Toshkent mozaikalari — madaniy meros obyekti sanaladi[1][2]. Asosan XX asrning 60-yillari oxirida Toshkent shahridagi yangi turarjoy majmualarining devorlariga terib chiqilgan. Hozirgi kunda 150 ta turarjoy binosining fasadi mozaikalar bilan bezatilgan. Umumiy hisobda, turarjoy va noturarjoy binolari, metro bekatlar, ayrim rasmiy idoralarning fasadi, maktab va boshqa binolar bilan Toshkentda 450 dan ortiq mozaik pannolar mavjud. Ular asosan seysmik modernizm namunalari hisoblanadi. Sharqona ornomental uslubdagi bu mozaikalarning asosiy qismi taniqli monumentalist va arxitektorlar — aka-uka Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar tomonidan ishlangan.

Toshkent mozaikalari
Tashkent mosaics: '

Ornament, qanot, odamlar
Rassom Jarskiy Aleksandr Vasilevich
Yil 1985-yil
Material Keramika
Oqim Modernizm
Joylashuvi Toshkent, Oʻzbekiston
Veb-sayti mosaic.tashkent.uz

Yaratilish tarixi

tahrir
 
„Mosaics Brighten a Reborn Tashkent“ (Qayta qurilgan Toshkentni mozaikalar yoritadi). The New York Times nashri. 1970-yil 26-may.

Toshkentdagi mozaikalar 1966-yilgi zilziladan so‘ng vujudga kelgan. Bu zilzila oqibatida 300 mingdan ortiq odam uysiz qoladi, 2236 ta ma’muriy bino, 700 ga yaqin savdo va umumiy ovqatlanish shahobchalari, shuningdek, mingga yaqin boshqa binolar zarar ko‘radi. Shundan so‘ng shaharni qayta qurish jarayoni boshlanib, yangi Toshkent shakllanadi[3]. Sobiq Sovet Ittifoqiga kiruvchi davlatlardan malakali quruvchilar Toshkentga yuboriladi. Meʼmorlarga shaharning maʼlum hududlaridan joylar ajratib berilgan. Qurilish texnikasi yaxshi rivojlangan mamlakatlar shaharning markaziy binolarini tiklashgan. Meʼmorlar qurilayotgan inshootlarning o‘ziga xosligiga alohida e’tibor berishgan. Masalan, qozog‘istonlik quruvchilar qurgan binolardan birida raqs tushayotgan ayol va uning yonida keksa odam tasvirlangan[4].

Mozaikalar o‘rnatish texnologik jihatdan murakkab bo‘lmagan. Panellar dastlab pastda tayyorlanib, keyin devorlarga o‘rnatilgan. Rassomlar va arxitektorlar naqshlarni puxta ishlab chiqqanlar. Jarayon murakkab ko‘ringani bilan, eskizlar ishlab chiqilgach, panel quyish texnik jihatdan qiyinchilik tug‘dirmagan. Shu sababli qisqa vaqt ichida qurilgan binolarning bezaklariga mozaikalar eng yaxshi yechim bo‘lgan. Panellar beton zavodida ishlab chiqarilgan. Eskizlar ko‘mir yordamida maxsus ustaxonada chizilgan. Panel o‘lchami taxminan 3x3 bo‘lib, shu kattalikdagi qog‘ozlarga mozaika rasmlari chizilib, ranglar tanlangan[5].

Eskizlar tayyor bo‘lgach, boshqa ustaxonada yerga yoyilib, 5x5 hajmdagi parchalarda yig‘ilgan. Parchalar orasida 3-4 millimetrli joy qoldirilgan va keyin bir-biriga yopishtirilgan.

Arxitektor Ravshan To‘xtayevning ma’lumotlariga ko‘ra, bunda xatolik qayerda yuzaga kelganini jarayon davomida sezish qiyin bo‘lgan, chunki eskizning old tomoni emas, orqa tomoni ko‘ringan. Yelimlovchi ishchi mozaikaning teskari tomonini ko‘rib ishlagan, xato esa faqat mozaika tayyor bo‘lgandan keyin ko‘ringan. Agar xatolik bo‘lsa, noto‘g‘ri joy olib tashlanib, to‘g‘rilanib, qayta yopishtirilgan, buni boshqa usulda tuzatish imkoni bo‘lmagan. Keyin panel qolipiga keramika (yuzasini pastga qaratib) qo‘yilib, ustidan beton quyilgan. Beton keramikaning orqa tomonini qoplab, bo‘sh joylari to‘ldirilgan va panel mustahkamlangan. Quriganidan so‘ng, qog‘oz suv bilan yuvilib, olib tashlangan va mozaika ochilgan. Tayyor bo‘lgan panellar o‘z joyiga olib borib o‘rnatilgan[6].

Mualliflar

tahrir

Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar

tahrir
 
Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar ish jarayonida.

Aka-uka Pyotr, Nikolay va Aleksandr Jarskiylar sharqona va ornamental uslubdagi mozaik pannolar an’analarini yaratgan taniqli arxitektorlar hisoblanadi. Ular Fransiyada rossiyalik muhojir oilasida tug‘ilgan bo‘lib, otasi Vasiliy Jarskiy ham rassom boʻlgan. 1947-yilda Rossiyaga qaytib kelishadi. Nikolay Leningrad badiiy akademiyasini, Aleksandr esa Qozon rassomlik institutini tugatgach 1966-yilda Toshkentga jo‘natilgan. 1966-yilgi zilziladan so‘ng Toshkentni qayta qurish jarayonida faol ishtirok etishgan. U yerda temir-beton buyumlar zavodida rassom bo‘lib ishlashni boshlashgan. Shahardagi ko‘plab talofat ko‘rgan binolar o‘rnida panel uylar qurilishi boshlab yuborilgan, biroq ular bir xil ko‘rinishga ega bo‘lib, o‘ziga xos, alohida ajralib turadigan jozibasi bo‘lmagan. Jarskiylar turarjoylarni mozaik pannolar bilan bezatish g‘oyasini ilgari surib, bu binolarga o‘ziga xoslik baxsh etishgan. Jarskiylar tomonidan ishlab chiqilgan mozaik pannolar besh va to‘qqiz qavatli binolarni bezashda qo‘llanilgan[7]. Toshkentda ilk mozaik panno Muqimiy ko‘chasidagi 9 qavatli uylarning birida yaratilgan. Me’morlar orasida Pyotr Jarskiyning ishlari mashhur bo‘lib, keyinchalik nafaqat ko‘pqavatli uylarda, balki kirish eshiklari, favvoralar, gumbazlar va metro bekatlarida ham namoyon bo‘la boshlaydi[8]. Ular 20 yildan ortiq faoliyati davomida 400 dan ortiq binoga bezak bergan. Bu ishni Jarskiylarning toʻngʻichi — maʼlumoti boʻyicha monumentalist boʻlgan Pyotr boshlab bergan. Uning eskizlari asosida shisha parchalaridan mozaik panellar yaratilib, beton devorlarga terib chiqilgan[9]. U Toshkentda oʻtgan yillari haqida shunday deydi: „Biz shahar boʻylab yurgan paytlarimizda oʻz qoʻllarimiz bilan barpo qilgan uylarimizni diqqat bilan kuzatardik. Bu binolarni qurishda qayerdadir xato qilishimiz mumkin emasdi, biz buni qabul qila olmasdik. Xato qilishga haqqimiz yoʻq edi.“ Toshkentni qayta qurishda mozaikalardan foydalanish gʻoyasi oʻsha yillarda “Toshgiprogor” instituti bosh meʼmori Yuriy Georgiyevich Miroshnichenko hamda Pyotr Jarskiy o‘rtasida boʻlib oʻtgan suhbat davomida tugʻilgan[10].

Uning taʼkidlashicha, Jarskiylarning ishlari Oʻrta Osiyo va Oʻzbekistonga xos yoki anʼanaviy emas. Ularning koʻpchiligi rassom Bilibinning klassik rus ertaklaridan foydalanib ishlagan illustratsiyalariga oʻxshash. Ammo asarlar yangicha, umumeʼtirof etilgan gʻoyalarga mos emas. Arxitektor Georgiy Minasovich Sarkisov esa Jarskiylarni shunday xotirlaydi: „Aka-ukalar 70-yillarda binolarni bezatish boʻyicha haqiqiy kashshof boʻlishgan. Turarjoy binolarini bunday uslubda loyihalash hali Sovet mamlakatlari boʻylab tarqalmagan edi. Bunaqasi Toshkentdan boshqa joyda uchramasdi. Men bu darajada fidoyi, oʻz ishiga bor bilimini berib ijod qiladigan, isteʼdodli ustalarni koʻrmaganman“.

Burmakin Vladimir Ivanovich

tahrir

1969-yilda Toshkentdagi „Bilimlar uyi“da Burmakin oʻzining shaxsiy koʻrgazmasini tashkil qiladi. Burmakin Oʻzbekiston, Rossiya hamda boshqa mamlakatlardagi xalqaro koʻrgazmalarda qatnashgan. Burmakinning ijodiy ishlari Amerika, Germaniya, Fransiya, Angliya, Polsha, Turkiya, Bolgariya kabi davlatlarning muzeylarida saqlanadi. Birgina Germaniyadagi mehmonxonalarning birida rassomning 200 ga yaqin asari toʻplam holida saqlanadi. 60-yillarning oxirida Toshkentdagi badiiy muassasalarda dars bergan. Oʻzbekistonda keyinchalik taniqli boʻlgan rassomlarga ustozlik qilgan. Toshkentni qayta qurish jarayonlarida oʻz chizmalari bilan ishtirok etgan[11].

Buxarboyev Abdumalik Abduqodirovich

tahrir

Buxarboyev 1940-yilda Toshkentda tugʻilgan boʻlib, asli millati qozoq. 60-yillarning oxirida Toshkent Badiiy bilim yurtini tugatib, Teatr-badiiy institutida tahsilni davom ettiradi. Asosan Qozogʻiston tarixi va madaniyatiga qiziqqan. Zilziladan keyin Toshkentda koʻplab yirik meʼmoriy obyektlar qurilishi va bezatilishiga oʻz hissasini qoʻshgan. Toshkent metropoliteni, „Oʻzbekiston“, „Hamza“ (hozirgi „Novza“) metro bekatlari, „Chor-Su“ mehmonxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi teleradio markazi, „Xalqlar doʻstligi“ sanʼat saroyi, „Le Meredian“ kabi mehmonxonalarni bezashga hissa qoʻshgan. Ishlari asosan Florensiya mozaikasi uslubida qilingan[12].

Ablin Evgeniy Mixaylovich

tahrir

Rassom 1928-yilda Moskvada tugʻilgan. 1958-yilda Moskvadagi Rassomlar uyushmasiga aʼzo boʻladi. Yevgeniy ushbu shahardagi Pionerlar saroyining badiiy bezaklari bilan shugʻullangan. 1970-yil „Toshkent“ loyihasi ustida ish boshlash maqsadida Oʻzbekistonga kelgan. Dastlab Samarqand va Buxoroga borib, u yerdagi tarixiy yodgorliklar bilan tanishib chiqqan. 1973-yilda Toshkent Telemarkazidagi mozaikalar ustida ish boshlagan va bu 8 yil davom etgan. Aynan „Toshkent“ loyihasi uchun tajriba orttirish maqsadida 1975-yil Turkiyaga borib, Vizantiya mozaikalari bilan tanishadi. 1981-yilda esa Ispaniyaga boradi[13].

Uslubi

tahrir
 
Suvsoz. Jarskiy Aleksandr Vasilevich asari. 1991-yil.

Toshkent koʻpqavatli uylari devorlaridagi mozaikalar uslubi seysmik modernizm namunalari hisoblanadi. Toshkentda 1966-yilgi zilziladan so‘ng barpo etilgan besh va to‘qqiz qavatli binolarning deyarli barchasida sharqona ornamental uslubdagi mozaikalar joy olgan. Modernizm arxitektura uslubi erkinlik ruhini o‘zida aks ettirgan bo‘lib, aynan zilziladan so‘ng Toshkentda keng tarqalgan. “Toshkent modernizmi” loyihasi muallifi Aleksandr Fedorovning fikricha, bu arxitektura uslubi “seysmik modernizm” deb ataladi va binolarni loyihalashtirgan yoki qurishda ishtirok etganlarning hech birida kommunizmni targ‘ib qilish maqsadi bo‘lmagan[14].

...Mozaikalar shahar hayotiga optimistik ruh olib kirgan, chunki zilziladan keyin Toshkent ko‘plab insonlarga bag‘rini ochgan. Ayrim sabablarga koʻra Toshkentni tark etganlar uni tiklash uchun yana qaytib kelgan. Bu mozaikalar hech qanday siyosiy g‘oyani ilgari surmaydi, targʻib qilmaydi, shunchaki shaharning goʻzalligiga koʻrk qoʻshish uchun yaratilgan. Shuning uchun ularga kommunizmning sarqiti sifatida qarash, yoki aynan shu sabab bilan olib tashlash to‘g‘ri emas. Albatta, ayrim joylarda bu gʻoyalarga targʻib sifatida yaratilgan mozaikalarni ham koʻrish mumkin, ammo ular kamdan-kam uchraydi....

Uylarning seysmologik koʻrinishi va dizaynida farqlar katta. Garchi sobiq SSSR davlatlari tomonidan qurilgan bo‘lsa ham, ko‘plab turarjoylardagi mozaikalar aynan bitta xalqning madaniyatiga xos emas. Faqatgina Markaziy Osiyo madaniyatini aks ettiruvchi tor yo‘nalishga asoslanmagan. Balki, o‘ziga xos, nostandart vizuallar va naqshlarni aks ettirgan. Ma’lum bir mozaikani biror davr yoki xalqqa xos deb aytish qiyin. Bu mozaikalarda asosan sharqqa xos ornamentlar ishlatilgan. Ularning ba’zilarida quyosh, suv va hatto bodom naqshlari uchrab turadi. O‘zbekistonda turli xalqlar yashab kelgani uchun bu naqshlar, ehtimol, Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy madaniy merosidan ilhomlanib yaratilgan boʻlishi ham mumkin[15]. Ko‘pgina mozaikalarda aniq bir joy yoki davr ifodalanmaydi. Ayrimlarida insonlar ham tasvirlangan. Birida bolalar, boshqasida ayollarni ko‘rish mumkin, boshqa joylarda quyosh va tabiat manzaralari. Syujyetli mozaikalarda esa ma’lum bir voqea aks ettirilgan bo‘ladi. An’anaviy elementlar orqali urf-odatlar tasvirlangan bo‘lsa-da, ular doim aniq bir ma’noni ifodalamaydi. Masalan, Labzak ko‘chasidagi mozaikalarda kosmonavtlar mavzusiga katta e’tibor qaratilgan: milliy naqshlar samolyot va kosmonavt obrazlari bilan uyg‘unlashgan, ba’zilarida esa milliy naqshlar havo sharlari bilan birga ishlatilgan[16].

Toshkentdagi 110-sonli maktabning devoriga ishlangan yana bir mozaika esa ukrainalik shoir, yozuvchi va rassom, ukrain adabiyoti va zamonaviy ukrain tilining asoschisi Taras Shevchenko nomi bilan bogʻliq. Katta mozaik panel 1970-yil 1-iyunda ochilgan. Koʻplab ukrainlar Toshkentning shu qismiga joylashtirilgan va 1966-yilgi zilziladan keyin u yerda mozaika va bogʻ qurilgan. Mozaika oldidagi Shevchenko haykali 2002-yilda ochilgan.

Oʻrganilishi

tahrir
 
“O‘zekspomarkaz” majmuasi paviloni fasadidagi “To‘y” pannosi. Muallif Dilurod Yusupov

Germaniyalik taniqli arxitektor Flipp Mozerov Toshkent haqida gapirar ekan, u yerdagi binolar haqida alohida toʻxtalib oʻtadi. Uning fikriga ko‘ra, hech bir sobiq sovet yoki Yevropa mamlakatlaridagi turar joylarda quyoshdan himoyalovchi elementlar yoki o‘ziga xos, bir biridan ajralib turadigan mozaikalar uchramaydi. Bu inshootlar shunchaki nostalgiya uchun emas, balki bir xalq boshqa bir xalqning maksimal qulayligini taʼminlash maqsadida qurib berganligi bilan ahamiyatli. Shuning uchun ularni shunchaki buzish yoki yo‘qotish kerak emas. Buzishdan ko‘ra saqlash osonroq. Arxitektura qoidalariga mos ravishda ularni saqlab qolish yaxshiroq.

Ammo ayrim koʻpqavatli binolardagi mozaikalar yarim asrdan keyin taʼmirtalab holga kelib qoldi[17]. Oz qismi buzib tashlandi. Shuningdek, yana bir nechtasining ustidan boʻyoq tortildi[18]. Chilonzor tumanida joylashgan koʻpqavatli uylardan birining devoriga ishlangan mozaika nomaʼlum sabablarga koʻra boʻyalgan. Keyinchalik bu aholining eʼtiroziga sabab boʻlgan va shahar hokimligi tomonidan tiklangan. Ushbu mozaika yarim asr oldin belaruslar tomonidan ishlangan[19]. Shahar markazidaki ayrim turarjoy binolarining devoralriga, yaʼni mozaikalarning ustiga turli xildagi reklama bannerlari yopishtirib chiqilgan va natijada ular toʻsib qoʻyilgan. Ammo 2024-yilning bahorida bannerlar olib tashlangan[20]. Mahalliy aholi, ziyoli qatlam barchani ushbu mozaikalarni saqlab qolishga chaqirdi.[21]

Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi taxminan 157 mozaik panno Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga monumental san’at yodgorliklari sifatida kiritilgan. Ro‘yxatdagi mozaikalar davlat kadastrida qayd qilingan va ularning madaniy qiymati kadastr hujjatlarida aks etgan. Ro‘yxatga kiritilgan obyektlar joylashgan binolarda yoki ularga yaqin hududlarda har qanday qurilish ishlari Madaniy meros agentligi bilan kelishilishilgan holatda amalga oshirilishi lozim[22]. Mozaikalar asosan Toshkentda joylashgan bo‘lsa-da, Nukus, Urganch, Xiva, Samarqand, Namangan, Andijon, Jizzax, Qo‘qon, Angren, Guliston va boshqa viloyatlardagi mozaikalar ham ro‘yxatga kiritilgan[23].

Toshkent metro bekatlarining ayrimlarida, zinapoyalar tepasida ham mozaik panellarning turli xildagi koʻrinishiga duch kelinadi[24]. Bular sharqona ruhdagi dizayn bilan jonlantirilgan va koʻplab turistlarning diqqatini tortadi[25]. Yaratilganiga 50 yildan oshgan mozaikalar bora-bora reklama bannerlari bilan toʻsib qoʻyilgan. 2024-yilning aprel—iyun oylarida turarjoy binolari devorlaridagi mozaikalar turli xil reklama bannerlaridan tozalandi[26].

Ayni paytda Toshkentni dunyodagi „eng koʻp mozaikalarga ega shahar“ sifatida tan olinishi uchun Ginnesning rekordlar kitobi komissiyasiga ariza berish rejalashtirilgan[27]. Ushbu katalogga koʻpqavatli binolar, ularning tashqi va ichki panellari, Toshkent metropolitenining mozaikalar bilan bezatilgan bekatlari, shuningdek, alohida ajratilgan obyektlar kiritilgan. Misol uchun, “O‘zekspomarkaz” majmuasi paviloni fasadidagi “To‘y” pannosi shulardan biridir. Bu mozaika 1970-yil oʻzbekistonlik rassom Dilmurod Yusupov tomonidan ishlangan[28].

„Toshkent mozaikalari“ loyihasi

tahrir

Loyihaning maqsadi — Toshkent mozaikalari haqida qiziquvchilarga kengroq va chuqurroq maʼlumot berish, 1966-yilda yuz bergan zilzila fojiasidan keyin yaratilgan monumental sanʼat namunalarini asrash, asosiysi, ularni toʻsib qoʻygan turli xil reklama bannerlaridan tozalash[29][30]. Bugungi kunda ular Madaniy meros obyekti sifatida tan olingan. Shahar 1960—1970-yillarda „sovet modernizmi“ uslubida qayta qurilgan. Shuning uchun ham Toshkent „Modernistik shahar“ deb eʼtirof etilgan. „Toshkent mozaikalari“ loyihasi doirasida mosaic.tashkent.uz] sayti ishga tushgan[31]. Ushbu saytda mozaikalarning yaratilish tarixi, har bir pannoning muallifi, uslubi, mavzusi yoritilgan[32].

Davlat muhofazasiga olingan mozaikali binolar roʻyxati

tahrir

2024-yilning may oyida Oʻzbekiston hududidagi binolarga ishlangan 157 ta mozaika va panno kompozitsiyalari madaniy meros obyektlari ro‘yxatidan oʻrin olgan va ularning barchasi davlat muhofazasiga kiritilgan[33][34]. Binolarga ishlangan mozaikalarni asosan Oʻzbekistonning 8 ta viloyati, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Toshkent shahrida uchratish mumkin[35].

Galereya

tahrir
Tasvir Mavzu Muallifi Yaratilgan vaqti Joylashuvi Material
 
Bayram Drygin Vladimir Ivanovich 1972-yil Yakkasaroy tumani, Oʻrikzor 3-tor koʻcha Smalta
 
Osiyo Drygin Vladimir Ivanovich 1972-yil Yakkasaroy tumani, Oʻrikzor 3-tor koʻcha Smalta
 
Abstraktsiya Zaitsev Yuriy Dmitrievich 1977-yil Chilonzor tumani, „Xalqlar do‘stligi“ metro bekati Smalta
 
„Paxtakor“ metro bekati
Ornament, paxta Jarskiy Nikolay Vasilevich 1977-yil Shayxontohur tumani, „Paxtakor“ metro bekati Keramika
 
„Olmazor“ metro bekati
Yulduz, abstraktsiya Muallifi aniqlanmagan 1977-yil Chilonzor tumani, „Olmazor“ metro bekati Smalta
 
Abstraktsiya Ablin Evgeniy Mixaylovich 1977-yil Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi
 
„O‘zbekiston“ metro bekati
Gerb Buxarboev Abdumalik Abduqodirovich 1984-yil Chilonzor tumani Yarim qimmatbaho toshlar
 
Ornament Muallifi aniqlanmagan 1984-yil Olmazor tumani, Beruniy-B3 dahasi Keramika
 
Ornament Jarskiy Nikolay Vasilevich 1985-yil Yashnobod tumani, Tuzel-1 mavzesi Keramika
 
Ornament Jarskiy Nikolay Vasilevich 1985-yil Yashnobod tumani, Tuzel-1 mavzesi Keramika
 
Qanot Jarskiy Aleksandr Vasilevich 1986-yil Yashnobod tumani, Tuzel-2 mavzesi Keramika
 
„Novza“ metro bekati
Bayram, an’analar, odamlar Buxarboev Abdumalik Abduqodirovich 1977-yil Chilonzor tumani Yarim qimmatbaho toshlar
 
„Paxtakor“ metro bekati
Sport, inson, olov Burmakin Vladimir Ivanovich 1977-yil Shayxontohur tumani Smalta
 
Ornament Jarskiy Aleksandr Vasilevich 1984-yil Shayxontohur tumani, Chorsu mavzesi Keramika
 
„O‘zbekiston“ metro bekati
Paxta Buxarboev Abdumalik Abduqodirovich 1984-yil Chilonzor tumani Yarim qimmatbaho toshlar
 
„O‘zbekiston“ metro bekati
Kabutar Buxarboev Abdumalik Abduqodirovich 1984-yil Chilonzor tumani Yarim qimmatbaho toshlar

Manbalar

tahrir
  1. „Devorlarga ishlangan mozaikalar madaniy meros sifatida tan olindi“. xabar.uz. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  2. „Mozaik pannolar madaniy meros obyekti o‘laroq qo‘riqlanadi“. ozodlik.org. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  3. „Tashkent Modernist Architecture. Modernity and tradition in Central Asia“. unesco.org. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  4. „Mosaics Brighten a Reborn Tashkent“. nytimes.com. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  5. „Мозаики Ташкента: удивительные произведения искусства на фасадах панелек“. dzen.ru. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  6. „Buildings “Full of Tattoos:” Tashkent Mosaics, Newly Protected, Tell of a City’s Rebirth“. timesca.com. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  7. „Традиционность художников Жарских в декорировании многоэтажных домов“. moluch.ru. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  8. „Фотоподборка: самые необычные мозаики Ташкента“. ia-centr.ru. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  9. „Toshkent mozaikalari“. mosaic.tashkent.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  10. „Их звали Братья Жарские“. mytashkent.uz. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  11. „Бурмакин Владимир Иванович“. arboblar.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  12. „Аблайхан на пельменях, или Тяжба художника с бизнесменом“. rus.azattyq.org. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  13. „АБЛИН Евгений Михайлович (1928 – 2011)“. moscow-tombs.ru. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  14. „Toshkentning tashrif qog‘ozi – poytaxt mozaikalari qanday paydo bo‘lgan?“. kun.uz. Qaraldi: 1-oktabr 2024-yil.
  15. „Iconic Image: Stunning Tile Mosaics in Uzbekistan“. artisansofleisure.com. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  16. „Uzbekistan Without Graffiti: Censorship Against Street Art“. voicesoncentralasia.org. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  17. „Chilonzor tumani hokimligi ko‘p qavatli uydagi mozaika bo‘yalganiga munosabat bildirdi“. daryo.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  18. „Madaniy meros agentligi Toshkentdagi ko‘p qavatli uylar mozaikalari bo‘yab tashlanayotganiga munosabat bildirdi“. daryo.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  19. „Toshkentda belarusliklar tomonidan yaratilgan mozaika hokimlik tomonidan tiklanmoqda“. daryo.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  20. „From Ads to Art: Uzbekistan Bans Ads That Cover Historic Mosaics“. lbbonline.com. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  21. „Saida Mirziyoyeva binolardagi mozaika pannolarni saqlab qolish va ta’mirlashga chaqirdi“. daryo.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  22. „Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг қарори Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида“. lex.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  23. „O‘zbekistonda binolardagi mozaikalar madaniy meros obyektlari qatoriga qo‘shildi“. daryo.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  24. „Мозаики на зданиях в Узбекистане, наконец, признали объектами культурного наследия (но не все)“. gazeta.uz. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  25. „Tashkent’s Underground Masterpieces“. aramcoworld.com. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  26. „Toshkentdagi turar joy binolarida tasvirlangan barcha mozaikalar reklama bannerlaridan tozalandi“. daryo.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  27. „Tashkent city to apply to Guinness World Records for city with most mosaic panels“. tashkenttimes.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  28. „Toshkent dunyodagi eng ko‘p mozaikaga ega shahar sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilishi mumkin“. gazeta.uz. Qaraldi: 25-oktabr 2024-yil.
  29. „Тошкент мозаикалари ҳақидаги лойиҳа халқаро фестивалда ғолиб бўлди“. uza.uz. Qaraldi: 27-oktabr 2024-yil.
  30. „Кейс о мозаиках Ташкента победил в двух международных фестивалях“. gazeta.uz. Qaraldi: 27-oktabr 2024-yil.
  31. „Как Ташкент планирует сохранять мозаики на зданиях (+фото, видео)“. gazeta.uz. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  32. „O‘zbekistonda «Toshkent mozaikalari» maxsus mobil ilovasi ishga tushirildi“. kun.uz. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  33. „Ro‘yxat: Hukumat qarori bilan davlat muhofazasiga olingan mozaikalar“. gazeta.uz. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  34. „Бинолардаги мозаикалар ва ниҳоят маданий мерос объектлари қаторига қўшилди“. gazeta.uz. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.
  35. „Mosaics on buildings in Uzbekistan recognized as cultural heritage sites“. kun.uz. Qaraldi: 29-oktabr 2024-yil.

Havolalar

tahrir
Ushbu maqolani tinglang (19 daqiqa)
noicon
 
Bu audiofayl ushbu maqolaning 31-oktyabr, 2024-yil(2024-10-31) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.