Aʼzam Ayubov (baʼzi manbalarda Aʼzam Ayub[3][4]) (1904-yil 21-avgust, Toshkent,Turkiston general-gubernatorligi, Rossiya imperiyasi – 1938-yil 4-oktyabr, Toshkent, Oʻzbekiston SSR, SSSR) – oʻzbek jurnalisti, musahhih, muharrir, tarjimon, tanqidchi, jamoat va matbuot arbobi.

Aʼzam Ayubov
Tavalludi 21-avgust, 1904-yil
Vafoti 4-oktyabr, 1938-yil
Toshkent, Oʻzbekiston SSR, SSSR
Fuqaroligi avval Rossiya imperiyasi, keyin SSSR
Taʼlimi Oʻrta Osiyo davlat universiteti (SAGU, hozirgi OʻzMU)
Kasbi jurnalist, nashriyot muharriri, adabiy tarjimon
Faoliyat yillari 1919—1937-yillar
Dini Islom
Turmush oʻrtogʻi Sojida Nosirova
Qarindoshlari

Orif Ayubov (ukasi)
Muborak Ayubova (singlisi)

Musharraf Ayubova (singlisi)[1][2]

„Qizil bayroq“, „Turkiston“, „Qizil Oʻzbekiston“, „Kambagʻal dehqon“ kabi gazetalar, „Yer yuzi“ jurnali maʼsul kotibi, muharriri, „Kavkaz asiri“ (Lev Tolstoy), „Mehmonxona bekasi“ (Karlo Goldoni), „Makr va muhabbat“ (Fridrix Shiller), „Uylanish“ (Nikolay Gogol) asarlarini tarjima qilgan. 1937-1938-yilgi sovet qatagʻoni qurboni boʻlgan.

Oilasi

tahrir

Aʼzam Ayubov 1904-yil 21-avgust kuni Toshkent shahrida xizmatchi oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi 1915-yilga qadar toshkentlik boy qoʻlida manufaktura savdosi prikazchigi – savdo xizmatchisi (xodimi) boʻlib ishlagan[5]. Otasi bu kasbda 13 yil ishlab chiqarish, gazmol savdosi bilan shugʻullangan va 1917-yil vafot etadi[6]. Orif ismli ukasi, Muborak va Musharraf ismli singillari boʻlgan[7].

Taʼlim

tahrir

Otasi 1917-yili vafot etgach, anʼanaviy maktabda taʼlim olayotgan Aʼzam Ayubov maktabni tashlab, onasiga yordam berish maqsadida ishlay boshlaydi. Ammo 1918-yildan boshlab Aʼzam Ayubov Munavvar qori Abdurashidxonovning Xadrada ochgan yetti yillik „Namuna“ maktabida oʻqishni davom ettiradi. Bu maktabda Abdurauf Fitrat va Qayum Ramazonlardan taʼlim oladi[8]. Aʼzam Ayubov 1935-yili rus tilida yozgan tarjimayi holiga koʻra, 1919-yili quyi-oʻrta maktabni bitiradi. 1921-yilga qadar turli xil kurslarda oʻqish bilan birgalikda ishlaydi. 1924-yili komsomol aʼzosi boʻladi[9]. Ayubov nashriyotda ishlab yurgan vaqtida jurnalistikaga qiziqishi ortadi va avval oʻrta maktabda oʻqib, uni tugatadi. Oʻrta maktabni tugatgach Oʻrta Osiyo davlat universiteti (SAGU, hozirgi OʻzMU)ning ijtimoiy fanlar fakultetida oʻqiydi[10]. Arxiv hujjatlarini oʻrgangan tarixchi Shamsutdinov, Aʼzam Ayubovning Toshkent Plan institutini bitirganini yozadi. Xorijiy tillardan rus, turk, tatar tillarini bilgani kadrlarni hisobga olish shaxsiy varaqasida yozilgan[11].

Kutubxonachilik

tahrir

1919-yili Ayubov ustozining tavsiyasi bilan „Turon“ kutubxonasiga kitob tashuvchi boʻlib ishga joylashadi[12]. Ishdan boʻsh vaqtida oʻzbek, rus, turk tillaridagi kitoblarni mutolaa qiladi[13]. Kutubxonachi sifatida 1919-yildan 1920-yilgacha ishlaydi[14].

Taxallus

tahrir

Aʼzam Ayubov oʻz maqolalarida „Aʼzam Ayubov“, „Chigʻatoy“, „Aʼzam“, „Ayub“, „Jimit“, „Gazetchi“, „Tomoshachi“, „Toshkentli“, „A. A.“ taxalluslaridan foydalangan[15].

Jurnalistik faoliyati

tahrir

RoʻsTO

tahrir

Rossiya Telegraf agentligi Turkiston boʻlimi tomonidan nashr etilgan „RoʻsTO“ gazetasini doimiy oʻqib borgan Aʼzam Ayubov gazetadagi eʼlondan soʻng gazetaga xabarlar yozishni boshlaydi. Koʻp oʻtmay, u „RoʻsTO“ning xabarlar yuboruvchi faol jurnalistlaridan biriga aylanadi. Hatto Eski Joʻvadagi bosmaxonaga borib, gazetaning chop etilishi jarayoni bilan tanishadi[16]. Aʼzam Ayubovning zamondoshi, 1927-yili ilk marta nashr etilgan „Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927)“ asari muallifi Ziyo Said (asl ism-familiyasi Soli Qosimov) ham Aʼzam Ayubovning 1919-yildan nashr etila boshlangan „RoʻsTO“ devoriy gazetasi faoliyatiga oʻz hissasini faol qoʻshganligini tasdiqlaydi[17].

Qizil Oʻzbekiston

tahrir

Turkiston Milliy ishlar komissarligining 1918-yil 20-iyunida nashr etila boshlagan „Ishtirokiyun“ („Kommunist“) gazetasi 1920-yil 19-dekabrdan boshlab „Qizil bayroq“ nomi bilan chop etila boshlanadi. Aʼzam Ayubov esa shu yilning oxirlarida mazkur gazeta tahririyatiga korrektor yordamchisi boʻlib ishga kiradi. Tahririyat xodimlari besh kishidan iboratligi tufayli Aʼzam Ayubov korrektorga yordamchilik vazifasi bilan birgalikda korrektorlik, gazeta chiqaruvchilik, texnik muharrirlik hamda jurnalistlik ishlarini ham bajaradi[18]. Aʼzam Ayubov XIX asr 20-yillarining oʻrtalarida Yosh buxoroliklarning „Tong“ jurnaliga maqolalarni oqqa koʻchiruvchi kotib-mirza boʻlib ishga kiradi. Ikki nashrdagi faoliyati davomida Abdulla Avloniy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdurauf Fitrat kabi shoir, yozuvchi va jurnalistlardan adabiyot va jurnalistika boʻyicha bilimlarni oʻrganadi[19].

1922-yil 19-sentyabrdan boshlab „Qizil bayroq“ gazetasi „Turkiston“ nomi bilan chiqa boshladi. Gazeta idorasida dastlab Aʼzam Ayubov, Mirmuhsin Shermuhamedov, Allomovlar ishlaydi. Keyin Qosim Sorokin, Muhammad Hasan, Abdulhamid Choʻlpon ishga olinadi[20]. Aʼzam Ayubov dastlab boʻlim mudiri, keyin mas’ul kotib oʻrinbosari lavozimlariga koʻtariladi. Turkiston ASSR tugatilib, Oʻzbekiston SSR tuzilishi munosabati bilan gazeta 1925-yil 5-dekabrida „Qizil Oʻzbekiston“ nomini oldi. Aʼzam Ayubov esa 1937-yilga qadar „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida mas’ul kotib oʻrinbosari boʻlib ishlaydi[21]. „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasi tahririyatiga Abdulla Qodiriy, Elbek, Oybek, Botu kabi shoir va yozuvchilar tez-tez kelib turardi. Gazetada ishlagagan Aʼzam Ayubov adiblar bilan muloqotda boʻladi va bu muloqatlar taʼsirida keyinchalik oʻqishini davom ettiradi[22].

Kambagʻal dehqon

tahrir

1925-yildan „Qizil Oʻzbekiston“dan yangi gazeta va jurnallar tarmoqlanib ajrala boshlaydi[23]. 1925-yil fevralida Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi va Qoʻshchi ittifoqi Markaziy qoʻmitasi „Kambagʻal dehqon“ gazetasini nashr qilishni boshlaydi. Ziyo Saidning yozishicha, gazetaning maʼsul muharriri hay’at tahririyati hisoblanib, Ayubov hay’at aʼzolaridan biri ham boʻlgan[24]. Aʼzam Ayubov bu gazetaning shakllanishida faol ishtirok etib, 1925-yil iyulidan 1926-yil iyuligacha „Kambagʻal dehqon“ gazetasida mas’ul kotib lavozimida ish yuritadi[25].

Yer yuzi

tahrir

1926-yildan boshlab „Yer yuzi“ nomli suratli jurnal chiqa boshlaydi. Jurnalning birinchi muharriri Komiljon Alimov, birinchi kotibi Aʼzam Ayubov boʻladi. 1927-yilda jurnal muharrirligi avval Mannon Ramz, keyin Qosim, Aʼzam Ayubov, Saidgʻani Valiyev, Elbek va Botudan iborat tahrir hay’atiga oʻtadi[26]. „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasining ilovasi boʻlgan „Yer yuzi“ jurnalida Ayubov 1926-1928-yillar davomida mas’ul kotib lavozimida ishlaydi[27][28]. Keyinchalik „Yer yuzi“ jurnali „Mash’ala“, „Guliston“ nomlari bilan chiqa boshlaganda Ayubov bu jurnallarda muharrir oʻrinbosari (1931-1937) boʻlib faoliyatini davom ettirgan[29][30].

Boshqa nashrlar

tahrir

Shamsutdinov „Qizil Oʻzbekiston“, „Pravda Vostoka“ nashriyotlarining kasaba uyushmasi raisi boʻlganligini yozadi[31]. Ziyo Saidga koʻra, Aʼzam Ayubov 1920-yili chiqib boshlagan „Yosh Sharq“ gazetasi faoliyatida ham faol ishtirok etgan[32].

Adabiyot va tarjima

tahrir

Adabiyot

tahrir

Aʼzam Ayubov matbuot bilan birgalikda adabiy jarayonlar bilan ham shugʻullangan. Uning sanʼat va adabiyotga oid bir qancha taqrizlari oʻz davrining matbuot nashrlarida chop qilingan[33].

Tarjima faoliyati

tahrir

Aʼzam Ayubov tarjima sohasi bilan ham faol shugʻullangan. U bir qancha kichik hikoyalarni tarjima qiladi. Ayubov Sumbottining „Adabsiz zanji“, Boris Pilnyakning „Sultonning qahvasi“, Blosku Iboniyusning „Yoʻlovchi“, Anri Barbyusning „Shahzoda Ferdinand“ kabi hikoyalarini tarjima qilgan[34]. Yana Lev Nikolayevich Tolstoyning „Kavkaz asiri“ qissasi, Anton Pavlovich Chexov, Maksim Gorkiy, Mixail Aleksandrovich Sholoxov singari rus yozuvchilarining hikoyalarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. Karlo Goldonining „Mehmonxona bekasi“, Fridrix Shillerning „Makr va muhabbat“, Nikolay Vasilyevich Gogolning „Uylanish“ asarlari Hamza nomidagi teatr (hozirgi Oʻzbek Milliy akademik drama teatri) sahnasida Aʼzam Ayubov tarjimasida namoyish etiladi. Ammo Aʼzam Ayubov Migel de Servantesning „Don Kixot“ romani tarjimasini oxiriga yetkaza olmaydi[35].

Qatagʻon

tahrir

Tergov va vafot etishi

tahrir

1937-yil 13-oktyabrda Aʼzam Ayubovni qamoqqa olish boʻyicha order beriladi[36]. 1937-yil 15-oktyabrda uning Toshkent shahri, Abdulla Toʻqay koʻchasidagi 19-raqamli uyida tintuv oʻtkaziladi va Aʼzam Ayubov qamoqqa olinadi.

OʻzSSR NKVDning 4-boʻlimi boshligʻi Agabekov qarori bilan 1937-yil 2-noyabrda Aʼzam Ayubov birinchi marta tergovga chaqirilib, uni panturkizmda ayblanadi. 1937-yil 4-noyabrda Aʼzam Ayubovning barcha qarshiliklarini sindirish maqsadida SSSR NKVD general komissari Nikolay Yejov nomiga yozilgan arizaga majburan qoʻl qoʻydiradilar. Unda oʻzining oilada milliy tarbiya olgani va bu uni Akmal Ikromovga yaqinlashtirgani, yoshlikdan sovetlar hokimiyatiga qarshi kurash olib borgani, 1929-yilda esa Qosim Sorokin bilan birga millatchilik tashkilotga kirgani yozilgandi. 1937-yil 5-noyabrda Aʼzam Ayubov ilk soʻroq bayonnomasiga imzo chekadi. Unda: „Aʼzam Ayubov 1918-yili Xadradagi maktabda Haydar afandi, Fitrat, Qayum Ramazonlardan taʼlim olgan. Maktabda tashkil etilgan „Yosh yuraklar“ tashkilotiga qabul qilingan. 1919-yildan „Turon“ kutubxonasida ishlab, Avloniy, Mannon Uygʻur, Fayzulla Xoʻjayev, Abduvohid qori va boshqalar bilan tanishgan. 1920-yil oxirlaridan „Tong“da ishlab, Fitrat, N.Toʻraqulov, B.Soliyev, Abdulla Qodiriy, Botular bilan tanishgan. Soʻng Akmal Ikromov muharrir boʻlgan „Turkiston“ gazetasiga ishga kelgan. Bu paytda Qosim Sorokin gazetada texnik muharrir boʻlib ishlagan. U yerda Gʻozi Olim Yunusov, S.Siddiq, Choʻlponlar bor edi. 1924-yili Akmal Ikromov Turkiston Kompartiyasi Markaziy Komitetiga ishga oʻtgach, A.Ayubov Qosim Sorokin bilan birga „Turkiston“, „Qizil Oʻzbekiston“ gazetalarida ish olib borgan“, – deb yozilgandi. 1937-yil 15-noyabrda NKVD tergovchisi Trigulov tomonidan tayyorlangan qarorda yozilishicha, Aʼzam Ayubovning 1929-yildan „oʻng trotskiychi“, „millatchi“ ekani, tashkilotga Akmal Ikromov va Qosim Sorokinlar tomonidan tortilgani „aniqlangan“. Ungacha „Yosh yuraklar“ning tashkilotchilaridan biri sifatida faoliyat olib borgani, Abdurauf Fitrat, Otajon Hoshim, Qayum Ramazon bilan birga Til va adabiyot institutida, M.Hasan bilan birga „Qizil Oʻzbekiston“, „Pravda Vastoka“, „Mushtum“, „Turkiston“ gazetalarida sovetlarga qarshi kurash olib borgani „aniqlangan“. Aʼzam Ayubov OʻzSSR Jinoyat kodeksi 57-moddasining 1-qismi boʻyicha vatanga xoinlikda ayblanadi. Ayblov xulosasi 1937-dekabrda yozilgan boʻlsa-da, bu sana 1938-yil 3-oktyabr deb qalamda tuzatiladi.

NKVD „uchligi“ning yopiq sudi 1938-yil 5-oktyabr kuni soat 11.55 da boshlanib, 12.05 gacha davom etadi. Soʻngra ayblov xulosasi oʻqib eshittiriladi. Unga koʻra, Aʼzam Ayubov OʻzSSR Jinoyat kodeksining 58, 64, 67-moddalari bilan aybdor deb topiladi va oliy jazoga hukm qilinadi. Hukm 1938-yil 4-oktyabrda NKVD Harbiy Kollegiyasining shu haqidagi qarori chiqmasdan bir kun oldin ijro etiladi[37].

Nosirova qatagʻoni

tahrir

Aʼzam Ayubov hibsga olinganidan koʻp oʻtmay, „xalq dushmani“ning aksilinqilobiy faoliyati toʻgʻrisida tegishli idoralarga xabar bermaganlikda, binobarin, erining sovetlarga qarshi aksilinqilobiy ishlariga sherik boʻlganlikda ayblanib, Sojida Nosirovaning oʻzi ham qamoqqa olinadi. Bir yarim yil davom etgan qamoq azoblaridan soʻng Sojida Nosirova 1939-yilda aybsiz ekanligi isbotlanib, ozodlikka chiqadi[38].

Aʼzam Ayubov oʻlimidan qariyb 20-yil oʻtgach, uning ishi qayta koʻrib chiqiladi va 1957-yil 1-avgustda singlisi Muborak Ayubovaga jurnalist Aʼzam Ayubovning oqlangani maʼlum qilinadi[39].

Xotirasi

tahrir

„U hech vaqt oʻzi toʻgʻrisida oʻylamasdi, boshqalar haqida koʻp qaygʻurardi. Hamma uyquga ketganda ham milt-milt yonib turgan chiroq nurida uzoq tunlargacha ishlardi, kechalari chiroq tagdonini kerosin bilan toʻldirishga toʻgʻri kelardi. Uyqusizlikdan koʻzining jiyaklari qizarib ketsa ham, charchoqlikdan nolimasdi, bir oz mizgʻib olardi-da, qalb mehri bilan bitgan qogʻozlarini, oʻqib tugallamagan kitoblarini, gazetalarini qoʻltiqlab redaksiyaga yoʻl olardi“[40].

— Sojida Nosirova, turmush oʻrtogʻi.

Aʼzam Ayubov faoliyatini qariyb ilk davridan boshlab kuzatgan matbuot xodimlaridan biri Xolbek Yodgorov haqida shunday yozadi:

„Ter toʻkkanga yer toʻkadi, deganlaridek, Aʼzam Ayubning zehni-aqlidan, qalb qoʻri-mehridan toʻkilgan mehnat nishonalari kundalik gazeta sahifalarida koʻrinardi. U gazeta ishining nozik, sermashaqqat hamma tomonlarini yaxshi bilardi. Sekretar sifatida gazetaning har bir soniga sayqal berardi, muxbir kabi shahar va qishloqlarni kezardi, rassom boʻlib hayotdagi eng yaxshi narsalarni suratga olardi, jurnalist boʻlgani sababli hamma janrlarda mazmundor maqolalar yozardi, zaruriyag tugʻilib qolsa, bosmaxonaga tushardi-da, polosalarni vyorstka qilardi, yirik harflardan chiroyli sarlavhalar terardi…“[41].

Matbuot tarixchisi Tohir Pidayev Aʼzam Ayubovning jurnalistlik faoliyatini maxsus oʻrganib, uning yozish madaniyati toʻgʻrisida bunday fikrlarni bayon qilgan:

„Aʼzam Ayubov qalamkashlik mahorati bilan ham oʻz davridagi koʻpchilik jurnalistlardan ajralib turardi. U sodda, tushunarli yozishga intilar, umumiy soʻzlardan iborat tumtaroqli jumlalarni yoqtirmasdi. U hatto eng chigal va murakkab masalalar mohiyatini ham sodda, ixcham va taʼsirli ifodalay olardi. U yozgan asarlarining mazmuni haqidagina emas, shakli toʻgʻrisida ham jiddiy bosh qotirar, tilining tushunarli, taʼsirli, jonli boʻlishi uchun koʻp mehnat sarflardi. Sarlavha qoʻyishdagi uning mahoratiga koʻpchilik tan bergan“[42].

Yana Tohir Pidayev Komil Aliyevga bagʻishlab yozgan „Qalami nayza edi“(1971) asarida:

„Barhayot kasbdoshlarining xotirlashicha, sarlavha tanlashda „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasi idorasida oʻsha davrda xizmat qilgan qalamkashlar ikki jurnalistga tan berishgan. Bulardan biri idoraning sarkotibi, peshqadam oʻzbek sovet jurnalisti Aʼzam Ayubov, ikkinchisi shu gazetaning yetakchi feletonchisi Komil Aliyev boʻlgan.“[43].

— Tohir Pidayev, Qalami nayza edi (1971)


Manbalar

tahrir
  1. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 49-50-betlar.
  2. „A’zam Ayubov“. https://jadid-media.uz. Qaraldi: 2024-yil 22-oktyabr.
  3. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015.
  4. Ziyo Said. Tanlangan asarlar/Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927). Toshkent: „Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti“, 1974 (1927).
  5. Shamsutdinov R. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (Birinchi kitob). Toshkent: „SHARQ“, 2012. 111-bet.
  6. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 85-bet.
  7. „A’zam Ayubov“. https://jadid-media.uz. Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
  8. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 48-bet
  9. Shamsutdinov R. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (Birinchi kitob). Toshkent: „SHARQ“, 2012. 111-bet.
  10. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 49-bet
  11. Shamsutdinov R. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (Birinchi kitob). Toshkent: „SHARQ“, 2012. 111-bet.
  12. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 85-bet.
  13. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 48-bet
  14. Shamsutdinov R. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (Birinchi kitob). Toshkent: „SHARQ“, 2012. 111-bet.
  15. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 49-bet
  16. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 85-bet.
  17. Ziyo Said. Tanlangan asarlar/Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927). Toshkent: „Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti“, 1974 (1927). 102-bet.
  18. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 85-bet.
  19. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 48-bet
  20. Ziyo Said. Tanlangan asarlar/Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927). Toshkent: „Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti“, 1974 (1927). 67-bet.
  21. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 86-bet.
  22. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 48-bet
  23. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 86-bet.
  24. Ziyo Said. Tanlangan asarlar/Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927). Toshkent: „Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti“, 1974 (1927). 78-79-betlar.
  25. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 49-bet
  26. Ziyo Said. Tanlangan asarlar/Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927). Toshkent: „Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti“, 1974 (1927). 97-98-betlar.
  27. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 49-bet
  28. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 86-bet.
  29. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 49-bet
  30. Shamsutdinov R. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (Birinchi kitob). Toshkent: „SHARQ“, 2012. 111-bet.
  31. Shamsutdinov R. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (Birinchi kitob). Toshkent: „SHARQ“, 2012. 111-bet.
  32. Ziyo Said. Tanlangan asarlar/Oʻzbek vaqtli matbuoti tarixiga materiallar (1870-1927). Toshkent: „Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti“, 1974 (1927). 98-99-betlar.
  33. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 88-bet.
  34. Irzayev, Bahrom „Bahrom Irzayev. A’zam Ayub qismati“. https://ziyouz.uz/. „Jahon adabiyoti“, 2015, 7-son. Qaraldi: 2024-yil 22-oktyabr.
  35. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 88-bet.
  36. „A’zam Ayubov“. https://jadid-media.uz. Qaraldi: 2024-yil 22-oktyabr.
  37. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 49-50-betlar.
  38. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 124-bet.
  39. Bahrom Irzayev. Aʼzam Ayub – iqtidorli jurnalist va tarjimon. („Qatagʻon qurbonlari va ularning adabiy-badiiy hamda publitsistik merosi“ respublika ilmiy-amaliy anjumani materiallari. 2015-yil 15-aprel). – Toshkent, 51-bet
  40. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 88-bet.
  41. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 89-bet.
  42. Karimov N. 1937—1938-yillardagi „Katta qirgʻin“ning fojiali oqibatlari. Toshkent, 2015. 89-bet.
  43. Pidayev T. Qalami nayza edi. Toshkent, 1971.