, ruslar, qirgʻizlar, tatarlar, ukrainlar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Sugʻd viloyatida 14 tuman, 10 shahar va 21 shaharcha bor. Markazi — Xoʻjand shahri. Asosiy shaharlari: Xoʻjand, Ustrushona (sobiq Oʻratepa), Isfara, Qayroqqum, Konibodom, Panjakent, Taboshar, Boʻston[2].
viloyat | |
---|---|
Maʼmuriy markazi | Xoʻjand |
Yirik shaharlari | Istaravshan, Isfara, Qayroqqum, Konibodom, Panjakent, Boʻston |
Asos solingan sanasi | 23-dekabr 1970-yil |
Hukumat raisi | Abdurahmon Qodiriy |
Rasmiy tili | Tojik tili |
Aholi (2013) | 2 349 000[1]. (2-oʻrin) |
Zichligi | 92,4 kishi./km² |
Millatlar tarkibi |
tojiklar — 67,9 % oʻzbeklar — 29,1 % ruslar — 1,3 % |
Maydoni | 25 400 km² (3-oʻrin) |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Kod ISO 3166-2 | TJ-SU |
Indeks FIPS | TI03 |
Telefon kodi | +992 3422 |
Pochta indeksi | 735700 |
Avtomobil raqami kodi | 02TJ |
Xaritada | |
39°30′0″N 69°0′0″E / 39.50000°N 69.00000°E |
Tarixi
tahrir1918—24 yillarda Sugʻd viloyati hududi Turkiston ASSRning Samarqand viloyati Xoʻjand uyezdi, 1924—29 yillarda Oʻzbekiston SSR, 1929-yildan Tojikiston SSR tarkibida. 1939-yildan viloyat maqomida. 1939-yil 27-oktabrda tashkil etilgan. 1962-yilda tugatilib, 1970-yil 23-dekabrda qayta tashkil etildi.
Hududiy boʻlinishi
tahrirBirliklar nomi maʼmuriy- hududiy boʻlinishi |
Aholisi (01.01.2013) ming kishi |
Maydoni ming km² |
Aholi zichligi kishi/km² |
---|---|---|---|
Xoʻjand shahri | 167,4 | 0,0 | 87,3 |
Istaravshan shahri | 57,4 | ||
Isfara shahri | 44,8 | ||
Qayroqqum shahri | 42,3 | ||
Konibodom shahri | 48,0 | ||
Panjakent shahri | 39,5 | ||
Istiqlol shahri | 15,2 | ||
Chkalovsk shahri | 30,8 | ||
Ayniy tumani | 74,4 | 5,2 | 14,3 |
Asht tumani | 143,5 | 2,8 | 51,2 |
Gʻafur tumani | 332,7 | 2,7 | 123,2 |
Gʻonchi tumani | 146,8 | 1,6 | 91,7 |
Koʻhistoni Mastchoh tumani | 22,0 | 3,7 | 3,7 |
Jabbor Rasulov tumani | 119,4 | 0,3 | 398,0 |
Zafarobod tumani | 64,3 | 0,5 | 128,6 |
Istaravshan tumani * | 176,9 | 0,7 | 252,7 |
Isfara tumani * | 196,3 | 0,9 | 218,1 |
Konibodom tumani * | 140,9 | 0,8 | 176,1 |
Mastchoh tumani | 107,4 | 1,0 | 107,4 |
Panjakent tumani * | 219,8 | 3,7 | 57,4 |
Spitamen tumani | 122,5 | 0,4 | 306,2 |
Shahriston tumani | 36,6 | 1,2 | 30,5 |
Jami | 2349,0 | 25,4 | 92,4 |
* viloyat ahamiyatiga ega shaharlar |
Geografiyasi
tahrirSugʻd viloyati shimol, shimoli-sharq, shimoli-gʻarb va gʻarbdan Oʻzbekiston Respublikasi, sharqdan Qirgʻiziston Respublikasi, janubdan Tojikistonning Respublikaga qarashli tumanlari bilan chegaradosh. Sugʻd viloyati hududi respublikaning shimolida (Tyan-Shan va Hisor-Olay togʻlarining gʻarbiy qismida, Sirdaryo va Zarafshon daryolari havzasida). Relyefi har xil: togʻ tizmalari (Turkiston, Zarafshon, Qurama, Hisor) bilan birga adirlar va ular orasida vodiylar (Sirdaryo vodiysi, Zarafshon vodiysining sharqiy qismi) bor. Shimoliy qismida Kurama tizmasi, Moʻgʻultogʻ, janubida Turkiston tizmasi, Zarafshon tizmasi, shuningdek, Hisor tizmasi joylashgan.
Iqlimi
tahrirIqlimi keskin kontinental. Yozi issiq. Iyulning oʻrtacha harorati 9,7 °C dan (Anzob dovoni) 27,5 °C gacha (Asht, Xoʻjand), eng yuqori harorat 45 °C (Xoʻjand), 46 °C (Zafarobod). Qishi oʻrtacha sovuq, yanvarning oʻrtacha harorati — 12,7 °C dan (Anzob dovoni) — 6 gacha (Xoʻjand). Eng past harorat —30° (Zafarobod). Vegetatsiya davri 230 kun. Yiliga 100 mm (Konibodom), 250 mm (Asht), 400 mm (togʻlarda) yogʻin yogʻadi.
Tabiati va hayvonot olami
tahrirAsosiy daryosi — Zarafshon (Fondaryo va Yagʻnob irmoklari bilan), shuningdek, Isfara, Xoʻjabaqirgʻon, Oqsuv (Sirdaryo irmoqlari) ham mavjud. Yirik koʻllar: Iskandarkoʻl, Oqsuvkon. Shuningdek, Qayroqqum va Kattasoy suv omborlari ham bor. Tuproqlari boʻz, oʻtloqi va jigarrang tuproqlar. Oʻsimlik dunyosi vertikal mintaqalar hosil qilgan. Tekisliklar va adirlarda shuvoq, lola, togʻ dashtlarida chalov oʻsadi, baʼzi togʻ yon bagʻirlarida zarang, zirk, archazorlar uchraydi. 3000 m dan balandroq togʻlarda subalp va alp oʻtloqlari bor. Yovvoyi hayvonlardan ayiq, boʻri, tulki, kiyik, tovushqon, jayra, boʻrsiq, qobon, sibir togʻ echkisi, qor qoploni; qushlardan qirgʻovul, ular, kaklik, bulbul, kaptar, mayna, qizilishton, zogʻ, oʻrdak yashaydi; baliklardan laqqabaliq, sazan, zogʻorabaliq va boshqalar bor.
Sanoati
tahrirSugʻd viloyatining xoʻjaligi Tojikistonning boshqa viloyatlariga nisbatan ancha rivojlangan. 1980—90 yillarda respublika sanoat mahsulotining 35%, jumladan, koʻmir qazib chiqarish 100%, gilam toʻqish 99%, gaz ishlab chiqarishning 93% viloyat hissasiga toʻgʻri kelgan. Ayni paytda metallsozlik, yengil, oziq-ovqat, konchilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, Anzob ruda kombinati, Shoʻrob koʻmir koni hamda Chkalovsqdagi kombinatlar, Qayroqqum GES, Xoʻjand shoyi toʻqish, Qayroqqum gilam toʻqish korxonalari, shuningdek, oziq-ovqat (konserva, un, goʻshtsut ktlari, yogʻmoy, vino, qandolatchilik sexlari, non pishirish birlashmasi), paxta tozalash zavodlari ham mavjud[3].
Qishloq xoʻjaligi
tahrirQishloq xoʻjaligi muhim sohalari — paxtachilik, gʻallachilik, bogʻdorchilik, tokchilik hamda pillachilikdir. Sugʻd (viloyat)da respublika qishloq xoʻjaligi. mahsulotlarining 30% ishlab chiqariladi. Shuningdek, viloyatda paxtaning 27%, pillaning 50%, tamakining 89%, sabzavot mahsulotlarining 50% yetishtiriladi. Qishloq xoʻjaligi ekinlari, asosan, Katta Fargʻona kanali, Shimoliy Fargʻona kanali, Tojikiston, Margʻodar, Somgʻar nasos stansiyalari, Xoʻjabaqirgʻon, Mirzachoʻl, Dehmay, Kattasoy va Asht kanallaridan sugʻoriladi.
Transporti
tahrirDushanba — Konibodom yoʻnalishidagi Transtojik temir yoʻl Oʻzbekiston hududi orqali oʻtadi. Shuningdek, Toshkentdan Fargʻona vodiysiga qatnovchi poyezdlar ham Sugʻd viloyati orqali oʻtadi. Temir yoʻllar uzunligi 173,2 km. Viloyatni respublika markazi bilan bogʻlovchi avtomagistral yoʻli Shahriston (balandligi 3378 m), Ustrushona va Ayniy oraligʻida (Turkiston tizmasida) va Anzob (balandligi 3372 m, Ayniy va Varzob oraligʻida, Hisor tizmasida) dovonlari orqali oʻtganligi bois, noyabr oyidan may oyigacha dovonlar yopiladi. Respublika markazini viloyat markazi bilan bogʻlash maqsadida Ushtur tunnelini qazish ishlari 1982-yilda boshlanib, 1993-yilgacha 21,5 km uzunlikda qazib bitkazilgan edi. Tunnel qazish 1999-yildan yana davom ettirildi.
Ijtimoiy soha
tahrirSugʻd viloyatida Tojikiston Fanlar Akademiyasining viloyat boʻlimi, Tojikiston huquq, biznes va siyosat davlat universiteti, Xoʻjand davlat universiteti va boshqa oliy oʻquv yurtlari, Michurin nomidagi bogʻ va tokchilik ilmiy tadqiqot instituti faoliyat koʻrsatadi. Sugʻd viloyati oʻzbeklar jamiyati (1991-yildan) ishlab turibdi. 10 ga yaqin tarix-etnografiya muzeyi, 400 ga yaqin jamoat kutubxonasi, 5 teatr, 302 klub, 10 dan ziyod mehmonxona, Tojikiston Fanlar Akademiyasining botanika bogʻi, 10 ga yaqin sanatoriy va profilaktoriy, xalqaro aeroport mavjud. Xazrati Mavlono meʼmoriy majmuasi (12-asr), Namozgoh masjidmadrasasi (16—17-asrlar), Mozori Amir Hamza Xasti Podsho (11 — 12-asrlar), Muhammad Bosharo (11 —12-asrlar, 1342—43 yillar), Abduqodir Jeloniy (15-asr oxiri — 16-asr), Muslihiddin (16-asr) maqbaralari, Koʻk Gumbaz (Abdallatif) masjidi (16-asr), Mir Rajab Dodho madrasasi (16—17-asrlar), Ustrushonadagi masjid (18—19-asrlar) va boshqalar saqlangan.
Rasmiy bayramlari
tahrir- 1-yanvar — Yangi yil
- 23-fevral — Artish milli kuni
- 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni
- 21-22 mart — Navroʻz bayrami
- 9-may — Gʻalaba kuni
- 27-iyun — Milliy hamjihatlik va rozilik kuni
- 9-sentabr — TR mustaqillik kuni
- 6-noyabr — TR konstitutsiya kuni
- Iydi Ramazon — yiliga bir kun (kalendar boʻyicha)
- Iydi Qurbon — yiliga bir kun (kalendar boʻyicha)
Manbalar
tahrir- ↑ Агентство по статистике при Президенте Республики Таджикистан. „Численность населения Таджикистана на 1 января 20 1 3 года“ (ru) (2013-yil 1-yanvar). 2013-yil 21-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 19-sentyabr. (Wayback Machine saytida 2013-09-21 sanasida arxivlangan)
- ↑ Агентство по статистике при Президенте Республики Таджикистан. Регионы Республики Таджикистан. 2010, 2015-09-24da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-10
- ↑ На севере Таджикистана в эксплуатацию сданы три малые ГЭС, 2013-05-05da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-10
Havolalar
tahrir- Официальный сайт Исполнительного органа государственной власти Согдийской области
- Сайт о Согдийской области
- Согдийская область на сайте ГУП «Сайёх» (Wayback Machine saytida 2008-10-29 sanasida arxivlangan)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. |