Toshkent modernizmi (Toshkent seysmik modernizmi) – sharq meʼmorchiligi va konstruktivizmi bilan uygʻunlashgan sovet davridagi meʼmorchilik yoʻnalishi[1]. Shu yoʻnalishga oid binolar 1960—1980-yillarda Toshkent shahrida barpo etilgan[2]. Toshkent modernizmining asosiy xususiyatlaridan biri klassik modernizmdagi qurilish usullarining mahalliy iqlimga moslashuvchanligida boʻlgan[3].

Toshkent modernizmi
oʻzbekcha: Toshkent seysmik modernizmi

Marvarid (Jemchug) turar joy majmuasi, 2024-yil
Yil 1960—1980
Material monolit, keramzit-beton, temirbeton, shisha va poʻlat
Oqim Modernizm

Tarixi

tahrir

Toshkent modernizmi sovet meʼmoriy modernizmi (1955—1991) ning bir qismi boʻlgan. 1955-yil 4-noyabrdagi KPSS Markaziy Qoʻmitasi va SSSR Ministrlar Sovetining „Loyihalash va qurilishda ortiqcha bezaklarni bartaraf etish toʻgʻrisida“gi („Об устранении излишеств в проектировании и строительстве“) qarori SSSRda modernizmga oʻtishni boshlab berdi[4][5]. Biroq 1966-yilda Toshkentda boʻlgan zilziladan keyin shaharning meʼmoriy koʻrinishi boʻyicha keng koʻlamdagi qurilish ishlari amalga oshirildi, koʻplab zamonaviy binolar, turar-joylar qurildi. Bu meʼmoriy yoʻnalish olimlar tomonidan „Toshkent modernizmi“ deb ataldi[5]. Germaniyalik meʼmor Fillip Moyzer esa bu yoʻnalishni „Toshkent seysmik modernizmi“ deb ataydi[6][7] va bunga tasdiq sifatida aynan 1966-yildagi zilziladan keyin shaharning qiyofasini tubdan oʻzgartirish boʻyicha qilingan qurilish ishlarini misol qilib keltiradi[8].

Meʼmor Yekaterina Golovatyukga koʻra, Toshkent shahri SSSRning toʻrtinchi yirik shahri sifatida, 2-Jahon urushidan keyingi davrda gʻoyat muhim iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy markazga aylandi. Unga Sharqda sotsialistik tuzumning namunasi boʻlish vazifasi yuklangandi. Ehtimol, aynan shu vazifa tufayli shahar meʼmorchiligi nafaqat Sovet Ittifoqi, balki butun dunyo miqyosida haqiqatan ham betakror koʻrinish kasb etgan[2]. Meʼmor Sergey Choban taʼkidi boʻyicha 1966-yildagi zilziladan keyin shaharni qayta qurish jarayonida, asosan Ittifoqning turli hududlaridan kelgan meʼmorlar va quruvchilarning saʼy-harakatlari tufayli Toshkentning qiyofasi tubdan oʻzgarib ketdi. Oʻsha paytda Toshkent meʼmorchiligida tarixiy meʼmorchilikni zamonaviy uy-joy qurilishi imkoniyatlari bilan uygʻunlashtirish maqsadida noodatiy usullar qoʻllanildi. Bu gʻoyat qiziqarli tajriba boʻlgan boʻlib, bu tajriba Toshkentdan boshqa joylarda ham keng qoʻllanildi. Toshkent modernizmi loyihalari boshqa koʻplab sovet binolaridan oʻziga xos meʼmoriy jihatlari va betakrorligi bilan ajralib turgan[9].

1991-yildan keyingi tarixi

tahrir

SSSR parchalanib ketganidan keyin deyarli barcha sobiq sovet respublikalarida sovet davriga nisbatan salbiy munosabatlar kuchayadi[1], bu esa oʻz navbatida oʻsha davr meʼmorchiligiga ham taʼsir qilmasdan qolmaydi. 1991—2016-yillarda Toshkent shahrining meʼmoriy qiyofasi hukumat tomonidan qattiq nazoratga olingan. Natijada Toshkent modernizmiga oid binolarning buzilishi evaziga monumental saroy meʼmorchiligini eslatuvchi oq ustunlar, gumbazlar va alukobond bilan bezatilgan bir xildagi binolar qurila boshlandi[1]. 2017-yilda modernizm namunasi boʻlgan Kinochilar uyi, OʻzSSR Oʻrmon xoʻjaligi vazirligi binosi, Pionerlar saroyiTashkent City“ loyihasida doirasida buzib tashlandi[10][11]. 2018—2019-yillarda Chilonzor savdo markazi (meʼmor Vladimir Spivak), SSSR Davlat bankining Toshkent filiali (meʼmor Boris Blyum) va Tashqi ishlar vazirligi (mʼemor A. Faynleyb) binolari tubdan qayta qurildi[10]. 2024-yilda modernizmga oid 20 ta binolar Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan madaniy meros obyektlarining milliy roʻyxatiga kiritildi[12]. Yana 10 ta binolarning (Oʻzbekiston amaliy sanʼat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi sanʼat saroyi, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, „Moviy gumbazlar“ kafesi, Rassomlar uyushmasining koʻrgazma pavilioni, Toshkent davlat sirki, „Turkiston“ konsert zali va uning yozgi maydoni, „Marvarid“ (Jemchug) turar-joy majmuasi, Toshkent teleminorasi, „Xalqlar doʻstligi“ saroyi) maqomi „modernizm obyekti“ga oʻzgartirildi[13]. Ammo hozirda Toshkent modernizmiga oid koʻp binolar taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan[14][12]. 2019-yilda Alerte Héritage tomonidan „Архитектура Узбекистана: черная и красная книга“ loyihasi taqdim etiladi, unda jamoatchilik tomonidan tuzilgan muhofazaga muhtoj boʻlgan eng muhim obyektlar roʻyxatining jamlangan boʻlib, Toshkent modernizmiga oid 42 ta binolar batafsil tavsiflangan[15].

Qurilish uslubi

tahrir

Toshkent modernizmida sovet modernizmi sharq meʼmorchiligi va konstruktivizmi, oriyentalizm bilan uygʻunlashgan boʻlib, qurilish materiallari sifatida monolit, keramzit-beton, temirbeton, shisha va poʻlatdan koʻproq foydalanilgan[5].

Toshkent modernizmiga oid mashhur binolar

tahrir

Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi (sobiq „Panorama“ kinoteatri)

tahrir

Kinoteatr qurilishi Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1958-yil 7-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan boʻlib, qaror asosida Navoiy koʻchasidan 2 gektar yer ajratiladi, 1890 oʻrinli kinoteatrni qurish oʻsha davrdagi yosh meʼmorlar ijodiy jamoasi tomonidan boshlangan boʻlib, ular orasida Sergo Sutyagin, Vladimir Berozin, Yuriy Xaldeyev, Dmitriy Shuvayevlar bor boʻlgan[16][17]. Kinoteatr 1962—1964-yillarda qurilib[5], qurilish ishi 1964-yil noyabr oyida yakunlangan. Qurilishdan soʻng unga „Sanʼat saroyi“ deb nom beriladi[18]. Bu madaniyat majmuasi bir-biri bilan bogʻlangan ikkita binolar: notoʻliq dorik ustunini eslatuvchi asosiy zal va yonma-yon joylashgan uzun 2 qavatli foyedan iborat boʻlgan. Tomosha zalni antik davrni oʻzida aks etgan, uzun foye esa modernizm uslubini aks ettiradi. Foyedagi devorlar esa sharq meʼmorchiligi uslubida qilingan[18]. Bino favqulodda seysmik barqaror boʻlib qurilgan boʻlib, 1966-yilgi zilzila unga zarar yetkazmagan. Bunga zal devorlarini (balandligi 22 m, qalinligi 25 sm) egri panel-skorlupdan, shuningdek, tomosha zali toʻsiqlarida esa poʻlat radial fermalarni ishlatish (oʻrtacha toʻsiq oraligʻi 60 m) orqali erishildi[18]. Zal dastlab konsertlar, tantanali yigʻilishlar va majlislar, filmlarni tomosha qilish uchun moʻljallangan. Tadbirlarning turiga qarab, maxsus akustik tizim qurilgan. Zalning elektroakustik jihozlari esa stereofonik tovushni taʼminlaydi. Universal tomosha zali 2300 oʻringa moʻljallangan boʻlib[5], 34x14 m oʻlchamdagi kinoekranga ega[19]. Ikki qavatli pavilonning asosini esa yigʻma temir-beton elementlardan iborat karkas tashkil etadi. Binoni pardozlashda plastmassa, sirlangan keramika, mahalliy karyerlarning tabiiy toshi, polivinilatsetat boʻyoqlar ishlatilgan. Saroyning ichki qismi dekorativ pannolar bilan bezatilgan (rassomlar Aleksandr Gan va Viktor Gan). 1978-yil 3-avgustda „Sanʼat saroyi“ madaniy yodgorliklar roʻyxatiga kiritildi, 1991-yilda Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyi deb nomlandi[5][18]. 2024-yilda esa majmua Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyi deb qayta nomlandi[20].

 
Oʻzbekiston mehmonxonasi, 2024-yil

Oʻzbekiston mehmonxonasi

tahrir

Mehmonxona 1974-yilda qurilgan boʻlib, 17 qavatdan iborat[17]. Mehmonxona sovet davrida Toshkentda oʻtkaziladigan xalqaro anjumanlar qatnashchilarini qabul qilish uchun moʻljallangan „Inturist“ tizimidagi bosh mehmonxonaga aylanishi kerak boʻlgan. Dastlab bino 750 oʻringa moʻljallangandi, ammo qurilish jarayonida sigʻimi 930 oʻringa yetkaziladi[5]. Mehmonaning meʼmoriy uslubi Yevropa va Sharq uslublarining uygʻunligi boʻlib, binoning eng esda qolarli elementi „panjara“ deb ataladigan ulkan oʻlchamdagi naqshli quyosh panjarasidir[16]. Mehmonxonaning sharqiy fasadi brutalizmning „janubiy“ uslubida ishlangan[5].

Xalqlar doʻstligi saroyi

tahrir

Saroy 1980-yilda Yevgeniy Rozanov tomonidan konsertlar va bayram tadbirlarini oʻtkazish uchun xuddi shu nomdagi maydonda qurilgan. 1981-yilda foydalanishga topshirilgan. Binoning oʻziga xos meʼmoriy shakli Varaxsha va Kampirtepa arxeologik yodgorliklariga oʻxshash boʻlib, binoning asosi kvadratdan shaklda, toʻrtta devorning barchasi bir xil bezak ega[5][21].

Xalqlar doʻstligi saroyining ichki bezaklari 1980-yillarning boshlariga xos boʻlmagan dabdabali bezaklar bilan bezatilgan. Plafonlar Chexoslovakiyadan keltirilgan chiroqlar, qandillar va katta hajmli gips panellar bilan bezatilgan, zinapoyalar zarhal bilan, pollar shakldor parket bilan, ulkan yassi devorlar toʻq koʻk keramika bilan qoplangan.

Saroyning qurilish xarajati shunchalik qimmatga tushganki, undan foydalanish deyarli har doim eksklyuziv boʻlib qolgan. 1980-yillarda bu yerda hukumat syezdlari va konsertlar boʻlib oʻtgan, ammo ular kamdan-kam oʻtkazilgan. Shuning uchun tashqi koʻrinishi bilan qal’aga oʻxshagan inshoot koʻp hollarda boʻm-boʻsh qolgan boʻlib, oʻziga xos „turgʻun“ yodgorlik boʻlgan boʻlib, uning reallikdan ajralganligi va meʼmoriy bezaklarining real ijtimoiy jarayonlarga mos kelmasligi bilan ajralib turgan. Lekin mustaqillikdan keyin saroy konsertlar oʻtkaziladigan asosiy joyga aylandi[5].

Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi

tahrir

V. I. Lenin Markaziy muzeyining Toshkent filiali binosi 1970-yilda SSSR asoschisi tavalludining 100-yilligiga bagʻishlab qurilgan[16]. Oddiy, ammo mahobatli, deyarli kvadrat shaklda, yorugʻ, har tomondan yaxshi koʻrinadigan qilib qurilgan. Bino toʻrtta yer usti va ikkita yer osti qavatidan iborat, ikkita yuqori qavatda kirish zali va ekspozitsiya xonalari mavjud. Muzeyning yuqori qismi milliy uslubdagi jimjimador panjaralar bilan qoplangan boʻlib, ular bir vaqtning oʻzida toʻsiq konstruksiyalari va quyoshdan himoya qilish vazifasini ham bajaradi[21].

 
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi, 2024-yil

Hozirgi vaqtda binoda 1876-yilda tashkil etilgan Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi joylashgan boʻlib, muzey bu yerga kelguncha bir necha bor bir joydan ikkinchi joyga koʻchib oʻtgan. Muzeyda 250 ming eksponatdan mavjud boʻlib, ular orasida juda kamyob eksponatlar ham bor[5].

Oʻzbekiston badiiy akademiyasi markaziy koʻrgazma zali

tahrir

1974-yilda Toshkentning markazida Oʻzbekiston SSR Rassomlar uyushmasining Markaziy Osiyodagi eng yirik koʻrgazma zali ochildi[22]. Koʻrgazma zalining umumiy maydoni 2500 kv. m ni tashkil etadi[23]. Toʻrt qirrali fasadlar meʼmoriy jihatdan sharq meʼmorchiligi uchun anʼanaviy boʻlgan peshtoq shaklida qilingan[24]. Bino fasadlari soddalashtirilgan geometrik naqshlar bilan bezatilgan va bino qoplamasida feruza plitka ishlatilgan. Zalning ichkarisida birinchi qavatdagi koʻrgazma maydoni (haykaltaroshlik va grafika zali) hamda ikkinchi qavat (rassomlik va amaliy sanʼat zali)ni oʻzaro bogʻlovchi ikki rangli xoll joylashgan[5].

Umuman olganda, bino yaxshi saqlanib qolgan va hozirda ham oʻzining asosiy vazifalarini bajarishda davom etmoqda. Binoga tutash kichik bogʻda yana bir ochiq osmon ostidagi maydon mavjud[5].

Marvarid turar joy majmuasi

tahrir

1966-yildagi zilziladan keyin hukumat yuqori seysmik mustahkamlikka ega boʻlgan eksperimental uylarni loyihalash va qurish uchun tanlov eʼlon qiladi. Meʼmor Ofeliya Aydinova[22] tanlov ishtirokchilaridan biri boʻlgan[5][25]. Meʼmor toʻliq monolit va keramzit-betondan quriladigan „Marvarid“ („Жемчуг“) eksperimental turar joy majmuasi loyihasi bilan ishtirok etib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Bino 16 qavatli boʻlib, qurilish ishlari 11 yil davom etib, 1985-yilda turar joy majmuasi qurib bitkazilgan[26]. Oʻsha davrda Toshkentda 20 yaqin 16 qavatli turar joy majmuasi qurilgan, Marvarid turar joy majmuasidan farqi shundaki, ular temirbetondan qurilgan[27]. Marvarid turar joy majmuasi esa Toshkent sharidagi yagona to‘liq monolit va keramzit-betondan qurilgan majmua hisoblanadi. Majmua ikki va to‘rt xonali jami 120 ta xonadonlardan iborat. Birinchi qavatda „Jemchug“ zargarlik doʻkoni joylashgan boʻlib, meʼmor majmuaga shu nomni bergan. Yana shu qavatda majmuada yashovchilar uchun umumiy kirxona, 6 metrli yertoʻla qurilgan[5]. Majmuada 3 ta chiqish: old, orqa va zaxira chiqish joylari bor.

Hovli-rekreatsiyalar majmuaning asosiy xususiyatlaridan biridir. Har uch qavat 10 metr balandlikdagi umumiy hovliga birlashtirilgan[27]. Majmuada yashovchi Tatyana Rogovaning aytishicha, meʼmor majmuani G‘arbiy Yevropa turar joylari namunasi bo‘yicha qurmoqchi bo‘lgan, ammo oxir-oqibat deyarli barcha harakatlar muvaffaqiyatsizlikka uchragan[25].

Toshkent modernizmi binolari roʻyxati

tahrir
Nomi Meʼmorlar Qurilgan yili Holati
Toshkent ippodromi Asanov R., Gusarova E. 1976 Qayta qurilgan[28]
Mehnat zaxiralari sport kompleksi Levinshteyn F., Loshkarev A., Miroshnichenko Y., Aynabekov M., Ivanov N., Mamayeva L., Mametova T., Rozenblyum S. 1978—1982 2000-yillarda buzib tashlangan[29]
Chilonzor 23-mavze Ayir-Babamyan Y., Raytman S., Visotskiy V., Vladamirova M., Zinger B., Korobov V., Krasilnikova K., Krippa A., Monaxova A., Rubanenko B., Rudneva M., Soboleva I., Ulyanitskaya I. 1966—1969 Rekonstruksiya qilingan[30]
Toshkent vokzali Rusanov V., Biryukov V., Travyanko L., Sepetiy Y. 1968 2000 va 2010-yilda qayta qurilgani uchun oldingi meʼmoriy qiyofasini yoʻqotgan[31]
Toshkent aeroporti Yermolayev Y., Ivanov L., Xusnutdinov I. 1970 2000 va 2010-yilda rekonstruksiya qilingan[32]
Kosmos mehmonxonasi Kondakova M. 1964 Taʼmirlangan[33]
B.Xmelnitskiy koʻchasidagi turar joylar Kosinskiy A., Azimov V. 1974 Taʼmirlangan[34]
B.Xmelnitskiy koʻchasidagi 500 xonadonli uy Kosinskiy A., Miroshnichenko Y., Azimov V., Demchinskaya I., Mamayeva L. 1974 Taʼmirlangan[35]
B.Xmelnitskiy koʻchasidagi kaskadli uylar Kosinskiy A., Miroshnichenko Y., Azimov V., Demchinskaya I., Mamayeva L. 1974 Qayta qurilgani uchun oldingi meʼmoriy qiyofasini yoʻqotgan[36]
Aviasozlar saroyi Onishenko A., Taxtaganov R., Vohidov M., Korostelov Y. 1980 Taʼmirtalab holatda[37]
Talabalar shaharchasi Kalashnikova Y., Ivashkin M., Sudakov E., Baburskaya Y., Fedorova M. 1970 Taʼmirlangan[38]
Yubileyniy sport saroyi Aleksandrovich G., Paliyeva O., Yasnogorodskaya N. 1970 2000-yillarda buzib tashlangan[39]
Toshkent teleminorasi Rusanov V., Semashko Y., Kim V., Terziyev-Sarukov N. 1978—1985 Taʼmirlangan[40]
OʻzSSR VDNXning „Paxtachilik“ paviloni Burshteyn L., Kim V., Mitrofanova O., Strogina G. 1984 2003-yilda buzib tashlangan[41]
Chorsu mehmonxonasi Spivak V., Nefedov L., Zologina N. 1982 2010-yilda rekonstruksiya qilingan[42]
Hammom Kosinskiy A., Axmedov R., Grigoryans G., Melnikov B., Breusenko V., Shakirov R., Muxitdinov S. 1977 2000-yillarda buzib tashlangan[43]
Chorsu bozori Azimov V., Adilov S., Bobrovskix Yu., Vanyushin V., Volovaya T., Yermilova T., Muxtarov A., Nigmatullayev P., Strigaleva V., Chuxovich L. 1980 Taʼmirlangan[44]
Guliston restorani Komissar L., Freytag A. 1967 2004-yilda buzib tashlangan[45]
Toshkent sirki Aleksandrovich G., Masyagin G. 1975 Taʼmirlangan[46]
GUM Komissar L., Freytag A., Pak I. 1972 Qayta qurilgan[47]
Hamza nomidagi teatr Sidorov A. 1968 2001-yilda rekonstruksiya qilingani uchun oldingi meʼmoriy qiyofasini yoʻqotgan[48]
Lenin nomli maydondagi maʼmuriy majmua Mezensev B., Zaritskiy B., Rozanov Y., Shestopalov V. 1967—1969 2000-yillarda rekonstruksiya qilingani uchun oldingi meʼmoriy qiyofasini yoʻqotgan[49]
V. I. Lenin nomidagi xiyobon Xaldeyev Y., Pershina T., Varakshina O., Dzimas V. 1970 2018-yilda buzib tashlangan[50]
Rassomlar uyushmasining koʻrgazmalar zali Xayrutdinov R., Tursunov F., Melnikov B., Devlikamova F. 1974 Taʼmirlangan[51]
Toshkent pochtamt Aleksandrovich G., Gutkina G. 1984 2010-yillarda rekonstruksiya qilingan[52]
Davlat banki Akramova M., Blyum B., Zinkina N., Toʻrayeva A. 1972 2018-yilda buzib tashlangan[53]
O‘zSSR Davlat rejasi binosi Bleze R., Vladimirova I., Grishko O., Xristich L., Kuranova N. 1975—1985 Buzib tashlangan[54]
Rossiya mehmonxonasi Muratov V. 1965 2003-yilda rekonstruksiya qilingani uchun oldingi meʼmoriy qiyofasini yoʻqotgan[55]
Oʻzbekiston mehmonxonasi Merport I., Yershova L., Roshpkin V., Narubanskiy V. 1976 2000-yillarda rekonstruksiya qilingan[56]
Xalqlar doʻstligi saroyi Rozanov Y., Shestopalov V., Shumov Y., Suxanova Y., Berezovskaya L. 1981 Oʻz meʼmoriy qiyofasida[57]
Bolalar dunyosi Ginzburg V., Rochegov A., Koloskova L., Garsiy M., Ludanova N., Plyuxina T., Jukova I. 1969 Taʼmirtalab holatda[58]
Kinochilar uyi Xayrutdinov R., Breusenko V., Shakirov R., Azizov A., Kiyevskaya S. 1982 2017-yilda buzib tashlangan[59]
Yoshlar uyi Bleze R., Gorbenko N., Blinov A., Xristich L., Vladimirova I. 1976 2010-yillarda rekonstruksiya qilingan[60]
Sharq nashriyoti binosi Bleze R., Gorbenko A., Vladimirov L., Grishko O., Xristich L. 1974 2012-yilda rekonstruksiya qilingan[61]
Buratino kafesi Faxrutdinov E. 1965 2009-yilda buzib tashlangan[62]
Moviy gumbazlar kafesi Muratov V. 1970 2000-yillarda rekonstruksiya qilingan[63]
Samarqand memorial choyxonasi Sutyagin S. 1975 2017-yilda rekonstruksiya qilingan[64]
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi Rozanov Y., Shestopalov V., Boldichev Y. 1970 Oʻz meʼmoriy qiyofasida[65]
Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi Rozenblyum S., Abdulov I., Nikiforov A. 1974 2000-yillarda rekonstruksiya qilingan[66]
Panorama kinoteatri Berezin V., Sutyagin S., Xaldeyev Yu., Shuvayev D., Legostayeva O. 1964 2000-yillarda rekonstruksiya qilingan[67]
Respublika matlubot kooperatsiyasi uyi Borovik F., Kleymenov L., Repin Y., Adamov L., Rushkovskiy O. 1977 2000-yillarda rekonstruksiya qilingan[68]
Zarafshon restorani Spivak V., Memetov R. 1974 2010-yilda rekonstruksiya qilingan[69]
Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatri binosi Kuzlyanov V., Zatserkovnaya I., Asqarova G., Kopilov O., Sabirova S. 1978—1979 2019-yilda rekonstruksiya qilingan[70]
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Fedorova M., Sepetiy Y. 1970 2000-yillarda rekonstruksiya qilingan[71]
Marvarid turar joy majmuasi Aydinova O. 1974—1985 Oʻz meʼmoriy qiyofasida[72]

Galereya

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 „Zilzila, “eski” Toshkent va modernizm: Toshkent arxitekturasi tarixiga qisqa nazar“. Hook.report (2024-yil 28-may). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  2. 2,0 2,1 „Выставка Tashkent Modernism.Index открывается в столице. Чем она примечательна“. Gazeta.uz (2023-yil 19-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  3. „Неон, 3D и монохром: как прошло открытие выставки «Ташкент. Архитектура исторического оптимизма»“. Tbcbank.uz (2023-yil 1-iyun). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  4. РОССИЯ ВЫСОКАЯ. История высотного строительства России.. Екатеринбург: TATLIN, 2014 — 180-bet. ISBN 978-5-000750-31-5. 
  5. 5,00 5,01 5,02 5,03 5,04 5,05 5,06 5,07 5,08 5,09 5,10 5,11 5,12 5,13 5,14 „Ташкентский сейсмический модернизм“. Afisha.uz (2022-yil 27-iyun). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  6. „Как землетрясение в Ташкенте привело к появлению «сейсмического модернизма»“. Theartnewspaper.ru (2023-yil 19-iyun). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  7. „Выставка «Ташкент. Архитектура исторического оптимизма»“. Mydecor.ru (2023-yil 29-mart). Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
  8. „Филипп Мойзер: «Сейсмический модернизм. Архитектура и домостроение советского Ташкента»“. Fencing.uz. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  9. „Почему важно сохранить советский модернизм в Ташкенте“. Anhor.uz (2020-yil 17-mart). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  10. 10,0 10,1 „Ташкент и Ташкентский модернизм Искусство“. Mytashkent.uz (2023-yil 10-may). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  11. „Как исчезает советская архитектура Центральной Азии“. Caa-network.org (2019-yil 12-dekabr). Qaraldi: 24.10.22024.
  12. 12,0 12,1 „20 зданий Узбекистана внесли в перечень объектов культурного наследия“. Hook.report (2024-yil 23-aprel). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  13. „Тошкентдаги бир қатор модернизм намуналари маданий мерос рўйхатига киритилди“. Kun.uz (2024-yil 23-aprel). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  14. „Объекты ташкентского модернизма могут войти в список ЮНЕСКО“. Xabar.uz (2024-yil 24-yanvar). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  15. „Ташкенту в реставрации памятников модернизма помогут итальянцы“. Asiaplustj.info (2021-yil 22-oktyabr). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  16. 16,0 16,1 16,2 „Tashkent Modernist Architecture. Modernity and tradition in Central Asia“. Unesco.org. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  17. 17,0 17,1 „7 Best Modernist Architecture Gems in Tashkent, Uzbekistan's Capital City“. Admiddleeast.com (2024-yil 22-yanvar). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  18. 18,0 18,1 18,2 18,3 „«Панорамный», или дворец кино имени Алишера Навои“. Yep.uz. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  19. „Уникальная акустика и сейсмоустойчивая конструкция "срезанной дорической колонны" - Дворец искусств в Ташкенте“. Architime.ru. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  20. „«Киночилар уйи» «Ўзбекистон Миллий кино санъати саройи» деб қайта номланди“. Kun.uz (2024-yil 7-iyun). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  21. 21,0 21,1 „10 шедевров советского модернизма в Ташкенте“. Mydecor.ru (2023-yil 20-noyabr). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  22. 22,0 22,1 „Ташкентский модернизм: экскурсия по важным памятникам“. Hook.report. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  23. „Выставочный зал Академии художеств“. Mytashkent.uz (2019-yil 11-mart). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  24. „Как засияла звезда Востока“. Perspectum.info (2023-yil 26-yanvar). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  25. 25,0 25,1 „"Эксперимент на выживание": как устроен дом «Жемчуг» в Ташкенте“. Stroyka.uz. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  26. „Серый «Жемчуг» Ташкента“. Fergana.news (2020-yil 22-iyun). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  27. 27,0 27,1 „Экспериментальный дом «Жемчуг» в Ташкенте“. Uzbloknot.com (2022-yil 3-fevral). Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  28. „Ташкентский ипподром“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  29. „Спорткомплекс "Трудовые резервы"“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  30. „23-й квартал Чиланзара“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  31. „Ташкентский вокзал“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  32. „Ташкентский аэропорт“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  33. „Гостиница "Космос"“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  34. „Жилые дома, ул. Б.Хмельницкого“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  35. „500-квартирный дом, ул. Б.Хмельницкого“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  36. „Каскадные дома на ул. Б.Хмельницкого“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  37. „Дворец авиастроителей“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  38. „Вузгородок“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  39. „Дворец спорта «Юбилейный»“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  40. „Телебашня“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  41. „Павильон «Хлопководство» ВДНХ УзССР“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  42. „Гостиница «Чорсу» («Москва»)“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  43. „Баня-Хаммом“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  44. „Рынок "Чорсу"“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  45. „Ресторан "Гулистан"“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  46. „Цирк“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  47. „ГУМ“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  48. „Театр имени Хамзы“. Archalert.net/. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  49. „Административный комплекс на площади имени Ленина“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  50. „Бульвар имени В.И. Ленина“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  51. „Выставочный зал Союза художников“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  52. „Главпочтамт“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  53. „Госбанк“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  54. „Госплан УзССР“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  55. „Гостиница «Россия»“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  56. „Гостиница «Узбекистан»“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  57. „Дворец дружбы народов“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  58. „Детский мир“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  59. „Дом кино“. Archalert.net. Qaraldi: 24.10.204.
  60. „Дом молодежи“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  61. „Здание Издательств“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  62. „Кафе «Буратино»“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  63. „Кафе «Голубые купола»“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  64. „Мемориальная чайхана «Самарканд»“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  65. „Музей В.И. Ленина“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  66. „Музей искусств“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  67. „Панорамный кинотеатр“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  68. „Республиканский дом потребительской кооперации“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  69. „Ресторан «Заравшан»“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  70. „Театр кукол“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  71. „ТИИИМСХ“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.
  72. „Экспериментальный 16-этажный жилой дом“. Archalert.net. Qaraldi: 2024-yil 24-oktyabr.

Adabiyotlar

tahrir
  • Кадырова T. Ф.. Архитектура Советского Узбекистана-Architecture of the Soviet Uzbekistan. M.: Стройиздат [1987] — 319-bet. 
  • Аскаров Шукур Джураевич. Генезис архитектуры Узбекистана. Ташкент: Издательство журнала Sanʼat [2014] — 224-bet. 
  • Аскаров Шукур Джураевич. Архитектура Узбекистана и стран СНГ. Ташкент: Издательство журнала Sanʼat [2012] — 220-bet.