Afrigʻiylar madaniyati - Xorazmdagi IV-VIII asrlarga oid madaniyat, afrigʻiylar sulolasi nomi bilan bogʻliq. Afrigʻiylar madaniyatiga oid yodgorliklar 1937—1940 yillarda Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi tomonidan oʻrganilgan. Afrigʻiylar madaniyati shakllanishida qoʻshni koʻchmanchi qabilalar muhim rol oʻynagan. Bu davrda antik hunarmandchilik markazi — qadimiy shaharlar inqirozga uchrab, siyosiy,iqtisodiy va madaniy hayot qishloqda, mulkdorlarning qoʻrgʻonlari va qasrlari atrofida jonlangan. Burgut qal’a vohasida olib borilgan qazishmalar vaqtida sertarmoq sugʻorish kanali va ariqlar, dalalarning rejali joylashuvi aniqlangan. Katta-kichik turar joylar toʻp-toʻp joylashgan, katta yer egalarining qasrlari kanallar boshida boʻlib, ular suv taqsimotini nazorat qilib turganlar. Xorazmda bu davr istehkomlari asosan paxsadan toʻrtburchak tarxda qurilgan, devori burjlar bilan mustahkamlangan, davra yoki toʻrtburchak tarhli (soʻnggi mudofaa minorasi) boʻlgan. Yirik qal’alar (Yakka Porson, Qum qalʼa, Uy qalʼa, Teshikqala) mudofaa istehkomlariga ega boʻlgan. Eng yirik istehkom — Burgut qalʼa (maydoni 6 ga dan oshiq) atrofida shahar vujudga kela boshlagan. Turar joylar daxliz, asosiy va yordamchi xoʻjalik xonalaridan iborat boʻlgan. Imoratlarning tarhi, qiyofasi aholining ijtimoiy mavqeiga bogʻliq boʻlganligi aniqlandi. Xarobalardan mis tangalar, jez, qoʻlda va charxda yasalgan sopol idishlar (xum, koʻzacha) siniqlari, bezak buyumlari, temirdan yasalgan dehqonchilik va hunarmandchilik qurollari (ketmon, oʻroq, pichoq va boshqalar), shoyi, ip, jun gazlama parchalari, uch parrakli temir paykonlar, xanjarlar, yorgʻuchoqlar, tegirmon toshlari, yozma yodgorliklar topilgan. Marhumlarni ostodon (sopol tobut)larda koʻmish rusm boʻlgan. Tarixiy manbalarda 8-asrga oid Kat, Hazorasp, Urganch shaharlari sanab o`tilgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. "Afrigʻiylar madaniyati" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar

tahrir

Tolstov S. P., Po drevnim del-tam Oksa i Yaksarta, M., 1962; Nerazik Ye. Ye., Selskiye poseleniya afrigidskogo Xorezma, M., 1966; Nerazik Ye. Ye., Sel-skoye jilishe v Xorezme (I—XIV vv.), Trudi Xorezmskoy arxeologo-etnografi-cheskoy ekspeditsii, t. IX, M., 1976.